“Bir ko'ngil imorati…”

(yoxud 60 yoshni qarshilayotgan shoir do'stimiz Minhojiddin Mirzo haqida dildagi gaplar)

Ko'ngil yaqin insonlar yig'ilishib turadigan bir davramiz bor. Bu davraning tashkil bo'lganiga o'n besh yildan oshibdiki, barcha ishtirokchilar har yig'inni orziqib, sog'inib kutamiz. Chunki asosan matbuot, televidenie, noshirlik sohasida faoliyat yurituvchi insonlar bo'lganligimiz uchun suhbatlarimiz ham ana shu yo'nalishlar atrofida bo'ladi. Yaxshi maqolalar, ko'rsatuvlar, kitoblar suhbatlarimiz mavzusiga aylanadi. Qisqasi, har kim o'ziga kerakli ma'naviy ozuqa oladi.

Ushbu davramizning oqsoqoli, shoir, jurnalist Abdunabi aka Boyqo'ziyev bir safar shunday deb qoldi:

— Qatorimizga Minhojiddin Mirzoni ham taklif qilsak, nima deysizlar?

Qani edi, shunday bo'lsa! Chunki davradoshlarga bu nom yaxshi tanish. Balki faoliyatlari davomida u bilan yo'llari kesishgan, xuddi men kabi bir-ikki suhbatdosh ham bo'lgan bo'lishlari mumkin.

Meni Minhojiddin Mirzo bilan andijonlik ustoz shoir Olimjon Xoldor tanishtirgandi. U “Sharq” nashriyotiga navbatdagi kitobi qo'lyozmasini olib kelgan va bu tashrifga Minhojiddin hamrohlik qilgandi. “Ming oy” deb nomlangan ushbu kitob muharrirligi menga topshirilgandi.

Toshkent shahri markazidagi o'n olti qavatli soatli binoda “Sharq” nashriyoti Bosh tahririyatidan tashqari ko'plab gazeta-jurnallar ham joylashgandi. Minhojiddin “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallariga bosh muharrir bo'lgan yillarda u tahririyatimizga kirib turar, yozuvchi va noshir Erkin Malik huzuriga yozuvchi Tohir Malik tashrif buyurgan kunlarda Minhojiddin Mirzo ham bu ijodiy suhbatlarda hozir bo'lardi.

Endi yuqoridagi Abdunabi akaning taklifiga qaytsak. O'shanda katta idorayu davralarni ko'rgan odam uchun bizning oddiygina gashtagimiz ma'qul kelarmikin, deganga o'xshash o'y o'tgan edi har birimizning xayolimizdan.

Lekin Abdunabi aka bir gapni shunchaki gapirmaydi. Ko'pni ko'rgan odam. U bilgan, sezgan, his qilgan narsani balki biz bilmasmiz?

Taklifni ma'qulladik. Minhojiddin navbatdagi “gap”imizga keldi. Keldi-yu… ming yillik qadrdonlardek qatorimizga singishib ketdi. Davramiz yanada jonlandi. Adabiyot haqidagi suhbatlarimizga yanada shira kirdi.

Ayni shu yillarda men poytaxtdan Marhamatga qaytdim. To'qson yoshni qoralayotgan dadamning yonida bo'lish uchun shu qarorga keldim. Oilamdagilar, ishxonamdagilar, do'stlar meni to'g'ri tushunishdi.

Lekin oyda bir yig'iladigan davramiz xumori meni doim tutaverardi. Toshkentga boradigan bo'lsam, albatta, o'sha yig'inda ishtirok etishga, shirin gurunglardan bahramand bo'lishga harakat qilardim. Ana shu suhbatlardan birida Abdunabi  aka shunday dedi:

— Sizga havasimiz keladi. Otangizga qarayapsiz, duolarini olyapsiz. Otangiz bundan-da ortig'iga arziydigan inson. Barakalla.

Abdunabi akam nimani nazarda tutayotganini bilaman. Dadamning sinovli hayotini so'zlab berganman. She'riyatga havasmandligini aytib, mashqlaridan ham ko'rsatganman. “Otangiz Toshtemir ota katta shoir ekan, gapimda mubolag'a yo'q. Albatta yo'qlab Marhamatga boramiz, duolarini olamiz”, degandi o'shanda.

Abdunabi akaning bu taklifini astoydil qo'llab-quvvatlagan Minhojiddin Mirzo bo'ldi. Ayniqsa, Abdunabi akaning dadam haqidagi maqolasidan keyin: “Atayin Andijonga borib duolarini olmasak bo'lmaydi”, — debdi Minhojiddin.

Nihoyat o'sha kun keldi. Qurbon hayiti kunlarida yo'lga chiqiladigan bo'libdi. 2025 yil 7 iyun, shanba — hayitning ikkinchi kuni. Yoz kunlari bo'lishiga qaramay Marhamatda ertalabdan yomg'ir shivalab yog'yapti. Havo salqin. Atrof ko'm-ko'k. Yaratganning ana shunday ulug' kunida hovlimizga Minhojiddin boshchiligida do'stlar — Murodjon, Azizbek, Abdullajon, Saidjon, Murodali, Musulmonbek, Mirkomil kirib keldilar.

Biz xonadon egalari — ukamdan tortib singlimu jiyanlarimgacha hayajonda edik. Axir, Toshkentdek shahri azimdan dadamizni ziyorat qilishga do'stlar kelishdi. Quvonmay bo'ladimi? Men ko'cha darvozadan uzun yo'lak orqali boriladigan hovli etagidagi uy ayvonidagi so'rida o'tirgan dadamga mehmonlar kelganini aytdim. Ko'zlari deyarli ko'rmay qolgan dadam bu xabarni eshitib o'rnidan turishga harakat qila boshladi. Oyoqlari o'ziga bo'ysunmadi. Buni ko'rgan Minhojiddin chaqqonlik bilan dadamning cho'zilgan qo'llarini kaftlari orasiga oldi:

— Assalomu alaykum. Bezovta bo'lmang, qimirlamang.

— Bu shoir Minhojiddin Mirzo. She'rlarini o'qigansiz, — tanishtira boshladim.

— E-e, ha, ha, — dedi dadam endi quchog'ini ochib. — Vaalaykum assalom. O'qiganman, o'qiganman. Xush kelibsizlar.

— Bu Azizbek, iqtisodchi olim, tadbirkor.

— Bu Murodjon, televidenieda muharrir.

— Bu Abdullajon, noshir.

— Bu Musulmonbek, — “Daryo” internet sayti jurnalisti.

— Bu Murodali… — shu tarzda mehmonlar bilan tanishtirib chiqdim. Ular dadam bilan salomlashish uchun so'ri chetiga kelishar, dadam har biri bilan bag'irlashib ko'rishish niyatida quchog'ini ochardi. Tanishtiruv tugagach Minhojiddin do'stlar nomidan dadamning yelkasiga bejirim yengil chopon yopdi. Bunday ehtiromni kutmagan dadam hayajonlanganidan “iya-iya” deya bir so'zni takrorlardi.

Shu orada Minhojiddin kimgadir qo'ng'iroq qildi. U yoqdan javob bo'lgach, telefonni dadamning qo'liga tutqazarkan:

— Bu Abdunabi akam. Bugungi tashrifimizning asosiy sababchisi. Bir oz betoblanib, kelolmadilar, — deya tushuntirdi.

Dadam “Shundaymi, shundaymi”, deb telefonni qulog'iga tutdi. Abdunabi akamga minnatdorlik bildirib, takror-takror rahmatlar aytdi.

Tanishuv va hol-ahvol so'rash tugagach, dadam mehmonlar haqiga duo qildi.

