Gazetaning halol noni

Faxr bilan ayta olamanki, bugungi o'zbek jurnalistikasining rivojida otam – Erkin Samandarning munosib hissasi, o'rni bor. Jurnalistning nigohi ham, qalami ham o'tkir bo'lishi lozimligini, u ertani ko'ra olishi, jamiyatning dardi bilan yashashi zarurligini men otam timsolida ko'rganman.
1977 yilda otamni “Xorazm haqiqati” gazetasining bosh muharriri lavozimiga ishga taklif qilishdi. Biz Xorazmga ko'chib keldik. Otam viloyat gazetasining nufuzini yanada oshirish, odamlarning dardu tashvishlarini, muammolarini olib chiqib, mas'ullarning e'tiborini shunga qaratish, ularning yechimini topish, gazetaning o'qishli bo'lishiga erishish borasida o'zlarini ayamay ishladilar.
O'sha paytda “Xorazm haqiqati” gazetasi davrning ijtimoiy muammolarini bong urib ko'taruvchi maqolalari bilan xalqimizning orasiga chuqur kirib bordi. Orol muammosi butun dunyoning e'tiborini tortayotgan, uning hududida yashovchi aholining salomatligini muhofaza qilish kun tartibiga chiqqan bir davrda voha tabiatining keskin yomonlashuvi va uning salbiy oqibatlari haqidagi chiqishlar sababli gazeta xalqchillik kasb etdi. Vohada azim gujum daraxtlariga qurt tushib, ularning yoppasiga quriyotgani, to'qayzorlarning yo'qolib borayotgani haqida otam bizga ham gapirib berardilar. Va: “Bularni yozmasak bo'lmaydi, gazetaga bermasak bo'lmaydi”, derdilar kuyinib. Odamlarda ham gazeta bilan hamnafas bo'lib yashash kayfiyati paydo bo'lgan edi.
Gazeta juda katta ijtimoiy minbar edi! Bu minbarda turib munosib so'z aytish, xalqning dilidan joy olish esa, tabiiyki, jurnalistning fidoyi joni, bedor yuragi evaziga bo'lardi. “Biz gazetaning nonini yeb katta bo'lganmiz!” deyman har gal iftixor bilan! Bu nonning ta'mi juda shirin edi! Otamning o'nlab shogirdlari, mehr va e'tibor bilan parvarish qilgan nihollari bugun ko'rkam daraxtlar bo'lib, salqin soyalar berib, soha rivojida o'z o'rinlariga ega bo'ldilar. Soliyajon Rahimberganova, Sotim Avaz, Dilbar Bekjonova, Jumanazar Yusupov, Feruza Tangriberganova, Otabek Ismoilov… Ularning nigohlarida bugun otamni ko'rganday bo'laman. Qaerda ko'rishib qolsak, mavzu, albatta, otamdan boshlanib, otamda tugaydi. Ular bugun men uchun juda qadrli insonlardir. Chunki ular otam bilan ko'rishgan, ulardan ozmi-ko'pmi nimadir o'rgangan shogirdlaridir.
Gazeta sahifalarida o'z davrida “So'z — tashabbuskorlarga!”, “Ko'chat eking — bog' qiling”, “Bir xat izidan”, “Odob, axloq, oila”, “Mavzuga qaytib”, “Dala shiyponlarida ahvol qanday?”, “Xatlardan satrlar”, “Teatr hayotidan”, “Maorif xabarlari” kabi turli ruknlar ostida berilgan maqolalar o'zining ta'sirchanligi, hayotiyligi bilan o'quvchilar e'tiborini jalb etdi. “Jayxun uzra nur”, “Tabiat va inson”, “Ma'naviyat”, “Yoshlik”, “Qizlar klubi eshitadi”, “Adabiyot va san'at” kabi sahifalar esa aholi bilan tahririyat o'rtasida ishonchli ko'prik vazifasini o'tagan edi. Gazeta deyarli 60 ming nusxada chop etilardi. Viloyatning chekka hududlaridan kishilar muharrirning o'zini ko'rib gaplashish, dardini aytish uchun kelardi. Otam ularni jon-dili bilan eshitib, ayrim muammolarni shu yerning o'zida hal qilsalar, ayrimlarini gazeta sahifalarida yoritib, rahbarlarning diqqatini qaratar, keng jamoatchilikni mulohazaga chorlardilar. Pochta orqali keladigan xatlarning sanog'i yo'q edi. Ba'zan otamning ishxonalariga borganimda, yo'laklardan o'tib borayotib, bo'limlarning ochiq turgan eshiklaridan yerda dasta-dasta bo'lib taxlanib turgan xatlarni ko'rardim. Ularning hammasiga javob ham yuborilardi. Esimda, ayniqsa, gazeta chiqadigan kuni juda kech, horg'in kirib kelardilar. U vaqtda gazeta haftasiga besh kun chop etilardi.
O'sha paytlardagi tartib-qoidaga ko'ra, rahbarlar bahorda yerga urug' qadash, kuzda paxta-yig'im terimi davrida tumanlarga, kolxozlarga vakil qilib biriktirilardilar. Shunday mavsumlarda otamni juda kam ko'rardik. Bizlar uxlagandan keyin yarim tunda kelib, biz uyg'onmasimizdan sahar turib ketardilar. Gazeta chiqadigan kunlari ham otam kechki ovqatdan keyin yana ishga ketardilar. Biron harfda xato o'tib ketmasin, derdilar.
