Ilmga asoslangan, amaliyotga yo'naltirilgan ta'lim

yoki maqsadimiz malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat
Iqtisodiyot sohasidagi eng muhim vazifalarimizdan biri – agrar sohani yanada isloh qilish va modernizatsiyalardan iborat. Agrar soha iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o'z o'rni va ahamiyatini yo'qotmaydigan tarmoqlardan biridir. Orolbo'yi mintaqasidagi global iqlim o'zgarishlari va ekologik muammolar oqibatida qishloq xo'jaligida yildan-yilga ilgari ko'rilmagan sinov va qiyinchiliklar paydo bo'layotgani agrar sohaga e'tiborni kuchaytirishni taqozo qilmoqda. Bugun sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotda qo'llamasdan turib taraqqiyotga erishib bo'lmaydi. Bu esa keng va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, xorijiy tajribalarni o'zlashtirish kabi dolzarb vazifalarni oldimizga qo'ymoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 275-sonli qarori asosida Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali negizida Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Bu qaror nafaqat qishloq xo'jaligi xodimlarini tayyorlash, balki Qoraqalpog'istonda oliy ma'lumotli mutaxassislarni jahon standartlari darajasida tayyorlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda ta'lim muassasasi tarkibida 6 ta texnikum, magistratura bo'limi, sirtqi bo'lim, 3 ta fakultet va 14 ta kafedra faoliyat yuritib, institutda jami 3514 nafar talaba tahsil olmoqda.
Ta'lim sifatini ta'minlash maqsadida asosiy shtatda 207 nafar professor-o'qituvchi o'quv mashg'ulotlarini olib bormoqda. Shulardan 10 nafari fan doktori, 88 nafari fan nomzodlari (PhD), dotsentlar.
Ta'lim jarayoniga chet el professorlarini jalb qilish geografiyasi ham kengaymoqda. Jumladan, keyingi uch yilda Qirg'iziston, Rossiya, Vyetnam, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Qozog'iston, Turkiya kabi davlatlarning professor-o'qituvchilaridan o'n sakkiz nafari institutda dars berdi. O'quv jarayoniga xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o'tgan o'quv yilida 8 nafar professor-o'qituvchi jalb etildi. Joriy o'quv yilida 16 nafar professor taklif etish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda Turkiyaning Anqara universiteti professori Sulayman Kodal institutimizda suv xo'jaligi bo'yicha dars o'tib kelmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari qoshida mutaxassis tayyorlovchi kafedralarning 14 ta filiali tashkil etilgan. Ularda ilmiy tadqiqot institutlari, tashkilot va korxonalarning yuqori malakaga ega mutaxassislari amaliy dars mashg'ulotlari olib bormoqda.
Institut xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan “Ilmga asoslangan, amaliyotga yo'naltirilgan (“science-based”, “practice-oriented”) ta'lim” tamoyillari asosida qishloq xo'jaligi ta'lim sohasining xalqaro hamjamiyatdagi o'rnini oshirish bo'yicha hamkorlik aloqalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Joriy yilda institutning 105 nafar talabasi Germaniya, Qozog'iston va Qirg'iziston Respublikasining yetakchi ta'lim muassasalarida malaka oshirish va amaliyot dasturlarini o'tadi. Ular qishloq xo'jaligi sohasida o'z biznesini tashkil qilib, qo'shimcha daromad orttirishi uchun imkoniyat yaratildi. Joriy o'quv yilida esa 150 nafar talabani 3 oydan 6 oygacha amaliyotga yuborish rejalashtirilgan. Institut talabalarini xorijiy davlatlarga akademik mobillik dasturi asosida yuborish kuchaytirilmoqda.
Rivojlangan xorijiy oliy ta'lim muassasalarining vakillarini o'quv jarayoniga jalb etish bo'yicha “QS World ranking” reytingida 113-o'rinda turuvchi Yaponiyaning Toxoku universiteti bilan talaba almashish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Natijada institutimizda birinchi marta ikki nafar talabamiz “MEXT” granti asosida magistraturaga o'qishga kirib, ta'lim olmoqda.
Yaponiyaning Chiba universiteti talabasi Nagai Marin 6 oy muddatga o'qishini davom ettirish uchun Nukusga keldi. Toxoku universiteti talabasi Yuxara Yume esa mart oyidan institutimizda o'qishni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda institutimiz bitiruvchilaridan 11 nafari Yaponiya, Italiya, Rossiya, Qozog'istondagi universitetlarga grant asosida magistraturaga kirdi.
Yaponiyaning Chiba, Toxoku va Elektrokommunikatsiyalar universiteti, Qozog'iston milliy agrar ilmiy-tadqiqot universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog'iston davlat universiteti, Vyetnam Milliy qishloq xo'jaligi universiteti, Portu universiteti, Qozon davlat agrar universiteti, Xitoyning Shinjon ekologiya va geografiya instituti, Tian Jin qishloq xo'jaligi universiteti, Amerikaning Rodes kolleji bilan talabalar almashinuvi, akademik kollaboratsiya yo'nalishlarida hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Qozog'iston Respublikasining Taraz xalqaro innovatsiya instituti bilan tuzilgan shartnomaga asosan institutimizning 2 nafar talabasi akademik mobillik dasturi bo'yicha mazkur institutda tahsil olib qaytdi.
Ta'lim maskanimizda o'qish xalqaro tajribalarga moslashtirilgan holda olib borilmoqda. Qoraqalpog'istonda oliy ta'lim muassasalari ichida birinchilardan bo'lib oliy ta'lim jarayonining yangi standartlari va malaka talablari asosida kredit-modul tizimiga o'tildi. O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining milliy reytingida Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti 2023 yilda 68-o'rinni egalladi, joriy o'quv yilida ushbu ko'rsatkichning yuqori pog'onalarga ko'tarilishiga erishish maqsadida institutimizda bir qancha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. 2024 yilda jahonning kuchli 1000 taligiga kirgan oliy ta'lim muassasalarida 28 nafar professor-o'qituvchi malaka oshirib keldi. Hozirda xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalariga tajriba oshirishga va stajirovkaga yuboriladigan 30 nafar professor-o'qituvchilarning ro'yxati shakllantirilib, tasdiqlangan.
Eng muhimi, bizda tahsil olgan talabalar o'z mutaxassisliklari bo'yicha ishga joylashtirilmoqda.
O'tgan o'quv yilida institutni jami 686 nafar talaba bitirib, shularning 86 foizi ishga joylashishi ta'minlandi.
Institut professor-o'qituvchilari va talaba-yoshlari o'rtasida chet tillarini o'rganishga bo'lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida Yaponiyaning “JICA” tashkiloti bilan hamkorlikda o'tgan yili volontyorlar yordamida yapon tilini o'rgatish kurslari tashkil etildi.
Institut bitiruvchilarining bandligini ta'minlash maqsadida Yaponiyaning “JETRO” tashqi savdo tashkiloti bilan erishilgan kelishuvga muvofiq yapon tiliga o'rgatish va ulardan saralanganini Yaponiya davlatiga mutaxassisligi bo'yicha ish bilan ta'minlash shartnomasi tuzildi.
Talabalarni ilmiy-tadqiqot ishiga jalb etishda ta'limiy-tarbiyaviy xususiyatlariga e'tibor berilib, talabaning maqsadga erishishida o'z kuchi va qudratiga ishonishini qo'llab-quvvatlash, iste'dodli va iqtidorli talabalarning ijodiy va ilmiy salohiyatini shakllantirish, ularning ilmga, yetakchilikka bo'lgan ishtiyoqini oshirishga alohida e'tibor berilgan. 2024 yilda 6 nafar talabamiz Prezident va nomdor davlat stipendiyalari sovrindori bo'ldi.
Ta'lim muassasamizda “Qishloq xo'jaligi axborotnomasi” ilmiy elektron jurnali faoliyatini boshlagan. Institut ilk marta “Times Higher Education” reyting agentligining “World University Ranking 2025”da reportyor statusini olishga muvaffaq bo'ldi.
Institutda laboratoriya bazasining doimiy yangilanib va to'ldirib borilishi, zaruriy xomashyolar bilan ta'minlanishi, sohaga kirib kelayotgan yangi texnika va texnologiyalarning namunalarini ta'lim muassasalariga muntazam yetkazib berilishi muhimdir. Germaniya hukumatining xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ), tomonidan 840,8 ming yevro grant mablag'lari hisobidan “Akvakultura sinov-tajriba” va “Baliqchilik” o'quv-laboratoriyasi tashkil etilib, baliqchilik yo'nalishi talabalarining amaliy bilimlarini mustahkamlash, laboratoriya mashg'ulotlarini, ishlab chiqarish, o'quv-tanishuv amaliyotlarini, magistr va doktorantlarning ilmiy ishlarini to'liq o'tkazish imkoniyati yaratildi.
Xalqaro hamkorlik tashkiloti homiyligida Geoaxborot tizimlari markazi va laboratoriyasi ochilib, qiymati 65 ming yevroga teng laboratoriya va markazga zarur asbob-uskunalar olib kelib o'rnatildi.
Barcha o'quv-laboratoriya xonalari, talabalar turar-joylari va yordamchi xo'jalik binolari va institut atrofi ko'rkam va manzarali holatga keltirilgan. Uch gektar maydonda yangidan bog' tashkil etildi. 0,6 gektar maydonda tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yilgan. Institutning tajriba yer maydonida 20 gektar yerga suv tejovchi texnologiyalar olib kelinib foydalanishga topshirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024 yil kuz mavsumida loyiha doirasida jami sakkiz ming tup mevali va manzarali ko'chatlar ekildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan shartnoma asosida 2023-2025 yilga mo'ljallangan “Qoraqalpog'iston mahalliy qovun navlari genofondini tashkil etish va eksportbop navlarining elita urug'larini tezkor-ko'chat usulida yetishtirish” mavzusidagi maqsadli innovatsion va 2023-2026 yilga mo'ljallangan “G'o'zaning Orolbo'yi tuproq iqlim sharoitiga mos, tola sifati jahon andozalari talablariga javob beruvchi hamda yuqori tola chiqimiga ega mahalliy navlarini yaratish va davlat nav sinoviga berish” mavzusidagi maqsadli amaliy loyiha hamda 2024-2025 yilga mo'ljallangan “Orolbo'yi hududida aholi xonadonlaridagi chorva mollarini ozuqa bilan ta'minlashda kooperatsiya tizimini yo'lga qo'yish” mavzusidagi jami 5 mlrd so'mlik, shuningdek, institutda yosh tadqiqotchilar va talabalar tomonidan 60 mln so'mlik “ChorDeh” startap loyihasi amalga oshirilmoqda.
Institutimiz olimlari tomonidan Xalqaro Orol innovatsion markazidagi in-vitro laboratoriyasida ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
O'tgan yili “Orol bo'yi sharoiti uchun eksportbop suv tanqisligi va tuproq sho'rlanishiga chidamli intensiv navlar, texnologiyalar va yangi resurstejamkor g'oyalar joriy etish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnik anjuman, “Qishloq va suv xo'jaligi hamda texnika sohasidagi yangi texnologiyalar va loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish” mavzusidagi respublika ilmiy-texnik anjumanlari tashkil qilindi.
Professor-o'qituvchilarning ilmiy-pedagogik faoliyatini odilona baholab borish va monitoring qilish maqsadida KPI tizimi joriy qilindi. (https://kpi.tdaunukus.uz/)
Institutimizda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat boshlaganligini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Bu ilmiy kengashda 3 nafar xodim ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilib chiqdi.
Institutimizda professor-o'qituvchilarning ilmiy faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarni bilimga, ilmga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida har yili ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkillashtirish an'anaga aylangan. Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Collaboration Encourage And Knowledge Exchange For Green Innovation” mavzusida birinchi xalqaro telekonferensiya tashkil etildi.
Institutimizda Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodning ma'naviy dunyosini boyitish, har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, vatanparvar, komil shaxslar sifatida tarbiyalash maqsadida turli xil targ'ibot-tashviqot ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Jumladan, iqtidorli talabalardan iborat “Talabalar teatr studiyasi”, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari, “Umid uchqunlari” nomli badiiy guruh tuzilgan bo'lib, ushbu jamoalarga iqtidorli talaba-yoshlar jalb qilingan. 2023 yilda institutimiz tarixida birinchi marta institut yoshlaridan tuzilgan “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi O'zbekiston Respublikasi miqyosida o'tkazilgan musobaqada faxrli 1-o'rinni qo'lga kiritdi.
Agrar sohasini rivojlantirish, jahon tendensiyalarini va tajribasini aks ettirishga moslashgan “ilmga asoslangan, amaliyotga yo'naltirilgan ta'lim” tamoyili asosida va milliy an'analar uyg'unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlash asosiy maqsadimizdir.
Berdiyor JOLLIBEKOV,
Qoraqalpog'iston qishloq
xo'jaligi va agrotexnologiyalar
instituti rektori,
qishloq xo'jaligi fanlari doktori.