Omadli adib qutlug' yoshda

O'tgan asrning saksoninchi yillarida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida tahsil olgan biz talabalar Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xudoyberdi To'xtaboyev, O'tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Erkin A'zam, Xayriddin Sulton, Tog'ay Murod, Mirzapo'lat Toshpo'latov kabi yozuvchi-shoirlarga havas bilan qarardik. Ularning aksariyati shu dargohda tahsil olgani bilan g'ururlanardik va ular izidan borishga harakat qilar edik. Ana shu ustoz adib-shoirlar milliy adabiyotimizni qanchalik yuksaklarga olib chiqqanini ularning qator asarlarini qunt bilan mutolaa qilganlar his etadilar.

XX asrning birinchi yarmi boshlarida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Behbudiy kabi jadid bobolarimiz milliy istiqlol orzusi, millat qayg'usi bilan yashab ijod qilgan bo'lsalar, yuqorida nomlari qayd etilgan yozuvchi-shoirlar o'z davrida millat sha'ni, milliy qadriyatlar va nihoyat, yurtimiz mustaqillikka erishishi yo'lida mardona kurashganlari baayni haqiqat. O'zimiz sevib mutolaa qilgan betakror asarlar qanchalik hayot maktabiga aylangan bo'lsa, ularni yozgan ustoz yozuvchi-shoirlar odamiyligi, muomala madaniyati, jamiyatda tutgan o'rniga hamisha havas bilan qaraymiz. Ular Vatanga sodiqlik, millatparvarlik, elparvarlik fazilatlari bilan ibrat ko'rsatganlari o'zi alohida mavzu, albatta degimiz keladi.

Umrini ijodga baxsh etgan zahmatkash ijodkor Mirzapo'lat Toshpo'latov 1950 yili Qarshi tumanining Dashtfayziobod qishlog'ida tug'ilgan. 1976 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagach, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy-badiiy targ'ibot markazida, turli matbuot nashrlarida, “O'zbektelefilm” studiyasida samarali faoliyat ko'rsatdi.

Yozuvchining 1974 yilda “Guliston” jurnalida chop etilgan “Sodiq” sarlavhali ilk hikoyasi adabiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg'otib, ustoz adiblar e'tiboriga tushdi. So'ng Odil Yoqubov, Asqad Muxtor kabi ustoz adiblardan saboq olgan Mirzapo'latning birin-ketin “Yurakdagi sir”, “Beorom to'lqinlar”, “Baxt yulduzi”, “Oyni axtarayotgan bola”, “Sanam tog'idagi gulxan”, “Saylanma” singari qissa va hikoyalardan iborat to'plamlari kitobxonlar qalbidan joy oldi. Uning asarlari asosida suratga olingan “Olov qa'ridagi farishta”, “Gunoh”, “Tavba”, “Muallif”, “Zanjir”, “Muzaffar” badiiy filmlari ko'plab kino muxlislarini maftun etdi.

Serqirra ijodkorning tarixiy mavzudagi “Muqanna” (“Sanam tog'idagi gulxan”), “Maydon” singari asarlarida mard va tanti ajdodlar tarannum etilgan bo'lsa, qator hikoya va qissalarida ezgulik, odamiylik, insof va diyonat ulug'lanadi. Adib asarlari asosida suratga olingan “Gunoh”, “Tavba”, “Olov qa'ridagi farishta” filmlari buning yorqin misolidir.

— Ijod bo'stonida menga bir omad kulib boqqan, — dedi Mirzapo'lat aka. — Ilk to'plamlarim chiqqan paytlari “O'zbekfilm” mas'ullaridan biri To'xtasin aka hikoyalarimni o'qib, uni Farhod Haydarov degan rejissyorga beribdi. Shu tariqa meni ikkalasi izlab topishdi. To'xtasin aka va Farhod Haydarov menga: “Yurakdagi sir” sarlavhali hikoyangizni film qilamiz”, deyishdi. Bu lutfdan xursand bo'ldim, albatta. U paytlari yosh edim. Ular ssenariy yozish yo'l-yo'rig'ini tushuntirishdi. Bir-ikkita ssenariyni o'qib ko'rdim. Keyin shu janrga ham qo'l urdim. Ssenariy ularga va eng muhimi, aktyorlarga yoqdi. Bu filmni Shahrisabz va Toshkent mahallalarida suratga olishdi. Film ekranlarga chiqqanida ancha shov-shuv bo'ldi. Panorama zalining ko'p ming kishilik joyi liq to'lgandi. Tomoshabinlar orasida Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, To'lepbergen Qaipbergenov va boshqa adiblar ham o'tirishgan edi. Ko'p o'tmasdan ssenariyni kengaytirib, “Gunoh” filmining “Tavba” qismini ham suratga olishga kirishildi. Yana ishni davom ettirdik. “Tavba” badiiy filmi suratga olindi. U filmni ham tomoshabinlar katta qiziqish bilan kutib olishdi. Shu bilan yana “Yurakdagi sir” hikoyasi asosida “Olov qa'ridagi farishta” ham tasvirga olindi. Bitta hikoya asosida 3 ta film ekranlashtirildi. Shu tariqa birinchi kitobim bilan kino olamiga kirib kelganman. Eng qizig'i, garchi aktyorlikdan yiroq bo'lsam-da, “Zanjir” seriali boshlanishida bir epizodda o'zim ham rolga kirishib ketganman. U paytlari, ya'ni 1980-1990 yillarga qadar hayot juda boshqacha edi. Har bir insonning ovoz chiqarib aytolmagan orzulari bo'lar edi. Ya'ni “Qani edi yurtimiz mustaqil bo'lsa, ona tilimiz davlat tili bo'lsa, milliy armiyamiz bo'lsa” degan orzularning cheki yo'q edi. Elimizning bu kabi dardlarini “O'ta maxfiy daftar” nomli qissam orqali yoritishga harakat qildim. Asar dastlab gazetada e'lon qilinganida ancha shov-shuv bo'lgan… Men ko'pdan beri orzu qiladigan yana bir gap shuki, bizda kino bo'ladigan asarlar ko'p. Aytaylik, Mirkarim Osim, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Tog'ay Murod, Shukur Xolmirzayev, Ne'mat Aminov, O'ktam Usmonov, Erkin A'zam, Xayriddin Sulton, Shoyim Bo'tayev, To'lqin Hayit singari yozuvchilarning dunyoga tatiydigan asarlari kam emas. Endi o'sha asarlarni qunt bilan o'qib, suratga oladigan yaxshi rejissyorlar kerak.

Darhaqiqat, adibning “Farishta” sarlavhali hikoyasi asosida suratga olingan shu nomdagi seriali ham katta muvaffaqiyat qozongan. Asar qahramonlari shahar ozodaligi, sofligi uchun kurashadigan obodonlashtirish boshqarmasi ishchilarining shahar hayotida tutgan o'rniga bag'ishlangan. Agar ular 4-5 kun ishlamasa, shaharning holi xarob bo'ladi. Afsuski, ba'zi odamlar ularni kamsitishadi. Bu mavzuni adib mahorat bilan ssenariy qilib yozdi. “Madaniyat va ma'rifat” telekanali ijodkorlari uni serial qilishdi. Serialda o'zgarishlar kiritilgan. Albatta, kitob bilan serialning o'rtasida ancha farq bor. Kinomuxlislarga serial yoqdi, lekin kitob haqida undan ham ko'proq ijobiy fikrlar aytilgani muallifga yanada ilhom baxsh etdi!

Yozuvchi Mirzapo'lat akaning orzusi: tarixga tosh otmasdan Sohibqiron Amir Temur, Spitamen, Muqanna, To'maris, Go'ro'g'li, Alpomish kabi qahramonlar haqida sermazmun filmlar yaratilsa.

— Adabiyot — millat yuzi. Adabiyot — tilimiz, tariximiz, borlig'imiz. Adabiyoti yo'q ellar millat bo'lolmaydi, — deydi adib. — O'zi asar xalq uchun, xalq manfaati uchun yoziladi. Asli adabiyot inson ruhiyatini, hayotini o'zidan olib, o'ziga beruvchi va tarixga qoldiruvchi vosita. Men “Zanjir” serialida yurtimiz mustaqilligini e'zozlashga harakat qilganman. Allohga beadad shukrki, orzu-umidlarimiz ro'yobga chiqdi. Serialni tomoshabinlar qanchalik yaxshi kutib olishganini izohlashga hojat bo'lmasa kerak. Kino muvaffaqiyat qozonishida rejissyor Sanjar Boboyevning xizmati katta, albatta. U har bir detalgacha maslahatlashib ish qildi.

Qo'liga qalam tutgan onlaridanoq qalbida eng avvalo milliy tuyg'ulari jo'sh urgan adib, taniqli dramaturg, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Mirzapo'lat Toshpo'latov milliy adabiyotimiz karvoniga yaqinda yana bir kitobini tuhfa etdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Shaffof” nashriyotida chop etilgan “Oyni axtarayotgan bola” qissalar to'plami 1000 nusxada chop etildi. To'plamdan “Zanjir yoxud maxfiy daftar”, “Oq kiygan jangchilar”, “Oyni axtarayotgan bola”, “Tonggi farishta” singari qissalar o'rin olgan.

Bugun 75 bahorni qarshilayotgan adib Mirzapo'lat Toshpo'latov hamon jo'shqin ijod maydonida. Toshkentning eng so'lim go'shalaridan sanalmish “Shoirlar uyi”da tunlari chirog'i o'chmay qalam tebratayotir. Millatparvarlik, vatanparvarlik tuyg'ulari u kishining har bir satrida ufurib turadi.

To'lqin EShBEK,

Mirzo Ulug'bek nomidagi

O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 10 =