Maʼnaviyatni xolisona tarğib qiliş — uluğ iş
Assalomu alaykum, aziz “Hurriyat” gazetasi jamoasi!
Sizlarga salomlarimni yöllayman va qalamingizda bitgan har bir satr uçun çuqur minnatdorlik bildiraman. “Hurriyat” — bu nafaqat bir naşr, balki xalq bilan yurakdan muloqot qiladigan, haqiqatni ayon qilib, ijtimoiy-maʼnaviy ongni yuksaltirişga xizmat qiluvçi ezgu minbardir.
Sizning axborotga bölgan masʼuliyatingiz, sözga bölgan ehtiromingiz va adolatni yoritişdagi jasurliklaringiz eʼtiborga loyiq. Davr talablariga mos, zamonaviy va bir vaqtning özida milliy qadriyatlarimizni ham unutmaydigan materiallaringiz yuraklarga yetib bormoqda.
“Hurriyat” — bu erkin fikr, teran tahlil va xalq dardini el içida eşita oliş qobiliyatining sinonimidir. Bu nafaqat gazeta, balki qalblarga nur soçuvçi maʼrifat şamçiroği, haqiqiy ijtimoiy közgudir.
Sizni Yaratuvçi asrasin! Qalamingiz heç qaçon sinmasin, satrlaringiz xalq manfaati uçun yozilgan sof sözlar bilan bezansin! Yanada katta muvaffaqiyatlar, keng auditoriya va çuqur eʼtibor sizlarga doimo yöldoş bölsin. Quyida maʼnaviyatga oid mulohazalarimni taqdim etaman.
Ilhom ŞER
Inson qalbini maʼnaviyat nurisiz tasavvur etib bölmaydi. U hayotimizni maʼno bilan töldiradi, odamni odam qiladigan eng oliy fazilatdir. Maʼnaviyat — bu nafaqat bilim va axloq, balki qalbning masʼuliyati, vijdonning uyğoqligi, insonning butun borliği bilan yaxşilikka intilişi demakdir.
Maʼnaviyatni tarğib qiliş esa — hajga borgandek muqaddas, savobli va yuksak bir amaldir. Negaki, haj — qalb pokligi, niyat sofligi, ruhiy kamolotni anglatsa, xolisona maʼnaviy tarğib ham ana şu yöldagi safardir. Hajda inson Kaʼba atrofini tavof qilsa, maʼnaviyat safarida u Alloh ato etgan öz qalbi salohiyatini namoyon etadi. Hajda inson gunohlardan poklanişni niyat qilsa, maʼnaviyat tarğibotçisi jamiyatni maʼnaviy iflosliklardan tozalaşni maqsad qiladi.
Şuning uçun ham haqiqiy maʼnaviyatni tarğib qilgan inson özgalarga ibrat böladi. Çunki uning har bir sözida hayot mazmuni, har bir qilgan işida ezgulik zavqi mujassam. U nafaqat gözal nutq qilib, balki şaxsiy namuna orqali köplab qalblarni ğaflat uyqusidan uyğotadi. Maʼnaviy safo kasb etgan qalblarda nafratga örin qolmaydi, zöravonlikka, yolğonga, buzğunçi yot ğoyalarga qarşi haqiqat bayroği baland kötariladi.
Bugungi kunda maʼnaviy tarğibot nafaqat imom-xatiblar, muallimlar yoki ziyolilar zimmasida, balki har bir ongli inson tarğibotçidir. U farzandiga bergan tarbiyasi, qöşnisiga aytgan şirin sözi, ijtimoiy tarmoqda yozgan bir samimiy gapi orqali maʼnaviyat elçisiga aylanişi mumkin. Har bir şirin söz — bir uruğ; u qalblarga tuşib, ajib gullarga aylanadi.
Şu bois maʼnaviyatni tarğib qiliş heç qaçon oddiy iş bölib qolmaydi. Bu korga ajru savob bisyor, qolaversa, bu — nafsga qarşi kuraş, befarqlikka qarşi çiqiş, muhabbat va sadoqat bilan qurollanib, maʼrifat şamini yoqiş demakdir. Bu yölda tinimsiz intiliş, sabr va pok niyat talab etiladi. Ana şu sababdan ham bu uluğ amal haj safariga tenglaşadi.
Xulosa qilib aytganda, maʼnaviyatni tarğib qiliş — Haq yölidagi eng uluğ solih safarlardan biridir. Zero, u qalblarni turli ğuborlardan tozalaydi, jamiyatni ilğor ğoyalar asosida muttasil yuksaltiradi va insoniyatni tamaddun erişgan barça hayot haqiqatlariga yaqinlaştiradi. Şu boisdan bu işni hayotimiz mazmuniga aylantiriş — har birimiz uçun şarafli burç, qutli vazifa bölmoği kerak.
Yurtimizdagi har bir maktab, taʼlim dargohlari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga daxldor taşkilot va idoralar, şu jumladan, tahririyatlar, teatr va kino, madaniyat va sanʼat doiralari, bari barçasining iş faoliyati bir kunda körinmas, darrov natijasini böy körsatmas, lekin ularsiz hayot, ertangi kun, kelajak yöq.
Aytmoqçimanki, uşbu yölda faoliyat uçun nimaiki kerak bölsa, barini qiliş kerak. Bejiz Prezidentimiz kitobxonlikka eʼtiborni kuçaytirişdan boşlamadilar işni.
Faqat bu haqiqatni hamma anglab yetişi, öz hissasini qöşmoği kerak deb öylayman.
Ilhom ŞER
