“El Mundo Financiero”: Yangi O'zbekistonda Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishish islohotlarning bosh mezoniga aylanmoqda

Ispaniyaning ommabop “El Mundo Financiero” elektron nashrida “Ochiqlik va adolat – Yangi O'zbekistondagi o'zgarishlarning asosiy omili” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Maqolada qayd etilganidek, O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlar mamlakatning yangi taraqqiyot yo'lini belgilab bermoqda. “Bu jarayonda ochiqlik va adolat asosiy omillardan biri sifatida namoyon bo'lyapti”, – deyilgan nashrda.

Ispaniya elektron nashri davlat boshqaruvida va jamiyatda shaffoflikni ta'minlash, axborotga erkin kirish imkoniyatini yaratish va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish ochiqlikning mavjudligidan dalolatdir, deya ta'kidlagan.

Shuningdek, muallif “Korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarning eng muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. O'zbekiston “Transparency International” tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksi kabi xalqaro reytinglarda o'z mavqeini yaxshilashga intilmoqda. Bunga erishish uchun davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tovar va xizmatlar narxlarining oshishiga yo'l qo'ymaslik choralari ko'rilmoqda”, – deb yozgan.

Nashrda ta'kidlanishicha, hozirgi kunda Yangi O'zbekistonda Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta'minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta'minlash sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirilmoqda. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini kamaytirish jarayonlarining yo'lga qo'yilishi belgilandi. Sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida ikki barobarga oshirish ko'zda tutilgan.

“Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash o'zbek xalqi bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi”, – deyilgan “El Mundo Financiero” tarqatgan maqolada.

“Dunyo” AA,

Madrid shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 4 =