Muqaddas poetik an'ana

yoxud o'zbek shoiri Yo'ldosh Eshbekning “Yig'layotgan qiz” va

ozar adibi Zakullo Bayramning “O'zga eshigida yig'lagan bola” asarlarini o'qib

Yashar QOSIM,

Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi

Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti

bosh ilmiy xodimi,

filologiya fanlari doktori, professor.

Shaxsiyati va she'riyatiga muxlis bo'lgan ikki shoirning mashhur she'rlari haqida nimadir yozish fikri ongimda birdan paydo bo'ldi. Zohiran bu shoirlar va she'rlarning “yaqinligi”ga da'vo qilish o'zimga ham g'alati tuyuldi. Ammo biroz chuqurroq o'ylab ko'rsam, turkiy dunyoning ikki qutbida — Shimoli va Janubida, Ozarbayjon va qadimiy Turkistonda biri 50 yil, ikkinchisi 40 yildan buyon tinmay qalam tebratayotgan ikki birodar va zamondosh ijodkorning tuyg'u va tafakkurlari mushtarakligida hech qanday “g'ayritabiiylik”, g'alati holat yo'q. Aksincha, o'xshash zamon va makonlarning hassos shoirlar qalbida uyg'otgan hamohang kechinmalar, qo'sha fig'onlar — esh ohlar, esh qichqiriq va hayqiriqlardir!

“Yig'layotgan qiz” (1984) va “O'zga eshigida yig'lagan bola” (1988) she'rlari deyarli bir davrda yozilgan. 70-80 yillarda qardosh O'zbekistonda o'zining xalqparvar va yurtsevar nag'malari bilan mashhur bo'lgan Yo'ldosh Eshbekning “Sening qo'shig'ing”, “Alpomish”, “Vatan”, “Qiz qo'shig'i”, “Dehqon qo'shig'i”, “Oshiq rivoyati”, “Inson” va boshqa jangovar she'rlari qatorida “Yig'layotgan qiz” ham mashhur edi. Bu qo'shiqning tinglovchilari doirasi juda keng edi. “Yig'layotgan qiz”ni nafis didli she'riyat ixlosmandlari ham, talabalaru yoshlar, paxta dalalarida tongdan to kechgacha mehnat va mashaqqat chekayotgan oddiy odamlar, fabrika va zavod ishchilari, hech qachon uyidan, qishlog'idan tashqariga qadam qo'ymagan itoatkor va mazlum ayollaru qizlar, shuningdek, olimlar, ziyolilar, yozuvchilar, siyosatchi va davlat arboblari ham yurakdan sevib tinglar, qadrlardi.

Boshdan-oyoq shoir bo'lgan, shoir sifatida tug'ilgan va hanuzgacha shoirligiga shubha bo'lmagan Yo'ldosh Eshbekning chinakam iztiroblari, o'z yurti va butun turk eliga bo'lgan pok sevgisi go'yo Sovet senzurasini ham sehrlagandi. “Yig'layotgan qiz”ning qichqiriqlari go'yo adolatsizlik, tengsizlik, jinoyat va qotilliklardan holdan toygan aybdor hamda qo'li qon jamiyatni, keng ma'noda dunyoni “ma'naviy poklanishga chorlardi”:

 

Bu og'ir bog' ichra og'ir qadamlar

Tashlab ketayotgan og'irgina qiz,

Dunyo ko'zlaringdan dunyo alamlar

Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz.

Tomchilar ko'zingdan norasidalik,

So'zga aylanmagan yonish tomchilar.

Beshafqat diydormi og'ir judolik,

Yo'qotish tomchilar, topish tomchilar.

 

“Yig'layotgan qiz” — she'rning bosh qahramoni. Faqat she'r emas, balki davrning ham bosh qahramoni yig'layotgan qizdir. Zotan, tanazzul sari shoshayotgan zamonning undan boshqa begunoh birorta qahramoni ham yo'q edi. U faqat o'z taqdiriga emas, balki elining boshiga tushgan musibatlar, milliy baxt va baxtsizlik haqida ham qayg'urib yig'lardi. “Yig'layotgan qiz”ning ko'z yoshlarida barcha opa-singillar, qizlar, onalar, buvilar, ajdod momolarning — jarohatlangan va yarador milliy xotiraning iztiroblari ifodalangandi:

 

Yo'q, seni aldagan, birov aldagan,

U seni sevgandir, yo'q, yo'q, sevmagan.

Ko'ksingga chiroyli o'qlar qadagan,

Birovlar aldagan, birov aldagan.

Tomchilar ko'ksingdan kelayotgan kuz,

Og'ular tomchilar, gullar tomchilar.

Yaqin xotiralar… idrok faromush,

Vijdoningni o'yib urar tomchilar.

Shoir “Yig'layotgan qiz” fojialarining sabablari va bu dunyo vijdonini uyg'otish mumkin emasligini chuqur anglab yetadi. U mansub bo'lgan jamiyatning vijdonsiz yashashga mahkumligini va o'zining ojizligini ham tan oladi. Bu dunyo bir mushtipar jonzotning bir tomchi ko'z yoshiga ham arzimaydi! Ammo bu yovuz va gunohkor dunyo begunohlarning ko'z yoshlari bilan poklanishni yoqtiradi.

Necha ming yillardan beri insoniyat o'zi kashf etgan ideal va ma'naviy qadriyatlardan yuz o'girib, insoniylik, insof va vijdonni unutgan holda allaqachon ularsiz yashashga, hayot kechirishga moslashib ulgurgan! Aslida, “Yig'layotgan qiz”da shoir bechora, kambag'al va yarim jonli ma'sum bir qizdan ko'ra — yetim va egasiz dunyoning holiga achinadi, uning najoti realligiga — Vijdon, Adolat va Haqiqat g'alabasiga qaytish insonning ixtiyori hamda qudratiga bog'liq emasligini ta'kidlaydi. Chunki ma'naviy jinoyatlar va gunohlardan zavqlanib yashaydigan, bechora va ojiz insonlarning ko'zyoshlaridan quvonadiganlar vijdonga umuman muhtoj emas.

“Nomusli va g'ururli odam niqobini kiyib, dunyo va insoniyatga saboq bermoqchi bo'lgan bu firibgarlarning vijdon haqida hech qanday tasavvuri yo'q. Chunki vijdon bilan yashash inson hayotining butunlay boshqa — qarama-qarshi qutbidir”. Ular hech qachon bu qutbga o'tolmaydi, hatto yaqinlasholmaydi. Vijdon va insof insoniyat hayoti va ma'naviy faoliyatining butunlay boshqa pog'onasidir. Bu pog'onaga dunyoni “aylantirayotgan” va boshqarayotganlarning umuman aloqasi yo'q. Shoirning badiiy-psixologik tashxisi juda aniq va ishonarli: “Vijdonning har dami ruhiy iztirob”. Iztirob esa qalban va ruhan ifloslangan odamlar uchun yot holat. Vijdonsizlar — gunohlardan, gunohli kunlar, oylaru yillardan to'ymaydi. Vijdon esa nohaq amallar, gunohlardan tug'ilgan azobdir, dahshatli bir ichki pushaymonlik va og'riqli tavba-tazarrudir.

Bechora va ojiz insonlarni yig'latayotgan dunyo sohiblariga bunday ma'naviy kechinmalar begona, odatda, har bir jamiyatning elita qatlami katarsisdan yiroqdir, to'g'rirog'i, ular faqat ma'naviy fazilatlarning soxta ko'rinishini yaratish bilan band bo'ladi:

 

Vijdonsiz nomusli niqobin qo'ymas,

Vijdonning har dami ruhiy iztirob.

Vijdonsiz xatosiz kunlardan to'ymas,

Vijdon bu xatodan ulg'aygan azob.

Seni yupatmoqqa jur'at yo'q menda,

Sen mening kechmishim, umrim bo'lagi.

Faqat men qayg'ular tilarman senga,

Kattakon quvonchning unsiz o'lanin!

