Tong nur tutar tashna qarog'larimga

Sadoqat HAMRAYEVA
Muallif haqida:
Sadoqat HAMRAYEVA — 1990 yili Kattaqo'rg'on tumanida tug'ilgan.
She'rlari muntazam vaqtli matbuot sahifalarida e'lon qilinib kelinadi. Xususan, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, Turkiyaning “Güncel Sanat” jurnallarida va “Ko'klam bayozi”, “Turon taronasi”, “Uyg'oq qalblar ovozi”, “Pillapoya” kabi jamoaviy to'plamlarda she'riy turkumlari e'lon qilingan. “Ko'ngil ko'zgusi” nomli ilk she'riy to'plami nashr etilgan.
NURLANTIRSIN
Bu muqaddas, fazilatli kunlarda, do'st,
Ibodatda, bedor o'tgan tunlarda, do'st,
Qanoatga noil — xushnud onlarda, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
Amalining ajrin tuyib har banda, do'st,
Ne'matlarga shukrin qilmay hech kanda, do'st,
Ixlos bilan sajdaga bosh qo'yganda, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
G'oyat go'zal, savob amal tilovat, do'st,
Xislatlarning afzalidir diyonat, do'st,
Hidoyat deb boraversak, oqibat, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
Bordir Arshning rizvonidan ilinjlar, do'st,
Tavba qilsak, ko'kka yetsin o'tinchlar, do'st,
Otashida yondirmayin o'kinchlar, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
Har yaxshining qo'li ochiq, — deydilar, do'st,
Xayri borning yo'li ochiq, — deydilar, do'st,
Ertasining g'amin bugun yeydilar, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
Bu dunyoning g'ami azal zahmatdir, do'st,
Qanoatning ajri go'zal ne'matdir, do'st,
Mo'minlarga iymon asl ziynatdir, do'st,
Alloh ishqi qalbimizni nurlantirsin!
RAYYoN SARI YO'LDIR — RAMAZON
Tabarrukdir farzi bu oyning,
Muborakdir fayzi bu oyning,
Haqqa eltmoq fazli bu oyning,
Hikmatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Bandasiga bo'lsin deb furqon,
Bunda nozil qilingan Qur'on,
Shukur, yetdik ro'zaga omon,
Himmatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Hamma oydan afzali o'zi,
Muqaddasdir kecha-kunduzi,
Ro'zadorning yorug'dir yuzi,
Qiymatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Iymon — qalbni munavvar aylar,
Hidoyatga muyassar aylar,
Alloh zikrin mo''tabar aylar,
Xislatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Fazilatga serob oydir bu,
Qabul bo'lar tavba-tazarru,
Gunohlarni kuydirar mangu,
Rag'batlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Bir kecha bor, Qadr kechasi —
Ming oyga teng, ajr kechasi,
Tilovatu takbir kechasi,
Ziynatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Savobi ko'p qanoatingni,
Xayr-ehson, saxovatingni,
Tindirmasang ibodatingni,
Ne'matlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
Alloh ajri, inoyatiga,
Umid qilsak shafoatiga,
Olgay hifzi himoyatiga,
Rahmatlarga mo'ldir — Ramazon.
Rayyon sari yo'ldir — Ramazon!
SABR BER
Chap ko'ksimda og'riq bor,
tosh yutganga o'xshayman,
Qir oshishga ulgurmay,
darz ketganga o'xshayman.
Ilviragan yurakni tuyg'ularim o'rtaydi,
Shirin jonim xunxori, qayg'ularim o'rtaydi.
Hovurlangan qavariq — orzularim mozori,
O'z holiga kuysa dil, kuyuklari ozori.
Tirgab kuyuk ko'ngilni,
nurab borar bardoshlar,
Qotib qolgan losh kabi kiprigimda ko'z yoshlar.
G'amguzor dil, g'amnok dil hayotning siylovimi,
Taqdirning siylovlari
sabrimning sinovimi?!
Soqiy, selob jomini g'ambodasin yuvib ber,
Dilkosamni to'latib, menga sabr quyib ber.
KEL, BAHOR!
Qor ostida unsa mitti boychechak,
Gul ochsa, bandidan uzib kel, bahor.
Qorlar suvga do'nsa, nur tutgach shafaq,
Shoshqin shaloladan o'zib kel, bahor.
Bodom gulbarglarin quvib, quvlashib,
Jo'shqin jilg'alarda suzib kel, bahor.
Yalpizga aylanib ariq labida,
Yaydoq adirlarda kezib kel, bahor.
To'rg'aylar uchganda qanotin qoqib,
Ko'kka kamalaklar chizib kel, bahor.
Turnalar qaytishsin arg'imchoq solib,
Qushlarni izingdan tizib kel, bahor.
Sep yoysa chuchmoma, ochilsa lola,
Men uchun shodalar tuzib kel, bahor.
Har tashna baytimga singdiray seni,
Vasfingni gullarga yozib kel, bahor.
O'ZGAChA
Tong nur tutar tashna qarog'larimga,
Farahbaxsh onlarni intiq kutganday.
Ohista silkinar bodom shoxlari,
Qushlar nag'masiga xirom etganday.
Mastona termilsam bahor vasfiga,
Kaftimga to'kilar oq, pushti gullar.
Ko'nglimning jununiy maylin sezganday,
Bir ajib bo'y tutar o'ynoqi yellar.
O'rik shoxlarida rangin g'unchalar
Kurtagin tars yorib gullash azmida.
Oshifta ko'ngilning zavqin oshirib,
Ko'rk ila safolar yo'llash azmida.
Borliq tuslanganday har kuni ajib,
Har kun kuylasam ham kuylar o'zgacha.
Yerdan bodrab chiqqan momaqaymoqlar,
Xayolni olganda o'ylar o'zgacha!
BAHOR VASFI
Jilvalansa ufq uzra shafaq,
Qamashadi rangdan qarog'lar.
Orolanib shabnam ingan bog',
Jimirlaydi harir yaproqlar.
Safolarga chulg'anib mutlaq,
Sabo yelar, tonglar xushhavo.
Chag'chag'lashar bulbullar xandon,
Anbarafshon gulshanlar aro.
Yuguradi yutoqib nigoh,
Kapalakday guldan gul osha.
Bahor isi dimoqqa urib,
Yurak qurg'ur hapqirar, shoshar.
Tong yelida tebranar asta,
Kurtaklari kulgan daraxtlar.
Nasimlarga erkalik qilib,
Yuragimda entikar baxtlar!