Nurga yo'g'rilgan umr

O'zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, 44 yoshida O'zFA muxbir a'zosi etib saylangan, filologiya fanlari doktori… Bosib o'tgan yo'llariga nazar tashlash ham juda maroqli: Toshkent davlat universiteti talabasi, maktabda o'qituvchi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranti, shu yerda kichik, so'ng katta ilmiy xodim, ilmiy kotib, bo'lim boshlig'i; O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zbek tili va adabiyoti” jurnali bosh muharriri, Jamoat fikrini shakllantirish bo'yicha O'zbekiston milliy ishchi guruhining rahbari…
Juda ko'p kitoblar, monografiyalar, darsliklar, adabiyotimizning u yoki bu hodisalari, dolzarb muammolariga bag'ishlangan ikki yuzdan ortiq adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi. Turli xalqaro anjumanlarda o'qilgan purmazmun ma'ruzalar ta'rifi esa alohida…
Baxtiyor Nazarov juda zukko, bilimdon, iste'dodli va nozikfahm olim edi, juda ko'p o'qirdi, izlanardi. Olim adabiyotda paydo bo'lgan har bir asarni sinchkovlik bilan kuzatib borar, aytish mumkinki, hech biri uning nazaridan qochmas, darhol munosabat bildirar, har biri haqida o'zining qat'iy va muqim fikriga ega edi.
Asarni tushunish degan gap bor. Tushunganda ham, asarning to'liq mohiyatini anglash, chuqur mulohazalardan so'ng adolatli baho berish, maqtalganda ham, tanqid qilinganda ham yozuvchini avaylash, ijodkor bilan o'quvchi orasida samimiy bog'lovchi vazifasini ado etish, unga tushuntiruvchi yo'llanma-tavsiya berish olimdan katta insof va sezgirlikni talab etadi. Baxtiyor Nazarov bu jihatlarni bag'oyat chuqur anglardi. U akademik Matyoqub Qo'shjonovning shogirdi edi, u kishidan ijodkorga xolis, beg'araz yondashishni o'rganar va ustoz haqida ko'p eslardi.
Ijodiy do'stlik va insoniy do'stlik — bu bir-biriga yaqin tushunchalar.
1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi O'zbekistonda va jahonda keng nishonlandi. Parijda Sohibqironga bag'ishlangan yig'inlar bo'lib o'tdi. Bu katta voqea bo'lgandi. Dunyoning ko'p mamlakatlaridan kelgan taniqli temurshunos olimlar Toshkentda Amir Temurga bag'ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etdilar. Taqdir taqozosi bilan anjumanda kaminaga ham “Amir Temur siymosi tarixda va adabiyotda” nomli ma'ruza bilan qatnashish nasib etdi. Baxtiyor Nazarov anjumanda o'zbek adabiyotida Amir Temur mavzusi haqida ma'ruza qildi. O'shanda u kaminaning “Sarbadorlar” roman-dilogiyasiga to'xtaldi va birinchi marta o'zbek adabiyotida (roman 1990 yilda “Sharq yulduzi” jurnalida e'lon qilingandi) nasrda Sohibqiron Amir Temur obrazi yaratilganini aytib, qo'llab-quvvatlab gapirdi.
Ijodiy do'stligimiz bora-bora qalin insoniy qadrdon do'stlikka aylanib ketdi. Baxtiyor she'rlar yozardi, yaxshi, pishiq she'rlar. “Bularni e'lon qilish kerak ekan”, desam, “Yo'q… Bu o'zim uchun yozilgan she'rlar…” deb yon bermasdi.
Baxtiyorning xotirasi bag'oyat kuchli edi. Ko'p bor guvoh bo'lganman. Ajoyib voqea hech esimdan chiqmaydi. 2013 yilda yigirma yildan beri yozayotgan “Ulug' saltanat” roman-epopeyasining to'rtinchi kitobi — “Shohrux Mirzo” romaniga nihoyat nuqta qo'yildi. Yozuvchilar uyushmasida romanning muhokama kuni aniqlandi. Baxtiyor Nazarov, Qozoqboy Yo'ldoshev, Islomjon Yoqubov, Adhambek Alimbekov, Omonullo Bo'riyev va boshqa tarixchi, yozuvchilar to'plandilar. Baxtiyor Nazarov bosh ma'ruzachi qilib belgilangan edi…
Birdan muammo chiqdi: shu kuni yuz bergan kutilmagan voqea bilan chalg'ib, Baxtiyor… muhokamaga o'qilgan roman qo'lyozmasini unutib uyda qoldirib kelibdi! Uyga borib kelishga esa vaqt ketadi… Odamlar yig'ilgan…
— Yo'q, uyga borib yurmaymiz! — dedi birdan Baxtiyor hammani hayron qoldirib. — Qo'lyozmasiz ham ma'ruza qilaveraman. Roman, belgilarim hammasi esimda turibdi…
To'rt yuz betdan oshiq romanni yodda saqlash, sahifalarda qilingan tuzatishlar, mulohazalar, takliflar, fikrlarni esda tutish… juda mushkul.
Hamma Baxtiyor Nazarovga hayrat bilan tikildi.
Baxtiyor xotirjam ma'ruzasini boshladi, romanning yutuqlari, uning katta epopeyaning yakunlovchi qismi ekanligi, adabiyotimizda birinchi roman-epopeya ekani va boshqalar haqida so'z yuritdi. Qo'lyozmani sinchiklab o'qiganini namoyish qildi! Romanning oxirida keltirilgan sirli “69” raqami (Muhammad Sulton ko'chirayotgan Qur'oni karimning 69-Al-Haqqa” surasida to'xtagani, Sohibqironning shu payt 69 yoshda ekani, yana Sohibqiron tushida ko'kka qarab chiqib borayotganda narvonning 69-pog'onada yo'q bo'lib qolishi…) haqida mulohaza yuritib, ajabo, “69” raqamini o'ngidan o'qisa ham, tersdan o'qisa ham o'zgarmasligiga diqqatni qaratgan edi. Qo'lyozma haqida tanqidiy mulohazalar to'g'risida so'z ketganda, u: “Men buni sahifada yozib qo'yganman”, “Falon bobida shuni aytganman”, “Buni ham belgilaganman…” — deb izohlar edi.
“Ulug' saltanat” roman-epopeyasining 4-nashriga (2019) Baxtiyor Nazarov “Tarix va badiiy talqin” nomli teran mazmunli salmoqli so'zboshi yozib berdi va unda roman-epopeya janri, talablari haqida so'z yuritdi. Mazkur so'zboshi epopeyaning 2024 yilda amalga oshirilgan o'zbekcha va ruscha nashrlarida ham e'lon qilindi.
Baxtiyor Nazarov nihoyatda samimiy inson, bag'rikeng, hazilkash, chinakam do'st edi. Safarlarda ko'ngil tilaganday hamroh, suhbatdosh… Ayniqsa, 2017 yilda bir guruh do'stlar Surxondaryoga safar qilganimizda, Baxtiyorjon davraning guli bo'lib borib kelgandi.
Baxtiyor Nazarovning ilm, ma'rifat va adabiyot fidoyisi ekani yaxshi ma'lum. Umrining oxirlarida dard uni to'shakka yotqizib qo'ygan pallalar hol so'ragani borganlarimda, adabiyot, ijod haqida ko'p suhbat qurardik. Niyatlari katta edi.
Bir safar u qiziqib, hozir qanday asar yozayotganim haqida so'rab qoldi. Ittifoqo, shu payt ajdodimiz, milliy qahramonimiz Spitamen qizi Apamaning o'ninchi avlodi, Misr malikasi Kleopatra haqidagi romanni yozib tugatgan edim. U eshitib, bunday dedi: “Juda ajoyib! Romanni… qiyin bo'lmasa, menga o'qib bersangiz bo'ladimi?.. U haqda maqola yozaman. Toki maqola roman jurnalda e'lon qilinishi bilan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bosilib chiqsin!.. Chingiz Aytmatov shunday yo'l tutardi, esingizdami? Yangi qissasi “Novыy mir” jurnalida bugun chiqsa, ertasiga “Literaturnaya gazeta”da unga bag'ishlangan maqola e'lon qilinardi…”
Men do'stimning ko'nglini ovlab, noutbukni ko'targancha Baxtiyorjonning xonadoniga boraman. Yonida o'tirib, “Kleopatra” romanini o'qishga tushaman. Baxtiyorjonning mehribon rafiqasi Muharramxon choy damlab beradilar, bizdan xabar olib turadilar. Baxtiyor diqqat qilib tinglaydi, idroki tiniq, aqli ravshan, xayoli toza, aslo dardning asorati sezilmaydi. Yo'l-yo'lakay romanni yaxshilash borasida o'z mulohazalarini aytadi, so'zlar tavsiya qiladi, men barini daftarga yozib olaman… Charchab qolmaslik uchun har kuni ikki-uch bob o'qiymiz.
“Kleopatra” romani yigirma sakkiz bobdan iborat edi. Yigirma besh bobini mutolaa qildik. Juda maroqli bo'ldi. Bor-yo'g'i uch bob qoldi… Afsuski, mana shu uch bobni o'qib tugatish, roman haqida o'zi niyat qilgan maqolani yozish Baxtiyor do'stimizga nasib etmadi, beomon taqdir hukmi o'zgacha bo'ldi…
Akademik Baxtiyor Nazarovning umri ilm-ma'rifat, ijod-adabiyot nuriga chulg'angan edi. U yetuk adabiyotshunos olim, ona adabiyotimizni, ijod olamini, badiiy mahorat sirlarini puxta o'rgangan mashhur allomalar Matyoqub Qo'shjonov, Izzat Sulton, Aziz Qayumov, Begali Qosimovlar qatorida turadigan siymodir.
Muhammad ALI,
O'zbekiston xalq yozuvchisi.