Yomg'ir hamon maydalab yog'ar, havo salqin, kayfiyatimiz kabi yoqimli edi. Nazarimda hovlimizni bu qadar fayzli va tarovatli ko'rmagandim.

Mehmonlarni ichkariga taklif qildim.

— Otamiz-chi? — dedi Minhojiddin dadam joyidan qimirlamay o'tirganini ko'rib.

— Mendan xijolat bo'lmanglar. Qarichilik, — dedi dadam. — Sizlar kiringlar.

— Unda biz ham shu yerda o'tira qolamiz, — dedi Minhojiddin astoydil.

— Dadamga shu joy qulay, o'rganganlar. Ukam, jiyanim doim yonlarida.

Shundan keyingina mehmonlar ichkariga kirdilar. Shu pallada dadamning jiyani, ham yon qo'shnimiz Norqo'zi akam kelib qoldi.

— Chiqqaning yaxshi bo'ldi. Mehmonlar yoniga kir, — dedi qistab dadam.

Dasturxon atrofiga joylashib olishgach, Minhojiddin Norqo'zi akamga qarab:

— Oramizda yoshi ulug'i siz ekansiz, aka. Bir duo qiling, — deya lutf qildi.

Tabiatan tortinchoq bo'lgan Norqo'zi akam o'tirganlarning “siri” bosdimi, bir oz hayajonlanib duo qildi.

Men mehmonlarning ko'nglini ololdimmi yoki yo'qmi, bilmadim. Lekin Minhojiddin bu davrani go'zal, ma'noli suhbatlari bilan tezda o'ziga rom qilib oldi. Qizig'i, u biron mavzuni o'zi tashabbus qilib boshlamasdi. Suhbatdoshlari boshlagan mavzuni — u adabiyot, tarix, ilm-fan,  texnika olamidagi yangiliklar bo'ladimi — barchasini juda aniq misollar bilan to'ldirardiki, hayratlanmaslikning imkoni yo'q edi.

U tutilmay, dona-dona qilib so'zlar, shuning uchun hammaga tushunarli va qiziqarli edi. Uning gaplari shirali, fikrlari teran, balandparvoz jumlalardan yiroq, davraning ruhiga mos edi. Eshituvchini so'z bilan goh kuldirib, goh o'yga toldirib sehrlab olardi. Bunday rutbaga Alloh bandasiga yuqtirsagina erishishini Minhojiddin timsolida ko'rib turardim.

Nazarimda, suhbat juda qiziqarli davom etar, mavzular o'zgarib turar, Minhojiddin boya aytganimdek har sohaning bilimdoni kabi tahlil qilardi-yu, lekin o'zi sevgan adabiyot, she'riyat davra suhbatining mavzusiga aylanishiga shoshilmasdi. Mening esa ichim qizib borardi. Negaki, ular bu yerdan chiqib, yana bir joyga borishlari kerak edi. Vaqt esa o'tib borardi. Nahotki bugun bu yerda she'riyatdan so'z ochilmasa, she'r o'qilmasa? Bir muddat o'tib, bu savolning javobini ham topganday bo'ldim. Axir bu yerda hozir bo'lganlar turli soha vakillari. Zo'rma-zo'raki she'riyatdan gap ochish hammaga ham xush kelmas. Bu javobim o'zimga ham ma'qul keldi. Minhojiddinning zakiyligiga qoyil qoldim.

Endi tashabbusni o'zim ko'rsatmoqchi bo'ldim. Dabdurustdan shunday dedim:

— Shoira Samar Bonuning umr yo'ldoshi Sharifjonni xuddi mana shu bizning hovlida pichoqlab o'ldirishgan.

— Yo'g'-e, — dedi Minhojiddin bu gapimdan hayratlanib.

— Ha, shunday, — dedim derazadan to'rt-besh qadam chamasi narida ko'rinib turgan devorni ko'rsatib.

— U paytlarda bu devor o'rnida “Aylana” bo'lgan ekan, ya'ni tegirmondan chiqqan suv shu yerda keng aylana hosil qilib yoyilib oqqan. Samar Bonu O'qchimizda o'ttiz olti yil yashagan.

— Bolaligimda uyimizda “Bonu” deb atalgan kitob bo'lardi. Onamiz har kuni bizlarga Samar Bonu g'azallaridan o'qib berardi. O'shanda 4 — 6-sinflarda o'qirdik. Kitob hozir opamlarda bo'lishi kerak.

Samar Bonu haqida so'z ochishim Minhojiddinda ko'p xotiralarni uyg'otib yuborgan edi.

Men yon tomonda turgan shkaf eshigini ochdim.

— Bular otaxonning kitoblarimi? — dedi beixtiyor kitob to'la shkafga yaqin o'tirgan Azizbek do'stimiz.

— Habibiy devoni, 1971 yilgi nashri. Aynan shu nashrdan menda ham bor, — dedi Minhojiddin qator terib qo'yilgan o'zbek klassiklari kitoblari ichida bo'yi-basti bilan ajralib turgan qalin devonni ko'rsatib.

— Mana o'sha onangiz yaxshi ko'rib o'qiydigan “Bonu” devoni, — men ixchamgina kitobni olib Minhojiddinga uzatdim.

— Ha, aynan mana shu kitob. Titul varag'ida uch dona gul rasmi bor, — u kitobni qo'lga olib, so'zlarining isboti uchun o'sha uch dona chiroyli gul rasmini o'tirganlarga ko'rsatdi. — Mana, xuddi o'zi.

Men suhbat mavzusini kitoblarga burib yuborganimdan xursand edim. Endi Minhojiddin davradagilarga kutilmagan qiziqarli suhbat qilib berishiga ishonchim komil edi.

— Aynan shu kitobda muallif To'xtasin Jalolov Qambarniso nomli iste'dodli shoira haqida dastlabki ma'lumotni beradi, — Minhojiddin kitobni chaqqonlik bilan varaqlay boshladi. Nihoyat izlagan narsasini topdi, shekilli, o'tirganlarga yuzlandi:

— Qambarnisodan faqat birgina she'r qolgan. Sulaymon Oshiq nomli shoir bilan mushoira tarzida bitilgan bu g'azal uning favqulodda iste'dodli ekanligini ko'rsatadi. Men respublika radiosida ishlab yurganimda mana shu mushoira asosida radiopostanovka tayyorlaganman. Juda ajoyib chiqqandi. Shoir Oshiq obrazini ijro etgan aktyorimiz Ne'mat aka Xolmatov Qambarniso rolini o'ynayotgan ustoz aktrisamiz Mukambar Rahimovaga qarab  so'nggi baytini o'qib bo'lishi bilan “Ofarin, men taslimman, Qambarniso!” deb yuborgandi. Ssenariyda bunday so'zlar yo'q edi. Biz ham aktyorimizning bu tan berishini shundayligicha efirga berib yuborganmiz. Chunki juda tabiiy chiqqan edi-da. Aslida g'azalning o'zi zo'r edi.

Endi muallif kitobda batafsil keltirgan ushbu mushoira tarixiga qisqacha to'xtalsam, — davom etdi Minhojiddin. — Oktyabr to'ntarishi arafasida hozirgi Qirg'izistonning Jalolobod shahriga yaqin Suzoq tumanida qozilarning katta yig'ini bo'ladi. O'sha paytda qozixonada “vakil” bo'lib xizmat qilayotgan shoir Sulaymon Oshiq O'sh shahri qozisi Xo'jaxon qoziga hamroh bo'lib ushbu yig'inda qatnashadi. Yig'ilish tugagach, hamma qozilar chiqib ketadilar. Qozixonada Xo'jaxon qozi, Sulaymon Oshiq va yana bir necha kishi qoladilar. Shu payt qozixonaga bir ayol bilan bir erkak kirib, kutilmaganda taloq xati so'raydilar. Har ikki tomon rozi bo'lganligi bois qozi taloq xati yozishga buyuradi. Taloq xati yozilib, er barmog'ini bosadi. Keyin Sulaymon Oshiq xatni olib paranjili ayolga uzatadi. Ayol xatga imzo qo'yib uzatadi. Taloq xatni o'qib, Sulaymon Oshiq hangu mang bo'lib qoladi. Ayol matni ostiga juda chiroyli husnixat bilan “Taqdir o'qin nishoni Qambarniso jafokash”, deb imzo qo'ygan edi.

