Siz ham qalbingizda jadidlik tuying

Zikrilla NE'MAT VAFOIY
Muallif haqida:
Zikrilla Ne'mat VAFOIY — 1961 yili Buxoro viloyatida tug'ilgan. 1989 yilda ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini, 2001 yilda esa O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tugatgan. Uzoq yillar O'zbekiston Respublikasi IIV tizimlarida mehnat qilgan.
Shoirning “Ikkimizning yoniq ishqimiz”, “Yurtim navosi”, “Vatan va muhabbat”, “Qaytar dunyo”, “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Muhabbatsiz yashab bo'lmas”, “Spitamenning so'nmas qo'shig'i”, “Muhabbat mehrobi”, “Sog'inch sarchashmasi”, “Ezgulik o'lkasi”, “Onam ekkan rayhonlar” (Saylanma), “Vatan haqida qo'shiqlar”, “Muxammas gulshani”, “Qalbim qal'asi”, “Qaldirg'ochlar qaytgan kun”, “Mangu qo'shig'imsan, Vatan”, “Vafo baytin bitaylik”, “Dilda ishqning marvaridguli”, “Navoiydan navo istab”, “Buxoroni sog'inmay bo'lmas” singari yigirmadan ziyod kitoblari nashr etilgan.
Shuningdek, bolalarga atalgan “Besh baho olgan kunim”, “Mardi maydonlar yurti”, “Jirafa nechun xafa?!”, “Ayiqning nabirasi”, “A'lochilar alifbosi” kitoblari chop etilgan.
Shoir tarjimon sifatida ham samarali faoliyat ko'rsatib, mashhur rus shoirlari – Sergey Yesenin, Mixail Lermontov, belorus shoirlari – Yakub Kolas, Igor Bordulin, moldavan shoiri – Pavel Bosu, avar shoiri Rasul Hamzatov, gruzin shoirlari – Grigol Abashidze, Georgiy Leonidze, qozoq shoirlari – Abay, O'ljas Sulaymon, turkman shoiri Ota Otajonov she'rlaridan o'zbek tiliga o'girgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
VATAN UChUN BIRLAShAYLIK
Moziylardan ayondirkim, to'zgan elning holi voydir,
Ahilligu birdamlikdan bezgan elning holi voydir,
“Ayrilganni ayiq yeydi, bo'linganni bo'ri”, derlar,
Ertasidan umidini uzgan elning holi voydir,
Shunday ekan, ayo do'stlar, Vatan uchun birlashaylik,
Bobolardan meros, qadim chaman uchun birlashaylik!
Ayting, buyuk Xorazmshoh davlatini kimlar yedi?
Kim: “Har qal'a, har bir qo'rg'on o'zicha jang qilsin!” dedi?
Bu o'z foydasin ko'zlagan nokaslarning ishi erdi,
Yo'qsa, xoqon Jaloliddin, Kubrolarni tinglar erdi.
Ajdodlardan qolgan achchiq saboqlarni anglashaylik,
Yurt tuprog'i degan — durri Adan uchun birlashaylik!
Buyuk Turon birlashganda, yovlar pisib yurar edi,
Temur bobom zarbasidan qonlar qusib yurar edi,
To'xtamish-u Boyazidlar qilmishidan afsus chekib,
Olislarda Chin-Mochinlar ko'zin qisib yurar edi.
Shijoatda Sohibqiron lashkariga tenglashaylik,
Mulki Turon deb atalgan chaman uchun birlashaylik!
Millatim deb kurashganlar “bosmachi” deb atalganda,
O'z jonini asrab kimlar g'animlarga sotilganda,
Miq etmasdan bir chekkada mo'ltirab jim kuzatgan kim,
Elning yorug' Cho'lpon, Fitrat, Usmonlari otilganda?!
Ul kafansiz ketganlarning oh-faryodin tinglashaylik,
Har zarrasi jondek aziz Vatan uchun birlashaylik!
Birlashing deb jon kuydirar, bu kun bedor Yurtboshi ham,
Birlashganning olam aro mudom balanddir boshi ham.
Anglab Haqning da'vatini, asrab aziz xalq baxtini,
Bir tanu jon bo'lmog'i shart yurtning keksa-yu yoshi ham.
Vatan mehri bo'lsin malham jon-tan uchun, birlashaylik.
Yuraklarda yongan otash, gulxan uchun birlashaylik!
Ustozmisiz yo shifokor, olimmisiz yoki dehqon,
Kim bo'lsangiz ham yurakda yurtim debon jo'sh ursin qon,
Shunda bir boqqa aylanib, chaman-gulboqqa aylanib,
Gullab-yashnar bizlar suygan yangi, aziz O'zbekiston.
Har qadamda quchilgan shon va sha'n uchun birlashaylik,
Nondek aziz, jondek aziz Vatan uchun birlashaylik!
Dunyo hamon qalqib turar, yovuzlik hech tingan emas,
Hamma joyda ham Baxt kulib, Tinchlik guli ungan emas.
Shu onlarda loqayd yashash gumrohlikdir, lek, ming shukr,
Xalqim degan botirlarning qalbida o't so'ngan emas.
