San'atkorning umr yo'llari

O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti Olmaxon Hayitova tavalludiga 85 yil to'ldi
Betakror san'at maktabi asoschisi, o'zbek qo'shiqchiligining yorqin namoyandasi Olmaxon Hayitovaning hayoti turfa xil hodisalarga boy tarzda kechdi. U 1940 yil 6 martda Xonqa tumanida oilaning oltinchi farzandi bo'lib dunyoga keldi. Uning otasi Hayitboy aka temirchi-usta, onasi Shukurjon opa oddiy uy bekasi bo'lgan.
Olmaxon Hayitovaning bolaligi haqida odamlar orasida turli xil gap-so'zlar yuradi. Vohalik taniqli jurnalist G'ofur Otajonovning ma'lumotiga ko'ra, yosh Olmaxon 6-7 yashar paytida uni Xonqaning Shirin (hozirgi Olaja) qishlog'ida yashovchi Xonim Dapan degan odam farzand qilib asrab oladi. Chunki Ikkinchi jahon urushi endi tugagan davrlarda Hayitboy akaning oilasida serfarzandligi sabab moddiy qiyinchiliklar hukm surar edi.
Xonim Dapan oilasida Olmaxon qo'y boqib, uy ishlariga qarashib, 12-13 yoshlarigacha yashaydi.
Bu gaplarni Olmaxon Hayitovaning yaqinlari inkor qilmoqchi bo'lishadi. Biroq uning Xonim Dapan oilasida bir necha yillar yashaganini tasdiqlaydigan va u bilan bir xonadonda yashagan insonlar hali hayot ekan, haqiqatni inkor qilib bo'lmaydi. Olmaxon opa ham bu haqda oshkora gapirmagan, balki o'z farzandini birovga berib yuborgan ota-onasining sha'niga munosib bo'lmagan ish deya o'ylagandir. Nima bo'lganda ham u bolaligida qo'y va mol boqib katta bo'lganini yashirmagan.
— Yoshligimda qo'y boqib yurib, katta bir tut daraxtiga suyanib uxlab qolibman. Tushimda oppoq kiyingan nuroniy otaxon menga tor va kitob berdi. “Qizim, o'qi va kuyla! Oq yo'l senga!” — dedi u menga fotiha berarkan, — deb eslar edi Olmaxon Hayitova o'zaro suhbatlarimiz chog'ida.
Ilkis uyg'oniboq yosh qizaloq qo'lidagi cho'ponlik tayog'ini tordek chalgan bo'lib qo'shiq xirgoyi qila boshlaydi.
— Qiziq jihati shuki, men bolaligimda “r” harfini aniq aytolmas edim. Ana shu xosiyatli tushni ko'rib uyg'ongach, ashula xirgoyi qila boshlaganimdan so'ng bu nuqson menda butkul yo'qolib ketdi, — derdi Olmaxon Hayitova.
Sir emaski, aksariyat Xorazm ayollari shaddod va shijoatli bo'lishadi. Bu xislat ularga ot yeldirib yovni mot qilgan To'rabekxonim yoki Go'ro'g'li bilan kurash tushib, uni yelkasi osha yerga tortib urgan Xirmondali kabi ajdodlaridan o'tgan bo'lsa ajab emas. Olmaxon Hayitova ham o'smirlik chog'larida sportga juda qiziqqan. Dugonalarini xafa qilgan o'g'il bolalarga tanbeh berib qo'yishga to'g'ri kelsa, har doim yeng shimarib chiqqan. Ayniqsa, u velosiped haydashni juda yoqtirgan. Maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan velomarafon yoki musobaqalarda faol ishtirok etib, viloyatda 1-o'rinni qo'lga kiritgan. Bo'yi yetib qolgach, ota-onasi sportchi bo'lish qiz bolaga yarashmaydi degan fikrda unga ortiq musobaqalarda ishtirok qilishiga ruxsat berishmaydi. Ana shunday paytda u bor alamini qo'shiqdan olmoqchi bo'ladi. Tanaffus payti baland ovozda xirgoyi qilgan ashulalarini eshitib qolgan musiqa o'qituvchisi O'ktam Saidov uni maktabda faoliyat yuritayotgan badiiy havaskorlik to'garagiga jalb qiladi. Qisqa muddatda undagi iqtidor va qobiliyat ko'pchilikning e'tirofiga sazovor bo'ladi. O'quvchi qiz Olmaxon turli bayram va tadbirlarda maktab sahnasida, maktablararo bellashuvlarda qo'shiqlar kuylay boshlaydi. 10-sinfni bitirayotgan bir pallada u Moskvada o'tkazilgan Butunjahon yoshlar festivalining faol ishtirokchisiga aylanadi.
