Salomat bo'ling!

Hayot lahzalarini tarixga muhrlayotgan tajribali suratkash-jurnalist Shamshidin QORABOYEV faoliyatiga bir nazar

Uning jurnalistikaga kirib kelishi jamoatchi muxbirlikdan boshlangan. O'shandan beri qancha suvlar oqib o'tdi, hayotning past-baland, o'ydim-chuqur yo'llarida qoqinmay, maqsad sari dadil odimlashdan tolmadi.

Bugun umrining yetmish beshinchi bahorini qarshi olgan suratkash-muxbir jamiyatda eng faol, jonkuyar murabbiy, yosh jurnalistlarning ustozi, oilada farzandlarining mehribon otasi, nabiralarining suyukli bobosi sifatida izzat-hurmat topgan obro'li inson, I darajali “Mehnat faxriysi”, viloyat ommaviy axborot vositalari faxriylari Kengashi raisi.

— Dadam 2-Ukraina frontida pulemyotchi sifatida jang qilgan, urushdan so'ng vayron bo'lgan qishloq xo'jaligini tiklash ishlarida fidoyilik ko'rsatib, 102 yoshida olamdan o'tdilar. Tasodifni qarangki, men 9 may kuni dunyoga kelgan ekanman. Har yili bu kunni dadam rahmatli qo'shaloq bayram sifatida nishonlar edi. Oilamizda 6 o'g'il, 6 qiz farzand ulg'ayganmiz. Ota-onamiz bizni tinchlikni qadrlashga, Vatanni sevishga, uning taraqqiyoti yo'lida sidqidildan xizmat qilishga o'rgatganlar, — deb xotirlaydi Shamshidin aka.

Yoshlikda olgan tarbiya, bilim, kamtarlik va samimiylik beiz ketmadi. Bu insoniy fazilatlar hali-hanuz Shamshidin akaga zeb berib turadi. Farg'ona davlat universitetining jismoniy tarbiya fakultetida o'qiyotgan chog'ida voleybol bo'yicha viloyat terma jamoasi safida ko'plab yutuqlarga erishdi. A'lo o'qishi, jamoat ishlaridagi faolligi uchun uni davlat stipendiyasiga tavsiya qilishdi. Quva tumani xalq ta'limi bo'limi mudirining sport ishlari bo'yicha o'rinbosari, “Yosh kuch” sport jamiyati raisi sifatida tumanda soha rivojiga salmoqli hissa qo'shdi.

Ayni paytda ijod uni o'ziga rom etar, “Quva hayoti” gazetasi tahririyatining topshirig'i bilan jamoatchi muxbir sifatida jamoa xo'jaliklariga velosipedda borib, maqola tayyorlab qaytar edi. O'sha paytda tashkil etilgan Quva shahar hokimligi rahbari Feronjon Muhiddinov bilan suhbatda “Shaharga gazeta kerak” degan taklifni o'rtaga qo'ydi. Tashabbus ma'qullanib, “Quva sadosi” gazetasi dunyo yuzini ko'rdi.

Shamshidin Qoraboyevning fotoijodkorlik faoliyati “Farg'ona tongi”, “Farg'ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyatida ishlagan davrlarida, ayniqsa, samarali bo'ldi. Suratkash muxbir bormagan shahar, tuman, qishlog'u mahallalar, xonadonlar qolmagan hisob. Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy va madaniy hayotining har bir qirrasi mohirona olgan suratlarida o'z aksini topgan. O'zbekiston Qahramonlari, taniqli shoir va yozuvchilar, san'atkorlar, jahon va Olimpiada o'yinlari chempionlari, iqtidorli yigit-qizlar, dehqon, bog'bonu sohibkorlar hayotining oniy lahzalari muhrlangan suratlarni sanab adog'iga yetish qiyin.

— “Farg'ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetalarida ishlagan davrimni umrimning eng sermazmun, serzavq va ijodiy yuksalish yillarim bo'lgan, deb hisoblayman. A'zamjon Ortiqov, Ibrohimjon Ashurov, Toshqo'zi Mullayev, Qodirjon Shodmonov, Yuriy Yefimov, Muhabbat Ibrohimova, Tolibjon Tursunov, Tohirjon Hamroqulov (barchalarini Alloh rahmatiga olsin) singari ustozlarimning hayot va ijod maktablaridan saboq oldim. Ular o'z sohasining iste'dodli vakillari edilar. Shahar, tuman, viloyat gazetalari tahririyatlari ijodiy jamoalari bilan hamnafas, hamkorlikda mehnat qilganim, ularning purma'no suhbatlaridan bahramand bo'lganimdan qalbimda faxr-iftixor tuyaman, — dedi u minnatdorlik bilan.

O'z navbatida, yosh fotojurnalistlar, qo'liga qalam tutgan yoshlar Shamshidin Qoraboyev yaratgan fotoijod maktabi mahoratidan saboq olmoqdalar. “Ot izini toy bosar” deganlaridek, o'g'li Sherzod Qoraboyev bugun respublika va viloyat bosma ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritib, Qoraboyevlar sulolasi an'analarini munosib davom ettiryapti.

— “Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar”, deyishadi. Dovruqli fotojurnalistlar Tohirjon Hamroqulov, Shuhratjon Olimov, Shamsiddin Qoraboyevdan olgan saboqlarim faoliyatimning har daqiqasida asqatadi. Hayotda erishgan barcha muvaffaqiyatlarimni ularning o'gitlari, pand-nasihatlari samarasi deb bilaman, — dedi O'zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri Muqimjon Qodirov.

O'zbekiston sport faxriysi, taniqli fotojurnalist, “O'zbekiston Mustaqilligiga 25 yil”, “O'zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari, ko'plab Faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar sohibi Shamshidin Qoraboyev bugungi kunda ham yoshlardek g'ayratli, ijtimoiy hayotimizning turli jabhalarida javlon urib, san'atkorona suratlar yaratish, kelajak avlodlarga ajdodlarining yorqin va betakror turmush lahzalarini in'om etish bilan band.

Hech e'tibor berganmisiz — suratkash muxbir fotoapparatini “chirq” etkazib bosgach, “Sizlarni tarixga muhrladim” degandek: “Salomat bo'linglar!” — deyishni kanda qilmaydi.

Siz ham sog'-omon bo'ling, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko'rib yuring, Shamshidin aka!

Quvonchlisi, kuni kecha Prezidentimiz farmoniga ko'ra Shamshidin Qoraboyev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Zahmatkash hamkasbimizning mehnatiga yuksak e'tibor namunasi bo'ldi. Muborak bo'lsin!

Abdujalil BOBOJONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =