Qurol emas, omoch kerak

yoxud Alyaskadagi uchrashuv xususida

Alyaskani AQShning eng sovuq shimoliy o'lkasi, shtati deyishadi. Taassufki, men ham u yerdan iliq xabarlarni kutmagandim. Xulosalarim shuki, urushni boshlash oson ishdek tuyuladi. Aslida, uni boshlash oson bo'lmasa ham, uni to'xtatish undan-da murakkab. Ayniqsa, ikki taraf ham kuchli bo'lsa…

Urushda qurbonlar hisobga olinmaydi. Stalin aytganidek, bir odam o'limi bu fojia, ko'pning o'limi esa statistika. Hozir ham aksi bo'lyapti, siyosat va diplomatiya olamida liderning liderlik maqomini va yuzini saqlab qolish muhimroq sanaladi. Shuning uchun ham hamisha “URUSh, NOMING O'ChSIN JAHONDAN!” deyishsa kerak.

Ikki tarafdan ham katta yo'qotishlar bo'layotgan bir paytda oliy rahbarlarning kelisholmagani, afsus, bu aqidaning naqadar to'g'ri ekanligini ko'rsatadi.

Nima deymiz? Afsus, deymiz! Afsus! Salkam 3,5 yildan beri tinmayotgan qonli urush yana davom etarkan, demak. Qandaydir keskin yo favqulodda vaziyat yuzaga kelmasa, yaqin kelajakda bu urush yana shunday davom etaveradi. Rossiya prezidenti Putin aytganidek, bu urushning kelib chiqishi va bunga asos yaratgan omillarni siyosatshunoslar chuqur tahlil qilishi kerak. Kelgusi qarorlarni qabul qilish, albatta, busiz bo'lmaydi.

Shu kunlarda Alyaskadagi uchrashuv bahona xotiramga bir-ikki masalalar keldi. “Masalalar”ni yaratishdan maqsad insoniyat oldida doim tanlov imkoniyati borligini ko'rsatishdir. Tinchlikni qadrlash, zo'ravonlikning oqibatlarini tahlil qilish kabi masalalar bizga hayot juda qadrli, totli ekanini, uning har bir daqiqasi g'animat va tinchlikni saqlash muhimligini ko'rsatadi.

Bugun O'zbekistonda zamon tinch va osoyishta tuyulsa ham, dunyoda shunday dahshatli voqealar yuz bermoqda…

Bir aka-uka urushga boribdi. Ikkovi ham jang qilibdi. Ammo biri qahramon bo'lib qaytgan bo'lsa, ikkinchisi nogiron bo'lib qaytibdi. Bu urush nafaqat ularning jismini nogiron qiladi, balki har ikkisining ham qalbini, yuragini qattiq yaralab, ruhan nogironga aylantiradi. Ikkisi endi qanday yashaydi hayotda? G'alabaning narxi, bahosi juda qimmat bo'lishi mumkin…

Yana bir voqea: bir o'zining kuchiga ishongan general donishmanddan g'alabaning qiymatini, ahamiyatini so'rabdi. Shunda donishmand-oqsoqol aytgan ekan: “Haqiqiy g'alaba bu — nafratning ustidan, nafsning ustidan g'alaba qilishdur, dushmanning emas!” Shunday ekan, bugungi kunda biz, insoniyat nafsimizni tiyishimiz kerak va shart!

Nima bo'lganda ham bu urushni har qanday yo'l bilan to'xtatishni o'ylashimiz zarur. Agar urushning kelib chiqishiga sabablar tahlil qilinsa, bunda birinchisi — nafrat. Nafrat esa nafsoniyatga tegishli. Nafsimizni tiyish va uni jilovlash, albatta, osonmas.

Yana bir voqeani aytsam: Urush ketayotgan edi. Erkaklarning hammasi urushda, ayollar esa kun-u tun jangchilarga oziq-ovqat yetkazib berar, yaradorlarga qarar edilar. Qishloqda faqat qariyalar va bolalar qolgan edi.

Shunda kunlarning birida bir chol eski omochni olib, uni charxlab, ta'mirlab, nimanidir xirgoyi qilib kuylardi. Buni ko'rgan xotini ranjib dedi:

— Yuragingiz tosh ekan, ey chol! O'g'illarimiz o'lim bilan yuzma-yuz jangga kirgan, butun qishloq motamda, do'stlaringiz qishloq taqdirini o'ylamoqda, sen esa bemalol omoch tuzatib, qo'shiq aytasan. Bu omochning bizga nima keragi bor? Ertaga dushman bostirib kelsa, seni ham o'ldiradi, bizni ham, omochni ham olib ketishadi!

Chol esa sekin javob berdi:

— Eh, xotin, nima deyapsan o'zi? Dushman bizni o'ldirishi mumkin, lekin omochni o'ldira olmaydi-ku! Men buzmayapman — yaratyapman. Dunyo omoch bilan turibdi: tirik qolsak, shu omoch bilan yer haydaymiz, omoch kerak bo'ladi, o'lib ketsak ham, balki kimdadir ishtiyoq uyg'onib, omochni topib, yer haydaydi. Meni duo ham qilar. Bu dunyoda nima bo'lishini hech kim oldindan bilmaydi…

Shunday: bugun BUTUN DUNYoGA OMOCh KERAK! QUROL EMAS! Omoch bilan yangi yerlarni, yangi o'lkalarni obod qilaylik, yarataylik, quraylik!

Sherzodxon QUDRATXO'JA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 16 =