Baxtsizlikni unutsin dillar…

Keldi YoR

Muallif haqida:

Keldi YoR (Keldiyor TO'LIYEV) — Samarqand viloyati, Qo'shrabot tumani, Quvkalla qishlog'ida tug'ilgan. 1995-1999 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti o'zbek filologiyasi fakultetining jurnalistika bo'limida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini Samarqand shahridagi 16-son umumta'lim maktabida o'qituvchilikdan boshlagan. Keyinchalik “Erudit” gazetasida mas'ul kotib, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining radioeshittirishlar bo'limida muharrir, “Panorama” gazetasida muharrir hamda “Turkiston” va “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetalarining Samarqand viloyati bo'yicha muxbiri bo'lib ishlagan. Ayni paytda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasida mas'ul kotib lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Davriy matbuot va jurnallarda she'r va hikoyalari nashr etilgan.

LOLAQIZG'ALDOQ

Seni sevar edim, seni shunchalar,

Seni shabnamdan ham rashk qilar edim.

Tumordek yarashgan qora xolingni

Hatto nafasimdan qizg'anar edim.

 

Xayollaring edi qordayin oppoq,

Edi orzularing oq bulutday oq.

Ay, seni yig'latib qo'ydim-a,

Ko'ksimni yondirgan lolaqizg'aldoq.

 

Dog' qilib qo'ydim-a yonoqlaringni,

Kechir meni, kechir, ko'nglim erkasi,

Jilovsiz beadab barmoqlarimni,

Gunohkor yuragim, so'qir ko'zimni.

 

Uch fasl kutgandim seni intiqib,

Seni deb yoningga kelgandim atay.

Tekkizmay degandim senga lablarim,

Sog'inch ko'zlarimni ko'r qilgan, netay.

 

Men seni baribir yaxshi ko'raman,

Taqdirga bitilgan — yashamoq shundoq.

Uch fasl men uchun atalgan qayg'u,

Yuragim yondirgan lolaqizg'aldoq.

 

Mayliga, endi sen kechirma aslo,

Unutib, yanada chiroyingni och.

Tasodif duch kelsak bahor chog'ida,

Nafasim yetmasdan, yuzing burib qoch!

 

Uch fasl men uchun atalgan qayg'u,

Taqdirga bitilgan — yashamoq shundoq.

Men seni shunchalar yaxshi ko'raman,

Vujudim yondirgan lolaqizg'aldoq!

 

* * *

Men bir qo'shiq bitmoq bo'laman,

Uni aytgan sira tolmasin…

Xurshid DAVRON.

 

Men bir qo'shiq bitmoq bo'laman,

Nafrat, hasrat undan yiroqda.

U shundayin erkin qo'shiqdir,

Tinglaganlar yonmas firoqda.

 

Men bir qo'shiq bitmoq bo'laman,

Navosidan hayratda qotib,

Sezmay qolsin, bir olam mehr

Borganini yurakka botib.

 

Bu qo'shiqni ming bor tinglashib,

Va qaytalab aytmoq bo'lsinlar.

Ko'chib yursin dillardan-dilga,

Qiyomidan mehr olsinlar.

 

Kuylasinlar takror va takror,

Baxtsizlikni unutsin dillar.

Biyobonda ko'z ochsin chashma,

Xazon bog'da barq ursin gullar.

 

Eshitsinlar qayta-qaytalab,

Botmasinlar hech qachon g'amga.

Shodon boqib yashasin mudom,

Kerak bilib odam-odamga.

Ana shunday mujdalar bilan,

Men bir qo'shiq bitmoq bo'laman.

Lek dillarga yetmasa kuyi,

Kuyib unda o'zim yonaman.

 

Men bir qo'shiq bitmoq bo'laman…

 

UZUN TUN

Samoda oy va yulduzlar,

Tabiat ham jimjit. Sukutga cho'mgan.

Uzun tun. Xayollar nogoh bigizlar,

Yolg'izlik.

Go'yoki hayot ham so'ngan.

Uzun tun. Ko'l uzra oy suzar qalqib,

Sohir kechalarga guvoh edi u.

