Oqayotgan daryo

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, Fransiyaning

Akademik “Palma” ordeni sohibi Jamoliddin Yoqubov haqida muxtasar so'z

Davlatlararo do'stlik rishtalarini doimo mustahkam bog'lashda ilm-fan fidoyilari, ijodkorlar g'oyat muhim o'rin tutadi. Albatta, birinchi galda davlat rahbarlarining munosabatlari, o'zaro diplomatik aloqalar risoladagidek bo'lishi zarur. O'zbekistonimizning xalqaro maydonda nufuzi tobora ortib borayotgani, xususan, Fransiya bilan do'stlik va hamkorlik aloqalari bugun yangi bosqichga chiqqani har birimizga g'urur baxsh etadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Fransiyaga davlat tashrifi va Yelisey saroyidagi tadbirlar ikki mamlakat tarixi zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgani baayni haqiqat.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron yuzma-yuz uchrashib, ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlar va qabul qilingan tarixiy hujjatlarni amalga oshirish bo'yicha kelgusidagi chora-tadbirlarni muhokama qilishi, muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasida Do'stona va o'zaro manfaatli sheriklik o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiyaning qabul qilinishi kelajak sari qo'yilgan muhim qadamlar sifatida munosib baholanmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangani esa do'st o'zbek va fransuz xalqlariga birdek g'urur baxsh etdi,  – desak xato bo'lmas.

O'zbekiston va Fransiya o'rtasida 1992 yil 1 mart kuni diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon oliy ta'lim muassasalari o'rtasida ham ilmiy hamkorliklar keng yo'lga qo'yilgan. Bunday ilmiy hamkorliklarni yanada takomillashtirishda O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Fransuz tili nazariy fanlar” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Jamoliddin Yoqubovning ham samarali xizmatlarini e'tirof etilsa arziydi. Odamoxunligi, insonparvarligi, samimiyligi bilan hamkasblari, yuzlab shogirdlari qalbini zabt etgan ustoz ko'rinishidan oddiy, kamtarin yuzidan hamisha nur yog'ilib turadi.

Andijondagi o'rta maktablardan birini a'lo baholarga tamomlagan Jamoliddin Yoqubov intilganga tole yor, deganlaridek, o'qishga astoydil intilib, yigit Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti fransuz tili fakulteti talabasi bo'ldi. Ushbu dargohni 1978 yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi. Ko'p o'tmay uni mazkur institutning fransuz tili fakulteti grammatika kafedrasiga o'qituvchi lavozimiga taklif etishdi.

Yosh avlodga fransuz tilidan saboq berish bilan bir qatorda o'z ustida ham ishlashni kanda qilmagan yosh murabbiy 1981-1983 yillarda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida malaka oshirish bilan birga aspiranturaga o'qishga kirdi va 1991 yilda “Hozirgi zamon fransuz tilida noreal ma'nosining ifodalanish yo'llari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Shu tariqa O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Fransuz tili nazariy fanlar” kafedrasining ilmiy salohiyati yana bir ilmiy darajali murabbiy hisobiga oshdi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ilmiy darajaga ega bo'lgan izlanuvchan murabbiygina talabalarga haqiqiy ilm berishga qodir bo'ladi. Negaki, bunday murabbiylar ilmiy izlanishdan aslo to'xtab qolmaydi. Jamoliddin aka talabalarga fransuz tilini puxta o'rgatar ekan, o'zi ham ilm qasri sari intilishdan to'xtamadi. “Mantiq va lingvistikada modallik kategoriyasining o'zaro munosabati” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida astoydil ishladi. Nihoyat, 2005 yili O'zbekiston Milliy universitetining ixtisoslashgan Ilmiy kengashida “Mantiq va tilda modallik kategoriyasining ifodalanishi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyatli himoya qildi.

Bugungi kunda fidoyi olim va murabbiy ilmiy-pedagogik faoliyatini jamoatchilik ishlari bilan mushtarak tarzda olib bormoqda. U O'zDJTUda tashkil etilgan “Yosh olim” mahorat maktabi faollaridan biridir. Bu maktabdan yetishib chiqqan o'nlab iqtidorli yoshlar turli fan olimpiadalari g'olibi bo'ldilar.

