Siz qaysi rangga tegishlisiz?

Hech o'ylab ko'rganmisiz, nega ba'zi insonlar bilan bir deganda apoq-chapoq bo'lib ketasiz-u, ba'zilarini jiningiz suymaydi? Javob esa oddiy! Bu sizning ruhiyatingizga bog'liq. Psixologiyada inson toifalari bir necha nazariyalar orasida turlicha ta'riflanadi. Bular quyidagilar: xolerik, sangvinik, flagmatik, melanxolik. Har bir nazariya insonning xulq-atvori, temperamenti, ruhiy xususiyati yoki shaxsiyatiga qarab ajratadi. Bu ilmiy nazariyalar oddiy insonlar uchun tushunilishi qiyin bo'lishi mumkin, ammo siz o'z temperamentingizni ranglarda tasavvur qilib ko'rganmisiz? Hayotimizda har kuni uchraydigan, biz bilgan oddiy ranglarda…

Tomas Eriksonning “Atrof to'la ahmoqlar” kitobi aynan yuqorida ko'tarilgan mavzu bo'yicha hikoya qiladi. Asar tili sodda va hayotga yaqin uslubda yozilgan bo'lib, insonlar o'rtasida muloqotda kechadigan muammolarni tushunishga yordam beradi. Xuddi shunday inson temperamentlari ham ranglarda ifodalanadi.

Qizil (dominant) — rahbarlikka intiluvchi, qat'iyatli va natijani xohlaydigan kishi. Psixologiyada bu tip xolerik deb ataladi.

Sariq (ta'sirchan) — ijtimoiy, ijodiy, quvnoq, ko'proq fikr almashishni yaxshi ko'radigan insonlar toifasi. Bu tip sangvinikka qiyoslanadi.

Yashil (barqaror) — tinchliksevar, sokin, do'stona, o'zgarishlardan cho'chiydigan va bir maromdagi hayotni afzal ko'ruvchi odam. Bu temperamentga flagmatik tipdagi insonlar kiradi.

Ko'k (analitik) — faktlarga asoslanadigan, mukammallikni yoqtiruvchi va ehtiyotkor kishilar. Fan tilida bu tipdagi insonlar melanxolik deb ataladi.

Tomas Erikson bu tiplarni tanib olish va ularga qanday munosabatda bo'lish va ziddiyatlarning oldini olish haqida foydali maslahatlar beradi. Kitob nomi ham bekorga bunday tanlanmagan. Ko'pchilik insonlar bir-birini tushunmaydi. Tushunmagani uchun tortishib qolishadi, tortishganlaridan so'ng bir-birini ahmoqqa chiqarishadi. Har bir inson o'zga bir olam va ularni tushunish uchun uning psixologik temperamentini anglab yetish kerak. Tomas Erikson har birimiz hayotda to'qnashadigan holat — boshqalarni tushunmaslik, ularning harakatini noto'g'ri talqin qilish muammosiga chuqur e'tibor qaratgan. Ko'plab muloqotlarda yuz beradigan tushunmovchiliklar aslida insonlarning turli psixologik tiplari tufayli sodir bo'lishi — bu oddiy g'oya bo'lishi mumkin. Lekin hayotiy haqiqat ham…

Kitobning eng yoqqan jihati — muallif insonlarni to'rtta rang toifasiga ajratib, har birining o'ziga xos xatti-harakatlarini, fikrlash tarzini, kuchli va zaif tomonlarini juda sodda va tushunarli tilda bayon qilganidir. Ayniqsa, ranglar orqali odamlarni tasniflash (qizil, sariq, yashil, ko'k) — bu mantiqan ham, estetik jihatdan ham oson esda qoladi.

Men o'zimni kitobdagi sariq va qizil ranglar oralig'ida topdim — bu esa xatti-harakatlarimga tanqidiy va tushunuvchan nazar bilan qarashimga sabab bo'ldi. Bundan tashqari, oila a'zolarim, do'stlarim va atrofimdagi boshqa insonlarimning shaxsiyatini ham ranglarda ko'ra boshladim. Bu esa munosabatlarda iliqlikni kuchaytirishda menga anchagina yordam berdi.

Albatta, kitobning ayrim o'rinlarida g'arb mentalitetiga xos misollar ko'p uchraydi. Biroq bu kitobning umumiy qiymatini aslo pasaytirmaydi. Aksincha, kishini o'yga toldiradi: “Men bu vaziyatda qanday rangman?”, “Men boshqalarga qanday ta'sir qilaman?”, “Nega men ba'zilarni darrov yoqtirib qolaman, boshqalar esa mening asabimga tegadi?”. Bu savollarni inson o'ziga berishi o'z ustida ishlashning va ichki o'sishning belgisi, nazarimda.

“Atrof to'la ahmoqlar” — bu aslida odamlarni ahmoqlikda ayblamaydi, balki har kimni o'z holicha qabul qilish, tushunish kerakligini eslatadi. Har bir insonning o'z tili, o'zicha fikrlash dunyosi borligini tan olish — bu haqiqiy oqillik belgisi. Shu ma'noda, ushbu kitob atrofdagi “ahmoqlar”ni emas, balki o'zingizni kashf qilishga undaydi. Ishonmaysizmi, o'qib ko'ring.

Dildora DO'SMATOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + twenty =