“Singlim, xatni kimdan ta'lim olgansiz? — deb so'raydi Sulaymon Oshiq. “Qo'qonlik qarindoshimiz shoir Muqimiydan”, deb javob beradi ayol.

Ushbu o'n bir baytdan iborat mushoiraning dastlabki ikki bayti, ya'ni  shoir Sulaymon Oshiqning muddaosiga Qambarnisoning o'tkir javobi qozixonaning o'zida shunday konspiratsiya bilan yoziladiki, buni hatto ishtirokchilar ham sezmay qolishadi. O'ng'aysizlik bo'lmasligi uchun mushoira shu yerda to'xtatiladi. Qolgan to'qqiz bayti esa Sulaymon Oshiq Qambarnisoni qidirib borganda yoziladi. Shundan ko'p fursat o'tmay shoira og'ir xastalikdan vafot etadi.

Qambarnisoning ayollarimizga xos ibo va hayo ufurib turgan mushoiradagi baytlarini o'qib, uning aqlu zakovati va iste'dodiga tan bermaslikning iloji yo'q…

Minhojiddin juda chiroyli, shu bilan birga ta'sirli so'zlar, o'tirganlar uning hikoyasiga mahliyo edi. Jumladan, men ham u bu hikoyasini tugatib qo'ymasin-da, degan hadik bilan uning gaplariga some edim.

Suhbatdoshga sodda va ma'noli gapirish ham san'at. Minhojiddinda ana shunday iqtidor bor. Men buni Minhojiddinning televidenie, radio yoki matbuotdagi chiqishlarida, hatto bugungidek oddiy suhbatlarda ko'p kuzatganman. U qaerda qanday va nimani gapirishni yaxshi biladi. Bu esa uning ziyoli oilada tarbiya ko'rganidan, ko'p o'qiganidan, yaxshi ustozlardan ta'lim olganidan dalolat edi.

Shu tariqa ikki soat qanday o'tganini sezmay qoldik. Mehmonlar yana bir izdihomga taklif etilgandilar. Ko'pchilikning qistovi bilan Minhojiddin dasturxonga duo qildi. Uning duosi ham she'rlari kabi ravon va ta'sirli edi.

Mehmonlar tashqariga chiqqanlarida yomg'ir tingan, atrof yanada yashillashgan, salqin havo odamga huzur berardi.

Dadam bilan so'rida o'tirgan ukam Nodirbek mehmonlar istiqboliga shoshdi. Jiyanim Solihbek oftobada ularning qo'llariga suv quydi.

Minhojiddin kelib so'ri chetiga — dadamning yoniga o'tirdi. Qolganlar ham ular atrofiga joylashishdi.

— Endi bizga ruxsat berasiz. Mana, siz bilan diydorlashdik, mehmon bo'ldik, rahmat. Hovlingiz fayzli, jannatmonand ekan. Nasib qilsa yana kelamiz.

— Bugun qolinglar, Qodirjon qishlog'imizni aylantiradi. Ko'rsa arziydigan joylar bor.