Bu tun hijronlardan og'ir to'lg'onib,

Yurakka chirmashar tobora qayg'u.

Uzun tun. Xayolan ko'klarda uchish,

Bari bekor, go'yo to'qilgan ertak.

Bu tun ayriliqning sharobin ichish,

Bu tun barchasidan kechmoqlik kerak.

Uzun tun bunchalar bo'lmasa uzoq,

Kutaman entikib tongning otishin.

So'nggi bor o'ylarga qo'yaman tuzoq,

Unutaman uning erka boqishin.

Uzun tun-ey, uzun tun, uzuuun tun,

Bag'rimni aylagin sen butun!

SOG'INCh

Bahor mening birinchi sevgim,

Yuragimda ochilgan lola.

Vujudimni quchib, erkalab,

Ilk tuyg'usin etgan havola.

Bahor mening birinchi sevgim,

Ummon bo'lib toshayotgan his.

Boychechakdan gulchambar taqib,

Ko'zlarimga boqib turgan qiz.

Bahor mening birinchi sevgim,

Nozikkinam, kapalakkinam.

O… shunchalar pokdir Bahorim,

Erkaginam, mehribonginam.

Bahor mening birinchi sevgim,

U dilimda yashnagan quvonch.

Yashayverar ko'nglimda mangu,

Boqiy umr, umrga ishonch.

Bahor mening birinchi sevgim!

 

* * *

“…Men bibimdan so'radim:

— Ona, dadam nega yig'layaptilar?..

— Dadang jinni bo'lib qolibdi… — javob qildilar va boshqa so'z aytmadilar…”

Habibulla QODIRIY.

 

Muhabbatning tili soqov,

Muhabbatning ko'zi ko'rmi?

Nega Kumush o'lib qoldi,

Nega Zaynab shuncha zo'rmi?

 

Muhabbatdan qurib bitgan

Qasrlar-ey, vayron bo'ldi.

Yurak yig'lar o'ksib-o'ksib,

Kumush o'ldi, Kumush o'ldi!

Muhabbatning sinovlari

Kumushxonga yetmasmidi?

G'avg'olarni bilganida,

Marg'ilondan ketmasmidi?

 

O'tkan kunlar buncha og'ir,

So'zlar kelar qiynab, qaynab.

Tilda faqat o'sha so'zlar,

La'nat, la'nat senga, Zaynab!

 

Qani chiqsam alamimdan,

Takror-takror la'nat aytib.

Biroq o'tkan kunlar o'tgan,

Endi kelmas Kumush qaytib.

 

Yurak bag'ir bo'ldi kabob,

O'ksib-o'ksib, yig'lab oldim.

Bibim, aytmang boshqa javob,

Men ham jinni bo'lib qoldim.

 

KO'NGIL BILAN SUHBAT

Ko'nglim, nimalarni istaysan, gapir?

Gohida yig'laysan, gohida sho'xsan.

Gohida yurakni qilasan dilgir,

Gohida qafasda qamalgan qushsan.

 

Ko'nglim, nimalarni istaysan, gapir?

Sening azobingdan qiynaladi MEN.

Senda bor edi-ku qanoat, sabr.

Nega uzun tiling chaynab qolding sen?

 

Ko'nglim, nimalarni istaysan, gapir?

Kel, endi ochiqcha bir yorilaylik,

Ko'nglim, qadam qo'ygan sening kulbangga

Muhabbatni aytgil, qanday siylaylik?

 

Iymanib ko'ngil shivirlar sekin: — Sev,

Chindan sev, chindan sev, faqat mendan sev!

 

* * *

Ustozim, yozuvchi

Sobir O'narni xotirlab

 

Elkasiga kostyumin ilib,

Sobir O'nar qayga ketmoqda?

Xayollari bir olam bo'lib,

Qay manzilga, qayga shoshmoqda?

Goh qoyatosh, goh adirlarda,

Ketib borar burgutday uchib.

Vazmin boqib butun borliqqa,

Tor dunyoni kengdayin quchib.

“Bu manzilda yurmoqlik sharaf”,

— deya, shaxdam qadamlar bilan.

Borayotir bir manzil taraf,

Yurak to'la sog'inchlar bilan.

