O'zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega

Xorijiy ishtirokchilar va ekspertlar mamlakatimizda bo'lib o'tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida
Ma'lumki, poytaxtimizda O'zbekistonning global sarmoyaviy muloqotning muhim ishtirokchisi sifatidagi maqomini mustahkamlagan keng ko'lamli tadbir – IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi muvaffaqiyatli tarzda bo'lib o'tdi. Tadbirda 100 ga yaqin davlatdan davlat va hukumat rahbarlari, yirik transmilliy kompaniyalar rahbarlari, nufuzli xalqaro moliya institutlari vakillari, investorlar, shuningdek, biznes vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forumning yalpi majlisida so'zlagan nutqida “Birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug'laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta'minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin”, – deya ta'kidladi.
Forum dasturidan global va mintaqaviy iqtisodiyot, sarmoyaviy hamkorlik, barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya va “yashil” o'sishning eng dolzarb muammolariga bag'ishlangan qator panel sessiyalari, davra suhbatlari va muhokamalar o'rin oldi. Muhokama mavzulari zamonaviy iqtisodiy kun tartibining ustuvor yo'nalishlarini o'zida aks ettirdi va biznes amaliyotchilari, tahlilchilar va ekspertlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Anjuman O'zbekistonning sarmoyaviy salohiyatini namoyish etish uchun asosiy platformaga aylandi. Ishtirokchilar e'tiboriga energetika, infratuzilma, sanoat, qishloq xo'jaligi, turizm va AKT sohalarida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar taqdim etildi.
Ishtirokchilar ham, xalqaro ekspertlar ham hamkorlik aloqalarini o'rnatish, o'zaro tajriba almashish va strategik tashabbuslarni muhokama qilish uchun samarali maydon sifatida Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati ortib borayotganini ta'kidladilar.
Odil Reno-Basso, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti:
— Islohotlar va iqtisodiyotni liberallashtirish nuqtai nazaridan O'zbekiston xususiy sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirishni davom ettirishi kerak. Xususiylashtirish va me'yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash borasida sezilarli yutuqlarga erishilgan bo'lsa-da, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektor o'sishini rag'batlantirish uchun hali ko'p ishlar qilinishi lozim.
Hozirgacha erishilgan natijalar juda quvonarli. Masalan, qayta tiklanadigan energetikaga investitsiyalar katta miqdorda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi, iqtisodiy faollikni rag'batlantirdi va ijobiy ta'sir ko'rsatdi.
So'nggi yillarda investitsiyalar darajasi barqaror o'sib bormoqda, O'zbekiston YeTTB investitsiyalari hajmi bo'yicha yetakchi 5 davlat qatoriga kiradi. Ushbu ijobiy tendensiya kelgusi yillarda ham davom etishini kutamiz.
Idrakas Dadasovas, “Penki Kontinentai Group” xalqaro korporatsiyasi boshqaruvi raisi:
— Men forumda birinchi marta ishtirok etmayapman va har safar bu tadbir qay darajada aniq va professional tashkil etilganiga yana bir bor amin bo'lyapman. Bu oddiy forum emas – bu puxta tayyorgarlik asosida o'tkazilayotgan jiddiy xalqaro tadbirdir. Butun dunyodan shunchalik band va ta'sirli shaxslarni bir joyga jamlashning o'zi O'zbekistondagi investitsiya muhiti va unga bo'lgan yuqori ishonchni ko'rsatadi.
Men davlat tuzilmalarida raqamli ma'lumotlarni qayta ishlash bo'yicha yechimlar qanday tezlikda joriy etilayotganini ko'ryapman. Bu esa davlat darajasida chuqur strategik ish olib borilayotganini anglatadi. Prezidentning modernizatsiya va raqamlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratayotgani O'zbekiston uzoq muddatli va puxta o'ylangan rivojlanish strategiyasini shakllantirayotganidan dalolat beradi.
Yovanka Porshe, “Global Neighbours” tashkiloti raisi va asoschisi:
— Menimcha, O'zbekiston chinakam boy madaniy merosga ega bo'lib, bu meros chin dildan qoyil qoldirdi. Shu bilan birga, mamlakat biznes rivoji uchun ulkan salohiyatni namoyon qilmoqda. Bunday forumlarning o'tkazilishi juda muhim tashabbus bo'lib, alohida e'tiborga loyiqdir. Mazkur shakldagi tadbirlar odamlarni birlashtiradi, yangi aloqalarning paydo bo'lishiga xizmat qiladi va dunyoning ushbu mintaqasida qanday ijobiy o'zgarishlar ro'y berayotganini bevosita ko'rish imkonini beradi. Bu haqiqatan ham ilhomlantiruvchi va men bu yerda ekanligimdan mamnunman.
Mening fikrimcha, O'zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Bu rol nafaqat mumkin, balki ayni vaqtda juda ham dolzarb hisoblanadi. Garchi mintaqaviy integratsiya asta-sekinlik bilan yuz bersa-da, u bu jarayonda muhim rol o'ynashi mumkin. Bu nafaqat O'zbekistonga, balki butun mintaqaga tegishli. Ammo aynan O'zbekiston investitsiyalar va barqaror rivojlanish markaziga aylanishi uchun zarur salohiyat va geoiqtisodiy ustunliklarga ega.
Investitsiya muhiti borasida shuni aytmoqchimanki, bu mening O'zbekistonga birinchi tashrifim va men faqat ijobiy taassurotlar oldim.
Chjan Xe, Xitoyning “CGTN” global televizion tarmog'ining ijrochi prodyuseri:
— Ishonchim komilki, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi O'zbekistondagi sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilash, mamlakat iqtisodiyotiga global sarmoya oqimini jalb etishda muhim bosqich bo'ladi.
O'zbekistonda keyingi yillarda soliq tizimini soddalashtirish, xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash, tashqi savdo rejimini liberallashtirish kabi yo'nalishlarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar investorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratdi. Bu jarayon xorijiy sarmoyadorlar ishonchini barqaror davom ettirish va mustahkamlashda hal qiluvchi omil bo'lmoqda.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni baholash platformasi bo'lmish IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi yangi hamkorlar, loyihalar va strategik yo'nalishlarga salmoqli turtki berishi shubhasiz.
Emin Garibli, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti:
— Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat Markaziy Osiyo uchun asosiy iqtisodiy platforma, balki Yevropa va Osiyo o'rtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning muhim vositasiga aylanib bormoqda.
Forum Toshkentning investitsiyalarni jalb etishning mintaqaviy markazi maqomini mustahkamlaydi va mamlakatimizning Yangi O'zbekiston strategiyasi doirasidagi islohotlarni ilgari surish qat'iyatini namoyish etadi.
Forumga Yevropa davlatlarining yuqori martabali vakillari, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Toshkentga tashrif buyurgan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso va Bolgariya Prezidenti Rumen Radev ishtirok etayotgani qo'shimcha ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashriflar nafaqat O'zbekistonning tashqi iqtisodiy hamkorlik sohasidagi strategik intilishlarini ta'kidlabgina qolmay, balki xavfsizlik, raqamli hamkorlik va transport infratuzilmasi kabi sohalarda ham aniq kelishuvlar imzolanishiga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA.