Dezinformatsiya

uning bolalar tarbiyasi va ruhiyatiga psixologik ta'siri
Axborot texnologiyalari tez rivojlanib borar ekan, bolalar va o'smirlar hayotining ajralmas qismiga aylangan internet va ijtimoiy tarmoqlar ularning bilim doirasini kengaytirish, ijodkorligini rivojlantirish va dunyoqarashini shakllantirish imkoniyatini bersa-da, ayni paytda katta xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Bolalar hayotiy tajribaga ega bo'lmagani, oq-qorani ajrata bilmagani sababli yolg'on, noto'g'ri yoki manipulyativ ma'lumotlarni haqiqat sifatida qabul qilishga moyil bo'lishadi.
So'nggi yillarda turli “chaqiruv” (“chellenge”) va o'yinlar bolalar o'rtasida keng tarqaldi. Masalan, “Blue Whale” (Ko'k kit), “Momo challenge” yoki “TikTok”dagi xavfli vazifalarga asoslangan trendlar bolalarni o'z joniga qasd qilishgacha olib boradigan darajada ruhiy bosim ostida qoldirgan.
Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashrida chop etilgan xabarga ko'ra, 2025 yil fevral oyida to'rt nafar ota-ona “TikTok” platformasini sudga berdi. Ularning farzandlari ommalashgan “Blackout Challenge”ni bajarishga urinib, hayotdan ko'z yumgan. Mutaxassislar ushbu chellenjning oqibatlari yashirib ko'rsatilgani uchun uni dezinformatsiya deb ataydi. Ota-onalar “TikTok”ning ushbu xavfli kontentni tarqatishda mas'uliyatli bo'lishga chaqirdi.
Joriy yilning yanvar oyida qizamiq epidemiyasiga qarshi vaksinalar haqida noto'g'ri ma'lumotlar, xususan, ularning xavfsiz emasligi yoki autizm kabi kasalliklarga olib kelishi haqidagi asossiz da'volar ota-onalarning emlashdan voz kechishiga sabab bo'ldi. Natijada ikki go'dak vafot etdi. Shuningdek, qizamiq kabi oldini olish mumkin bo'lgan kasalliklarning qayta avj olishiga olib kelgan.
Bunday dezinformatsiya kompaniyalar, yolg'on “chaqiruv”lar yoki manipulyatsiyaviy kontentlar bolalarda ruhiy tushkunlik, qo'rquv, yolg'izlanish hissini kuchaytiradi. Shunday bolalar o'zini baholanmayotgandek his qilib, virtual dunyoda “diqqat markazida” bo'lish uchun xavfli ishlarni qilishga intiladi. Bu tarbiya jarayonida juda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Shu kabi tahdidlar jahonda ro'y berayotganiga qaramasdan, O'zbekiston bolalari ham hushyorlikni boy berib, uning domiga tushib qolayotgani tashvishli holatdir.
Bugun mamlakatimizda dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yoshlarimiz uning qurboniga aylanmasligi uchun olib borilayotgan islohotlar yetarlimi? Amaldagi qonunchilikka ko'ra, O'zbekistonda yolg'on ma'lumot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko'ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Jinoyat kodeksining 2446-moddasiga ko'ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog'ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Bugunga kelib dezinformatsiyaning bolalar tarbiyasiga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun mavjud qonunchiligimizni yanada takomillashtirish zarurati dolzarb masalaga aylandi. Negaki, amaldagi huquqiy asoslar ko'proq jazolashga qaratilgan. Xavfli axborot oqimi ta'sirining oldini olish uning oqibatlarini bartaraf etishdan muhimdir. Zamonaviy ijtimoiy media muhiti esa tezkor, ilg'or va profilaktik (oldini oluvchi) yondashuvlarni talab qiladi. Bu borada rivojlangan Germaniya va Kanada qonunchilik tizimidagi andozalar ko'plab mamlakatlarga namuna bo'lishi mumkin. Xususan, “NetzDG” (“Netzwerkdurchsetzungsgesetz”) — “Internetda provokatsiyaviy tahdidlarga va yolg'on ma'lumotlarga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun 2017 yili qabul qilingan bo'lib, Germaniya hukumati tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarda nafratga, zo'ravonlikka, irqchilikka, kiberhujumga va boshqa zararli kontentga qarshi kurashish uchun ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, platformalar o'z foydalanuvchilari tomonidan joylashtirilgan noqonuniy kontentni 24 soat ichida olib tashlashga doir majburiyat belgilab qo'yilgan. Agar platformalar qonun talablariga javob bermasa, ularga katta (yigirma million yevrogacha) jarimalar solinishi ko'zda tutilgan.
Kanadada “Digital Charter Implementation Act” — “Raqamli ustuvorlik to'g'risida”gi qonun 2020 yili qabul qilingan. Bu qonun Kanadada raqamli xavfsizlikni ta'minlash, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish va foydalanuvchilarni internetda xavf-xatarlardan nazorat qilishni maqsad qiladi. Qonun davlat va shaxsiy sektorda axborot xavfsizligini mustahkamlashga yo'naltirilgan. Shuningdek, “The Youth Protection Act” — “Yoshlar himoyasi to'g'risida”gi qonun bo'lib, bolalar va o'smirlarni internetdagi zararli kontentdan himoya qilishga yo'naltirilgan. U, shuningdek, onlayn bulling va kiberhujumlarning oldini olishga ham mo'ljallangan. Ta'kidlash joizki, Germaniya va Kanada qonunlari o'zlarining aniq va samarali tartibga solish mexanizmlari bilan nafaqat dezinformatsiya, balki Internetdagi xavf-xatarlardan bolalar va o'smirlarni himoya qilishda ham muhim rol o'ynaydi. Bunday qonunchilik boshqa mamlakatlar uchun ham foydali tajriba bo'lishi tabiiy.
O'zbekistonda Germaniya va Kanadadagi kabi qonunchilik mexanizmlarini joriy etish dezinformatsiya va onlayn xavf-xatarlar bilan samarali kurashishga yordam berishi mumkin. Biroq qonunlarni joriy qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur, chunki bu internet erkinligi va shaxsiy huquqlarni cheklashga olib kelishi mumkin. Platformalar va internet kompaniyalarining javobgarligini oshirish, ularning foydalanuvchilar tomonidan tarqatilgan zararli kontentni aniqlash va tezda olib tashlashni ta'minlash, mamlakatda raqamli axborot xavfsizligini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Bunday qonunlarni joriy qilishda texnologiyalarning tez rivojlanishini hisobga olish, platformalarni nazorat qilishni optimallashtirish va raqamli xavfsizlikni oshirish muhimdir. Har qanday qonun ijrosida erkin fikr bildirish huquqini cheklamaslik, shaxsiy erkinlikni saqlash va foydalanuvchilarning huquqlarini hurmat qilish zarur. Platformalar va davlat o'rtasida hamkorlikni mustahkamlash, samarali va jadal monitoring tizimlarini joriy etish va xalqaro tajribalarni hisobga olish O'zbekiston uchun ham raqamli xavfsizlikni ta'minlashda muvaffaqiyatga erishish imkonini yaratadi.
Nazim BO'RONOV,
mustaqil tadqiqotchi.