To'ra Sulaymon bir yon…

Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o'zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o'zligimizni anglashga, o'tmishdan ibrat olib yashashga undovchi bebaxo xazinalardir. Shu bois ham keyingi yillarda muzeylar infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, eng asosiysi, tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, turistlar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida mamlakatimizda adabiyot, madaniyat va san'at, ilm-fan sohalarini rivojlantirish, o'zining betakror ilmiy va ijodiy merosi, ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo'shgan atoqli shoir va yozuvchilar, bastakorlar, olimlar, kino va teatr san'ati namoyandalarining tavallud sanalarini keng nishonlash hamda chuqur o'rganish va keng targ'ib qilish belgilangan. Ana shunday yurtimizning taniqli ijodkorlaridan biri O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymondir. To'ra Sulaymon Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida yashab ijod qilgan. Uning she'rlari xalqona bo'lganligi uchun ko'plab taniqli hofizlar tomonidan kuylangan. Agar shoir tirik bo'lganida bugun 90 yoshni qarshilagan bo'lar edi.
Yaqinda shoir tavalludining 90 yilligi hamda adib uy-muzeyining ochilishiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi. Respublikamizning taniqli ijodkorlari, sirdaryolik ziyolilar, shoirning hamyurtlari, she'riyat ixlosmandlari ishtirok etgan mazkur kecha ma'rifatga oshno yurtdoshlarimiz, ayniqsa, Sirdaryo ahli uchun katta bayramga aylandi.
…Bir paytlar “Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog'i kuyadi” deb ta'riflangan qadimgi Mirzacho'l. Bugun bu yerlar cho'l emas, bo'stonga aylanib turibdi. Ayniqsa, 7-8 yil ichida Sirdaryoning barcha shaharu qishloqlari qatorida Mirzaobod tumanining qiyofasi ham tamomila o'zgardi. Bu yerda ko'plab yangi binolar qad ko'tardi. Ravon yo'llar qurildi. Bog'-rog'lar barpo etildi. Kuzgi libosga burkangan keng dalalar orasidagi tekis yo'ldan borayotgan avtobus Mirzaobod tumanidagi To'ra Sulaymon yashagan qishloq tomon burilganda uzoqdan milliy usulda qad ko'targan ikki qavatli uy ko'rindi. Uyning atrofida odamlar to'plangan. Ular mehmonlarni quvonch va guldastalar bilan kutib olishdi. Odamlarning yuzida tabassum, chehrasidan nur yog'iladi. Shunday so'lim go'shada tug'ilib yashayotganlaridan bexad xursand ekanliklari akslanadi. Uy atrofidagi baland teraklar, daraxtlar qishning namxush shamolida ohista chayqaladi, havo quruq va sovuq. Ammo odamlarning chehrasida bayramona ruh ko'pchilikning nigohi ro'paradagi baland peshayvonli ikki qavatli binoga qadalgan. Bu uyda Sirdaryoning aziz farzandi, Xalq shoiri To'ra Sulaymon qirq uch yil davomida umr guzaronlik qilgan. Prezidentimizning tashabbusi va topshirig'iga binoan ushbu bino zamonaviy tarzda ta'mirlangan. Shoirning oila a'zolariga esa yo'lning yoqasidan yangi uy qurib berilgan. Shoirning uyi endi chin ma'noda muzeyga aylanmoqda. Darvozadan kirishda ko'zingiz dastlab, hovli o'rtasidagi katta tut daraxtiga tushadi. O'ng tomonda kutubxona, chap tomonda qator xonalar. Markazda shoirning bir qo'lida kitob ushlab turgan holatdagi qiyofasi tasvirlangan haykal. Haykalga nigoh tashlagan odam, xuddi tirik shoir bilan yuzma-yuz turgandek sezadi o'zini: boshida qalin qo'y terisidan tikilgan telpak, egnida palto. Siz bilan she'riyat haqida suhbatlashayotgandek tuyuladi go'yo. Bu haykal O'zbekiston xalq rassomi Azamat Hotamov tomonidan yaratilgan. Hovli odamlar bilan liq to'la. Haykalning ochilish marosimidan so'ng shoirning qizi Yulduz Begaliyeva mehmonlarni eksponatlar bilan tanishtirdi.
— Otamning uy-muzeyi to'rtda ekspozitsiyalar xonasi, kutubxona va konferensiya zalidan iborat.
Muzeyimizda hozircha bir ming ikki yuzta eksponat ro'yxatga olingan. Bular qo'lyozmalar, guvohnomalar, orden va medallar, gazeta va jurnallar, kitoblar, uy-ro'zg'or buyumlari, kiyimlar, estalik sovg'alari, suvenirlar, portret va rasmlardan iborat. Uy-muzeyning birinchi xonasida To'ra Sulaymonning 1966-2014 yillardagi hayot faoliyatiga doir eksponatlar o'rin olgan. Ular orasida shoirning qo'lyozmalari va kitoblari xona o'rtasida esa dutor, tanbur, g'ijjak va doira kabi milliy cholg'u sozlari qo'yilgan.
— Juda ko'p she'rlari qo'shiq bo'lganligi uchun ko'plar otamni qo'shiqchi shoir deyishar edi, – dedi Yulduz opa. — Lekin otamning o'zlari “qo'shiqchi shoir” degan bu iborani uncha yoqtirmasdi. Chunki “men qo'shiqchi shoir emasman” deb aytardilar. Xalqona bo'lgani bois o'z-o'zidan qo'shiqqa aylanib ketgan otamning she'rlari. Sherali Jo'rayev, Faxriddin Umarov, Nuriddin Haydarov, Yulduz Usmonova kabi taniqli xonandalar sevib kuylashgan bu she'rlarni.
Ha, Ulug'bek sulton bir yon,
To'ra Sulaymon bir yon
deyilmish mashhur satrlarni qo'shiq qilib kuylamaslik mumkinmi, axir! Shoir ijodida esa bunday quyma misralar kam emas.
Muzeyning keyingi xonasiga qadam qo'ygan kishining ko'zi dastlab, xona devoridagi mana bu satrlarga tushadi:
Esiz, bolalikni qoldirib ortda,
Umr o'tmoqdadir daryo misoli.
Qoldirib-qoldirmay iz bu hayotda,
Umr o'tmoqdadir daryo misoli.
Ushbu xonada shoirning do'st-birodarlari, oshno-og'aynilari, shogirdlari va hamyurtlari bilan tushgan suratlar o'rin olgan. Ular orasida yana bir sirdaryolik mashhur iqtidor, O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva bilan tushgan surat alohida ajralib turadi.
Adibning hayotligida foydalangan buyumlari esa muzeyning navbatdagi xonasidan joy olgan. Ular orasida shoirning soati, soqol oladigan mashinkasi, estalikka tushgan suratlar, sigaret trubkasi, ko'zoynak, 1999 yilda O'zbekiston xalq shoiri unvoni olgan guvohnomasi, medal va hujjatlari o'rin olgan.
Keyingi xona o'rtasiga xontaxta qo'yilgan. Xontaxta atrofiga ko'rpachalar to'shalgan. Bu shunchaki o'zbekona rasm-rusumgina emas, balki To'ra Sulaymonning ijod tarzini ko'rsatuvchi ko'zgudir. Chunki To'ra Sulaymon xontaxta atrofida o'tirib ijod qilishni sevgan. Yulduz opaning aytishicha, radio hamisha xontaxta ustida, shoirning ko'z oldida turar ekan. To'ra Sulaymon umr bo'yi radio ixlosmandi bo'lgan. Xontaxta ustida oppoq qog'ozlar, qo'lyozmalar, yozuv mashinkasi, yaxshi ko'rgan kitoblari va lampa chirog'i turibdi. Devorda shoirning turmush o'rtog'i paxta terayotgan paytdagi surati ilingan. Shoirning qizi Yulduz Begaliyevaning hikoya qilishicha, To'ra Sulaymon bo'lajak turmush o'rtog'ining gazetada chiqqan mana shu suratini ko'rib, unga majnun kabi oshiq bo'lgan ekan. Shu muhabbat tufayli oila qurgan. Bo'lajak kelinoyimiz o'sha paytda to'ytepalik bo'lgan. Shu suratdagi qiz shoirning umr yo'ldoshi va eng yaqin sirdoshiga, oilaning quyoshiga aylagan. Shuningdek, bu xonada adibning ko'plab shaxsiy buyumlari takror-takror o'qigan kitoblari, har xil ko'zalar, kitob javoni bor.
Bu tabarruk maskanda kutubxona ham ochildi. Kutubxonada shoirning ilk kitobi “Istar ko'ngil”dan boshlab “Iltijo”, “Gul bir yon, chaman bir yon”, “Intizor” “Hamqishloqlarim”, “Sayhon”, “Sensiz yolg'iz, g'arib bo'ldim…”, “Qorako'zginam”, “Jahonnoma”, “Jahongashta”, va boshqa ko'plab kitoblari hamda ularning qo'lyozmalari bilan tanishish mumkin.
Shoirning qizi Yulduz Begaliyevaning aytishicha, To'ra Sulaymonning hayoti va faoliyatiga oid yana to'rt mingga yaqin eksponatlar Sirdaryo viloyat tarix va madaniyat davlat muzeyida saqlanmoqda.
Shunday qilib, Sirdaryoning aziz farzandlaridan yana bir farzandi nomi mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan e'zozlandi. Sirdaryoda yana bir qutlug' qadamjo dunyoga keldi. Bu maskan endi nafaqat sirdaryoliklar, o'zbekistonliklar, balki, mamlakatimizga jahonning turli manzillaridan keluvchi sayyohlarning ham tabarruk maskaniga aylanadi.
Munira RAMAZONOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.