To'qima “rivoyat” emas, asosli taxmin to'g'ri
Yaqinda hazrat Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilayotib, quyidagi baytga diqqatim oshdi:
Meni bir mug'bacha oshuftavu volih qilmish,
Naylay islom aro gar ko'p esa mirzovu mirak.
Albatta, bu baytga so'zma-so'z izoh berish shart emas, o'zbekchani o'zbekchalashtirishning hojati yo'q. Biroq so'z mulkining sultoni bizning quvvai hofizamiz doirasidan ancha yuksaklikda turib qalam surganini inobatga olsak, ayrim timsolmonand so'z va iboralarga lug'aviy shuur shu'lasini ravona aylashga to'g'ri keladi. Xususan, mug'bacha — bu so'z (mazmunan, mug' qizalog'i, yoshgina go'zal bir majusiy) mumtoz adabiyotda soqiy, shohid, oshiqni asir etgan go'zal singari botiniy ramziy ma'noda ishlatiladi; zohiran esa majusiyni, ya'ni islomdan boshqa din vakillarini anglatadi. Tasavvuf shoirlari buni ishq ramzi sifatida talqin qiladilar. Shuning uchun ham muhabbat sharobini tutuvchi soqiy ko'pincha “mug'” yoki “mug'bacha” deb ataladi. Baytdagi oshuftavu volih — “hayrat va muhabbatda hushidan ayrilgan zot, ya'ni oshiq” ahvoloti. Kaminaning e'tiborimni tortgani: mirak — “saroy ahli, amaldor” degani. Nima sababdan bu so'zga alohida qiziqqanimga keyinroq to'xtalaman.
Demak, tasavvufiy talqinda mazkur bayt shunday ma'no yukini ko'tarib turibdi: “Bir mug'bacha, ya'ni ilohiy ishq soqiysi meni oshufta va volih (behush) qildi. Islom ichida mirzoyu miraklar (ya'ni zohiriy ilm sohiblari, ulamolar, amaldorlar) bo'lsa ham, mening haqiqiy yo'limni ular emas, ana shu soqiyning mayi (ilohiy ishq) belgilaydi”.
Shuningdek, nuktadon Alisher Navoiy bobomizdan biz qiziqqan mavzuga doir yana bir bayt:
Bir usruk elni chiqib qirg'an ermish, ey Lutfiy,
Sening begingmu ekin, yo bizing mirakmu ekin?
Bunga izoh ortiqcha. Chunki o'zboshimcha yovuz niyatli bek yoki mirakning badbinligidan aziyat chekkan shoir iztiroblari yaqqol seziladi. Demak, bu baytdan ham anglashiladiki, mirak — bekka teng darajadagi amaldor.
Bu so'zga urg'u berayotganimning boisi shundaki, Qashqadaryo tog'larida Miraki degan mashhur diltortar maskan bor. Yaqinda qaysi bir ekranda uning go'zal manzaralari namoyish etildi va unda intervyu bergan bir mahalliy vakil aytib bergan “rivoyat” asossizligidan — mantiqsizligidan nihoyatda kulgili ekanligi sababidan uni takrorlashni lozim topmadim.
Qissadan hissa shuki, yuqoridagi har ikkala mumtoz baytdan anglashilib turganidek, Miraki — obro'li bir mirakka, ya'ni o'sha davrning nufuzli amaldoriga tegishli joy bo'lgan. Xuddi Qarshi — shoh saroyi bo'lgani kabi.
O'ylaymanki, qadrli hamyurtlarim bu ma'lumotdan keyin o'zlari yashayotgan joy – Miraki nomining toponimi xususida aniq tasavvurga ega bo'ladilar, eng muhimi, manbasi yo'q rivoyatlar to'qishga hojat qolmaydi va bunday asossiz “rivoyat”ga ishonishga ham majbur bo'lmaydilar.
Safar OLLOYoR,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.