Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo

O'tkir Rahmat

Kelajak! Nurafshon hikoya uchun,                             

Adolat qarorin himoya uchun,

Urchigan zulmga nihoya uchun,

Yuksak ko'taruvchi bir g'oya uchun, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Niyatlar xolisdir, orzular bisyor,

Degancha, tinchlikdan boshqasi bekor,

Insonlar zarracha chekmasin ozor,

Yomonlik ko'rmasin bu olam zinhor, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Amir Temur ruhi bo'lmish bugun shod,

Muqaddas maskani ozodu obod,

Ijobat bo'lgaydir maqsadu murod,

Mehrdan manzillar etilgan bunyod, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Tamaddun shu yerdan tashlagan qadam,

Mashriqu Mag'ribni bog'lagan mahkam,

Nurli tarixlarni bitganda qalam,

Ilmu fan, ma'rifat, hikmati bekam, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Mirzo Ulug'bekning nafasi bilan,

Shodlik kelar shodon, hur sasi bilan,

Ulkan orzularning evazi bilan,

Ko'ngilda ko'z yorgan havasi bilan, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

G'arbga botgan quyosh Sharqda bo'lib tong,

Oshiqar Registon diydori tomon,

Kunlar kelgani rost chin dorilomon,

Olqishlar yeru ko'k, olqishlar zamon, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Qushlarning parvozi ko'klarga yetar,

Bog'laru tog'larga yetdi xushxabar,

Kuchoq ochar bunda har kent, har shahar,

Minglagan dillarning orzusi qadar, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Dunyoda ne kechar? Mazlumlik, azob…

Yovuzlik chang solar dillarga shitob,

Bu baxtli kunlarning o'zi ming kitob!

Do'stlik bayrog'ini ko'tarib bu tob, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Bu hikmat azaldan kelgan tal'atdir:

Birlashgan yo'llarning gardi balanddir,

Birlashgan dillarning qadri balandir,

Birlashgan ellarning qaddi balanddir, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Birlashmoq baxsh etgay albat ulug' nom,

Dillarda ming surur, qalblarda ilhom,

Yaxshilik tashrifi etadi davom,

Ayni bahor chog'i, qutlug' bu ayyom, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Har ezgu yurakni asrar Samarqand,

O'zi asrab yana yayrar Samarqand,

Tinchlik qo'shig'ini kuylar Samarqand,

Bugun dun ahliga minbar Samarqand, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

So'nmas bo'lsin toki qalblar quyoshi,

Baland bo'lsin elning qadriyu boshi,

Faqat shuni tilar bugun Yurtboshi,

Olam ahli bo'lib bugun yo'ldoshi, —

Sobitlik yo'lida intilgan dunyo,

Bugun Samarqandda jam bo'lgan dunyo!

Samarqand! Yurtimning boshidagi toj,

Ey sen saxiy quyosh, mehribon quyosh,

Yaxshilik nurini boshlar uzra soch,

Tinchlik, ezgulikka mudom quchoq och, —

Mudom ezgulikka intilsin dunyo,

Mudom Samarqandda jam bo'lsin dunyo!

“Xalq so'zi” gazetasining  2025 yil 5 aprel,

№70-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + fifteen =