 

Shoir go'yoki o'z sevimli qahramonini qutqarishga urinmaydi, uning najoti uchun va'dalar bermaydi. Hatto unga ulkan iztiroblar tilaydi, faqat bu iztiroblar orqali katta quvonchlarga yetishish, najot ta'mini his etish va tatib ko'rish sharti bilan! Zero, katta quvonch faqat katta iztiroblardan tug'iladi! Buyuk quvonchga erishish uchun yana va yana iztiroblar, dardlar tortish, aldanish, mag'lubiyatlarni boshdan kechirish, ko'p bor aldangan holda dunyoni yanada teranroq anglash zarurligini ta'kidlaydi shoir. U o'quvchiga milliy g'alaba ma'naviy poklanish va taraqqiyot yo'li orqali kelishini, aldanib-aldanib va yig'lab-yig'lab ideal milliy maqsad va haqiqatga erishish mumkinligini uqtiradi. Zotan, qaerdandir paydo bo'ladigan “Oq otli shahzoda”ning najotkorligi ertak, xolos, ko'pi bilan afsona yoki doston bo'lishi mumkin. Hayot va haqiqat talab qilgan najot yo'li esa — kurashish, aldanish, yig'lash, minglab qalblarning ko'zyoshlar bilan poklanishi, billurdek tiniqlashishi va komillashishidir. To'satdan najot kelmaydi, bir kechada ozodlikka erishish yolg'on! Hatto o'sha qonli va halokatli Bokuning 20 yanvar kechasi bo'lsa ham! Har bir qarich yeri ko'zyosh va qon bilan sug'orilgan Qorabog', qardosh Ukraina milliy ozodlik urushlari buni ochiq-oydin ko'rsatmayaptimi? Quyidagi misralar muallifning milliy baxt va baxtsizlik formulasidir. Bir millimetr ham xato yo yanglishlikka yo'l qo'yib bo'lmaydi. She'riy ifoda matematik tenglama, kimyoviy formula singari aniq:

 

Aldanmoq tilarman senga ko'p marta,

Aldanmoq — dunyoga nazar, anglamoq.

Aldanmoq — ko'zyoshi qilmoq, yo'q, artmoq,

Aldanmoq — kurashga otlanmoq demak.

 

Buyuk xalq iztirobining yuksak badiiy-emotsional ifodasi bo'lgan bu misralar go'yoki Buyuk milliy harakatning boshlanishi bo'lgan birinchi qadam, ilk harakat, ilk isyonkor qarordir — agar hech narsa mumkin bo'lmasa, hech nima qilolmasang, o'zingni, borlig'ingu haqiqatni ifoda etolmasang, yig'la! Hech bo'lmasa ovozingni bu kar va lol dunyo eshitsin! Hech qursa el-yurting eshitsin! Faqat yig'la! Qichqirib yig'la!

 

Yig'lamoq tilarman, qaynab yig'lagin,

Tishlaringni sekin qayrab yig'lagin!

O'nta mard o'g'loning bo'lguncha yig'la!

Yuzta mard o'g'loning bo'lguncha yig'la!

Mingta mard o'g'loning bo'lguncha yig'la!

Paymonang to'lguncha, to'yguncha yig'la!

 

Shoir nega xalqini yig'lashga chorlaydi? Zero, yig'lamoq faqat ojizlik yoxud mazlumlik belgisi emas. Yig'lamoq e'tiroz va qarshilikning birinchi bosqichi, muqaddimasidir. Bunda birgalikda yig'lash Milliy birlikning boshlanishidir. Yig'lamoq, to'g'rirog'i, birgalikda yig'lamoq, milliy faryod, dod-voy va milliy da'vo tug'ilishidir. She'r epilogida turk shoirining butun dunyo tashvishlarini, dardini o'z yelkasiga olgan Erkak obrazida gavdalanishi ko'rsatiladi. Vaqtida bu “Yig'layotgan qiz”ga, ya'ni, dunyo obraziga egalik qilgan erkak bugun ham u bilan birga bo'lishga, yuzma-yuz turib yig'lashga uyalgan bo'lsa-da, hanuz uni sevishini tan oladi. Turkning sevgisi esa har doim o'zida najotkorlik vazifasini tashiydi. Turkning sevgisi — hamisha ideal va ilohiy sevgidir:

 

Ular lazzatxo'rlar, qaroqchilardir,

Umrlari uzun, sob bo'lmas, esiz!

Bu dunyo — aslida aldoqchilardir!

Bu dunyo — aslida yig'layotgan qiz!

Men senga qo'shilib yig'lay olmasman,

Faqat bosh egaman qayg'ungga so'zsiz.

Men senga talpinib, aslo tolmasman,

Men seni sevaman, yig'layotgan qiz!