Jamoliddin Yoqubov 2007-2009 yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida filologiya fanlari bo'yicha ekspert kengashi a'zosi sifatida ko'plab dissertatsiyalarni xolisona baholashda faol ishtirok etgan bo'lsa, 2007-2013 yillarda respublikamizda filologiya fanlari yo'nalishida mavzularni tasdiqlash bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi kotibi sifatida samarali faoliyat ko'rsatdi.

Olim sifatida dunyo ko'rgan kishi dunyo bilan bo'ylashadi, degan gap bejiz aytilmagan. Fransuz tili bo'yicha yirik mutaxassis olim sifatida Jamoliddin Yoqubov 2010 yili 1 oktyabrdan 25 dekabrgacha Parij shahridagi Sorbonna universitetida uch oy murabbiy sifatida tajriba almashdi.

Sorbonna universitetining magistratura bo'limida tahsil olayotgan talabalarga uch oy davomida “Fransuz tili nazariy grammatikasining dolzarb muammolari” fanidan ma'ruza o'qigan. Bu dargohda amaliy va nazariy grammatika predmetlaridan dars berish bilan birga, kurs, bitiruv malakaviy ishlariga va magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik ham qilgan. Fransiyalik professor-o'qituvchilar o'zbekistonlik hamkasbi faoliyatiga munosib baho berib, Sorbonna universiteti “Sertifikat”i bilan taqdirlagan.

— Parij shahridagi Sorbonna universitetida ma'ruza o'qigan paytlarim O'zbekistondagi gazeta-jurnallar bilan tanishtirib, ulardagi  ayrim qiziqarli maqolalarni tarjima qilib berganimda, fransuz yoshlarida katta qiziqish uyg'otardi, — dedi Jamoliddin aka. — Ayni paytda o'zbekistonlik talabalarimiz ham amaliy mashg'ulotlarda Fransiya vaqtli matbuot nashrlarini ishtiyoq bilan mutolaa qiladilar.

Yana bir quvonchli mujda: ilm-fan yutuqlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta'lim jarayoniga izchil tatbiq etish, jumladan, fransuz tilini ilg'or innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida o'qitish va rivojlantirishga qo'shgan munosib hissasi uchun Jamoliddin Yoqubov Fransiyaning Akademik “Palma” ordeni bilan mukofotlangan. Ilm-fan cho'qqilarini zabt etganligi, fransuz tilini o'qitish va rivojlantirishga o'zining katta hissasini qo'shganligi uchun taqdim etilgan bu orden o'zbek olimining ilmiy-pedagogik faoliyatiga bo'lgan katta hurmat, e'tibor va bahodir.

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti fransuz tili nazariy fanlar kafedrasida faoliyat ko'rsatayotgan fidoyi olim 4 ta darslik, 4 ta o'quv qo'llanma, 4 ta monografiya, 250 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Ko'plab o'quv dasturlari yozib, o'quv jarayoniga taqdim etgan fidoyi ustoz Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti, Buxoro davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universitetida ham o'rindoshlik, soatbay asosida bo'lg'usi fransuz tili mutaxassislariga shu xalqaro tildan saboq bermoqda.

Izlanuvchan olim Jamoliddin aka 2014 yildan hozirgi kunga qadar xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish maqsadida Versal akademiyasining Serji-Pontuaz universiteti bilan xalqaro aloqalarda faol ishtirok etmoqda. Fransiyadagi Versal akademiyasining Ta'lim va o'qituvchilik oliy maktabi (“ESPE”), O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda “ERASMUS” + xalqaro mobiliti kredit loyihasi dasturi asosida 2020-2022 yillarga mo'ljallangan kredit mobillik xalqaro loyihasini amalga oshirishda u yetakchi mutaxassis sifatida ushbu loyihaga rahbarlik qildi.

Oqqan daryo oqaveradi, deganlaridek, professor Jamoliddin Yoqubov kabi murabbiylardan tahsil olayotgan intellektual salohiyati yuksak o'zbek yoshlari ham har sohada dunyo bilan bo'ylashaveradi.

Ruxsaroy HAMDAMJON qizi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =