Hayotga yo'l izlab kiraylik nurday

Norbobo ShAKAROV

Muallif haqida:

Norbobo ShAKAROV — Qo'shrabot tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgach, mamlakatimizning yetakchi matbuot nashrlari — “Xalq so'zi”, “O'zbekiston ovozi”, “Qishloq hayoti” gazetalarida ishlagan. Uning ko'plab tanqidiy va tahliliy maqolalari, ocherk va lavhalari matbuot nashrlarida e'lon qilingan. Quyida hamkasbimiz, I darajali “Mehnat faxriysi” nishoni sohibi Norbobo Shakarovning turli yillarda qog'ozga tushirgan she'rlaridan namunalar e'lon qilinmoqda.

Sohildaman, o'tiribman jim,

To'lqinlarning shovqinin tinglab.

Guvillaydi daryoi azim,

Gohida sho'x, gohida ingrab.

 

To'lqinlarning sonin sanayman,

Va otaman har biriga tosh.

To'lqin emas, oqayotgan man,

Tomchilari — ko'zimdagi yosh.

 

O'sha menman oqayotgan sho'x

Qirg'oqlarga urib boshini,

Poyingizdan oqib o'tgan dam,

Otmang zinhor ta'na toshini.

 

* * *

Himolayni kashf etdim bugun,

Tabriklang siz meni, onajon!

Himolayni zabt etdim bugun,

Tabriklang siz meni, onajon!

Kolumbdek quvonchim cheksiz,

Kashfiyotim buyuk, onajon.

Himolayning borligini siz

Aytmovdingiz axir, onajon.

Dunyodagi eng baland joy deb,

Ko'rsatgansiz G'arib tepani,

Unga qo'nar kechasi oy deb,

Yupatgansiz gohida mani.

Bo'y cho'zganda men yana bir oz,

Siz ochdingiz menga bir sirni,

Aytdingizki, o'n yil burun — yoz,

Kuzatganman otang faqirni.

Shu tepada qo'l cho'zib unga

Uzatganman otangni jangga.

Bu tepaga, o'g'lim, chiqib boq,

Ko'rinadi otang ketgan yoq…

 

* * *

Do'stim Bekpo'lat O'rozqulovga

Umrimiz o'tmoqda, yugurmoqda vaqt,

Chavandoz marraga shoshilgan misol.

Ne baxtki, tirikmiz, do'stim, buyuk baxt,

Demak, bu hayotda hali bor visol.

O'tgan dam — umrga achinmay sira,

Boy bergan fursatlar uchun xo'rsinmay,

Yaxshisi, ertangi toza, bokira,

Hayotga yo'l izlab kiraylik nurday.

Bu hayot ko'hnadir asriy obida,

Sen aytgan Temur va Bobur merosi,

Sen va men, do'stginam, zamon oldida,

Yilt etgan mo''jaz bir uchqunmiz, rosti.

Va lekin uchqundan sachragan qudrat,

Bir zamon yaratgan ulkan quyoshni.

Shundan so'ng ona-Yer — shu buyuk xilqat,

Nur emib quyoshdan ko'targan boshni!

 

* * *

Bo'rilar haqida so'zlab odamlar,

Go'dak yuragimga solardi g'uluv,

Va tunlar alahsib, qo'rqinchli damlar,

Xayolim chulg'ardi charx etib g'uv-g'uv.

Shunda titrab-qaqshab onam bag'riga

Bekinib olardim najotkorim deb.

Onamdan jilmasdan qadam nariga,

Eshikka boqardim suratday qotib.

Va bir oz ulg'ayib tanib aqlimni,

Oq neyu, qora ne ajratganim kez,

Boshqa bir sharpalar, qo'rquv dilimni

Muzlatib titrata boshladi tez-tez.

Men hamon go'dakman, qo'rqaman abas,

Qo'rquvdan hislarim ketar uzilib.

Endi tushlarimda bo'rilar emas,

Yovuz bir kimsalar o'tar tizilib.

OXIRGI MAKTUB

Qabul et oxirgi maktubim, erkam,

Qalbingga tosh otmoq emas istagim.

O'tmishni eslashni xushlamasam ham,

Netay, eski darddan xalos bo'lmadim.

Men hamon oshiqman o'sha sen ko'rgan,

Yo'llaring poylagan yonib intizor.

Tunlari mastona she'r o'qib yurgan,

Ishqingda Majnundek bo'lib g'amguzor.

Netayki, men seni unutolmadim,

Qismat deb shu holni aytsalar kerak.

Vaslingga intildim… Yo'q, yetolmadim,

Ellarga sovrildi bor orzu-tilak.

NOMA'LUM SOLDAT

Odamlar ziyorat qilishar bunda,

Olis-olislardan kelib atayin.

Muqaddas xilxona — ko'hna zaminda,

Noma'lum soldatning bosh qo'ygan joyin.

Bosh egib turibman qarshingda bu kun,

Bag'rimni bir o'kinch o'rtar alamli,

Xayolim og'ir bir savolga tutqun,

O'tmishga tik boqqan ko'zlarim namli.

Kim eding? Bag'rimni o'rtaydi savol,

Balki jigarimsan qonim qo'shilgan.

Ona yurtim bo'lsin deya pok-halol,

O'zi qaro yerga mangu ko'milgan.

Kim eding? Olamga mangu savolsan,

Suronlar yashirdi haqiqiy noming.

Kim eding? Olamga mangu saboqsan,

Zamon taqdirida bor muqaddas qoning.

 

* * *

Madad ber, sevgilim, madad ber menga,

Ko'makka muhtojman — qanotsiz burgut.

Mehringni qo'msayman intilib senga,

Kel, jonim, kela qol, qo'lginamdan tut.

Sensiz menga o'zi ko'k ne, samo ne?

Bag'rimni ilitmas yulduzlar tafti,

Sayyoralar bilmas ishq ne, vafo ne?

Bilsa, tunda ko'kka chiqmasdi asti…

1973 yil.

MAJNUNTOL

Anhor yoqasida bir tup majnuntol

O'sardi shoxlari egilib suvga.

Men uni suyardim topib bir timsol,

O'xshatardim o'zim sevgan suluvga.

Ilk sevgi qalbimga bo'lganda mehmon,

Uning og'ushida xayol surardim.

U menga so'ylardi sabo esgan on,

Mendan “oshiqmisan?” deya so'rardi.

Visolning mast-alast shirin damlari,

Uning panohida o'tdi birma-bir,

Majnuntolning sodiq qirq kokillari,

Bizni saqlar edi yot nazardan sir.

Ammo shum taqdirning achchiq qismati

Majnuntol bag'rini ketdi tilkalab,

Uni yashin urdi ilk bahor payti,

Qayta yuz ochmadi barglari yashnab.

Mening ishq niholim urmagandek nish,

U ham mungli boqar ma'yus yurakka,

Ikkimiz turibmiz… g'arib ko'rinish,

Uning shoxlari yo'q, men esa yakka…

 

TOLE HAKAMI

Har kuni bir mahal — kech. Anhor bo'yi,

Kezaman nimadir qo'msab betayin.

Taqdir ezib kelar meni shu ko'yi,

Zarra orom bermay qiynab atayin.

Ne eksang, o'rasan der edi onam.

(Kechiring onajon vaqt o'tdi endi.)

Men baxtni avaylab e'zozlasam ham,

Ko'ngil shishasiga tosh tegib sindi.

Endi o'sha kemtik baxtimni, qarang,

Kimgadir tutmoqchi bo'laman yamab,

Qachondir urilib, bosib qolgan zang

Omadni ko'rmoqchi bo'laman sinab.

 

Va shunda qo'zg'olib dilda alanga,

Engmoqqa shaylansam sinovlarni ham,

Oh, lekin netayin, yo'l bermas menga,

Men senga tole deb atalgan hakam.

1971 yil.

 

YoLG'IZ YO'LOVChI

Bu yo'ldan ming o'tdim, ehtimol,

Bugungisi — bir ming birinchi.

Yakka hamroh — ko'kdagi hilol,

Ko'chada men — yolg'iz o'tkinchi.

Ketayapman, yo'lboshlovchi men,

Xayollarim cho'zilgan karvon.

Daqiqalar asrlarga teng,

Karvonimga urayotgan bong.

Karvonboshi shoshar manzilga,

Xayolini tezlar, qamchilar.

Ammo, qarang, so'nggi zanjirga,

Tirkalgan nor ortiga tortar.

Yo'lboshchining ortar xunobi,

— Chuh, jin urgur, tezroq yursang-chi!

Imillashga chidamay tobi,

Jahli chiqib tortadi qamchi.

Chaqnab ketar qamchining zarbi,

Seskantirib yarim dunyoni…

Olis yo'lda horigan kabi,

Qo'zg'aladi xayol karvoni.

Yodga tushar shu dam birma-bir

Yoshlik, orzu, sevgi, xotira…

Dunyo esa aylanadi gir,

O'tganini qaytarmay sira.

Bu yo'ldan ming o'tdim ehtimol,

Bugungisi — bir ming birinchi.

Yakka hamroh — ko'kdagi hilol,

Ko'chada men sirli o'tkinchi.

REGISTON

Oy suzadi tunda ma'yus — so'roq belgisi,

Samarqandga ko'kdan sochib sovuq nur-ziyo.

Minorlardan o'rmalaydi o'tmishning isi,

Tuynuklardan mo'ralaydi qadim Osiyo.

Qasrlarning soyasida bir sharpa kezar,

Moziydagi asrlarning tilsiz elchisi.

Koshinlarda yaltiraydi sirli naqsh-zar,

Ko'rganlarin so'zlay olmas, loldir barisi.

Lekin anov minorlarda mening qonim bor,

Loylari ham ko'z yoshimga qorilgan tuproq,

Yiqilmagan qasrlarda mening jonim bor,

Shu boisdir moziy hukmi ulardan yiroq.

 

Bunda qancha afsona bor, qancha haqiqat,

Men eshitgan ertaklarga qorishgan dunyo.

 

Bunda barcha orzu qilgan, yetmagan faqat,

Abadiyat va mangulik yotibdi go'yo.

Sado chiqmas, Registon jim, asrlar jim,

Bir mehribon og'ushida yotibdi mudrab.

Oydin tunda hayrat ila uzoq tikildim,

Uyqudagi ajdodlarim qismatin o'ylab.

 

MUVAShShAH

Achinardim bir mahallar o'qib kitobdan,

Zabun tole hamroh bo'lgan Majnun holiga.

Istaganman o'shal onlar saxiy oftobdan.

Ziyong birla panoh bo'l deb oshiq ahliga.

Ammo ketdi istaklarim so'ngsiz samoga,

Bitgan kabi dilrabo kuy, ohangdor qo'shiq.

Olam ishi to'la ekan ko'p muammoga,

Nogoh mening boshimga ham tushdi oshiqlik.

Ularga-ku men achindim lek toleimga,

Gal bor ekan shaydolikka, hayronman endi.

Ajab, kimlar achinarkan mening holimga?

…sen tufayli Majnun bo'ldim,

telba, quvg'indi!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + nineteen =