Vatan sendan ayrilgani yo'q
Usmon AZIM,
O'zbekiston xalq shoiri
AYoL
Bu ayol birovni sevmagan hali,
Shunchaki kimgadir berishgan erga.
Shunchaki farzandlar ko'rgan… Shunchaki,
O'zga bir nafasni his etgan she'rda.
Shunchaki saharda otlangan ishga,
Shunchaki yig'lagan, shunchaki kulgan.
Shunchaki qorishib ketgan turmushga,
Shunchaki devorga boshini urgan.
“Yashash shu, o'ylagan ayol, yashash shu –
Dunyo yaralgandir shunday, yaralgan…”.
… Ne uchun bu odam sochmoqda yog'du,
Nechun so'zlaridan otash taralgan?
Qaerda yashagan? Qanday yashagan –
She'rning otashidan bo'lmasdan ado?
Balki bu sahnaga uni boshlagan
Taqdir – bu ayolga etgani jafo…
Ayol esa tamom asirga tushdi –
Kechikkan taqdirni tanidi ayon.
Joyida turdi-yu falakka uchdi,
Joyida turdi-yu o'rtandi yomon.
Qalblarga o't sochib, ketdi She'r-odam.
Ketarda: – Mensiz ham xush qoling, – dedi…
Ayol bebaxtlikning hukmida bu dam –
Va shu bebaxtlikda baxtli ham edi.
16.02.2024
* * *
Taqvim adashmagan. Hali yanvar. Qish.
Bodomlar gullagan Boysun shahrida
Yanvar bahor kabi yuritardi ish –
Ajib sinoatning sirli bahrida.
Bodomlar gullagan Boysun shahrida,
Barcha kuzlariga bergani barham,
Hayot dengizining oshib sathidan –
Omonat jonini topshirdi akam.
Akam bu dunyoga qilmadi parvo!
Barcha fasllarda – monandi bahor –
Ko'nglini barchaga sochdi, xudo-yo,
Ko'rganga mehrini berdi beozor.
Bahor akam manim!.. Fasllar bekor!
Dunyoga chiqsa gar dil ochib – bekam,
Saraton bilan ham so'zlari – bahor,
Tiyramoh yetsa ham suhbati – ko'klam.
Ezgulik hech qachon bo'lmagay afgor!
Negadir qish ishin Egam tuzatdi:
Yanvarda yetishdi nogahon bahor –
Akamni bodomlar gullab kuzatdi.
17.02.2024
DOVON. POEZD
Tog'lar kechgan soy so'lu sog'i
Temir yo'llar bilan eshilgan.
Poezd chiqar otilib, tog'ning
Qornidagi qora teshikdan.
Tahlika yo'q vagonda. Zarra
Zo'riqish yo'q. Charchog'u “uf” yo'q.
Soat necha? Yaqindir marra.
Tik yo'llarda qolgan mag'lub yo'q.
Yo'l kunlarni aylamas talab,
Zumda bitdi Toshkentda yumush.
Otabekni kutmas haftalab,
Marg'ilonda o'rtangan Kumush.
Dovonlarning vahmi yo'qolgan…
Allaqanday sho'x suhbat boshlar –
Dovon oshish lazzatlaridan
Ayro tushgan betashvish yoshlar.
Bu yigitlar aqlli. Bir zabt! –
Barpo bo'lar o'nglarida tush…
Otabekni kutmas haftalab,
Marg'ilonda o'rtangan Kumush.
Ammo ko'nglim mast edi – bemay! –
Dovonlarning dostonligida!..
Allaqanday xavotir borday
Diydor ko'rish osonligida.
20.02.2024
QO'RQINCh
Ey, o'rtandim!
Sog'inganim sog'ingan!
She'rni ichsam ham,
Sog'inchim qonmas!
Bu sog'inchda o'lib ketaman
Bir kunmas-bir kun!
Senga yetolmayapman,
Parvardigor!
21.02.2024
* * *
Hayvonlar ko'paydi bu dunyoda.
Xudodan qo'rqmas hayvonlar.
Yana barchasi odam qiyofasida.
Ammo menga ayon-ku ular!
Mana,
Or-nomusni,
halollikni,
imonni –
bori gul dunyoni yeb,
Payhon qilib o'tishyapti.
Hayvonlar!..
To'ymaydi bular!…
21.02.2024
YaShIL QARTA
Ketaverasanmi?
Qorning to'ysa, bo'ldimi?
Tashlab ketayotganing
Axir,
Vatan.
Nega yig'lamaysan?
Nega “oh” urmaysan?
Ketaver.
Vatanni tanimagan,
Ketaver…
Vatan
Sendan ayrilgani yo'q.
Vatan qutuldi sendan,
Qutuldi…
21.02.2024
XOTIRA
Bolalik dashtu tuz oralab o'tdi.
Tog'lar orasida yashadim, so'ngra
Qaro yer – ajdarho – otamni yutdi –
Uch yoshda edimmi? Yig'ladim ho'ngrab.
Dashtda o'roq o'rdim. Tashidim somon.
Ro'zg'orning tashvishi boshimga do'ndi.
Mol-holning ortidan yugurdim sarson –
Onam yig'lamasin – har korga ko'ndim.
