Qashqirlar qasosi

Bu hikoyani bir paytlar rahmatli buvim aytib bergandi. Shu voqea sabab bo'lib, qashqirlar tasavvurimdan chiqmay qoldi. Ancha vaqtgacha ular haqida o'ylab yurdim. Qaniydi, ularni yaqindan bir ko'rsam, degan niyatim, afsuski, armonligicha qoldi…
Botirjon bilan Po'latjon kechqurun o'tovda ovqatlanib o'tirishardi. To'satdan itlarning tinimsiz hurishi olamni tutganday bo'ldi. Qo'ra tomonda olatasir ovozlar eshitilib, qo'ylarning ma'rashi kuchaya bordi. Cho'ponlar ov miltig'ini qo'llariga tutganicha ko'chaga otildilar. Qo'radagi qo'ylar bezovta bo'lib, tinimsiz ma'rashardi. Itlar esa yuqoriga qarab tinimsiz hurar edilar.
— Botir, ehtiyot bo'l! — deb Po'latjon osmonga qarab o'q uzdi.
O'sha kuni ikki cho'pon galma-galdan posbonlik qilib, tong ottirishdi. Bu orada ularga qishloqdan oziq-ovqat va issiq kiyimlar keltirib berishdi.
Kunlarning birida qo'ylarni yoyib, tepada yonboshlab yotib, qarta o'ynayotgan ikkala cho'pon qo'ylarning u yoqdan bu yoqqa gurillab yugurishayotganini payqab qolishdi. Darhol otlarni yaydoq minib, pastlikka chopdilar. Qashqirlar galasi kuppa-kunduzi cho'ponlarni dog'da qoldirib, o'n uch bosh qo'yni bo'g'izlashga ulgurgan edi. Zumda qishloq raisiga xabar yetkazishdi. Rais ham “Villis” mashinasida yonida besh-olti odam bilan tez yetib keldi. O'lgan qo'ylarni ko'zdan kechira turib, ko'zlari qizarganicha cho'pon yigitlarga baqira ketdi:
— Cho'chqaday uxlab yotavermay, qo'ylarga yaxshilab qarash kerak edi. Senlar borib turgan dangasa, ishyoqmas, takasaltangsanlar. Kechasi bo'lsa ham mayli edi, tushunardim, uxlab qolgansizlar, derdim. Bo'ri-qashqirni kunduzi ko'rmagan manavi ko'zlarni o'yib olish kerak, — deb rais ikki barmog'ini niqtadi, yarim soat javradi.
Nari yurdi, beri yurdi, kuyindi, boshlarini sarak-sarak qilib, afsuslandi.
So'zining oxirida:
— Bu safar sen ishyoqmaslarni qishloqchilik hurmati kechirdim. Keyingi safar shu ish takrorlanadigan bo'lsa, yo'qotilgan qo'ylarning xunini gardanlaringga bo'yinbog' kabi ilib qo'yaman, — deganicha shaxt bilan mashinasiga minib, jo'nab ketdi.
Ikki yigit esa dovdirab, raisning gaplariga javob qaytarishga ham madorlari yetmadi.
Oradan bir hafta o'tib, qora sovuq boshlandi. Shamol borliqni huvillatib yubordi. Ikkala cho'pon yangi tug'ilgan qo'zichoqlar uchun joy hozirlashayotgandi. Yana to'satdan tashqarida dupur-dupur boshlanib ketdi. Cho'ponlar tayoq, miltiqlarini ko'tarib, qo'ra tomonga otildilar. Kuchli bo'rondan ko'z ochib bo'lmasdi.
Dahshat! Yigirmadan ortiq qashqir yana qo'raga hujum qilib, qo'ylarni tumtaraqay qilib quvlab yotishgandi. Itlar qashqirlarning yoniga kelishdan xavfsirashib, qo'ra atrofida vovullashardi. Endi nima qilish kerak? Bu savol har ikkala cho'ponning miyasida charxdek aylanardi. Osmonga otilgan o'qning ovozidan qashqirlarning qo'rqmasligi odamni lol qoldirardi.
