Tuprog'ing ko'zimga surmaday surtsam

O'ktamxon AKBAROVA

Muallif haqida:

O'ktamxon AKBAROVA — Farg'ona viloyati, Uchko'prik tumanidagi Buyrak qishlog'ida tug'ilgan. 1976 yili tumandagi 1-o'rta maktabni bitirib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ish faoliyatini tuman radiosida, keyinchalik tuman gazetasida, mahalliy televidenielarda olib borgan. 2018 yildan buyon Dang'ara tumani hokimligining “Dang'ara” gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat ko'rsatmoqda. Bir necha she'riy kitoblar muallifi.

DILIMGA JO NOMING

Ona yurtim, tanti, saxiy diyorim,

Baxtiyor qizingman, tilda alyorim,

Kamol topdim senda, so'lim maskanim,

Tog'lar qadar ko'ngli xushnud o'sganim.

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

Tiz cho'kib poyingga uraman boshim,

Do'stlarga tortiqdir qozonda oshim,

Bag'ringda oqmagay ko'zlardan yoshim,

Qudratda tengsizsan, oy-u quyoshim.

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

Turfa millat yashar azaliy inoq,

Bir-biriga hamdam, ahil do'st, o'rtoq.

Xusumat begona, bo'lmaslar tarqoq,

Mehnatga, qo'shiqqa, bilimga chanqoq,

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

O'zbekmi, tojikmi, yoinki tatar,

Qirg'izmi, qozoqmi, bilmagay xatar,

Nemismi yo rusmi yaxshilik tilar,

Ravnaqing yo'lida jonin ham tutar.

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

Tuprog'ing ko'zimga surmaday surtsam,

Borimni qo'shqo'llab arziydi tutsam.

Alloh mehri tushgan bebaho yurtsan,

Tuganmas xazinam, baraka-qutsan.

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

Kindik qonim tomgan aziz diyorim,

Qabul et hurmatim, qalbimda borim,

Gullayver, yashnayver, Vatanim, jonim!

Toabad sen mening shavkatim, shonim,

Gullagan diyorim, go'zal bo'stonim,

Dilimga jo noming, yangroq dostonim!

 

ISTIQLOL

Qalbimning qatida yangrar bir navo,

Yor-yordan o'zgacha, alladan bo'lak.

Vujudim yayratar tonggi sof havo,

Aytilgandek go'yo ilohiy tilak,

Istiqlol taratgan xush navodir bu,

Kemtik dillar uchun em-davodir bu!

 

Borlig'im chulg'agan ajib bir ifor,

Demang uni o'sha sirli mushk-anbar.

Bo'yi muattarda o'zga bir hid bor,

Undan anqir go'yo subhi sanobar.

Istiqlolning masrur iforidir bu,

Momolar asragan sha'n-oridir bu.

 

Dilimdan tilimga ko'chadi bir so'z,

So'zlasam, tanamni chulg'ar hayajon.

Birgina shu kalom qudrati tengsiz,

U bilan yorug'dir tunlar ham har on,

Istiqlol atalgan zo'r kalomdir bu,

Bizga bag'rin ochgan keng olamdir bu.

 

Uyqudan ko'z ochib ko'raman bir nur,

Quyoshdan-da yorqin jilosi bordir.

Kamalak rangida tovlanar shukur,

Nur ichra ezgulik, yaxshilik yordir,

Istiqlol mash'ali — ziyosidir bu,

Husni, latofati — hayosidir bu.

 

Navodan ko'ngillar suv ichsin mangu,

Ifordan har bir dil xo'p sarxush bo'lsin!

Nur ichra zavolsiz otsin yurt tongi,

Ilohiy bir so'zdan ko'ngillar to'lsin!

Istiqlol, sen mening jonu tanimsan,

O'zbekiston — sha'nim, g'urur-orimsan!

 

QO'LIMDAN KELSAYDI

Qo'limdan kelsaydi, jonim onajon,

Me'rojga eltardim tutib kiftimda.

Tonggi shabnamdayin yo'lingiz poklab,

Mehringiz tuyardim yurak taftimda.

 

Qo'limdan kelsaydi, kuyinchak singlim,

Mo''jiza kalitin berib qo'lingga,

Dunyo shodliklarin shodaga chizib,

Durday sochar edim yurgan yo'lingga.

 

Qo'limdan kelsaydi, sirdosh dugonam,

Imkon eshiklarin zulfini buzib,

Jilovlab vaqt, zamon, makon tizginin,

Baxting solnomasin bitardim yozib.

 

Qo'limdan kelsaydi, dilbandim-qizim,

Yulduzdan gulchambar yasab boshingga,

Toabad ketmasdim Humo qush misol,

Surmaday inardim ko'zu qoshingga.

 

Qo'limdan kelsaydi, hazrati ayol,

Qo'ndirardim baxtdan boshingga hilol.

 

FARZANDLARIMGA

Ming bir yumush turar birinchi galda,

Tashvishsiz o'tmaydi kunimiz hech ham.

Uydan sahar ketib, qaytishim qachon,

Ona bo'loldimmi sizlarga, bolam?

 

Qizim, bo'y yetganda yoningda turib,

Sirlaringga sherik bo'lolmadim men.

O'g'lim, olisdasan, sog'inching o'rtar,

Ona bo'lib xabar ololmadim men.

 

Husnidam, besh qizga onasan bu kun,

Yumushlaring qaynar, ololmaysan tin.

Ko'mak berolmayman o'zimdan ortib,

Bolam, onaginang urdi nima jin?

 

Uyda-ku kam bo'ldim, ishladim mudom,

Ijod zahmatidan tanim bemajol.

Yolg'iz tashlab qo'ydim seni, Hilolim,

Vaqtim bo'lmadi-da, axir bemalol.

 

Ko'rar ko'zim, olov, sho'x yulduzlarim,

Tomirimda oqqan qaynoq qonimsiz.

Tunga aylanadi sizsiz kunlarim,

Nima bo'lganda ham mening jonimsiz!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 9 =