Bobur shahri vasfida

Har ishning o'z vaqt-soati, davri bor,
Bu dunyoda endi Bobur shahri bor.
Bobur, ya'ni Zahiriddin Muhammad,
Eng oliy shon – ona yurtga muhabbat.
Yaxshi-yomon kechgan har ishdan ogoh,
Shahringizga xush kelibsiz, Boburshoh!
Sizni buyuk musofir deb aytganlar,
Ortingizdan qolmish aytib “attang”lar.
Andijonni anda jonga tor etgan,
O'z yurtida o'z yurtiga zor etgan.
Saltanatning to'nin kiygan – shod o'lmas,
Bunda orom, bunda halovat bo'lmas.
Temuriylar sulolasin qo'l qarsi,
Siz eng yovqur, Siz eng kenja yo'lbarsi.
Umringizning har oni, har damida –
Yurgandirsiz keskir qilich damida.
Ne deb qutlar edi Umarshayx Mirzo?
Ota rizo, demak, Xudo ham rizo.
O'z uyingiz, o'z suvingiz, nahringiz,
Olampanoh, qutlug' bo'lsin shahringiz!
Dahri dunning bag'rin doim tosh ko'rdim,
Ko'zingizda g'iltillagan yosh ko'rdim.
Bu gaplarni men aytmadim atayin,
Avval aytgan tashbehimga qaytayin:
Yuz oh, Bobur, yuz oh, Bobur, oh Bobur,
Podshohlar ham yig'larkan-da, voh Bobur!
Yarmi Hindu, yarim ko'ngli Afg'onda,
Butun umri kechmish dardu armonda.
Teskaridan o'qilsa: Bobur – ruboB,
Bu rubobning chalgan kuyi ranj, azob…
Bugun Sizni qutlar ahli Andijon,
Yangi zamon qurganlarga sharaf-shon!
Ko'kka qarab qator-qator cho'zmish bo'y,
Yangi uyda qutlug' bayram, yangi to'y.
Maktab borar orasta ham ozoda,
Har o'g'il-qiz xonzoda ham shahzoda.
Komron bilan Humoyunni chorlangiz,
Navkarlarni qo'sh yondan qatorlangiz.
Besh yuz yillar kechmish, sezgum banogoh,
Shahringizga xush keldingiz, Boburshoh!
Har kosib, har dehqon, har cho'pongacha,
Xo'janddan to Isponu Yopongacha –
Bu xushxabar alqab davru zamonni,
Ovozasi tutdi ro'yi jahonni.
Andijonning Aeroporti ko'p ko'rkam,
Havaslarim kelar boqib, jon o'lkam.
Yarqiragan “Boing”larga bandargoh –
Shahringizga xush keldingiz, Boburshoh!
“Boburnoma” ayni obu tobida,
Bu bir mangu yemirilmas obida.
Xuddi shunday bunyod bo'lmish ustuvor,
Demak, davlat poydor, Vatan ham poydor.
Hali bunda to'shalgay po'lat izlar,
Chin-Mochindan kelar hali poezdlar.
Olamda bor yo'llar ravon bo'lgusi,
Butun dunyo dorilamon bo'lgusi.
Nasim essa ijodkorlar bog'idan –
Asar qolmas dardu hijron dog'idan.
Xudoyimning O'zi avval madadkor,
Elu yurtning egasi Bosh bunyodkor.
Inshoolloh, adab shahri bo'lgaydir,
Ilmu irfon, maktab shahri bo'lgaydir.
“Bog'i Behisht” kabi ob-havolari,
O'sgay bunda kelajak daholari.
Bir shaharkim, bag'ri ochiq, qadrdon,
Bino bo'lmish inson mehru qadridan.
Bu e'zozlar, bu oliy ehtiromlar,
Kelajak ming yillargadir salomlar.
Obod Vatan osmonlardan tushmaydi –
Vatan bedor Rahnamoga o'xshaydi.
Tarix guvoh, zamon guvoh, el guvoh –
Bizning ulug' ishlardan olam ogoh.
Yuz ming orzu-umidlarning bag'ridir,
Bu matonat va shijoat shahridir.
Sirojiddin SAYYID,
Oliy Majlis Senati a'zosi,
O'zbekiston xalq shoiri