* * *

Zakullo BAYRAMning “O'zga eshigida yig'lagan bola” she'rida umumxalq va umuminsoniy mazmun bilan yo'g'rilgan fojiaviy pafos yetakchi mavqega ega. “Yig'layotgan qiz” ham, “O'zga eshigida yig'lagan bola” ham nafaqat she'riyatda, umuman olganda, so'z san'atida eng ma'sum hamda fojiaviy obrazlar hisoblanadi. Ular ko'tarib turgan ijtimoiy-estetik yuk, ma'naviy-psixologik og'irlik va milliy-emotsional mazmun jihatidan bir-biriga yiroq emas. Aksincha, ular mag'lub va mazlum millatlar badiiy arsenalidagi eng harakatchan va faol poetik figuradir. Qiziq, ularning badiiy tafakkurdagi harakat traektoriyasi, faoliyat maydoni va zamoni ham bir-biriga uyg'undir. Agar “Yig'layotgan qiz”da milliy va umuminsoniy nomus, oriyat, sharaf va qadr-qimmatning qadimiy dunyo tomonidan xo'rlanishi, tahqirlanishi badiiy-falsafiy tahlil markaziga olib chiqilgan bo'lsa, “O'zga eshigida yig'lagan bola”da milliy poklik va begunohlikning abadiy yo'qolishidan kelib chiqqan betakror iztirob, milliy nomusning poymol qilinishiga nisbatan erkaklarcha (shoirona emas!) isyon, millatning ildizini himoya qilish va asrash ehtirosi oldinga chiqadi. Har ikki she'rda biz boshimizga tushgan taqdir, fojia bilan yarashmaslik aniq ifodalanadi:

Sahar ham, oqshom ham boshini egib,

Oq kiyar, ko'k o'rar, qorayar bog'lar.

Hayotidan ranjib, taqdirdan bezib,

O'zga eshigida bir bola yig'lar.

 

Bu bola nega o'zga eshigida bosh egib turibdi? Nega uning o'z uy-joyi, o'z eshigi yo'q? Hayoti chilparchin bo'lgan, taqdiri sindirilgan bu bolaga egalik qiluvchi yo'q. Shu bois u ko'zlaridan “olov to'kadi”, suv emas, “ko'z yoshi ichadi”, quyosh unga qip-qizil, “yog'li chalpak”dek shirin tuyuladi. Taqdirsizlikning badiiy tasviri va tahlili she'rda nihoyatda muvaffaqiyatli chiqqan. Bu yetim, egasiz bolaning boshiyu sochlarini “shamollar yalab o'tadi”, oyoqlarini esa faqat toshli, cho'qqili yo'llar silaydi, o'padi… Egasiz va yetimlikdan kelib chiqqan yolg'izlik, ojiz hamda himoyasizlik shoir tomonidan tabiiy va emotsional badiiy vositalar bilan tasvirlangan:

 

Ko'zidan o't to'kar, ko'zyoshi ichar,

Quyosh ko'kdan tushgan yog'li bir chalpak.

Shamollar boshini jim yalab o'tar,

Yo'llar oyog'ini o'par onadek…

 

Dunyoning shafqatsizligi bola va dunyo qarama-qarshiligi maydonida juda aniq ko'rinadi, egasiz bola hamda dunyo to'qnashuvi esa keskin va ta'sirli. Aynan shu fon ostida “Dunyoning eng sovuq yuzi” ochiq va oydin ko'rinadi. Biz esa bir yetim bolaning baxtsizligini alam bilan vasf qilish, bu qari va shafqatsiz dunyoni yana bir bor fosh etishdan shoirning maqsadi nima, aslida?

 

Qaysi muhabbatning u ilk mevasi

Ko'z ochib gul ekdi, ko'z yoshi terdi?

Yondi tomog'imda “Ona” kalmasi —

Dunyoning eng sovuq yuzini ko'rdi…

 

Zakullo Bayram “O'zga eshigida yig'lagan bola”ning milliy mansubligini ta'kidlar ekan, uni faqat etno-milliy bir shaxs sifatida emas, balki poetik obraz sifatida tasvirlaydi, oxirgi yuz yilda u bosib o'tgan yo'lni ko'z oldimizda gavdalantiradi. To'g'risi, bu yetim, yolg'iz, “darbadar, egasiz bola” ikki yuz yildan beri o'z haq-huquqini talab qilib kelmoqda, o'z uyidan quvib chiqarilgan, ko'chalaru yo'llarda “yashamoqda”, qichqirmoqda, yig'lamoqda, faryod chekmoqda… Ammo uning nolasini eshitguvchi yo'q. Kar va ko'r dunyoning befarqligi shoir qalbida cheksiz iztiroblar uyg'otadi:

 

Qaysi tog' ko'tarar endi bu dog'ni?!