Botir mo'ljalni olib, quturgan qashqirdan bittasini dumalatdi. Po'lat esa qo'liga gugurt olib, g'aram qilib uyulgan xashakka o't qo'ydi. Katta g'aram shu darajada kuchli yondiki, uning shu'lasidan tog' yorishib ketganday bo'ldi. Shamol yordami bilan charsillab yonayotgan olov qo'raning yog'ochlariga ham ulashib, gulxan yanada avj olib ketdi.
Qashqirlar zumda ko'zdan g'oyib bo'lishdi. Qo'ylar ma'rab, bezovta bo'la boshlagan edilar. Cho'ponlar telbalarcha yugurib, qo'ralarning eshiklarini ocha boshladilar va qo'ylarni sirt tarafga haydab soldilar. Endi olov yerdagi quruq xas-xashaklarga o'tgan edi.
— Senga kim o't qo'y, dedi, ahmoq? Endi hamma narsa yonib, kul bo'ladi-ku, — deb baqirdi Botir.
Po'lat qo'rquvdan titrab, gapirishga majoli yetmayotgan edi. Ertalabgacha qolgan g'aramdagi xashak, katalakdek ikki xonali uylari, qo'y-qo'ralari yonib, kulga aylandi. Atrof qop-qora rangga bo'yalganday edi go'yo. Uzoqqa tarqalayotgan tutundan yong'inning hali-beri to'xtamasligi bilinib turardi. Har yer-har yerda o'ligi cho'zilib yotgan qo'y-qo'zilarning sanog'i yo'q. Qolgan qo'ylar ham bir-biriga tiqilib, boshlarini quyi solganicha bir tarafga uyulishgandi. Cho'ponlar qolgan qo'ylarni qishloq tomonga haydashga tushdilar. Olov taftidan qo'rqib qolgan qo'y-qo'zilar o'zlarini har tomonga urdi. Cho'ponlar deyarli bir-biri bilan gaplashmasdi. O'tgan safardagi rais aytgan gaplar ularning qulog'i tagida jaranglab turardi.
Xuddi shuni kutib turganday, taraf-tarafga qochgan qashqirlar to'dasi o'lik qo'ylarga tashlanib, har biri bittadan sudrab ketishardi.
Po'lat va Botir arang qishloq fermasiga yetib bordilar. Ular sovuqdan diydirab, uyqusizlik azobi qo'shimcha bo'lib, kuchsiz, majolsiz holda o'zlarini yerga tashladilar. Ularning tana harorati ko'tarilib, alahsirashar, nimalarnidir gapirishardi. Bu holatni ko'rgan rais ikkovini zudlik bilan tuman kasalxonasiga yetkazdi. Ma'lum bo'lishicha, yigitlarni tutun hidi urib qo'ygandi. Ular shuncha uzoq masofadan, qay ahvolda kelganlariga hamma hayron edi. To'rt kundan so'ng rais yana shifoxonaga keldi.
— Barakalla, yigitlar, barakalla! Yosh jonlaringni xavf ostiga qo'yib, qo'ylarni qishloqqa omon keltirganingiz uchun sizlarni alohida mukofotlayman. Avval tuzalib olinglar, keyin sizlarga yana yangi vazifa bor. Doniyor otaning qo'rasiga ham qashqirlar galasi tegibdi. Bu yerdan to'g'ri o'sha joyga yo'l olasizlar, — deb qo'lidagi xaltalarni ularning oldiga qo'ydi.
Qashqir so'zini eshitishi bilan cho'pon yigitlarning ko'z o'ngi qorong'ilashib ketdi.
— Yo'q, rais buva, endi biz cho'ponlik qilmaymiz. Undan ko'ra qishloqda g'isht quyib, dalada ketmon chopganimiz yaxshi, — deyishdi birin-ketin.
Shu voqeadan keyin ikki yigit toqqa boshqa yaqinlashmadi. Doniyor otaning qo'rasini qashqirlar xonavayron qilgani haqidagi xabar esa qishloqqa zumda tarqaldi. Keyinroq aytishlaricha, qashqirlar tog'da otib o'ldirilgan ona bo'ri uchun o'ch olish maqsadida shunday qilganmish. Yana kim biladi deysiz?
Ravshanbek UBAYEV