Qiziquvchanligi sabab Olmaxon Hayitova musiqa asboblarini chalishni o'rganishga qattiq harakat qiladi. Avval doira, keyin garmon, so'ngra esa tor chalishni puxta o'zlashtiradi. 19 yoshida taniqli hofiz Komiljon Otaniyozov bilan tanishgan kezlarda u torni jaranglatib chalish qobiliyatiga ega xonanda sifatida Xorazmda biroz tanilib qolgan edi. Haqiqatan ham professional qo'shiqchilikda u Markaziy Osiyoda ilk bor qo'liga tor olib sahnaga chiqqan ayol xonanda sifatida san'at tarixining yorqin sahifalarini ochdi. Biroq bungacha uning Yong'in Mirzo qalamiga mansub “Onam derman” qo'shig'i radioeshittirishlarda yangrab, millionlab muxlislar olqishiga sazovor bo'lgan edi. Keyinchalik ustozi Komiljon Otaniyozov unga “Oshiq G'arib va Shohsanam” dostonidan “Naylayin” ashulasini o'rgatadi. Yosh xonanda bu ashulani maromiga yetkazib kuylaydi. Hanuzgacha bu qo'shiqning jozibasi ko'pchilikni maftun qilib keladi.
Komiljon Otaniyozov bilan tanishuv Olmaxon Hayitova hayotida yangi ufqlarni ochdi. Ustozi uni Yangiyo'l teatriga xonanda sifatida ishga taklif qiladi. Oradan to'rt yo'l o'tib, Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi o'zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi “Xorazm” ashula va raqs ansamblida o'z faoliyatini davom ettirdi. Bu yerda ishlash jarayonida ko'plab mamlakatlarda gastrol safarlarida bo'ldi. O'zining betakror ovozi bilan Sharq san'ati ixlosmandlarini lol qoldirdi, olqish va e'tiroflarga sazovor bo'ldi.
Olmaxon Hayitova keyinchalik o'zi poytaxtda “O'zbekiston gullari” ansamblini tashkil qiladi. Bu yerda doirakash sifatida faoliyat olib borayotgan Ruslan Madrahimov bilan ahdu paymon qilib oila quradi. Keyinchalik Ruslan aka huquqshunoslikka o'qib, oliy ma'lumot olgach, ichki ishlar sohasiga ishga o'tib, uzoq yillar turli lavozimlarda mehnat qildi. Er-xotin to'rt nafar farzandni tarbiyalab kamolga yetkazdi.
O'tgan asrning 60-yillarida Olmaxon Hayitova yana bir mashhur qo'shig'i bilan san'at shaydolari qalbini zabt etdi.
— O'zbek adabiyoti va san'ati dekadasi doirasida bir guruh o'zbek san'atkorlari bilan Turkmaniston poytaxti Ashxobodga konsert qo'ygani bordik. Mehmonxonada qo'limga turkman shoiri Zaliliyning kitobi tushib qoldi. Undagi bir she'r diqqatimni tortdi.
Sansan manim dilbarim,
Jonimning jononasi.
Ikki jahon sarvarim,
Ko'nglimning koshonasi, —
deya boshlanuvchi she'rni yod olib, mashq qilib o'tirgan edim. “Bu satrlarga nimadir yetishmayapti”, desam, Komiljon ustozning yana bir munosib shogirdi Matmurod Solayev: “Bari gal” yetishmayapti”, deb qoldi. U “bari gal” jumlasi turkmanlarga juda yoqib tushishini aytib, uni har bir misradan so'ng radif shaklida takrorlash zarurligini aytib qoldi. “Sansan manim dilbarim, bari gal”, deb kuylab ko'rsam, juda zo'r chiqyapti. Qo'shiqni sahnaga olib chiqqanimda turkman qardoshlarimiz o'rnidan tik turib qarsak chalib kutib olishgan edi, — deya hikoya qilgan edi Olmaxon Hayitova suhbatlarimizdan birida.
O'zbek ayollari ichidan yetishib chiqqan zabardast san'atkor sifatida Olmaxon Hayitova maqom va suvoralarni maromiga yetkazib kuylab, xalqning mehrini qozondi. U kuylagan mumtoz ashulalarni manaman degan erkak xonandalar ham qoyillatib kuylay olishi qiyin, aslida.
Taniqli san'atkor garchi “O'zbeknavo” birlashmasining Xorazm viloyat bo'limini boshqargan katta rahbar bo'lsa-da, oilada oddiy ayol, mehribon ona, sarishtali beka edi. U mehmonlarga o'zi taom tayyorlar va choy damlardi. “Mehmon atoyi Xudo, nega ularga o'zim xizmat qilmay, nega savobdan quruq qolishim kerak?!” derdi. Uning turmush o'rtog'i Ruslan aka taniqli shoir Oshiq Erkinning ukasi edi. Har gal Erkin akaning tug'ilgan kuniga borganimizda, Olmaxon opa barcha yaqin qarindoshlar qatori mehmonlarga choy tashib xizmat qilayotganini ko'p ko'rardik.
El sevgan hofizaning o'z onasiga mehri cheksiz bo'lgan. Shukurjon momo vafot etganida, Olmaxon qizi “Onam derman” ashulasini yig'lab, bo'zlab aytarkan, bir umrga onaizor bilan vidolashgan.
O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq artisti, professor Olmaxon Hayitova 2014 yilning 1 yanvarida bu yorug' olamni tark etdi. Uning mingga yaqin bir-biridan sara kuy-qo'shiqlari xalqimiz qalbida bir umr saqlanib qoldi.
Erpo'lat BAXT,
jurnalist.