Endi qaysi zamon, qaysi bir kundir?!

Sobirning “darbadar, boshsiz bolasi”

Yotlar eshigiga sig'inar endi…

 

“O'zga eshigida yig'lagan bola” asarining badiiy pafosi va falsafasini teran anglash uchun bosh qahramonning faqat etno-milliy kelib chiqishini bilish yetarli emas. Uning fuqarolik mohiyati, Vatanining boshiga tushgan musibatlar, tarjimai holini ham bilish zarur. “Vatan” she'ri bu borada alohida vazifani bajaradi, muallif go'yo bu ikki she'rning ichki hissiy bog'liqligini tabiiy ravishda his qilgan va kitobda ularni yonma-yon joylashtirgan. Demak, “O'zga eshigida yig'lagan bola”dan “Vatan” she'riga o'tish tabiiy hol. Axir “Vatan” (ikkala she'r ham bir yilda yozilgan!) faqat “Bola”ning emas, balki shoirning ham fuqarolik tarjimai holidir:

 

Ruhim sening, tilim sening,

Salom, elim! Salom, Vatan!

Poyingda o'layin sening,

Burchim — Vatan, qal'am — Vatan!

 

Albatta, begona eshiklarda yig'layotgan bola o'z holiga, o'z qismatiga yig'laydi. U Vatanining boshiga tushganlardan bexabar. Bola uyi talon-toroj etilgani, ota-onasining yo'qligi yoki o'ldirilgani uchun ko'z yosh to'kadi, yordam so'raydi, hali katta Vatanning ham o'zi kabi ojiz ekanini tasavvur qilolmaydi:

 

Yot og'izda hushtak bo'lib,

Bizlarga mushtarak bo'lib,

Har yetganga yedak bo'lib,

O'zi chetda qolgan Vatan!

 

“O'zga eshigida yig'lagan bola”da muallif aniq, individual va vaziyatga xos fojiani tilga oladi. “Vatan”da esa milliy falokatning cheksizligi, zamoniy noaniqlik, ya'ni zamonsizlik ko'zga tashlanadi. Endi bu faqat bir ozarbayjon bolasining emas, balki butun dunyo bolalarining og'riqli yig'isidir. Zaki Bayram Yurtchi milliy qiyomatni sokin, sabr bilan, bosiqlik ila tahlil qilishni biladi. Xususan, quyidagi satrlar ham o'quvchining yuragini tiladi, lekin ularda qichqiriq, nolish, vahima yo'q. Muallif ko'rgani, his qilgani, boshidan kechirganini yozadi:

 

Men ketaman — izim qolmas,

O'tim yonadi — cho'g'im qolmas.

Hech poyingdan poyim qolmas,

Dardi mening bo'lgan Vatan!

Bir bo'stondir — u talangan,

Bir yo'lbarsdir — yaralangan,

Qalbim kabi poralangan,

Ko'nglim kabi talon Vatan!

 

“O'zga eshigida yig'lagan” boladan farqli o'laroq muallif guvohi bo'lgan adolatsizlik va fojialarni boshqa ko'z bilan ko'radi. Shoir ko'proq narsa bilgan, chuqur haqiqatlardan xabardor bo'lganligi uchun na bolaga qo'shilib yig'laydi, na unga taskin bermoqchi bo'ladi:

 

Etmas qulog'iga sasi zamonning,

Bir o'zing yig'lasang bir umr yana…

“O'zga eshigida yig'lagan”larning

Holiga yig'lagan hamon yo'q esa!