Tashabbus bor joyda, yangi g'oyalar tug'ilgan paytda, uni xushlamaydiganlar ham bo'ladi, albatta. Bu hamma jamoada uchraydigan holat deb bilaman. Redaksiya ham bundan xoli emas edi. Tumanlarga chiqib, tanqidiy material, felyeton yozish bilan mutasaddilarga tahdid qilib, tamagirlik bilan shug'ullangan ba'zi “kurmak”larni otam halol ishlashga, qalamni haromga aralashtirmaslikka da'vat qildilar. Bunday talabchanlik, ayonki, o'sha kimsalarning noroziligini keltirib chiqardi. Otamga nisbatan turli bo'htonlar uyushtirish, “yumaloq xat”lar yozish payiga tushdilar. Lekin egilgan haqiqat aslo sinmadi. Unday kimsalarni hayotning o'zi joy-joyiga qo'ydi. “Otamga maktublar” deb nomlangan turkum she'rlarim orasida shunday yozganlarim:
Yo Rab, poyingizda bir dasta yolg'on
Lat yegan ilondek to'lg'onib yotar.
Iymoningiz o'qdir, uning zarbidan
To'lg'onib-to'lg'onib, oxir tosh qotar.
Siz esa ildam ketaverasiz,
Poyingizda yotgan toshlarni tepib…
Yoki:
Karvon ketib borar qo'ng'iroq chalib,
Hurigan itlarning madori ketgan.
Qancha urinmasin, oxir ko'rdilar,
E'tiqod baribir manzilga yetgan.
Karvon ketib borar, dilga xush yoqar
Go'dak kulgisiday qo'ng'iroqlari.
Undan ham xush yoqar mag'lub itlarning
Ko'ksini ming tilib chekkan ohlari…
…Otam 80 yoshdan o'tgan paytlar edi. Bir gal suhbatimiz orasida “Ota, sizga yomonlik istaganlarning hammasining holi ne kechganligini ko'rishingiz uchun ham Xudo sizga uzoq yosh bergan”, dedim. “Ha, qizim, ko'rdim, ko'ryapman… Hayotiy xulosam shuki, yomonlarga qaytarib tosh otishning sira keragi yo'q. Ularga u tosh boshqa yerdan keladi. Men shunga amal qildim”, dedilar… Endilikda “Xorazm haqiqati” gazetasini har gal qo'limga olganimda, sahifalar aro otamning o'ychan, sokin nigohlari boqib turganday bo'laveradi…
O'sha yillari viloyatda ularning tashabbuslari bilan birin-ketin tashkil qilingan bog'larni bunyod qilish paytlarida ham otamni sog'inib kutardik. Ular davlat ishida xizmat qilish bilan birga, jamiyat hayotida ham juda faol edilar. Ijodiy uchrashuvlar, xizmat safarlari bilan bir qatorda, o'tgan ulug' shoirlarning qabrlarini obodonlashtirish, uy-muzeylarini bunyod etish, ular nomi bilan bog' yaratish kabi ezgu o'y-xayollar bilan yashardilar va bularning uddasidan ham chiqardilar. O'zlari bahorda tug'ilganlari uchunmi, tabiatni, dov-daraxtlarni, gullarni juda yaxshi ko'rardilar. Bog' yaratishga bo'lgan ishtiyoqlari, rag'batlari ularning tabiati bilan ham bog'liq, nazarimda. Bu boradagi ishlarning timsoli viloyatimizning qator tumanlarida yaratilgan bog'lar bo'ldi. Xonqada Alisher Navoiy, Xivada Ogahiy hamda Beruniy, Yangiariqda Avaz O'tar, Shovotda Komiljon Otaniyozov, Yangibozorda Abdulla Qodiriy nomidagi bog'lar… Vohamizning deyarli barcha tumanlarida otamning tashabbuslari bilan tashkil etilgan bog'lar ma'naviyat bog'lari, adabiyot bog'lari o'laroq bunyod bo'ldi. Ularda jamiyat hayotidagi barcha sohalarga daxldorlik hissi juda kuchli edi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Bahodir Bobojonovning xotirlashicha, Mirahad Mirqosimov viloyat partiya komitetining birinchi kotibi bo'lgan davrda Tuproqqal'a hududida qurilishi mo'ljallangan atom elektrostansiyasi otamning shaxsiy va qat'iy qarshiligi tufayli to'xtatilgan ekan…
1990 yilning dekabrida padaribuzrukvorim Vazirlar Mahkamasi Raisining o'rinbosari vazifasiga tayinlandi. Xorazmda boshlangan xayrli tashabbus davom etib, Namanganda Mashrab, Andijonda Bobur, Nodira nomidagi bog'lar bu ezgu ishlarning davomi bo'ldi. Bir safar Toshkentga borganimda, otam bilan birga Milliy boqqa sayrga chiqdik. 1991 yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan qurilgan haykal poyida turib, bu muhtasham majmuaning barpo etilishi paytida kechgan qizg'in mehnat jarayoni haqida zavqlanib gapirdilar… Ko'rkam xiyobonni ko'rib faxrlandilar… Xalqimizda “Yaxshidan bog' qoladi”, degan hikmatli naql bor. Darhaqiqat, mehr ila barpo etilgan bu bog'larning har bir yaprog'i bugun otamning haqqiga duo qilayotgan bo'lsa, ne ajab…
Sayyora SAMANDAR,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.