Bir shoirning yurak ovozi

Rahim NAZARMAT

Muallif haqida:

Rahim Nazarmat o'g'li — texnika fanlari nomzodi, ko'plab ilmiy maqolalar, bir nechta monografiyalar muallifi. Texnika sohasida ixtirolar muallifi. “Umrning to'rt fasli” she'riy to'plami chop etilgan.

QALAM

(Jangchi shoir Nazarmat (1917-2009)

otamning xotirasiga)

Ijodkorlar ahlining biri

Bo'lgandilar rahmatli otam,

Shoirlar bu — ilhom asiri,

Qo'llarida qog'ozu qalam.

 

Jang qilgan urush faxriysi,

Jangchi-shoir edi nomlari.

Ular yozgan asarlar bari —

Yurtimizning qahramonlari.

 

Qalamlari qoldi javonda,

Chala qoldi yozilmay she'rlar.

Qog'ozlarga tushgan satrlar –

Hayotlari, dardlari edi.

 

U misqollab topilgan boylik,

Yo'qdir unda toshu tarozi,

U tarixdir — ijod mahsuli,

Bir shoirning yurak ovozi.

 

Meros qoldi bizga kitoblar,

O'ksinamiz qo'llarga olsak,

Ruhlarini shod qilar edik,

Biz ulardek yashasak halol.

MOTAMSARO ONA

Ohista tashlanar bu yerda qadam,

Xotira maydoni — muqaddas makon,

Motamsaro ona yillar o'tsa ham,

O'g'lini kutmoqda, bosh egib hamon.

 

Yurakni o'rtagan dardu g'amlari,

Olovga aylangan mash'ala bo'lib,

Har kuni tizilib yurt farzandlari

Ta'zim qilishmoqda poyiga kelib.

 

Sakson yil bo'libdi Jahon jangiga,

Mardona kurashgan ota-bobolar,

Zafar bayrog'ini dushman yurtiga

O'rnatib Vatanga qaytishgan ular.

 

Jang-jadal bo'lmagay, afsus, qurbonsiz,

Janggohdan qaytganu qaytmaganlar ko'p.

O'g'lini kuzatib, ona uyqusiz,

Qaytib kelishiga bo'lgan umidvor.

 

Dunyoda og'irroq farzand dog'idan

Musibat bormikan ortiqroq yana?

Ayrilsa pahlavon jigarbandidan,

Motamsaro bo'lar har qanday ona.

 

Qaydadir bo'lyapti hozir ham janglar,

O'zga bir yurtlarda, bizlardan nari,

Vatanga qalqondir bizning harbiylar,

Ishonch-la boryapmiz maqsadlar sari.

 

Ohista tashlanar bu yerda qadam,

Kitobga bitilgan jangchi nomlari,

Muhrlab yozilgan, o'chmas sira ham,

Qalbimizda yashaydi yurt o'g'lonlari.

 

ONAJONIM, QALBIMDASIZ

Uxlab yotsam, mayin bir ovoz

Chaqirgandek bo'ladi meni,

Uyqum qochib dovdirab bir oz,

Bilolmadim tush ta'birini.

 

Eshikdagi osiqliq parda,

Tebranganday tuyular menga,

Go'yo onam tonggi saharda

Meni yo'qlab yuribdi, nega?!

 

O'ttiz yildan oshib ketsa ham,

Qulog'imda qolgan bir sado,

Siz erkalab derdingiz “bolam”,

Shunday so'zga bo'lyapman gado.

 

Qalbimdagi xotira bo'lib,

Asta tashlab tovushsiz qadam,

Kelyapsizmi xavotir olib?

Tushlarimga siz kirib onam.

 

DO'STIMGA

Do'sting bo'lsa, haqiqiy bo'lsin,

Soxta emas, qisqa muddatli,

Yoningdamas, qalbingda bo'lsin,

Sendek bo'lsin, u ham xislatli.

 

Do'sting bo'lsa, bo'lsin u dono,

Qalbi bo'lsin oynadek toza,

Ko'p bo'lmasin, bo'lsin bir dona,

Do'stlashganlar olsin andoza.

 

Do'sting bo'lsin, suyanchiq bo'lsin,

Yaxshi bo'lsin, yomondan yiroq,

Sen adashsang, ey do'stim, desin,

Yomon yo'ldan qilsin uzoqroq.

 

Do'sting bo'lsin, bo'lsin qadrdon,

O'qiganmas, uqqandan bo'lsin,

Sen o'zingdek unga ishongin,

Egizakdek tug'ishgan bo'lsin.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 5 =