 

Gardishi davronimiz, hayotimiz go'yoki zolim o'gay ona, berahm o'gay otadek. Aynan shu sababli shoir bizga umid bermagani uchun uni ayblashga haqqimiz yo'q. Shoir qat'iy hukm chiqaradi: sening ovozing zamon qulog'iga yetmaydi! Bu banddagi qat'iylik, hukm, albatta, bolaga emas, biz kattalarga qaratilgan. Ammo yuqoridagi bandning ikkinchi va to'rtinchi misralari o'ylantiradi: ya'ni, faqat yig'lash bilan dardingga davo topib bo'lmaydi! Yana agar sening holingga o'zingdan boshqa hech kim yig'lamasa, achinmasa, unda holingga voy! She'rda quyidagi betakror misralar ham inson va dunyo kontekstida emas, aynan bizning taqdirimiz va dunyomiz nuqtai nazaridan anglanishi darkor:

 

Tinmay yig'lab-yig'lab tug'ilgan bola,

Balki o'lgunicha yig'layverajak!

 

Bu satrlarga singib ketgan Sizif azobi, Prometey iztirobi va mashaqqatining kuydiruvchi harorati yuzimizga uriladi. Va hayratga soladigan jihat shundaki, har ikki turk yurti shoirlari yolg'on so'zlash gunohini zimmasiga olishni istamaydi. Zakullo Bayram ham, Yo'ldosh Eshbek ham yig'layotganlarning holiga achinadi, ammo ularning bu ahvoldan najot topishini tasavvur ham qila olishmaydi. Har ikki shoir o'zining yig'layotgan, egasiz va yetim farzandlarini abadiy madh etishga bel bog'lagan:

 

Men senga talpinib, aslo tolmasman,

Men seni sevaman, yig'layotgan qiz!

 

O'zbek va ozarbayjon she'riyatida “Ona”, “Buvi”, “Qiz”, “Ota”, “Bobo”, “Qariya”, “Farzand”, “Bola”, “O'g'il”, “Uchinchi o'g'il”, “Uchinchi qiz” va boshqa shunga yaqin mavzularda badiiy jihatdan mukammal ko'plab poetik namunalar mavjud. Mumtoz she'riyatimiz ham o'z estetik mazmuni va g'oyaviy yo'nalishiga ko'ra badiiy tafakkurimizni ifodalovchi shu kabi etno-poetik obrazlarga boydir. Ayniqsa, XX asr turkiy xalqlar she'riyatida milliy ma'naviyat va ozodlikni tarannum etish jarayonida bu turdagi obrazlarning badiiy-estetik qiymati va ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, o'tgan asrda Ozarbayjon she'riyatida Husayn Jovid, Muhammad Hodi, Abbos Sahhot, Abdulla Shoiq, Ja'far Jabborli, Ahmad Javod, Mikoyil Mushfiq, Samad Vurg'un, Baxtiyor Vahobzoda, Ali Karim, Mammad Araz, Xalil Rizo Uluturk, Fikrat Qo'ja, Fikrat Sodiq, Mammad Ismoil, Iso Ismoilzoda kabi o'nlab boshqa shoirlar ilhom bilan yaratgan ona, ota, o'g'il, qiz, farzand, bola obrazlari va shu mavzulardagi o'ziga xos she'rlari fikrlarimizni tasdiqlaydi.

O'zbek mumtoz va zamonaviy she'riyatida ham, xususan, Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Oybek, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Shuhrat, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Cho'lpon Ergash, Jamol Kamol, Muhammad Ali, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Azim Suyun, Muhammad Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Qo'chqor kabi qator ijodkorlar asarlarida momo va bobolarimizga, otayu onaga, o'g'il va qizga, uchinchi o'g'il va uchinchi qizga katta muhabbat bilan yozilgan go'zal hamda emotsional she'rlar, obrazlar mavjud.

Yuqorida taqqoslab ko'rib chiqqanimiz O'zbekistonning taniqli so'z san'atkori Yo'ldosh Eshbekning “Yig'layotgan qiz” hamda Ozarbayjonning iste'dodli shoiri Zakullo Bayramning “O'zga eshigida yig'lagan bola” she'rlari har ikki birodar xalq she'riyati va adabiyotida chuqur ildiz otgan qadimiy hamda nihoyatda insonparvar adabiy tajribaning yorqin namunasi bo'lib, ming yillardan beri avloddan-avlodga o'tib kelayotgan, zamonlar o'tgan sayin teranlashayotgan muqaddas poetik an'anani yanada boyitmoqda, desak, mubolag'a bo'lmas.

Ozarbayjonchadan

Rahmat BOBOJON

tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + eighteen =