Matbuot va sun'iy intellekt
Aqlli algoritmlar va haqiqiy jurnalistika: kelajak xususida o'ylar
Kechagi hafta dunyoda ilk bor to'liq sun'iy intellekt (sun'iy intellekt yoki neyrotarmoq) ko'magida Italiyaning “Il Foglio” gazetasi yaratilgani to'g'risida xabar tarqaldi.
Nashr muharriri Klaudio Cerasa mazkur amaliyot sun'iy intellekt texnologiyasining “ish sifati va vaqtga” ta'sirini aniqlash maqsadida o'tkazilgan bir oylik sinov natijasi ekanini ta'kidladi.
Sotuvga chiqarilgan to'rt sahifalik bosma nashrning elektron shakli ham mavjud.
Gazetaning mavzulari xilma-xil: maqola va yangiliklar, sharh va iqtiboslar, xulosa va hatto kinoya ham bor. Jurnalistlar sun'iy idrokka vazifa tarzida savol berib, javobini sahifaga joylashtirishgan, xolos, deyiladi matbuot xabarida.
Mazkur tajriba butun dunyo bo'ylab OAV sun'iy intellektdan qanday foydalanish kerakligi xususida bahs ketayotgan bir paytda qo'llanilgani ham qiziqarli, ham tashvishli…
“Xo'sh, bundan buyon tom ma'nodagi bosma shakldagi gazetalarning taqdiri nima bo'ladi?”, “Bunday supertexnologiya kundalik gazeta kelajagiga qanday ta'sir ko'rsatadi?” qabilidagi savollar nafaqat ijod ahlini, balki oddiy mushtariylarni ham chinakam o'yga toldirishi tabiiy.
Bu kabi texnologiyalarning haddan ziyod tez sur'atlarda rivojlanayotgani, qolaversa, “har baloga aqli yetadigan”, barcha savollarga bekamiko'st javob bera oladigan bu hozirjavob yordamchining sarhadsiz va tezkor salohiyatidan hayratda qolmay iloj yo'q. Biroq o'rganishlarimiz davomida sun'iy intellektning hali ko'p jabhalarda inson imkoniyatlaridan oshib ketmayotgani bilinib qoldi. Ammo ayrim sohalarda inson ongidan oz-moz o'zib ketgani ham bor gap.
Yoshi ulug'lar xotirlashlari kerak: o'z vaqtida radio yaralganida odamlar endi gazeta va kitob o'qimay qo'yishadi, televizor paydo bo'lganida esa radioga ehtiyoj qolmaydi, hatto teatr va kinoning davri o'tdi, deguvchilar topilgandi. Internet ommalasha borgan sari an'anaviy OAVlarning holi ne kechadi, degan xavotir uyg'onganini eslasak, o'rinli bo'ladi. Mana endi “sun'iy tafakkur” deya atalmish deyarli cheksiz imkoniyatlarga ega “allambalo ixtiro” birin-ketin hammasidan o'tib tushmoqda, desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Xo'sh, ong va his-tuyg'udan bebahra bo'lgan sun'iy intellekt deganlari nima o'zi? O'rganishlarimizga asoslanib, shartli ravishda sun'iy intellektlarni uch guruhga ajratish mumkin. Birinchisi, bashorat qiluvchi, ya'ni voqealarni oldindan aytib beruvchi, ikkinchisi, tasvir, matn, musiqa singari audiovizual media-kontent yarata oladigan kuchli model. So'nggi usul — inson tanlovi uchun muqobil va optimal qarorlar ishlab chiqish qobiliyati. Masalan, hozirning o'zida ba'zi xorijiy banklarda kreditlar berish bo'yicha qarorlarni sun'iy intellekt bera boshlagan.
Zamonaviy jurnalistikada neyrotarmoqning ikkinchi turi, ya'ni matn yaratishga qodirligi, ayniqsa, talabgir. Shuningdek, u o'qituvchi va talabalar, huquqshunos va shifokorlar, tarjimon va tilshunoslar, dasturchi va boshqa ko'plab soha vakillariga yordam berayotgani ham ajoyib ishlaridan darak.
Sun'iy intellekt qalam ahli uchun kuchli vosita bo'lishi barobarida boshqa kasb mutaxassislarining o'rnini egallab oladi, degan gaplar ham urchimoqda. Shu bois sun'iy intellektning jurnalistika va OAVga ta'sirini, ya'ni ijobiy va salbiy jihatlarini o'rganish zarurati endilikda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tan olish kerak, neyrotarmoq tezkor ravishda xabar tayyorlab, ma'lumotlarni tahlil va tahrir qilishga qodirligi natijasida ishning samaradorligi oshmoqda, obunachilarga xabarni qulay usulda tez va sifatli yetkazib berish imkoni yaratilmoqda.
