Bobom — mening hayot maktabim

“Sharq yulduzi” jurnali eski sonlari qo'limga tushib qoldi-yu, undagi maqolalar anchadan beri mulohaza qilib yurgan mavzuni qog'ozga tushirishimga sabab bo'ldi.
Shaxsiy arxivimda “Qirg'iziston haqiqati” gazetasining 1957-1958 yillardagi taxlamlari bor. Frunzeda, hozirgi Bishkekda chiqqan gazetaga birinchi bo'lib bobom No''monjon G'ulomov muharrirlik qilgan.
Bu gazetalar taxlamlarini O'sh viloyati gazetasi tahririyatiga taqdim etsammi, deb ikkilanib yurgan edim, ustoz Muxtor Xudoyqulov bilan ko'rishib qolib, u kishidan ham bu haqda fikr so'radim. Ustozning taklifi Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasiga topshirish to'g'risidagi ikkilanishlarimni tarqatib yubordi…
“Sharq yulduzi” jurnalining 2017 yil 12-son va 2018 yil 1-sonida taniqli jurnalist Yoqubjon Xo'jamberdiyevning “Qaldirg'ochlar bahorda keladi” qissasida keltirilgan bir voqea esa meni o'ylantirdi, to'g'risi, ilhom berdi.
Asarda O'sh viloyat kompartiyasining organi, o'zbek tilida chop etilgan “Kommunist” gazetasining birinchi muharriri Murodxon Sobirov haqida iliq lavhalar bor. Meni esa gazetaning tarixi qiziqtirdi. 1987 yilda Frunze shahrida chop etilgan “Oshskaya oblast” ensiklopediyasidan iqtibos:
“Aravonbura, Jalolobod, Bozorqo'rg'on va Qirg'iziston janubining boshqa rayonlarida tarqatilgan o'zbek tilida chiqadigan “Kommunist” gazetasining birinchi soni 1932 yil 12 aprelda Toshkentda chop etilgan. Gazeta har o'n kunda bir chiqib turgan. 1933 yilda gazeta ikki sahifalik bo'lib, adadi yetti mingtani tashkil etgan. VKP(b) Qirg'iziston oblast komitetining 1932 yil 29 dekabrda “Qizil paxtachi” va “Kommunist” gazetalari redaksiyalari haqida” deb qabul qilgan qarorida mazkur gazetalar sotsialistik qurilish sohasidagi vazifalarni bajarishda muhim ahamiyatga ega bo'lmoqda, deb ko'rsatilgan. Keyingi yillarda “Kommunist” gazetasi “Paxta uchun”, “Lenin yo'li” nomi bilan chiqa boshlaydi. Hozirda uning nomi “O'sh sadosi”.
Yoqubjon aka Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasidan gazeta taxlamlari topa olmaganini afsus bilan yozadi.
O'zbekiston Respublikasi Milliy kitob palatasi sobiq rahbari Zuhriddin Isomiddinov “Kommunist” gazetasi tugul, 50-yillarning oxirida o'zbek tilida chop etilgan “Qirg'iziston haqiqati” gazetasining ham taxlamlari yo'qligini ma'lum qildi.
Yana ham qizig'i, “Qirg'iziston haqiqati” gazetasining taxlamlari elchixona orqali Moskvadan olib keltirilgani, ammo ma'lum vaqt o'tib, o'sha taxlamlar “makulatura”ga berib yuborilganidan xabar topadi.
Surishtiruv paytida aybdorning bebaho taxlamlarni “sotib” yuborgani to'g'risidagi javob hammasidan o'tib tushadi: to'y qilayotgan edim, pul kerak edi…
Qissada “shundan keyin eski gazetalarni qidirishni bas qildik…” deyiladi.
Qo'shni respublika matbuotida “Qirg'iziston haqiqati” gazetasiga “dastlab Qirg'iziston kompartiyasi Markaziy qo'mitasining bo'lim mudiri Mahmudjon Ismoilov, keyinroq Toshkentdan taklif etilgan jurnalist No''mon G'ulomov bosh muharrir bo'ldi”, deb yozilgan. Nazarimda, bu yerda yanglishlik bor. Qo'limdagi taxlamning birinchi sonidan bir oy davomida bobom “Muharrir vazifasini bajaruvchi” bo'lgan. Keyin Markazqo'm plenumi u kishini muharrir va Markazqo'm a'zosi etib tayinlash haqida qaror chiqaradi.
O'sha yillari gazetada olis Olabuqadan Tursunboy Adashboyev, Suzoqdan Jo'ravoy Qurashev, Bozorqo'rg'ondan O'skanboy Matqosimov, Mosidan Qodirjon Sobirov, Aravondan Usmon Toshtemirov, O'shdan Qo'ldosh Bekmirzayev, O'zgandan Hayitboy Hakimov (“Mash'al”) va Abdug'ani Abdug'afurovning she'r va hikoyalari, dolzarb maqolalari muntazam chop etilib turiladi.
