Xorazmlik jadid pedagog ayollar

Suratda: Xorijda tahsil olgan jadid ayollardan biri Maryam Sultonmurodova singlisi Gulchehra bilan.

Insonning kamolotga yetishishida oiladagi  tarbiyaning, mahallaning jamiyatdagi muhitning va tabiiyki maktabning roli kattadir. Millatning ma'nan barkamolligini, Vatanning taraqqiyotini maqsad qilgan jamiyatlarda ta'limga katta e'tibor berilgan va bu jarayonda doimo yangiliklar tatbiq etilgan.

Asli qrim-tatar millatiga mansub bo'lgan ziyoli, pedagog, jadidchilik harakatining keng tarqalishiga hissa qo'shgan jamoat arbobi Ismoil Gaspralining maktab, so'ngra matbuot sohasi (“Tarjimon” gazetasi)iga olib kirgan yangiligi, keyinchalik Rossiya imperiyasi hududidagi turkiylarni jipslashtiribgina qolmay, dunyo tamadduni asosida yashash, ular bilan bir safda yurish uchun boshlangan ijtimoiy-siyosiy jarayonga aylandi.

Bu jarayonlarning boshlanishi esa Qrimdagi Ismoil Gaspralining ta'lim islohotidan yangi usul – jadid maktabidan boshlandi. Ozgina vaqt o'tib, ushbu jadid maktablari Qozon, Ufa va tabiiyki O'rta Osiyo hududlarida ham tashkil etila boshlandi. Dastlab, Ismoil Gaspralining jadid maktablari uchun o'zi yaratgan darslik, qo'llanmalari o'qitilgan bo'lsa, qisqa davr ichida Avloniy, Behbudiy, Ibrat, So'fizoda, Hamza Hakimzoda, Bobooxun Salimovlarning ham o'zlari yashaydigan hudud maktablari uchun yozgan darsliklari paydo bo'ldi. Tabiiyki o'lkada jadid maktablari paydo bo'lgan davrda unga nisbatan to'siqlar ham yuzaga keldi. Bu an'anaviy eskicha o'qitishga asoslangan maktablar, rus-tuzem maktablari raqobatchi sifatida faoliyat ko'rsatayotgan ta'limdagi jarayonlar edi. Shunday vaziyatda ma'rifatga intilgan xalq ishonchini qozonish, raqobat muhitida oldga intilish uchun taraqqiyparvar pedagoglarga ehtiyoj katta edi. Shunday jarayonda xalq ichidan yangi avlod pedagoglari yetishib chiqdi va bu tarixning yorqin sahifalaridir.

Xususan, Xorazmdagi jadid maktablari pedagoglari orasida uch nafar ayol o'qituvchi ham bor ediki, bu o'sha davr uchun chinakam jasorat edi.

Ismoil Gaspralining “Tarjimon” gazetasidagi ma'lumotlarga ko'ra, Feruzxon (1844-1910) va Asfandiyorxon (1873-1918) Xorazmdagi jadid maktablari tashkil etilishiga xayrixohlik qilishgan. 1898 yili Xivada orenburglik Muhammad Vafo va mullo Abdurahmon afandilar tomonidan usuli savtiya maktabi ochiladi. Biroq markaz Xivada 1898 yildagi birinchi jadid maktabiga mahalliy aholining ko'nikishi qiyin bo'ldi va Yangi Urganch shahrida ikki pedagog o'z faoliyatini yo'lga qo'yishdi. Shu tarzda Xorazmda birinchi jadid maktabi 1898 yilda tashkil qilingan.

Ikkinchi jadid maktabi esa xonning taraqqiyparvar amaldori Mamat mahram tomonidan Deshonqal'adagi uyida 1905 yilda tashkil etiladi. O'sha yili bosh vazir Islomxo'ja ham jadid maktabiga asos soladi. Xivada dastlab tashkil etilgan usuli savtiya ta'lim maskanlari “Maktabi Mahramiya” (Mamat Mahramning maktabi), “Maktabi jadid” (Islomxo'janing mablag'iga barpo etilgan) deya nomlangan.

Ushbu Xivadagi ikki va Yangi Urganchdagi jadid maktablari pedagoglarining yuqori saviyadagi bilim berishlari, o'qitish uslubi, dars jarayonlari aholi tomonidan yaxshi kutib olinadi. Negaki, farzandlarini usuli savtiya asosida o'qitish, boshqa maktablarga qaraganda samaradorligini ko'rsatgandi. Natijada aholida bo'lgan talab bois 1907 yilda valiahd Asfandiyorning o'zi ham Xivada uchinchi jadid maktabini tashkil qiladi.

1907 yil 30 martda “Tarjimon” gazetasi Asfandiyorning  “Xiva valiahdi usuli savtiya maktabi ochdirish uchun Barudiy madrasasini tamomlagan ikki muallimni chaqirtirdi, 25 fevralda keldilar, kelishlari bilan maktabda dars boshlaganlari haqida”gi xabarini ham chop qilgan. Qozon shahridagi Olimjon  Barudiy madrasasini bitirgan ikki nafar pedagog Xivada o'z faoliyatini boshlaydi.

Hukmdor Feruzxon jamiyatdagi barcha sohalarga nisbatan talabchan, qolaversa, o'zi xayrixohlik bilan ijozat bergan maktablardagi jarayonni kuzatib borayotgandi. Uni jadid maktablarining kelajagi, o'qituvchilarning bilim berishi, o'quvchilarning  ta'lim olishi qiziqtirganidan imtihonga e'tibor qaratadi.

Natijada 1907 yilning 28 mayida Asfandiyor va Islomxo'ja, 31 may kuni qozikalon, mudarris, oxunlar ishtirokidagi  imtihon hay'ati o'quvchilarni sinovdan o'tkazishadi. Ya'ni, Xivadagi dastlabki ikkala maktabning 113 nafar talabasi hay'atga imtihon topshiradi va hayratlanarlisi hammasi a'lo baho olishadi. Imtihon natijasidan ruhlangan valiahd Asfandiyor, bosh vazir Islomxo'ja va Qozikalon Salimoxunlar o'zaro maslahatlashib, Qozon shahridan ushbu maktablar uchun yana ikkita o'qituvchi taklif qilishga  qaror qilishadi. Shu bilan birga Xorazmda jadid maktablarini ko'paytirish, o'quv jihozlari, adabiyotlari bilan ta'minlash, ulardagi ta'lim sifatini nazorat qilish uchun Ramazon Muhammad Karimzodani maktablar noziri qilib tayinlashadi.

Xorazmdagi ta'lim, umuman, jadidchilik bo'yicha jarayonlar Ismoil Gasprali uchun quvonchli edi. Boshqa hududlarda to'siqlarga uchragan maktablar faoliyati Xorazmda istiqbolli holatda shakllanayotgandi.

Qrimdan boshlangan jadid maktablarining Xorazmda tashkil etilishini “Tarjimon” gazetasida doimo yoritib, qo'llab-quvvatlab turgan. 1908 yil 18 yanvarida “Tarjimon” gazetasida “Xivada usuli jadida maktablari” nomli maqola yozgan va undagi ma'lumotga ko'ra, “1898 yil dekabrda Orenburgdan Muhammad Rifo Karvonboshi bilan muallim Abdurahmon afandi Xivaga kelib bir oy turdi. Taassub kuchliligidan Urganchga ketdi va usuli savtiya maktabi ochib, bir yil bola o'qitdi, vafot etdi. Keyinroq Muhammad Mahram ochgan maktab xalq tarafidan yaxshi qabul qilindi va xalq 1907 yili valiahdga murojaat qildi. Yana Muhammad Rifo Karvonboshi vositasida Qozondan ikki muallim keltirdi, maktabi mahramiy va maktabi jadidaga muallim qilib tayinlandi, bu maktablarga nozir tayinlandi, may oyida imtihonlar bo'ldi. Valiahd bularni ko'rib, Qozondan bir muallim chaqirib yana bir maktab ochdi, kelayotgan may oyida rushdiya maktabi ochiladi. Uning sohibi vazirlardan Islomxo'ja, muallimi Ahmad Nuriddin; “Tarjimon”: valiahdning maorifparvarligi tarixga bitiladi”.

Shu kabi Ismoil Gasprali 1908 yilning 4 aprelida yana “Tarjimon” gazetasida maqola chop qilgan va unga ko'ra, “o'tgan yil Xiva xoni Qozondan ikki muallim chaqirib, ikki usuli jadid maktablari ochgan, muallimlar Yusuf va Husayn afandi, 4-5 oy o'tgach imtihonlar bo'ldi, Husayn afandining maktabi yaxshi natijalar ko'rsata olmadi, uni ishdan bo'shatdi, yangidan Qozondan uch muallim chaqirildi, ular ishga jiddiy kirishdilar”.

Shu tarzda Ismoil Gasprali Xorazmda jadidlari ko'payayotgani, ularni bevosita hukmdor, valiahd va Islomxo'ja singari taraqqiyparvarlar qo'llab-quvvatlayotganini e'tirof etgan holda, “Tarjimon” gazetasining 1909 yilgi 40-sonida “maktablarning ochilishi, ko'payishi lozim. Boqchasaroydan olingan dars kitoblari, Qozondan chaqirilgan muallimlar Xivaga endi to'g'ri kelmaydi, yarashmaydi. Endi Xivaning o'zidan muallimlar yetishtirmoq kerak va Xivada chop etiladigan alifbolarni yaratmoq kerak. Bunda ham hech bir kimsa zarar ko'rmaydi”, – deya strategik vazifani qo'yadi.

Ana shu ma'lumotlardan ma'lum bo'ladiki, Xorazmda jadid maktablari ochish 1898 yildan boshlangan va XX asr boshlariga kelib nafaqat Xiva va Yangi Urganch, balki Gurlan, Qo'ng'irot, Xo'jayli, To'rtko'l shaharlarida ham yangi usuldagi jadid maktablari tashkil qilingan va uning bitiruvchilari orasidan vaqt o'tib, Xorazmdagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashgan Bekjon Rahmon, Nizomiddinoxun, Inoyatoxun, Jumaniyoz Ollaquliyev, Ibrohim Ollaquliyev, Qurbon Beregin, Karim Boltayev, Maryam Sultonmurodova singari XX asr boshlaridan to 1937 yillargacha faol bo'lgan ko'plab namoyandalar yetishib chiqdi. Ana shu namoyandalarning yetishib chiqishida, qolaversa, voha xalqlarining yuksak ta'lim-tarbiya olishida faoliyat ko'rsatgan jadid pedagog ayollari ham bo'lishgan.

Ulardan  biri Komila Qo'shayeva edi. Xorazmdagi jadid maktablarida faoliyat ko'rsatgan pedagog ayol, jadid ma'rifatparvari Husayin Qo'shayevning turmush o'rtog'i bo'lgan. Komila Qo'shayeva o'quvchilarga matematika fani, Gaspralining “Xojai sibyon”, Munavvar Qorining “Usuli hisob”, Saidrasul Aziziyning “Ustozi avval”, Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” kitoblaridan saboq bergan. 1904-1906 yillarda Xivadagi jadid maktabida, 1906 yildan esa Yangi Urganchdagi jadid maktabida o'qituvchilik faoliyatini davom ettirgan. Komila Qo'shayeva o'quvchilarga saboq beribgina qolmay, Yangi urganch shahridagi jadidlarning maktabiga rahbarlik ham qilgan. Asosan, qiz bolalar ta'lim beradigan ushbu maktabda yana Maryami Agisheva, Zaynab Siddiqovalar ham faoliyat ko'rsatishgandi.

Afsuski, Xorazmdagi birinchi jadid pedagog ayol Komila Qo'shayevaning hayoti, faoliyati va Xorazm ta'lim taraqqiyotiga qo'shgan hissasi tarix va pedagogika fanlarida tadqiq qilinmagan.

Komila Qo'shayevaning maslakdosh hamkasblaridan yana biri Maryam Agisheva bo'lib, tatar millatiga mansub edi. Bosh vazir Islomxo'ja tomonidan 1907 yilda Qozon shahridan taklif qilingan. Maryamxon Agisheva Xiva shahridagi jadidlarning qizlar maktabida, so'ngra, Yangi Urganch shahridagi jadid maktabida o'qituvchilik qilgan.

Xorazmlik jadid pedagog ayollarining uchinchisi Zaynab Siddiqova bo'lib, u ham Komila Qo'shayeva, Maryamxon Agishevalar bilan hamkorlikda Yangi Urganch shahridagi maktabda faoliyat ko'rsatgan. Maryam Agisheva, Zaynab Siddiqovalar  o'zbek tili va adabiyoti, rus tili fanlaridan, Behbudiyning “Risolai jug'rofiyai Rusiy” (1905 yil), “Kitobat ul-atfol” (1908 yil), “Amaliyoti islom” (1908 yil), “Tarixi islom” (1909 yil) kitoblari, Ishoqxon Ibratning “Lug'ati sittati alsina” darslik, qo'llanmalari asosida saboq berishgan.

Ushbu uchala jadid pedagoglari yangi usul maktablari tugatila boshlagan 1920 yillardan  keyin  sovet maktablarida o'z faoliyatini davom ettirishgan. Garchi ularning hayoti, faoliyati tarix, pedagogika fanlarida to'liq o'rganilmagan bo'lsa-da, Komila Qo'shayeva, Maryamxon Agisheva, Zaynab Siddiqovalarning nomlari Xorazm jadid pedagog ayollari sifatida tarixdan joy olgan.

Umid BEKMUHAMMAD,

Sayyora  SAMANDAR,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 2 =