To'lqinlanib bu kun misli Amu Sirdek sirlashaylik,
Mulki Turon deb atalgan chaman uchun birlashaylik!
Bobolardan meros, buyuk Vatan uchun birlashaylik!
JADID BOBOLARIMIZ
(qo'shiq)
Zafarlarga chorlagay bizni hamon,
Ul jonfido — jadid bobolarimiz.
“Ilmu ma'rifatga intiling!” — debon,
Aylar nido jadid bobolarimiz.
Men ham buyuk bobolarning zuryodi,
Bo'g'zimdadir Behbudiylar faryodi.
Najot mudom ilmu ma'rifatda deb,
Chorlar hanuz Avloniylar avlodi.
Taniysizmi siz Munavvarqorini?!
Maktab — kitob deb tikkandir borini.
Yovlar uni yovuzlarcha otdilar,
Tinglamasdan dildagi oh-zorini.
Xalq qilay deb ongsiz, sho'rlik avomni,
Bedor o'tkazmishlar ne-ne oqshomni.
Qaro tunda qatl etmishdir g'animlar,
Buyuk Cho'lpon ila Fitrat bobomni.
“Haq olinur, berilmas!” deb o'tganlar,
Zolim zamon yoqasidan tutganlar.
Bo'zsuv bo'ylarida nur bo'lib kezar,
Istiqlol deb, jonin fido etganlar.
Siz ham qalbingizda jadidlik tuying,
Vatanni sevsangiz, ulardek suying!
Erk deb o'tgan bobolarim haqqiga,
Hech bo'lmasa, bir duo aylab qo'ying!
Abdurauf Fitrat nidosi
Aytsam, dilda arzim ko'pdir, kechir, ona Buxoro,
Sendan juda qarzim ko'pdir, kechir, ona Buxoro!
Yovlar seni taladilar, yondirdilar, otdilar,
Shundan dilda dardim ko'pdir, kechir, ona Buxoro!
Temurlaring quchgan shonlar yog'iygamu ketdilar,
Darding ko'p, lek hamdard yo'qdir, kechir, ona Buxoro!
Yovlar hatto minorlaring to'pdan o'qqa tutmishlar,
Bu kun rizqing qon va o'qdir kechir, ona Buxoro,
Machitlardan azon emas, yangrar xalq oh-nidosi,
Har qadamda taloto'pdir, kechir, ona Buxoro!
Onam kabi yig'lab tunlar tushlarimga kirarsan,
Hayot sen-chun naq tamug'*dir, kechir, ona Buxoro!
Xuddi sendek qonlar yutar Samarqandu Toshkent ham,
Hayt, deguvchi bir mard yo'qdir, kechir, ona Buxoro!
Najot so'rab, ma'yus bo'zlab bordim Go'ri Amirga,
G'am o'tidin qalbim cho'g'dir, kechir, ona Buxoro!
Endi ming bor malomatlar yog'ilsa-da boshimga,
Haq yo'lidan qaytish yo'qdir, kechir, ona Buxoro!
Yurtim, seni hur ko'ray deb, jonin tikkan Fitratman,
Sen deb o'lsam, armon yo'qdir, kechir, ona Buxoro!
QODIRIYNING HOVLISIDA
Hovlisining sahnida hamon
Xayol surib turar Qodiriy.
Bizga hanuz “O'tkan kunlar”dan
Saboq berib turar Qodiriy.
“Dard chekmoqqa qodirlikni siz
Qodiriydan o'rganing!” debon.
Marg'ilonda yig'laydi bir qiz
Otabegin kutgancha giryon.
Qodiriyni bilmagan avlod,
Istiqlolning qadrini bilmas.
Ishqda bag'rin tilmagan har zot,
Otabekning dardini bilmas.
Kim o'qimas “O'tkan kunlar”ni
Mehrob nadir, chayon ne, bilmas.
Kim bilmasa Mirzo Anvarni,
Insof nadur, iymon ne, bilmas.
O'z dinin pok tutmasa odam,
Mehrobidan ketmas chayonlar.
Dalasida ming yer chopsa ham,
Boyimaydi “Obid ketmon”lar.
Har bir yurak yonib, guldirab,
Haqiqat-chun qilmas ekan jang.
Har ko'chadan mo'ylovin burab,
Chiqib kelar “Toshpo'lat tajang”!
Ko'ngilda orzu-havaslar
Oqib ketgan kabi naq suvga.
O'z tarixin bilmagan kaslar
Aylanadir Kalvak Maxsumga.
Qalbga nurdek inar shu asno,
Moziylardan taralgan saslar.
Oramizda bo'lmasin aslo,
Qodiriyni bilmagan kaslar!
Hovlisining sahnida hanuz
Xayol surib turar Qodiriy…
BOLALIGIM
Qayda qolding, o, beg'ubor bolalagim?!
Qalbimdagi layli nahor — bolaligim.
Seni o'ylab o'yga tolib qoldim bu kun,
Ortga qaytmas sirli bahor — bolaligim!
Qishloq ichra qum-tuproqlar kechar edik,
Ariq suvin hovuch-hovuch ichar edik,
Oqshom chog'i boqib oyu yulduzlarga,
Orzularning osmonida uchar edik.
Sahar turib onam kulcha, non yopardi,
“Uyg'on, bolam!” deb peshonamdan o'pardi.
Ona qadrin bilmay har yon chopardik biz,
Shu taxlitda oy o'tardi, yil o'tardi.
Shu taxlitda o'tib borar umrimiz ham,
Tark aylamish bizni bulbul, qumrimiz ham.
Yildan-yilga sochimizga qo'nib qirov,
So'nib borar ko'zlardagi nurimiz ham.
Biz uchirgan ul varraklar qayda endi,
Yurakdagi guldiraklar qayda endi?
So'zimiz — o'q, chorlovimiz chaqmoq edi,
Nola chekkan ul yuraklar nayda endi.
Qayda qolding, o, beg'ubor bolalagim?!
Qalbimdagi layli nahor — bolaligim.
Seni o'ylab, o'ylar surib qoldim bu kun,
Ortga qaytmas fasli bahor — bolaligim!
Yurakdagi mangu alyor — bolaligim!
QO'RQINGIZ
(Yassaviyona)
Ey siz, xalqning haqqini tuya qilib yeganlar,
“Xalqim, xalqim!” deb turib, asli xalqum deganlar,
Nafsilamrin aytsam, nafsiga qul bo'lganlar,
Aziz xalqning nafratu sazosidan qo'rqingiz,
Qodir Haqning muqarrar jazosidan qo'rqingiz.
Tokay ko'pning haqidan hazar qilmay yasharsiz,
O'zingizdan o'zgani nazar ilmay yasharsiz,
Hatto yetim haqini ochko'zlarcha osharsiz,
Axir xalqning nafratu sazosidan qo'rqingiz,
Qodir Haqning muqarrar jazosidan qo'rqingiz.
Go'yokim Susambilga yo'l olgan zo'r uyursiz,
Sho'rlik o'zga otlarga qovog'ingiz uyursiz,
Bu ketishda jahannam olovida kuyursiz,
Aziz xalqning nafratu sazosidan qo'rqingiz,
Qodir Haqning muqarrar jazosidan qo'rqingiz.
Har kun yangi bir nayrang o'ylab, boshni qashiysiz,
Xalq mulkin chumolidek tokay uyga tashiysiz?!
“Hoy, bas qilgin!” deganni topib, boshin g'ajiysiz,
Axir xalqning nafratu sazosidan qo'rqingiz,
Qodir Haqning muqarrar jazosidan qo'rqingiz.
Har bandaning rizqini halol bersin, sof bersin,
Har kimsa o'z vijdonin oldida hisob bersin,
O'tinchim shul, Allohim sizlarga insof bersin,
Aziz xalqning nafratu sazosidan qo'rqingiz,
Qodir Haqning muqarrar jazosidan qo'rqingiz.
YaNGI OY
Yangi oy chiqmish bu tun, oltin o'rog'i titragay,
Shu'lasin aylab fusun, ishqim chirog'i titragay.
Yo'q, hilolmas ko'kdagi, yorimning tillo sirg'asi,
Yorning o'zi qayda deb, ko'zim qarog'i titragay.
Yangi oy chiqqan kecha derlar tilak qilmoq kerak,
Istagim — yor vasli deb ko'nglim so'rog'i titragay.
Sog'inib ul sarvinozni, yo'llariga termulib,
Jismu jonim kuydirib, nozu firog'i titragay.
Ohlarim otashidin mulki Ajamga o't ketib,
Dahri dunning Rum ila Shomu Irog'i titragay.
Boshim uzra yaltirab misli Damashq shamshiridek,
Qasdi jon aylab bu dam hijron yarog'i titragay.
Qiyma-qiyma bo'ldi qalbim bevafo yor hajridan,
Ko'kda oymas, bu kecha qalbim qurog'i titragay.
Tonggacha ko'z yummadim, Zikrillo, yor vaslin kutib,
Oy-ku botdi, ammo dilda yor firog'i titragay.
JAFO BO'LGAY
Azaldin ohu jayronlar ko'zu qoshi qaro bo'lgay,
Bu ko'zlarning qarolig'i bir kun boshga balo bo'lgay.
Mudom shaydir etarga sayd, husn ahlin necha sayyod,
Alar paykonidin, ohkim, necha dillar yaro bo'lgay.
Qaro ko'zlar firog'inda yonar ishq ahli andoqkim,
Bamisli Laylisiz Majnun mudom motamsaro bo'lgay.
Menam Majnun kabi, Laylim sening ishqingda yongayman,
Visolingsiz menga olamki, dashti Karbalo bo'lgay.
Yoyib tundek qaro soching, kulib yonimga kelgil, yor,
Ki, sunbul sochlaring atri menga mushki soro bo'lgay.
Sanamlar ichra, ey sen, Shohsanam yorim, o'zing aytgil,
G'aribingga nechun buncha axir jabru jafo bo'lgay.
Oqarmish sochlarim butkul sening dardu firoqingdan,
O'zing aytgil, qachon, jonim, Vafoiyga vafo bo'lgay.