Kuzatuvlarimiz nufuzli dunyo nashrlari undan unumli foydalanayotganini ko'rsatmoqda. Xabar tayyorlashdan tashqari media strategiyasini yaratish, jurnalist surishtiruvi o'tkazish singari vazifalarni bajarayotgani ma'lum bo'ldi.
Nufuzli “The New York Times”, “The Guardian” nashrlari va “BBC” kompaniyasi katta hajmdagi ma'lumotlarni tahlil qilish va interaktiv vizual kontent tayyorlashda aynan sun'iy intellekt imkoniyatini istifoda qilmoqda.
Agar “The New York Times” vizual materiallarni yaratish va arxivlash uchun sun'iy intellektni qo'llasa, “Reuters”, “Bloomberg” va “Associated Press” agentliklari moliyaviy hisobotlar va sport yangiliklarini tayyorlash uchun chat-botlarni ishga tushirgan.
Rossiyada ham OAV uchun kontent yaratishda sun'iy intellekt yaxshigina ish bermoqda. Matbuot va blogerlar tegishli tasvirlarni ishlab chiqish va matnlarni tahrir qilishda neyrotarmoq imkoniyatidan foydalanmoqda.
Germaniyada jurnalistikaning yangi fenomeni ko'magida birja, ob-havo va yo'l harakati ma'lumotlari iste'molchilarga uzatilmoqda. Masalan, “ARD” teleradiokompaniyasi sun'iy intellekt bilan turli televidenie va radiolarning raqamlashgan arxivlaridan o'ziga zarur axborotlarni olish dasturini yaratgan.
Lekin, shu bilan birga, sun'iy intellekt xizmatidan keng miqyosda foydalanishda o'ziga yarasha xavf va muammolar ham bisyor. Shu jumladan, sun'iy intellekt jurnalistikaga bir qator xavflar ham tug'diradi. Masalan, mediamateriallarda originallik, ya'ni o'ziga xoslik hamda ijodkorlik omilining kamayishi, axborotning xolisligini ta'minlash muammosi, manipulyatsiya va dezinformatsiya alomatlari, jurnalist ish o'rinlarining qisqarishi kabilarni keltirish mumkin. Ayniqsa, sun'iy intellekt ma'lumotni qayta ishlashi oqibatida soxta yangilik va buyurtma sharhlarni tarqatishi tobora ortib borayotgan tahdidlardan biridir. Maxsus dasturlar yordamida turli fakt va raqamlarni tezkorlik bilan auditoriyaga yetkazib berish mumkin. Bu borada “Bayerische Rundfunk” jamoat televideniesi alohida faollik ko'rsatgan.
“Stuttgarter Zeitung” va “Stuttgarter Nachrichten” nashrlari hamkorlikda sun'iy intellekt ko'magi bilan minglab politsiya xodimlarining hisobotlariga baho bermoqda, shaharning onlayn xaritasida o'g'rilik, yong'in va baxtsiz hodisalarning sodir etilgan joylarini aniqlamoqda. Jurnalist va yozuvchilar “Crimemap” vositasida yangi kriminal voqealar bayonini yaratishga kirishganlar.
Jurnalistlar orasida sun'iy intellekt bilan hamkorlik mavzuida so'rov o'tkazildi. Unga ko'ra, aksariyat respondentlar “yordamchisi”ning ishini yengillashtirish salohiyatini ijobiy baholashgan. Shu bilan birga, noto'g'ri ma'lumot tarqatish, axloqiy muammolar bo'yicha ham xavotirlarini bildirishgan.
Aksariyat respondentlar yaqin kelajakda sun'iy intellektning jurnalistlar o'rnini egallashi to'g'risidagi gapga shubha bilan qarashadi. Ular sun'iy intellektning oddiy vazifalarni avtomatlashtirish va ma'lumotlarni tahlil qilish uchun qulay vosita bo'lib xizmat qilayotganini aytishadi. Biroq ko'pchilik ijodiy yondashuv talab qiladigan, tanqidiy fikrlash va bevosita inson aralashishi lozim bo'lgan sohalarda insonlarning sun'iy intellektdan ustunligini ta'kidlashadi.
Bugun jurnalistlar sun'iy intellekt vositasida matn tayyorlashda “ChatGPT” va “Gemini”, ma'lumotlarni tahlil qilish va infografika yaratishda “ChatGPT” va “Telegram”, shuningdek, tasvir va video matnlarini hosil qilishda kontentning turli uslublarini qo'llashmoqda.
So'rov natijalari va xalqaro tajribaga tayanib, sun'iy intellektning jurnalistlar o'rnini egallaydimi, degan savolga qat'iy “hozircha yo'q”, deb javob berilgan.
Dunyo matbuoti va xalqaro ekspertlar xulosalari asosida uning sabablarini ko'rib chiqishga harakat qilamiz.
Sun'iy intellekt tizimlari matematik modellar va algoritmlar asosida faoliyat yuritmoqda. Odamlardagi mavjud ijodiy fikrlash, his-tuyg'u va voqelikka xolis yondashuv sun'iy intellekt uchun yetib bo'lmas cho'qqidir. U o'z-o'zidan yangi original kontent yarata olmaydi, odatda, mavjud ma'lumotlar va shablonlardan foydalangan holda insonlarning buyruqlariga tayanadi. Mutaxassislarning fikricha, kreativ fikrlash va yangi qoidalarni yaratish qobiliyati kelajakda robotlardan ustunlikka erishishni ta'minlaydi.
Jurnalistik faoliyatda axloq va ma'naviy normalarga rioya qilish juda muhimdir. Sun'iy intellektning algoritmlari uchun bu tamoyillar tamomila yot narsa. Sun'iy intellekt media sohasiga to'liq kirib kelgan chog'da qator murakkabliklar keltirib chiqarish ehtimoli yuqori. Bunga misol tariqasida sun'iy intellekt tomonidan yaratilgan kontent mualliflik huquqiga ega emasligi, shuningdek, uning algoritmlari noto'g'ri ma'lumot berish xavfi singari muammolarni ko'rsatish mumkin.
Aytaylik, sun'iy intellekt material tayyorlab, foydalanuvchiga yetkazib berdi va bunda qonun buzilishi aniqlandi. Xo'sh, javobgarlik kimning zimmasiga tushadi — jurnalistgami, noshirgami yoki sun'iy intellektni yaratgan shaxsgami?
Demak, ko'rinib turibdiki, sun'iy intellektdan foydalanishning ortishi barobarida mazkur jarayonning mukammal huquqiy asoslarini ham belgilab olish talab qilinadi. Bu borada xalqaro darajada allaqachon bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yevroparlament tomonidan 2024 yilda sun'iy intellektni tartibga solishga qaratilgan (“AI Act”) qonunni tasdiqladi. Ushbu qonun sun'iy intellektdan noqonuniy yoki xavfli maqsadlarda foydalanishni cheklash, uning shaffofligi va xavfsizligini ta'minlashni maqsad qilgan.
AQShda esa sun'iy intellekt sohasida turli shtatlar alohida qonunlar qabul qilmoqda. Masalan, Kaliforniyada “deepfake” texnologiyalari orqali soxta axborot tarqatishga qarshi choralar kuchaytirilgan.
YuNESKO, “Reporters Without Borders” singari xalqaro tashkilotlar axborotning ishonchliligini ta'minlash uchun sun'iy intellektdan foydalanish bo'yicha kasb etikasi qoidalarini ishlab chiqishga kirishgan. O'z navbatida BMT ham bu borada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda.
O'zbekistonda sun'iy intellektdan foydalanishda huquqiy mezonlar zarurati bo'yicha gapirganda, shuni ta'kidlash joizki, hozircha mamlakatimizda bu sohani tartibga solish bo'yicha huquqiy baza hali yaratilmagan. Shu bois sun'iy intellektdan foydalanish va uning axborot makonidagi ta'sirini nazorat qilish uchun maxsus qonun qabul qilish choralari ko'rilmog'i lozim. Shuningdek, OAVlarda neyrotarmoq yordamida tayyorlangan kontentni alohida belgilash va uning haqqoniyligini ta'minlash, jurnalistik faoliyatda sun'iy intellektni mas'uliyatli qo'llash uchun milliy standartlar ishlab chiqish, yolg'on ma'lumotlarga qarshi chora ko'rish mexanizmlarini joriy etish, axborot xavfsizligini ta'minlash va inson huquqlarini himoya qilish maqsadida sun'iy intellekt foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotlarini muhofaza qilish qoidalarini ishlab chiqish ayni damdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Joni, sezgisi bo'lmagan sun'iy intellektning adolatli qaror qabul qilish qobiliyati ham chegaralangan. U insonlar kabi axloqiy-ma'naviy jihatlar bilan bog'liq vaziyatni to'la anglab yeta olmaydi. Jurnalistlar esa odamlar bilan doim jonli muloqotda, bahs-munozara yuritadi, fikr almashadi. Inson xabar-yangilikni o'qib, uni idrok qiladi, munosabat va hamdardlik bildiradi. Sun'iy intellekt bilan jonsiz aloqa, aslida, shunisi bilan farq qiladi. Aynan shuning uchun ham huquqiy asos darkor.
