Mansur masrur edi

Gapni nimadan boshlashni bilmayman… Eng dahshatlisi, yoningdagi qadrdonlaring bitta-bitta tashlab ketsa, odam yolg'izlanib qolgandek tuyilaverarkan. Bu juda yomon. Qalbing borgan sari qabristonga o'xshab sarhadi kengayib boraverar. Lekin, nachora, bu ham taqdir sinovidir.
Mansurni qachon topdim-u qachon yo'qotdim, degan savolga javobni ko'p o'ylayman. O'sha — Mansur bizni tashlab ketgan kundan buyon o'ylayman. Uni topganimga uncha ko'p bo'lmagan ekan.
Eslayman, bir kuni qoramag'izdan kelgan, sochlari qop-qora, ko'zlari dumaloq yigit yuzida nimtabassum bilan qimtinibgina “Yoshlik” tahririyatiga kirib keldi. Qo'lida qog'oz. O'zini “Mansur Jumayevman” deb tanishtirgan bo'ldi va she'r olib kelganini aytdi. “Xudo xohlasa, chiqaramiz”, dedim-da, she'rlarini olib qoldim. Keyin o'sha she'rlarni chiqardikmi-yo'qmi, aniq eslolmayman.
Oradan vaqt o'tib, “Duel” degan loyiha paydo bo'ldi. Unda shoirlar Nosirjon Jo'rayev bilan Shodmonqul Salom, Bek Ali bilan Mansur Jumayevning she'riy bellashuvi e'lon qilindi. Bek Ali o'zimizning samarqandlik Begali-ku, deb unga muxlislik qilib bordim.
Maydonda olma otsang, yerga tushmaydi. Axir shoirlar she'rni jonli o'qishadi-da. Kaminaga o'xshab muxlislik qilib borganlar ko'p. Bir mahal katta shoirlarning bellashuvi tugab, men kutgan juftlik chiqdi. She'r o'qishni boshladi shoirlar. Qani Begali yutsa, deb turibman. Yo'q, unday bo'lmadi. Chunki Begalining she'rlarini o'zi o'qisa, maromida o'qirdi, ammo she'rining yuki Mansurnikidek emasligi shu yerda bilindi.
Shu bellashuvda Begali emas, Mansur g'olib keldi. Beixtiyor ich-ichimdan qutlab qattiq chapak chalib yubordim. Uni endi taniy boshladim. Uni tabrikladim. U esa “Rahmat, G'iyosiddin aka!” dedi. Meni shu qadar yaqin olib aytdiki bu gapni, qayoqdan bunchalik tanirkan, deb qoldim o'zimga. Keyin bilsam, u hammani o'ziga yaqin olar ekan. U samimiy inson edi. O'zgani o'zidek ko'radigan inson edi. Men shu yerda Mansurni yaqindan taniy boshladim.
Taqdirning hukmini qarangki, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, yana deng, bir bo'limda u bilan birga ishlash nasib qildi. Keyin yangi uyga ko'chib kirganda qo'shni ham bo'ldik. Aka-uka tutindik.
Mansur, qachon qarama, go'zallikka oshiq edi. Ayniqsa, uning bir xislati menga juda yoqardi. Birovning ortidan umuman gapirganini eshitmadim. Mabodo kimdir unga nohaqlik qilsa, “G'iyosiddin aka, nega shunaqa ekan-a?!” deb qo'ya qolardi. Hamkasblar bilan har oyning boshida choyxona uyushtiramiz. Tabiiyki, o'tirishda adabiyot haqida gurunglar qilar edik. Gap aylanib, shaxsiyatga o'ta boshlasa, Mansur darrov gurungga qo'shilib, adabiyotga burib yuborardi. U bizni adabiyotga boshqarib yuborar edi. Buni sezib qolgandim.
Mansur yaxshi qo'shni ham edi. Bolalarni birga aylantirar edik. Bolalarini juda yaxshi ko'rardi. Umuman, bolalarni ko'rsa, bolalarcha quvnardi. O'g'illarimni karatega berganman. Bir kuni o'g'illarim musobaqada qatnashib, yutuq olib qaytayotgan edik. Mansur oilasi bilan sayr qilib yurgan ekan. Bizni ko'rib: “O', chempionlar nimadan o'rin olishdi?” deb so'radi. “Karatedan”, dedi to'ng'ichim. O'sha yerning o'zida rag'batlantirish uchun kattasiga pul berdi Mansur. Buni ko'rgan ikkinchi o'g'lim: “Mengayam pul bermaysizmi?” deb qoldi. Jujuqchaning bu gapidan biz xijolat, Mansur esa zavq bilan yana cho'ntak kovladi. Kulishdik. Mansur “chempion bo'lsin” deb duo qildi. Har ko'chada uchrashib qolsak, “Bolalarni olib uyimizga chiqing, aka”, deydigan bo'ldi.
O'shanda Mansur bolalarim musobaqadan g'olib bo'lib kelganini butun ishxonamizga aytib chiqdi. Kimni ko'rsa, “G'iyosiddin akaning o'g'illari musobaqadan g'olib bo'ldi”, deb bolalarimga qo'shib meni ham alqab gapirardi.
U shunday sofdil inson edi.
O'zidan kichik ijodkorlarga — she'ri to'g'risida bo'ladimi, shaxsiy hayoti haqidami, to'g'ri yo'lni tanlash borasidami — erinmay tushuntirardi. Mana, bugun shoir ukamiz Muhammadali G'afforovning to'g'ri o'zanga tushib olishiga Mansur sababchi bo'lganini bemalol ayta olamiz.
Mansur shunday inson edi. Masrur haqiqiy shoir edi. U qisqa umrida ko'p ijod qilmadi, soz ijod qildi. Qay she'rini olmaylik, yurakka tegadi. Chunki u yuragini to'kib ijod qildi. Har bir so'z haqida ming marta o'yladi.
Chin oshiq shoirlar o'lmaydi, shunchaki gul tergani ketadi deyishadi. Mansur ham biz uchun, kelin Shohsanam, qizi Orzu, o'g'li Bunyod uchun gul tergani ketgan…
G'iyosiddin O'NAROV