Sirdaryoda gazetalarga e'tibor kuchaymoqda, lekin…

Keyingi paytlarda Sirdaryoda bosma ommaviy axborot vositalari hayotida sezilarli ijobiy o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Yillar mobaynida chiqmay yotgan tuman va shahar hokimliklari muassisligidagi nashrlar “tirila” boshladi. Bunda, albatta, viloyatga kelgan yangi rahbar Erkinjon Turdimovning ish tutumi sabab bo'lmoqda, desak, aslo mubolag'a bo'lmas. Chunki u kishi hokimlik yig'ilishlarida gazetalar ahvolini tez-tez so'rab turibdi.
O'zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Zafar Mirrahimov taqdim qilgan ma'lumotnomada Yangier shahri, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo, Sayxunobod tumanlarining “Yangier hayoti”, “Nurli istiqbol”, “Xovos ovozi”, “Yangi Mirzaobod”, “Sirdaryo”, “Yangi hayot” gazetalarining ilk sonlari kechikib bo'lsa-da, chop etilganini ko'rish mumkin. Bundan esa ashaddiy gazetxonlar (ha, haqiqiy mushtariylar hozir ham kam emas!) xursand bo'lishmoqda.
Biroq har to'kisda bir ayb, deganlaridek, yillab nashr etilmagan gazetalarning birdan oyoqqa turishi oson kechmayapti. Aniq misollarga murojaat qilaylik. Boyovut tumani viloyatdagi aholisi eng ko'p hudud sanaladi. Tumanda 140 mingdan ortiq aholi yashaydi. Biroq ikki yarim yildan buyon tuman gazetasi “uyquda” edi. Ayiq qish uyqusidan uyg'ongani kabi gazeta qayta chiqa boshlaganida tahririyat faoliyat olib borgan bino allaqachon aholiga turar joy uchun berib yuborilganligi ma'lum bo'ldi. Ayni damda gazeta tahririyati uchun hokimlik binosidan bitta xona ajratilibdi. Muharrirlik ham begona bo'lmabdi. Bu mas'uliyatli vazifa tuman hokimligining matbuot xizmati rahbari Furqat Po'latovga ishonib topshirilibdi. U kishi Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetini tugatgan ekan. Demak, gazetachilikning ko'chasidan o'tmagan. Hozircha tahririyatda uning bir o'zi faoliyat olib bormoqda ekan. F. Po'latov bilan muloqot qilganimizda:
— Mart oyida gazetaning ikkita, aprelda esa bitta sonini bir ming nusxadan chop etdik. Ayni paytda obuna qizg'in ketmoqda, — dedi u.
Yangi bosh muharrirning iddaosiga ko'ra, obunachilar soni 1000 nafarga yetishiga hali a-ancha bor emish. Bosmadan chiqqan gazeta uvol bo'lmasin deb tuman hokimligi binosiga kiraverishdagi foyega stol qo'yilib, ortiqcha nashr etilgan gazetalar taxlab qo'yilarkan. Hokimlikka ish bilan tashrif buyurganlar gazetadan olib ketaverishar emish.
Shu o'rinda yangi tayinlangan muhtaram bosh muharrirga bir taklif: taxlam-taxlam gazetalarni eshik oldida “sarg'aytirmay”, uni mahallalarga, aholiga tarqatish yo'li o'ylab ko'rilsa bo'lmaydimi?!
Mirzaobod tumaniga kelsak, bu tumanda o'tgan yili “Mirzaobod” deb nomlangan gazeta binoyidek chiqib turgandi. U ham yil o'rtasiga borib moliyaviy qiyinchiliklar tufayli to'xtab qoldi. Bu yil gazeta boshqa, jarangdorroq — “Yangi Mirzaobod” nomi bilan qayta “tug'ildi”. 2025 yilda uning ming nusxadan ikkita soni chop etilgan. Bu yerda ham bosh muharrirlik tuman hokimligining matbuot xizmati rahbari Bobomurod Abdullayevga yuklatilibdi.
— Hozircha gazeta obunachilari 200 nafarga yetib qoldi, — dedi B. Abdullayev. — Bu yumush qizg'in davom etmoqda.
O'z-o'zidan ayonki, qolgan 800 nusxa gazeta — beega. Bosh muharrirlik qo'shimcha tarzda yuklatilgan B. Abdullayevning gaplariga qaraganda, gazeta nusxalari kelgan-ketganga beminnat in'om etilayapti. Faqat moliyaviy ahvoli haminqadar tahririyat uchun bu tavakkalchilikdan o'zga narsa emas-ov.
Xovos tumanida “Xovos ovozi” gazetasining taqdiri tuman madaniyat uyining badiiy rahbari Shuhrat Turdiyevga (?!) qo'shqo'llab topshirilibdi. Mas'uliyatli lavozimdan mamnun bosh muharrirdan gazeta ishlari qanday ketayotganligini so'rasak, u:
— Gazetamiz qarzga botganligi bois, anchadan buyon chiqmayotgan edi. Mart oyida bir ming nusxada bitta sonini o'quvchilar e'tiboriga havola qildik. Bilmaganlarimizni tajribali jurnalistlardan o'rganayapmiz, — dedi.
Qarang-a, qoyil qolish kerak. Faqat bir kishi gazeta tayyorlash bilan band ekan. Bu ahvolda, maqolalar ham shunga yarasha, o'qib bahra oladigan darajada bo'lmaydi-da.
Yangier shahar hokimligi muassisligidagi “Yangier hayoti” gazetasining 2024 yilda 5 tagina soni chiqibdi. Mablag' yo'qligi uchun gazetaning oxirgi soni qog'oz ko'rmay elektron ko'rinishda qolib ketgandi. Bu yilgi jonlanishning ta'sirida gazeta yana qayta tiklanibdi. Bir ming nusxadan 3 ta soni chop etilibdi. Gazetaga Ma'naviyat va ma'rifat markazi shahar bo'linmasining rahbari Abdushohid Abduqodirov bosh muharrir etib tayinlangan.
— Gazetani chop etish qiyin bo'lyapti, — dedi A. Abduqodirov. — Bu yumush bir-ikki kishining harakati bilan yuzaga chiqmaydi. Hisob-kitob qilib ko'rsam, gazetaning to'laqonli faoliyat olib borishi uchun bir yilga 260 million so'm kerak bo'lar ekan.
To'g'ri-da, gazeta bo'lgandan keyin uning bir-ikkita muxbiri, suratkashi, kompyuterda sahifalovchisi bo'lishi kerak. Ayni paytda Sirdaryodagi aksariyat muharrirlarni O'zbekiston xalq artisti Ergash Karimovning mashhur miniatyurasi qahramoni Jo'ra Hamdamga mengzash mumkin. Musiqasi ham, so'zi ham, ijrosi ham — o'zlaridan. Shunday. Hatto aksariyat gazetalarning sahifalovchisi yo'qligi bois, uzoq yo'l bosib “Yangi Sirdaryo” gazetasi tahririyatida sahifalatishga navbat kutib turishlariga majbur bo'lmoqda deyishdi. Yana deng, tajribali jurnalistlar sirasida gazeta maqolalarini nazardan o'tkazib beradigan norasmiy “shtat” ham paydo bo'lyapti ekan. Bunday jurnalistlarning ism-familiyalari gazetaning so'nggi sahifasida bosh muharrirdan keyin “Gazeta uchun mas'ul Falonchiyev Pismadonchi” deb yozib qo'yilayotganidan ham anglash mumkin.
Qiziq, “gazeta uchun mas'ul” degani qanaqa lavozim o'zi? Unda bosh muharrir nimaga mas'ul? Bosma nashrlardagi bu kabi yuzakichiliklarga, soxta munosabatlarga kulging ham, yig'laging ham keladi.
O'zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Zafar Mirrahimovga:
— Shahar-tuman gazetalari bosh muharrirligiga professional jurnalistlarni jalb etsa bo'lmaydimi? Axir xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin”, degan maqol bor-ku, — deya savol berdik.
— Hozircha bu yumushni amalga oshirish mushkul bo'lsa kerak, — dedi u. — Chunki gazeta xodimlari va gazeta chop etish xarajatlarini qoplaydigan tuman-shahar hokimliklarida mablag' yo'q deyishmoqda. Shu bois hokimliklar muqim ish joylari bo'lgan xodimlarni “bosh muharrir” sifatida ishlatib turishibdi.
Viloyatda hokimliklar yillar davomida o'z muassisligidagi nashrlarni qo'llab-quvvatlamaganliklari uchun gazeta tahririyatlari muammolar girdobiga botib qolgan. Nashrlarning soliq va boshqa majburiyatlar bo'yicha qarzlari ko'payib ketgan. Keyingi paytlarda mushkul vaziyatdan chiqishning oson yo'li tanlanib, gazetalar nomini o'zgartirib, ya'ni qayta nashr qilish avj olibdi. Pirovardida “Yangier tongi” bir yumalab “Yangier hayoti”ga, “Mirzaobod” esa “Yangi Mirzaobod”ga aylanib qolgani shundan.
To'g'ri, jurnalist kadrlar yetishmasligi masalasida ham muammolar bor. Tahririyatlarda xodimlarning ish haqlari nihoyatda pastligi sababli oliy ta'lim o'choqlarining jurnalistika fakultetlarini bitirgan yosh kadrlar gazetalarni aylanib o'tib, o'zlarini boshqa sohalarga urib ketishyapti. Bunga ayni choqdagi tuman-shahar gazetalarining ahvoli yaqqol misoldir. Hali-hamon ayrim gazetalar qayta jonlanolmay falajlanib yotibdi. Masalan, Guliston shahar hokimligining nashri “Guliston yangiliklari” — “Gulistanskie novosti” gazetalari uzoq vaqtdan buyon nashr etilmayapti.
Ammo yuqorida aytilganidek, viloyat hokimining OAVga nisbatan olib borayotgan bugungi e'tibori Sirdaryoda chop etilayotgan bosma nashrlar kelajagiga umid uyg'otmoqda. Agar bu xayrli sa'y-harakat shahar va tuman gazetalari muassislari tomonidan astoydil qo'llab-quvvatlansa, bosma OAV oyoqqa turib ketadi. Zero, ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotchisi bo'lgan gazetalar jamiyat taraqqiyoti, demokratiya rivoji uchun xizmat qiladi.
Yana bir gap: tan olib aytish kerakki, butun boshli tumanda yoki shaharda hokimliklarning o'z muassisligidagi nashrlarini qo'llab-quvvatlamagani, chiqara olmayotgani (yoki buni istamasligi) uyatli ish bo'lsa, ayrim chop etilgan hududiy nashrlarni qo'lga olib, beixtiyor “shuning o'zi chop etilganidan, chop etilmagani avlo edi-ku” devorgingiz keladi. Chunki, gazeta bo'lib, gazeta emas, na savod bor, na saviya! Yana g'ij-g'ij imlo xatolarga to'la bo'lsa?! O'qishga yaraydigan biror tuzuk maqola, xabarni topa olmasangiz, na iloj…
Demak, “jamiyat ko'zgusi” deb atab kelingan matbuot nashrlarini baribir professional jurnalistlarga topshirish kerak. Negaki yuqoridagi gap — axir chumchuq so'ysa ham…
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.