Sovet Ittifoqi Markazqo'mining 1959 yil 31 iyundagi qarori bilan bir qator davriy nashrlarga barham beriladi. Mazkur hujjatning 4-bandida: “O'sh viloyatida (hozirgi Jalolobod va Botkent viloyatlari) o'zbeklarning salmoqli qismini tashkil etishini hisobga olib, Qirg'iziston SSR Kompartiyasi MQ taklifini inobatga olib, uning organi “Qirg'iziston haqiqati” gazetasining avvalgi shakli va nashr chiqishlarini saqlab qolgan holda O'sh viloyati gazetasiga aylantirilsin”, deyilgan.
1959 yili gazeta O'shga ko'chirildi va “Lenin yo'li” nomi bilan viloyat gazetasi maqomida chiqa boshlaydi. Gazetaga sobiq frontchi jurnalist Halimjon Hamidov bosh muharrir etib tayinlanadi. Frunze shahridan jurnalistlar — Hayitboy Hakimov, Tursunboy Adashboyev, Ra'noxon Sariboyeva, Boltaboy Yusupov, mashinistka Sanobarxon Toshmatovalar O'shga ko'chib kelishadi. Aravondan Xoldorjon Quronboyev, Abduqahhor Mannonov, Tal'at Soliyevlar, Qorasuvdan Xolmatjon Yusupov, O'shdan Turg'unboy Abdullayevlar tahririyat jamoasiga qo'shiladilar.
Bobom gazetada bir martagina o'z ismlari bilan maqola chop etgan. Unda yangi chop etilishi boshlangan gazetaning maqsad va vazifalari aytiladi hamda 1956 yilda Qirg'izistonning iqtisodiy yutuqlari sharaflanadi.
Kompartiyaning hukmronlik paytida uning barcha organlarida besh kun davomida mamlakatning dolzarb mavzularida bosh maqolalar yozilgan, ularning aksariyatini muharrirlar yozishgan (“bosh” so'zi mustaqillik davrida qo'shilgan).
Katta-kichik bari — ziyo ahli kunini gazetaning bosh maqolasini o'qishdan boshlagan, chunki unda bugunning eng muhim mavzusi qalamga olinib, hukmron partiyaning roli va tashvishi ochib berilar edi.
Gazeta faoliyatidan tashqari uning ijodkorlari turli tarjima va badiiy kengash ishlariga jalb qilinar edi. Ana shulardan biri “Manas” eposining tarjimasi edi.
“Manas” o'zbek tiliga ko'p marta tarjima qilingan bo'lsa-da, tarjima qilish davom etmoqda.
“Manas” tarjimasining birinchi kitobining dastlabki boblari “Qirg'iziston haqiqati” gazetasi tarjimonlari tomonidan amalga oshirilib, mazkur gazetada chop etilgan. Undan keyin Mirtemir, Sulton Akbariy, Tursunboy Adashboyevlarning tarjimalari bor.
…Bobom Frunzega ketmasidan oldin, urushdan qaytgach, O'zbekiston Markazqo'mida matbuot xizmatini boshqargan, O'zTAG — hozirgi O'zAda direktor bo'lgan, “Qashqadaryo haqiqati” gazetasiga muharrirlik qilgan.
Qaytib kelgach, “Qizil O'zbekiston” gazetasida partiya turmushi bo'limi mudiri, O'zbekiston nashriyot ishlari, poligrafiya va kitob savdosi qo'mitasi — hozirgi AOKAda mahalliy (hududiy) boshqarmalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig'i bo'lgan.
…Maktabning birinchi sinfini bitirgan yilim bobom meni Andijon-u Arslonbobga olib borgandi. Kuzga borib esa to'shakka mixlanadi. O'sha paytda uyga rus va o'zbek tillarida bir dunyo gazetalar kelardi. Men ularga gazetalarni hijjalab o'qib berardim. Bosh maqolaning ahamiyatini tushuntirib, “Pravda” gazetasidan uning joylashuvi andoza olinishini tushuntirgan edi. Ruschada tutilib-tutilib uni o'qib berar edim. Bobomni yaxshi ko'rganim uchun uning barcha istaklarini bajarardim. Nazarimda, shu gazetalarni o'qib bersam, u tuzalib ketadiganday tuyulardi.
O'zining xastaligi, uning ustiga, otamning bevaqt bu hayotdan ko'z yumishi uni ham boqiy dunyoga ketishini tezlashtirdi. Bobom, bobojonim 1977 yili 65 yoshida Haqning rahmatiga qovushdi. Jurnalist, keyinchalik diplomat bo'lib kamol topishimda bobomning hayoti va faoliyati men uchun hayot maktabim bo'ldi. Shu kasblarda baxt topdim, saodat topdim, kitoblar yozdim, yozuvchi bo'ldim.
Abror G'ULOMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.