Shu manzildan ilhom izladi,

Shu manzilda yashadi har on.

Shu manzildan topdi javohir,

Savod berdi shu “Ota makon”.

Sobir O'nar qayda desangiz,

Manzilida bormoqda hamon.

“Sarishtali odamlar”ida,

Kezib har dam bo'lmoqda mehmon.

Xotirlarda yashaydi mangu

Sobir O'nar kundaliklari.

Ko'hna qishloq, sodda odamlar,

“Ko'hna qishloq esdaliklari”.

Sobir O'nar qayda desalar,

“Orzu to'la qishlog'i”da u.

Bulbullari kuylagan yurtning

Dillarida yashaydi mangu.

Sobir O'nar qayda desalar,

Ash'orlarin o'qib, uqigan.

Har qorako'z ko'z jolasida,

Qir-adrida maysalar ungan.

“Chambilbelning oydalasi”da,

Quvkallaning oydalasida!..

 

TONG HISLARI

Erta tong. Sokin g'uborsiz tong,

Vujudlarda qaynaydi hislar.

Tog' ortidan quyosh urar bong,

Maysalardan keladi islar.

 

Toza yurak, top-toza qalblar,

Ummon bo'lib jo'sh urar hayot.

Jo'sh uradi orzu-umidlar,

Qanday yaxshi bu jo'shqin hayot!

 

Tog'lar go'zal, bog'lar chiroyli,

Quvonchlardan jimirlagay tan.

Quyoshi bor, tunlari oyli,

Chiroylidir muqaddas Vatan!

 

O… naqadar xushbo'y bu hayot,

Sevimlidir go'dak isiday.

Erta tong tinch, zamin barhayot,

Tong chiroyli barchaga birday.

 

Erta tong. Sokin, g'uborsiz tong,

Vujudlarda qaynaydi hislar.

Tog' ortidan quyosh urar bong,

Maysalardan keladi islar.

Qanday go'zal bu jo'shqin hayot!

 

XAYoL

Xayol, bir zum tark etgin meni,

Sensiz bir zum ko'klarni quchay.

Onam taqqan munis tumorni

Chaqaloqday o'ynoqlab yotay.

Yo yer uzra kuragim silkib,

Ilk maysalar unib chiqqanday,

Yoki sokin daryoday oqib,

Taskin beray o'zimga jinday.

Xayol, bir zum tark etgin meni!

 

AYoL

Yuzlaridan yog'ilib nurlar,

Quyosh bo'lib porlaydi ayol.

Qo'llaridan sochilib gullar,

Bahor bo'lib yashaydi ayol.

 

Shamol bo'lib yashaydi ayol,

Deya, ro'zg'or bo'lmasin abgor.

Go'dagini bag'riga bosib,

Ham tunini o'tkazar bedor.

 

Tongda uni kutadi shabnam,

Bulbul qo'shiq kuylar, hoynahoy.

Hatto shirin xayolidan ham

Atirgullar oladi chiroy.

 

Tong otmasdan uyg'onar ayol,

Ro'zg'origa tilab barokat.

Xayolida yuz mingta xayol,

“Qirq jon” bilan qilar harakat.

 

Erkagiga yashar suyanib,

Borlig'iga aytib shukrlar.

Topganiga qanoat qilib,

Shu emasmi haqiqiy ayol?!

 

Ostonasin muqaddas bilib,

Ro'zg'orini qilar sarishta.

Bir jonini qirqlarga bo'lib,

Tinim bilmay yashaydi ayol.

 

Ostonasi uning baxtidir,

Chin sevgidan baxtiyordir u.

Chin muhabbat uning taxtidir,

Orzulari faqat mana shu.

 

Ular qalbin o'ksitmoq bekor,

Ular shunday go'zal bir rishta.

Ular umrin qilsak gar abgor,

Ketar uydan fayzu farishta.

 

Ayollarga shirin so'z yetar,

Ayollarga shu ham bo'ladi.

Joni qirqdan oshib ketsa gar,

Erkaklarga nima qoladi?..

 

Yuzlaridan yog'ilib nurlar…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 15 =