Beg'ubor odamning o'rni

A'zam O'ktam — XX asr o'zbek she'riyatining zabardast vakili. Hayot kezi kelganda beshafqat.  Buvaydaning faxrli o'g'loni, Qodir Dehqon tamal toshi qo'ygan tuman she'riyat maktabining yorqin yulduzi — A'zam Xudoyberdiyevga zo'rg'agina qirq ikki bahorni ravo ko'rdi. Qisqa umr ko'rsa-da, shoir yigitlarning o'ktami, mardi mardoni g'arazli toshbo'ronlar ostida quyidagi olti she'riy to'plamiga dunyo yuzini ko'rsatishga ulgurdi:

  1. “Kuzda kulgan chechaklar” (1989)
  2. “Kuzatish” (1989)
  3. “Ziyorat” (1992)
  4. “Taraddud” (1992)
  5. “Ikki dunyo saodati” (1998)
  6. “Qirqinchi bahor” (1999)

To'plamlarga kirgan she'rlar o'xshashi yo'q, o'ktamona she'rlardir. Qarish begona, hamisha yasharib turuvchi barhayot satrlar jo ularda. To'g'ri, ijodkorning barcha she'rlari mahobatli emas, balki mohiyatli-mag'zi to'q nazm durdonalaridir. Boisi, A'zam O'ktam to'qima emas, to'kma ijodkorlardan edi. Biron-bir she'rini majburan, zo'rma-zo'raki to'qib bitmagan. Har bir satri qalb to'ridan qaynoq vulqondek otilib chiqib, injudek qog'ozga to'kilgan. Zero, quyma misralar yozilmaydi, tug'iladi. Tug'ma she'rlarning umri esa jovidon bo'ladi.

Shoirlik — topqirlik. Qati buzilmagan topilmalar inkishof qilish, ohori to'kilmagan tafsilotlar qo'llash, yap-yangi, bir-biridan chiroyli, asosli, o'rinli tashbehlar tizish, mazmunga mos shakl tanlash, yetakchi fikrga mutanosib so'zlar qo'llashda A'zamjonga teng keladigani bo'lmagan. U nafaqat so'z saylash, balki matn ichida so'zni o'ynatishni ham haddi a'losiga yetkazgan. Jumladan, so'zlarni Olloh — “ol, loh”, hayot — “ha, yot” kabi turli shakllarga solib, yangi-yangi ma'no qirralarini ochishda ham o'ta mahoratli edi.

She'rlariga nom qo'yishda ham sinchkov, zakiy bo'lgan. So'zlar raqqoslik qilgan bir she'rini “O'yin” deb nomlagan. Mazkur she'r boshdan-oyoq mumtoz adabiyotda faol qo'llangan qalb san'ati asosiga qurilgan…

Qalb — arabcha so'z bo'lib, lug'atda aylantirish, teskariga aylantirish, chappasiga, ya'ni so'ldan o'ngga o'qish kabi ma'nolarni ham bildiradi.

Istilohda zamirida munosabat yoki ta'sir mazmuni bo'rtib turgan, she'rdagi ikki qism yoki elementlar o'rtasidagi aloqadorlik ifoda etilgan hissiyotlar orasidagi bog'lanishni bildirgan mumtoz badiiy tasviriy vositadir.

Qalb san'atining ikki turi bor:

  1. Munosabat qalbi
  2. Ta'sir qalbi.

Munosabat qalbi — ikki qism yoki elementni bir-biriga bog'lab turadi. Chunonchi: kulgi-yig'i, oftob-soya, gul va tikon kabi qarama-qarshi munosabatlarni ifodalashda qo'llanadi.

Ta'sir qalbi — she'rning ijodkor tomonidan o'quvchiga yetakchi fikrini obrazli, lo'nda yetkazishda qo'llanadigan yo'l-yo'riq, uslub shaklida. Ya'ni xatti-harakatlarni tasvirlash orqali qahramonlarning hissiyotlarini aks ettirish, o'quvchiga she'rning ta'sir kuchini orttirib, bo'rttirib berishga xizmat qiladi.

Mazkur san'at talabi bo'yicha “O'yin” she'rini hamkorlikda imkon qadar fikr elagidan o'tkazsak:

 

Darada hayqirdim:

“Men ulug', ulug'!”

Qaytarilar:

“G'ulu”.

 

“Fol och, — dedim, —

Kelajakdan fol”

Eshitilar:

“Lof”.

 

Ingradim:

“Oh-oh-oh!”

Gumburlaydi:

“Ho-ho-ho”.

 

Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, “Ulug' – g'ulu”, “Fol – lof”, “Oh-oh – ho-ho” so'zlari fonetik o'zgarishga uchragan har ikki holatda ham leksik ma'no ifodalaydi. Bu — ijodkorning vaziyatga mos so'zlar tanlashdagi ustomonligining nishonasi…

Ulug'lik har kimga ham nasib qilavermaydigan, zabt etish qiyin, biroq qulash oson bo'lgan o'ta yuksak cho'qqi. Ulug' va g'ulu go'yo yer bilan osmoncha farqi bo'lgan qarama-qarshi qutb…

Ijodkor tazod — qarshi qo'yish usuli orqali asosiy fikrga mantiqiy urg'u berib, tasdiqlayapti, ma'noni bo'rttirib, ta'sirchanlikni oshirmoqda. O'quvchini o'zini yaqqol tanib olishga, o'zligidan aslo chekinmaslikka da'vat qilmoqda. Ulug'lik, buyuklik, taniqlilik qatra nuqson bilan, ya'ni o'zidan ketish, shuhratparastlik, kibru havoga berilish bilan g'uluga, g'alayonga, ag'dar-to'ntarga almashinib qolishi hech gap emasligini alohida ta'kidlayapti…

…Avvalo, o'tganlar haqida gapirganimizda qandaydir sifatni qo'shib aytgimiz keladi. To'g'ri-da! Endi u banda Tangri huzuriga ketdi. Boqiy dunyoga yo'l oldi. Shu bois uning ibratli jihatlarini namuna qilib ko'rsatmoq joiz. Ammo, shundaylar borki, topganimiz sifat shaxsiyatga uzukka qo'shgan ko'zday yarashadi. A'zam O'ktam — beg'ubor shaxs edi. Ya'niki, ko'nglida kiri yo'q edi. Ehtimol, shuning uchundir yuragi nopoklar davrasida goho urindi, goho surindi. E voh, shundoq shoir qisqa umr ko'rdi. Buyuk Abdulhamid Cho'lponning umriday. Shoir talqinicha, banda shukr qilgani ma'qul; lekin ezgu narsalarni ko'proq istasa — undan ham yaxshi. Banda o'shanda farishtaga yaqinlashadi:

Qor yoqqani – izlar bosilgani ham

Xo'roz qichqirgani agar bo'lsa tong;

Shunga shukr qilib yashasa odam,

Bundan boshqasini sig'dirmasa ong –

Ko'kdan nur yog'ilmas,

Gul faqat so'lar.

 

Bunda tabiat hamda odam ruhiyatidagi turg'unlikka qarshi isyon bor. Deylik, qor yoqqani, izlar bosilgani, xo'roz qichqirig'i asnosida tong otaversa-yu, ong o'sha bir xillikka ko'nikib qolsa, ko'kdan nur yog'ilmaydi-da, demoqda shoir. “Gul faqat so'lar” – gulning qiyg'os ochilib turgani yaxshi, biroq ma'naviy turg'unlikda gul baribir so'ladi.

Bir xilda mulohaza yuritish, ongni charxlamaslik, muxtasar shaklda aytsak, tafakkur yalqovligi jamiyatni tanazzulga olib boradi. Uchinchi bandda nigoh topilmaga “qoqilib” yarqirab ketadi – “Bo'ronlar jimligi sanalsa odob” – bo'ron sukut saqlab tursa, demak, u bo'ron emas. Buni odob asnosida oqlab ham bo'lmaydi.

Ushbu she'r shoirning 1993 yilda chop etilgan “Taraddud” she'riy to'plamidan olingan. Sanasiga qarasak, 1987 yilda yozilgan ekan. Xulosa ham ajabtovur:

 

Bosh tursa ko'krakda, yelkada emas,

Ezilib, dimiqib o'lsa hamiyat;

Hech kim yo'l topmasa, chiqarmasa sas,

Bahona qilinsa muhit, jamiyat –

Uzrlar gunohdan

Yomonroq bo'lar.

 

Masalan, hozirgi yoshlar A'zam O'ktamni biladimi? U qanday jamiyatning mevasi? She'rlarining tagqatlamiga astoydil razm tashlasangiz, Istiqlol arafasida tebranishlar ifodasini ilg'aymiz. Zotan, A'zam O'ktamga tengdosh avlod vakillari – Ravshan Fayz, Chori Avaz doxil boshqa shoirlar jamiyatdagi turg'unlik to'g'risida ro'y-rost yozdilar. Bu jarayonda o'zini taftish qilish, voqelikdan qoniqish hissini tuymaslik tuyg'usi ustuvorlik kasb etadi. “Taraddud” kitobida to'rt qatorlik she'ri bor. Sarlavhasi – “Ba'zan”. Shu mittigina she'rda katta falsafa aks ettirilgan:

 

Ko'ngil hech narsadan to'lmaydi sira,

Tinchroq yasharmidim devona bo'lsam.

Tepamda osig'liq bolta – xotira,

Koshkiydi, o'zimga begona bo'lsam.

 

Qaniydi, devona bo'lib, xotiramni unutsam baxtiyor yasharmidim, deydi lirik qahramon. O'zdan begona bo'lish – xotirani unutish demak. Biroq, shoirning vijdoni bunga aslo ko'nmaydi:

 

Necha yil tishlab tilimni,

So'z demay yurdim-da jim.

So'ng tanib qoldim elimni,

Birdan o'zimni angladim.

 

Shoirni tushunish qiyin. Xususan, shovqin-suronga to'lgan zamonda. Xususan, kishanlar bo'shashgan, uzilayotgan zamonda. Negaki, jamiyatdagi inqiloblar ko'pchilikning ong-shuuriga ohista-ohista yetib boradi. Yigirmanchi asr nihoyasida Cho'lpon g'oyalarini tarannum aylagan A'zam O'ktam mazkur missiyani idrokida jamlagan va shuni ijro etgan edi. Istiqlol yilida – balki Istiqloldan oldin, balki keyin – otashin shoir yozgan ediki:

 

Toshing yog'dir, ko'zu bag'rim

Ziyosin sochganim, ey xalq.

Tamayu, ta'nayu suhbat…

Boringdan qochganim, ey xalq.

 

Faqat zohirdagi ishni

Sening hukmingga qo'ymishman,

Anglayolmassan –

Ko'ngulni –

Kima men ochganim, ey xalq.

 

Shoir ko'nglini oppoq qog'ozlarga ochadi-da! Uning nidosini faqat oqliklar eshitadi. Ammo orzu qilgan shoir shunchaki xayolparast emas. Orzu qilsang, o'sha orzuni yuksak ohanglarda baralla ayta bilsang, shuning o'zi mardlik-ku! Ehtimol, bu amal insonni farishtalarga yaqinlashtirar? Mavlono Jaloliddin Rumiy demish: “Ba'zan bizning ma'sumligimizga farishtalar havas qiladi, ba'zan esa johilligimizdan shayton qocharga joy topolmay qoladi…”. Bizningcha, A'zam O'ktamning ma'sumligi – farishtalar havas qiladigan ma'sumlik. Jamiyatdagi beg'ubor odamning o'rni aynan shu bilan o'lchansa kerak.

G'anijon ERMATOV,

Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti

sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =