Ma'naviyatni xolisona targ'ib qilish — ulug' ish

Assalomu alaykum, aziz “Hurriyat” gazetasi jamoasi!

Sizlarga salomlarimni yo'llayman va qalamingizda bitgan har bir satr uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. “Hurriyat” — bu nafaqat bir nashr, balki xalq bilan yurakdan muloqot qiladigan, haqiqatni ayon qilib, ijtimoiy-ma'naviy ongni yuksaltirishga xizmat qiluvchi ezgu minbardir.

Sizning axborotga bo'lgan mas'uliyatingiz, so'zga bo'lgan ehtiromingiz va adolatni yoritishdagi jasurliklaringiz e'tiborga loyiq. Davr talablariga mos, zamonaviy va bir vaqtning o'zida milliy qadriyatlarimizni ham unutmaydigan materiallaringiz yuraklarga yetib bormoqda.

“Hurriyat” — bu erkin fikr, teran tahlil va xalq dardini el ichida eshita olish qobiliyatining sinonimidir. Bu nafaqat gazeta, balki qalblarga nur sochuvchi ma'rifat shamchirog'i, haqiqiy ijtimoiy ko'zgudir.

Sizni Yaratuvchi asrasin! Qalamingiz hech qachon sinmasin, satrlaringiz xalq manfaati uchun yozilgan sof so'zlar bilan bezansin! Yanada katta muvaffaqiyatlar, keng auditoriya va chuqur e'tibor sizlarga doimo yo'ldosh bo'lsin. Quyida ma'naviyatga oid mulohazalarimni taqdim etaman.

Ilhom ShER

 

Inson qalbini ma'naviyat nurisiz tasavvur etib bo'lmaydi. U hayotimizni ma'no bilan to'ldiradi, odamni odam qiladigan eng oliy fazilatdir. Ma'naviyat — bu nafaqat bilim va axloq, balki qalbning mas'uliyati, vijdonning uyg'oqligi, insonning butun borlig'i bilan yaxshilikka intilishi demakdir.

Ma'naviyatni targ'ib qilish esa — hajga borgandek muqaddas, savobli va yuksak bir amaldir. Negaki, haj — qalb pokligi, niyat sofligi, ruhiy kamolotni anglatsa, xolisona ma'naviy targ'ib ham ana shu yo'ldagi safardir. Hajda inson Ka'ba atrofini tavof qilsa, ma'naviyat safarida u Alloh ato etgan o'z qalbi salohiyatini namoyon etadi. Hajda inson gunohlardan poklanishni niyat qilsa, ma'naviyat targ'ibotchisi jamiyatni ma'naviy iflosliklardan tozalashni maqsad qiladi.

Shuning uchun ham haqiqiy ma'naviyatni targ'ib qilgan inson o'zgalarga ibrat bo'ladi. Chunki uning har bir so'zida hayot mazmuni, har bir qilgan ishida ezgulik zavqi mujassam. U nafaqat go'zal nutq qilib, balki shaxsiy namuna orqali ko'plab qalblarni g'aflat uyqusidan uyg'otadi. Ma'naviy safo kasb etgan qalblarda nafratga o'rin qolmaydi, zo'ravonlikka, yolg'onga, buzg'unchi yot g'oyalarga qarshi haqiqat bayrog'i baland ko'tariladi.

Bugungi kunda ma'naviy targ'ibot nafaqat imom-xatiblar, muallimlar yoki ziyolilar zimmasida, balki har bir ongli inson targ'ibotchidir. U farzandiga bergan tarbiyasi, qo'shnisiga aytgan shirin so'zi, ijtimoiy tarmoqda yozgan bir samimiy gapi orqali ma'naviyat elchisiga aylanishi mumkin. Har bir shirin so'z — bir urug'; u qalblarga tushib, ajib gullarga aylanadi.

Shu bois ma'naviyatni targ'ib qilish hech qachon oddiy ish bo'lib qolmaydi. Bu korga ajru savob bisyor, qolaversa, bu — nafsga qarshi kurash, befarqlikka qarshi chiqish, muhabbat va sadoqat bilan qurollanib, ma'rifat shamini yoqish demakdir. Bu yo'lda tinimsiz intilish, sabr va pok niyat talab etiladi. Ana shu sababdan ham bu ulug' amal haj safariga tenglashadi.

Xulosa qilib aytganda, ma'naviyatni targ'ib qilish — Haq yo'lidagi eng ulug' solih safarlardan biridir. Zero, u qalblarni turli g'uborlardan tozalaydi, jamiyatni ilg'or g'oyalar asosida muttasil yuksaltiradi va insoniyatni tamaddun erishgan barcha hayot haqiqatlariga yaqinlashtiradi. Shu boisdan bu ishni hayotimiz mazmuniga aylantirish — har birimiz uchun sharafli burch, qutli vazifa bo'lmog'i kerak.

Yurtimizdagi har bir maktab, ta'lim dargohlari, ma'naviyat va ma'rifat sohasiga daxldor tashkilot va idoralar, shu jumladan, tahririyatlar, teatr va kino, madaniyat va san'at doiralari, bari barchasining ish faoliyati bir kunda ko'rinmas, darrov natijasini bo'y ko'rsatmas, lekin ularsiz hayot, ertangi kun, kelajak yo'q.

Aytmoqchimanki, ushbu yo'lda faoliyat uchun nimaiki kerak bo'lsa, barini qilish kerak. Bejiz Prezidentimiz kitobxonlikka e'tiborni kuchaytirishdan boshlamadilar ishni.

Faqat bu haqiqatni hamma anglab yetishi, o'z hissasini qo'shmog'i kerak deb o'ylayman.

Ilhom ShER

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 12 =