Chamandagul
Salim AShUR
Ko'chalarga ranglar sochdi kamalak,
Do'ppilarga ergashdi hur jamalak,
Sarpo yoygan igna, ip, kashta, palak,
Ko'ring atlas, adras, ipak, shoyini:
“O'zbekiston — Vatan!..” degan joyini.
O't tushgandek gurilladi hislarim,
Hislarimni gulzorlardan izladim,
Izlaridan ketib qoldi izlarim,
Ko'ring adras, atlas, shoyi, ipakni,
Momolardan meros yorug' tilakni.
Sharmu hayo, ibo degan so'zlar bor,
Umid bilan termulgan ne ko'zlar bor,
Hayot ko'rki — ayollar bor, qizlar bor,
Ko'ring shoyi, ipak, atlas, adrasni,
Baxsh etamiz ularga har nafasni.
Qatim nurdan shoshib qoldi yosh ko'klam,
Ko'taribdi ko'ch-ko'ronin sovuq g'am,
Har qadamda simillaydi qovurg'am,
Ko'ring ipak, shoyi, adras, atlasni,
Toshiradi ko'zlarimda havasni.
Hilpiraydi uzun-uzun ko'ylaklar,
Ildizlarin uzay deydi teraklar,
Maysalarga aylanadi kesaklar,
Tiz cho'ktirar bizni yana xonatlas,
Jonim qayda?.. Bormi bir toza nafas?..
Taqqa qoldi bir zumga charxi falak,
Tegirmoni yursin deb jonim halak,
Yulduz — ko'sak bo'lsa, oy — bir handalak,
Yoyiladi chamandagul do'ppilar,
Dengizdagi hubobdan ham ko'p ular.
Ko'lda suzgan o'rdagim yo g'ozimdir,
Qanot yoysa, yo ko'pim, yo ozimdir,
Bor-yo'g'ingni pana tutmoq lozimdir,
Mayda qadam, tannoz qadam, soz qadam,
Etolmayman sizga, alam, jon, alam.
Yuragimni teshib o'tdi ko'zlari,
So'ngra malham bosdi baytu so'zlari,
Ko'chamdan hech o'tmadilar o'zlari,
Men tushimni yana suvga aytdimmi,
Yo aytmasdan suv bo'yidan qaytdimmi?
Kaftlariga surtib xino — kimyoni,
Lol qoldirdi Ovro'pa, Osiyoni,
Ayol zoti o'zgartirar dunyoni,
Ko'ring adras, atlas, ipak, shoyini,
Hech botmagan O'zbekiston oyini.