Sun'iy intellekt tizimlari algoritm va ma'lumotlar asosida qarorlar qabul qiladi, dedik. Demak, u siyosiy, ijtimoiy va ma'naviy holatlarni to'liq anglab yetolmaydi. Shunga ko'ra, gapning tagidagi nimkosani u qaerdan ham tushunsin?
Voqea-hodisani to'liq idrok etib, anglab yetishida faqat va faqat jurnalistning tajribasigina ish beradi. Ya'ni inson xotirasi, bilim va ko'nikmalari unga yangilikni chuqur tahlil qilish, sharhlash va mushohada qilish imkonini yaratadi. Sun'iy intellektdan farqli o'laroq, faktlar bayonida yuqoridagi muhim sanalgan holatlarni e'tiborga oladi.
Jurnalistning yillar davomida tajribasi ortib boradi, uning har so'zi tosh bosa oladigan darajaga yetadi. U axborot yoki vaziyatni to'g'ri baholay oladi, undagi shubhali jihatlarni ziyraklik bilan ilg'ab olishi mumkin. Oqibatda uni qo'shimcha ravishda tekshirib, keyin ommaga olib chiqadi. Bu holatda u malakasini namoyish etadi, xolis axborot tarqatishga erishmog'ini ko'rsatadi. Afsuski, sun'iy intellekt hali intuitiv fikrlash qobiliyatiga ega emas va faqat bazasiga yuklangan, “miyasi”ga joylangan mavjud ma'lumotlarga tayanadi, xolos.
Telejurnalistikada sun'iy intellektning yordami haqida gapirganda, uning oqibatini ham o'ylab ko'rish kerak. Sport musobaqasini yoritishda tasvirni yoki videosharhni qisman o'zgartirib yuborish amaliyotidan manipulyatsiya kelib chiqadi. Oqibatda u tayyorlagan axborotga ishonchsizlik kuchayadi.
Gapning indallosini aytganda, sun'iy intellektning taraqqiy etishi jurnalistlar uchun professional tahdidlar keltirib chiqaradi. Ammo har qanday tahdid bu imkoniyat, uni boricha qabul qilish kerak, deydi ekspertlar. Galdagi vazifa — sun'iy intellektning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish va uning xavfiga qarshi choralar ko'rishdir. Bu borada sun'iy intellekt va jurnalistlar hamkorligini to'g'ri yo'lga qo'yish, qalamkashlar sun'iy intellektdan faqat vosita sifatida foydalanib, asosiy e'tiborni tahliliy va ijodiy ishlarga qaratishlari lozim. Yangi supertexnologiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun jurnalistlar, albatta, maxsus kurslar va o'quv dasturlarida malaka oshirishlari taqozo etiladi.
“ChatGPT” neyrotarmog'i xavf tug'diradimi-yo'qmi?” degan savolga Ilon Mask shunday javob bergan: “Bosh texnologiyalar yordamida biz odatiy vazifalarimizni avtomat usulda hal etishimiz mumkin. Qolgan vaqtimizni esa yanada muhimroq va murakkabroq g'oyalar uchun sarflashimiz, ijodiy, innovatsiya va boshqa ishlarga qaratishimiz to'g'ri bo'ladi”.
“Facebook” asoschisi Mark Sukerberg ham generativ texnologiyalar va sun'iy intellektning jurnalistika va ijodiy ishga ta'siri haqida fikr bildirgan. “Generativ modellar, xususan, sun'iy intellekt ishlarni yengillashtiribgina qolmasdan, jurnalistikaning yanada kreativ va intellektual salohiyatini oshirishga hissa qo'shishi mumkin…”. Ya'ni bu texnologiyalar “bizni cheklamasdan, rolimizni oshiradi”, ijodkorlarning imkoniyatlarini kengaytirish vositasi sifatida xizmat qiladi.
Abror XON