Dadam astoydil so'zlar, deyarli nursiz ko'zlarida, ovozlarida hayajon alomatlari sezilib turardi. Menga bu hayajon sabablari ma'lum edi. Poytaxtdek joydan atayin dadamni ko'rish uchun kelganlari bir bo'lsa, Minhojiddin Mirzodek shoirning yelkama-elka o'tirishi ikki edi. Shu damda bundan oltmish besh yil avval Andijon shahridagi choyxonalardan birida shoir Jasur bilan yonma-yon o'tirib, uning suhbatini tinglaganlari yodiga tushgandir. Balki shundanmi, dadam birdan she'r o'qiy boshladi:

 

— Arzani pinhona chek,

shohi Eram qo'zg'olmasun,

Shohi odili Arab birla

Ajam qo'zg'olmasun…

 

G'amli qullar dudli ohi

etti ko'kni tebratur,

Nolai zorim bila

Baytul Haram qo'zg'olmasun…

 

Shoira Samar Bonuning ko'plab g'azallari shu yerda bitilgan. Yolg'iz o'g'li Zahiriddin qishlog'imizdagi “Mirishkor ota” qabristoniga dafn etilgan. Avlodlari hozir ham shu yerda yashashadi.

Faqat shoir ahligagina xos bir kayfiyat bo'ladi. Nazarimda, tabiatan tortinchoq dadam hozir o'zini unutgan, butun borlig'i bilan tuyg'ulari asiri edi. Bu his Minhojiddinga ham begona emas edi. U ham birdan haligina o'zi ta'riflagan aytishuvdagi Sulaymon Oshiq baytlarini ehtiros bilan o'qiy boshladi:

 

Oshiqning muddaosi

Qambar pari nisodur,

Orazlari qizil gul, kokullari qarodur.

 

Dadamning shoira Qambarniso ijodiga hurmati baland edi. Shundanmi, Minhojiddin ikkinchi baytni zavq bilan o'qishni boshlaganda beixtiyor dadam ham shoirga jo'rovoz bo'lib Qambarniso javobini yoddan o'qiy boshladi:

 

Kokulga qo'l uzatma, ey Oshiqi balokash,

Ishq ahliga bu kokul go'yoki ajdahodur…

 

Bu endi bugungi tashrifning eng yuqori nuqtasi bo'lgan edi. Dadam Minhojiddinda o'zi qadrlaydigan narsani — mumtoz she'riyatimizga katta muhabbatni ko'rganidan, she'riyatdagi maslakdoshini topganidan, qarashlari hamohang ekanligidan benihoya xursand edi.

Mana shunday baland she'riy kayfiyatda dadam duoga qo'l ochdi. Mehmonlar haqiga ezgu tilaklar bildirib, ular bilan eski qadrdonlardek yana ko'rishish umidida xayrlashdi.

Ertasiga mehmonlardan hol-ahvol so'rash ma'nosida ukamiz Musulmonbekka qo'ng'iroq qilganimda, u shunday deb qoldi:

— Sizlarnikidan qaytishimizda yo'lda Minhojiddin aka dadangiz haqida shunday bir gap aytdi: “Bir ko'ngil imorati, yuz Ka'ba ziyorati” deyiladi, bugun ana shunday ziyoratni amalga oshirganimizdan hammamizning qalbimiz yorishib ketdi. Qolaversa, Toshtemir ota bizning ham qalbimizda   bir go'zal ko'ngil imoratini bunyod etdilar. Otaxon bilan bir-ikki soat emas, kunlab miriqib suhbatlashib zavq olish kerak ekan”.

Bu dadamga berilgan xolisona baho men ich-ichimdan his etgan, lekin aytishga istihola qilgan fikrimga Minhojiddinning e'tirofi edi.

Buning uchun katta rahmat! Umringiz uzoq, martabangiz baland bo'lsin, ijodingiz gurkirayversin, doimo elning ardog'ida bo'ling!

Qodirjon QAYuMOV,

“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik

kompaniyasi Bosh tahririyati katta muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =