Eng ulug' saodat

Bolaligimdan kitob o'qishni, she'r yod olishni yaxshi ko'rardim. Adabiyotga, ijodga mehr qo'yishimning asosiy sababi uyimizga har oy turli xildagi gazeta va jurnallar kirib kelar, o'sha kuni men uchun o'zgacha bayram bo'lar edi. Ularning har bir sahifasini ko'zga surtgudek bo'lib o'qirdim, ayrim maqolalarga qayta-qayta murojaat qilardim.
Kelajakda kim va qanday soha egasi bo'lishingiz sizning hayot yo'lingizda uchragan insonlarga ham qaysidir ma'noda bog'liq bo'ladi. Kimdir sizni qo'llab-quvvatlashi, boshqa birov maslahat berishi, yana kimdir esa shogird sifatida tan olishi kabilar…
Mening jurnalistlik faoliyatimning shakllanishida ko'plarga yaxshi tanish bo'lgan fidoyi inson, jurnalist, ijodkor Nazirjon Saidovning alohida xizmatlari bor.
Anjumanda jurnalistlarga chin ma'noda ustozlik, akalik qilolgan yaxshi inson, yaxshi do'st va mehribon ODAM Nazirjon Saidov o'tgan yili matbuot kunida olamdan o'tgan edi. Bu tasodif bejizga emas, ehtimol bu daryodil insonning ayni jurnalistlar bayramida chin dunyoga rihlat qilgani shu kunda bayram bahona ijodkorlar diydorlashsin, o'tganlar yodga olinsin, bir-birlariga oqibati ziyoda bo'lsin, degan ma'noda Allohning bir hikmatidandir.
1998 yili Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlab, Andijon televideniesida yangi ish boshlagan kunlarim Nazirjon akaning duolarini olishga bordim. Shunda ular: “Qalami yaxshilikdan so'zlaydigan jurnalist qizim, Andijonga qadaming qutlug' bo'lsin, faqat yaxshilar, baxtlilar va omadlilar haqida yozgin”, degandilar.
Faoliyatim davomida juda ko'p bora o'zining qimmatli maslahatlari bilan yordamini ayamagan, arzirli qahramonlar topishda, viloyatning ijtimoiy-siyosiy hayotini xolisona yoritishda, ma'naviy-ma'rifiy ko'rsatuvlar tayyorlashimda xizmatlari singgan edi. O'sha kezlari mening vodiyda yaxshigina ko'zga ko'ringan jurnalist bo'lib tanilishimda ustozning ham hissalari katta.
Oradan besh yil o'tib, bir tadbirda ustoz menga: “Qizim, televidenieda ishlab, yaxshigina natijalarga erishding, hurmat, izzat topding. Sen tuzukkina qalami bor jurnalistsan, ijoddan to'xtab qolyapsan. Endi matbuotda ham o'zingni sinab ko'r”, — dedilar. O'sha paytda “Andijonnoma” gazetasi bosh muharriri bo'lgan ustozning so'zini ikki qilmay, taklifiga ko'ra gazetaga ishga o'tdim. Viloyatning ijtimoiy, siyosiy, ma'naviy hayotiga doir mavzularda maqolalar, suhbatlar, ocherklar yozib, tez orada o'z o'rnimni topdim. Ular menga topshiriq berishga sira ikkilanmasdilar. Bir safar: “Senda shiddat bor, bu yoshlikning shijoati bo'lsa kerak, bu gal Ulug'nor tumaniga borasan, sen yozadigan bir qahramon bor”, desalar, keyingi gal: “Endi, qizim, Xonobodga borasan, askiyachi va qiziqchilar o'rtasida tanlov bo'larkan, shu tadbirga tayyorgarlik ishlarini yozib kelgin”, derdi. “Sudya ayol haqida haq so'zni yozgin faqat. Bolalarga ilm nurini berayotgan ustoz haqida bolalardan so'ragin, ular yolg'on gapirmaydi”, deb aytar, yanagi topshiriqni berarkan, fermer haqida dalasiga borib, o'sha yerning o'zida suhbat qurishimni so'rardi.
Bir kuni ertalab ishga ketayotib, shahar markazidagi manzarali daraxtlar maskani bo'lgan joyda qurilish ishlari boshlanayotganiga guvoh bo'ldim. Katta maydonni egallagan daraxtzorning yo'q qilinishidan xavotirga tushib, bu haqida tanqidiy maqola yozmoqchiligimni bosh muharrirga aytdim. Ular qo'llab-quvvatladi. Men esa mavjud vaziyatni obdan o'rganishni boshlab yubordim. Keyingi sonda tanqidiy ruhdagi yarim sahifa maqolam bosilib chiqdi. O'sha kunning o'zidayoq telefon qo'ng'iroqlari, surishtiruvlar, dag'dag'alar boshlanib ketdi. Tabiiyki, rahbarimiz meni o'z himoyasiga oldi va daraxtzor ham asrab qolindi.
Bir gal tuman yoshlar tashkiloti rahbari bilan uning faoliyati va yutuqlari haqida suhbat qildim. Maqola chop etilgach, o'sha vaqtdagi viloyat rahbari “Nega mening ruxsatimsiz berasizlar” deb rosa muammo qildi. Tabiiyki, yana Nazirjon aka “mening topshirig'imni bajardi”, deb o'zi qalqon bo'ldi, himoyasiga oldi.
Farg'onadan ikki mashhur hofiz, ustoz san'atkorlar Abdulxay Karimov va Nuriddin Asqarovlar avvalgi ish joyim — televideniega meni izlab kelibdi, gazetaga o'tganimni eshitib bu yoqqa ham kelishgan ekan. Nazirjon aka ularni xonasiga taklif qilib, suhbatini olibdi. Tushlik tashkil etib: “Mening qizimni izlab kelganlar mening ham mehmonim”, deb ularning izzatini joyiga qo'yibdi. Men yetib kelgach, televidenieda ko'p bora qo'shiqlarini efirga qo'yib, suhbatlarini tashkil etadigan bu ikki san'atkor rahbarimdan minnatdor bo'lganligini, meni esa yaxshi joyga ishga o'tganimni aytib tabriklashgandi.
Xullas, yodga olsam, bu kabi voqealar juda ham ko'p. Ustoz haqidagi yaxshi xotiralar menga jurnalist sifatida jamiyatda o'z o'rnim va o'z so'zim bo'lishi lozimligini, hamisha haq so'zga suyanishim kerakligini uqtiraveradi. Umr g'animat, bir-bir chin dunyoga yaqinlaringni, sen e'zoz qilganlarni, hurmatingda bo'lganlarni shunday kuzatib boraverarkansan. Faqat ortidan: “Yaxshi inson edi”, degan bir so'z ularning haqqiga behisob savoblarni yozaverarkan.
Nazirjon ustozning: “Jamiyatning kamchiligi xuddi bir dardga o'xshaydi. U vaqtida davolanishi uchun matbuot bong urishi va jamiyatni tezroq mana shu kasallikdan forig' etishga urinishi — jurnalistlarning burchi. Jurnalistlar esa jamiyatning shifokoridir”, degan so'zlari yillar, davrlar o'tsa-da, o'z qiymatini yo'qotmaydi.
Ustozimning taqdir yo'liga nazar tashlasangiz, 1948 yilda Oltinko'l tumanida tavallud topgan. O'rta maktabni a'lo baholarga tamomlagach, 1979 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o'qishga kiradi. Ijodiy faoliyatini Andijon tumani ijroiya qo'mitasi muassisligidagi “Kommunizm tongi” (hozirda “Andijon tongi”) gazetasida katta adabiy xodim vazifasidan boshlaydi. Turli yillarda muxbir, bo'lim mudiri va muharrir o'rinbosari lavozimlarida ishlaydi.
1990-1993 yillarda Oltinko'l tumani hokimi, 1993-1999 yillarda Andijon viloyati hokimining o'rinbosari, kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan ustoz 2008 yildan 2021 yilga qadar O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo'limi rahbari sifatida ish olib bordi.
Hukumatimiz ustozning mehnatlarini e'tiborsiz qoldirmadi. 2001 yilda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, 2019 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotladi.
Bugun ustoz haqida so'z aytmoqni lozim topdim, boisi mening va men kabi andijonlik ko'plab jurnalistlarning bugun jurnalistika sohasida ozmi-ko'pmi erishgan yutuqlari borki, zamirida Nazirjon ustozning xizmatlari behisob.
Har yili jurnalistlar bayramida ustoz poytaxtga — O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etiladigan “Oltin qalam” Milliy mukofoti taqdimotiga kelar, poytaxtda yashab, ijod qilayotgan jurnalistlarni yo'qlar, holidan xabar olar, talabalarga konvertda nafaqasidan pul tutar: “Mendan keyin duoimni qilarsan, bolam”, deb hazillashib ham qo'yardilar. O'sha mehr bilan siylanganlar qatorida men ham bo'lardim…
Bugun ustoz haqida so'z aytarkanman, yuragim to'lib, ko'nglim o'ksib boryapti. Shogird sifatida to'rtta issiq non olib yo'qlashga, yaxshi so'z aytib ko'nglini olishga, to'yib-to'yib suhbatlashishga imkon topdim, deganimda, afsuski, ular endi yo'q.
Nazirjon Saidovni tanigan, bilgan, e'zoz qilgan insonlar, yuragiga yaxshilik urug'ini ekkan shogirdlar bayram arafasida “Yaxshi inson edi”, deya yodga oladilar. Hayotda aynan “yaxshi odam”, degan maqomga ega bo'lish, aslida, eng ulug' saodatdir.
Feruza ORIPOVA,
“Saodat” jurnali bosh muharrir o'rinbosari.