Hozir ham esimda g'amning siyog'i,
Elkasi silkinmay yig'layotgan hol –
Ko'ksimdan o'tdi vaqt – molning tuyog'i –
Mitti jonimga ham rahmi yo'q qattol.
Dashtning har qiyog'i yodimda qolgan,
Ko'klami, quvrashi, xasligi – turfa.
Dard she'rga yetmasdi. O'rtanib tolgan
Yuragim muttasil ko'chardi “uf”ga.
Osmondan tushmagan hech kim! Xotira
Bo'g'zimga tiqilar – aqlidan ozgan.
She'rlar menikimas. Ho', o'sha bola
Goh kulib, goh yig'lab yozgani-yozgan…
23.02.2024
* * *
Yo'qliklaring yaxshi.
Seni yo'qlab
She'r yozaveraman,
Yozaveraman…
29.02.2024
* * *
Ishga ketdi barcha, tashvishga…
Kresloga cho'kkancha og'ir,
Ko'chganimi bir sokin tushga –
O'tiribman ko'z yumib hozir.
Va shu tanho o'tirishimda,
O'ylarimni ruhimga artib –
Hatto o'zim sezmas arshimda,
Bermoqdaman yurakka tartib.
Allaqanday – solmay ovoza –
Men o'zimga taralayapman.
O, naqadar yuragim toza…
Yana qayta yaralayapman.
29.02.2024
* * *
Tunda tortib qo'yadi
Derazalarining pardalarini.
Mahkamlab qo'yar –
Na osmon ko'rinar,
Na yulduzlar…
Tunda ixtiyori
O'zidan ketadi, axir,
Tunda armonli tushlar
Podshohdir unga…
Yulduzlar sori
Uchib ketishidan qo'rqib –
Tunda tortib qo'yadi
Derazalarining pardalarini.
02.03.2024
AYaMAJUZ
Bu kun juda ovora –
Bahoru qishga talash.
Tomda chalar tarona
Ayamajuz – devona –
Qoru yomg'ir aralash.
Ayamajuz – sho'r kampir!
Yanvari tashlab ketgan,
Fevrali tashlab ketgan…
Ayamajuz – zo'r kampir –
Qahri bahorga yetgan.
Ayamajuz – ko'r kampir!
Bahor kelganin sezmay,
Sovuq ishidan bezmay –
Bu kunni aylar talash,
Qoru yomg'ir aralash…
04.02.2024
* * *
Sen taraf ketgan xayol –
ko'changda sarson kezdi-yo,
Uy nogoh ochdi eshik,
ko'ngli ne holni sezdi-yo.
Sen bu uydin ko'chgan erding.
Mung shamoli yeldimu?
Eshigingni ochg'ani,
armonda sog'inch keldimu?
Tushga mengzar bu ko'cha –
sehringni tashlab ketding-o!
Kelsa yor mung'aymasin –
mehringni tashlab ketding-o!
08.03.2024
UMR FASLLARIDA SENGA YoZILGAN MAKTUBLARDAN PARChALAR
“Sen xotiraga borasan,
uchrashsak,
izillab
yig'laydigan xotiraga”…
“Sen yurakka borasan,
ilhomning mavjiga qorishgani –
yurakka
borasan”…
“Sen armonga borasan –
tanho tunlarimning
ilojsiz
“uh”lariga”…
“Sen g'ussamga borasan –
she'rdan ham
yashirgan
faryodlarimga”…
“Sen she'rimga borasan –
so'nggi nafasimdagi
she'rimga”…
“Sen yozolmagan she'rimda qolasan –
o'layotganimda,
birga
jon beradigan
she'rimda”…
10.03.2024
IRSIYaT. ILDIZ
Yurakda aylanar qay kuch gupirib,
Ruhimni o'rtaydi qay armon yuqi?
Nogahon yetadi sog'inch ufurib,
Olis-olislarning bezovta “uf”i…
Tumanday tarqagan meros xotira
Qa'tidan bir sitim undov enadi –
Bu chorlov ortidan – nogoh dovdirab –
Masalan, Oltoyga ketgim keladi.
Ot surib Shivirdan G'arbga kelyapman
Shamolga o'ralib, ilashib she'rga.
Ana, Alpomishni kuylab beryapman,
Dashtimda adashgan so'qir Homerga….
Qipchoq dashtlarida o'ynoqlar har yon –
Hali ham –
“qur–ey”ining mast-asov mavji…
Uyurlar ortidan boqadi, vayron
Moziydan uzilgan ko'nglimning ranji.
Qorong'u tushdimi? Lovullar gulxan.
Turkiy shevalarda gurkirar suhbat…
Davraning chetida bordayman men ham,
Negadir anglayman – borman to abad.
11.03.2024
* * *
Yomg'ir. Tong otar.
Derazamda
tomchilar changi.
Ko'z o'ngimda ivib yotar
Kuzning sap-sariq rangi.
O, ividi manim ko'nglim ham!..
Yuragimga bo'ldi bir balo –
O'z-o'zidan bosib keldi g'am,
O'z-o'zidan yig'ladi dunyo.
Bir uzluksiz o'rtanish qalbda…
Yana nelar o'yladi taqdir?
Chaqmoq kabi sochilib – shartta! –
Bahor bo'lgum kelar negadir.
12.03.2024
