Uyushmaning tirik tarixi

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida yuzlab izlanuvchan va fidokor ijodkorlar faoliyat yuritmoqda. Ular orasida yarim asrdan buyon o'z hayotini jurnalistika sohasiga bag'ishlagan, kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan insonlar ham kam emas. Ana shunday fidoyilardan biri — O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh mutaxassisi Larisa Surenovna Arutyunovadir.
Larisa Arutyunova 1952 yili Toshkent shahrida tug'ilgan. 1973 yili respublika rus tili va adabiyoti institutini tamomlab, mehnat faoliyatini shu dargohdagi kutubxonada boshlagan.
1974 yil 13 dekabr esa uning hayotida burilish nuqtasi bo'ldi — o'sha kuni u O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga ishga qabul qilindi. Ushbu sana, Larisa Surenovnaning ta'biricha, “baxtli va unutilmas” bo'lib, Jurnalistlar uyushmasidagi uzoq va mazmunli yo'lini boshlab bergan.
— Ilk suhbatdan so'ng ishga qabul qilindim. U paytdagi uyushma raisi Ziyod Yesenboyev (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) juda bilimdon, talabchan inson edi. Birinchi ish kunimni mehmonxonada jurnalistlar seminarida ro'yxatga oluvchi sifatida ish boshlaganman. Hech kimni tanimasdim, lekin chin dildan mehnat qildim, — deb eslaydi Larisa opa.
Shundan buyon yarim asrdan ziyod vaqt o'tdi. Larisa Surenovna esa shu kunga qadar ushbu tashkilotda o'z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda. Jurnalistlarni a'zolikka qabul qilish, faxriylar bilan ishlash, ularga munosib e'tibor ko'rsatish kabi mas'uliyatli vazifalar aynan Larisa opaning zimmasida.
— Yarim asr davomida bir tashkilotda faoliyat yuritib kelayotgan Larisa opa uyushmamizning nafaqat faxriga, balki eng sadoqatli kishisiga, ustoziga aylangan, — dedi ayni paytda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. bo'lib ishlayotgan Xolmurod Salimov.
Darhaqiqat, uyushmada konsultant sifatida ish boshlagan L.Arutyunova Jurnalistlar uyushmasining vorisi bo'lgan O'zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo'llab-quvvatlash jamg'armasi bosh mutaxassisi, rais o'rinbosari singari mas'ul lavozimlarda ham samarali mehnat qildi. Har doim bilimdonligi, tashabbuskorligi, samimiyligi bilan hamkasblarining hurmatini qozonib kelmoqda.
2004 yildan buyon u O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasida bosh mutaxassis vazifasida faoliyat yuritmoqda. Uyushma tomonidan tashkil etiladigan har bir tadbirda — ijodiy uchrashuvlar, seminarlar, tanlovlar va faxriy jurnalistlar bilan muloqotlarda faol ishtirok etadi.
— Siz bizning tirik ensiklopediyamizsiz. Lekin quruq va zerikarli emas, balki iliq, hayotga to'la, hazil-mutoyiba va mehr-oqibatga boy ensiklopediya. Siz tinglay olasiz, tushunasiz, yo'l ko'rsatasiz, yordam berasiz va bularning barchasini tabiiy, o'ziga xos nazokat va sabr-toqat bilan amalga oshirasiz, — dedi ustoz jurnalist Rahimjon Sultonov. — Yillar davomida rahbarlar, texnologiyalar, talablar va zamon o'zgardi. Ammo Siz o'zgarmadingiz. Hamisha boshqalarga yo'l ko'rsatuvchi, ishonch bag'ishlovchi mayoq bo'lib qoldingiz.
— Larisa Surenovna, hech mubolag'asiz, o'zbek jurnalistikasining tirik tarixi, — dedi faxriy jurnalist Lutfillo Kabirov. — Barcha plenumlar, qurultoylar, a'zolik guvohnomalari uning qo'lidan o'tgan. Qaerda, qachon, nima sababdan nima bo'lganini aniq ayta oladi.
Uning qalbidagi samimiyat va kasbga bo'lgan muhabbat barcha ishida namoyon. U jurnalistlarning dardiga quloq tutadi, yangi avlod vakillariga maslahat beradi, ijodkorlarning qo'lidan tutib, ularga ilhom bag'ishlaydi.
Samarali mehnati davlatimiz tomonidan ham munosib taqdirlanib, u 2002 yilda “Shuhrat” medali, 2022 yilda esa I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan mukofotlangan.
Larisa opa ish boshlagandan buyon o'tgan ellik yil davomida uyushma faoliyatida esda qolarli voqealar ko'p bo'lgan.
Ayniqsa, uning xotirasida alohida o'rin egallagan tadbirlardan biri — 1982 yildagi Jurnalistlar s'yezdi. Unda barcha taniqli muharrirlar, yetakchi OAV rahbarlari qatnashgan edi.
— Bu anjuman katta shiddat va mas'uliyat bilan tayyorlangan, juda tantanali ruhda o'tgan, — deya eslaydi u.
1991 yildagi saylov konferensiyasi esa keskin tortishuvlar va hayajonli bahslar bilan yodda qolganini ta'kidlaydi.
— Ayrim nomzodlar faqat bir-ikkita ovoz farqi bilan g'olib chiqqan edi o'shanda, — deydi Larisa Arutyunova.
Uning ta'kidlashicha, bugungi kunda qalamkashlar orasida hammaslak va zamonaviy texnologiyalarga moslashganlari bor, ammo yosh jurnalistlarni tayyorlashda oliy bilimgohlar hanuz yetarli darajada ish olib bormayapti. Chunki kadrlar tayyorlashda baribir samaradorlik ko'ngildagidek emas deb hisoblaydi u.
— Ilgari jurnalistlar ehtiyotkor, fikrini ifoda qilishda ancha tortinishardi. Hozir esa imkoniyatlar keng, internet bor, senzura yo'q. Ammo shu bilan birga, mutaxassislik darajasi, tahlil qobiliyati pasayib borayotgani achinarli holat, — dedi u.
Doimo shunday uyg'oq qalblik, kasbga sadoqat, insonlarga mehr va mehnatga ixlos timsoli u. Larisa Surenovna shaxsan mehnatining mazmunini el-yurt xizmatidan topgan, aniq maqsad va adolatli so'z bilan yashayotgan ayol. Uning hayoti va faoliyati bugungi va ertangi avlod jurnalistlari uchun ibrat namunasi desak aslo xato bo'lmaydi.
Gulzaynab ZULHAYDAROVA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi bosh mutaxassisi.