Sun'iy intellekt insoniyat uchun xavflimi?

Atrofimizga bir nazar solsak, so'nggi yigirma-o'n yillikda dunyo mutlaqo boshqacha tus olganiga guvoh bo'lamiz. Buning sababi odamzod shunday narsalarni kashf qildiki, yuz yilni qo'ying, 20-30 yil avval ham bugungi narsalar bir ertakdek tuyulgan. Ayniqsa, sun'iy intellekt ixtirosi yashash tarzimizni tubdan o'zgartirib yubormoqda. Bu kashfiyot shu darajada aqlliki, xuddi insonlardek ma'lumotlarni eslab qolish va qaror qabul qilish xususiyatlariga ega bo'lib bormoqda. Bugungi kunda sun'iy idrokka har tomonlama bog'lanib qolganmiz, unga muhim topshiriqlarni berish orqali vaqtimiz anchagina tejalmoqda. Avvallari kompyuterni yoki telefonni internetsiz ishlata olmaganimizdek, yaqin kelajakda sun'iy intellektsiz hech qanday amallar bajara olmaymiz degan qarashlar bor.
So'nggi yillarda sun'iy intellekt biz uchun ma'lumotlar bazasi, ustoz va hattoki shifokorlik vazifalarida xizmat qilmoqda. Albatta, bu bir nechta vazifalar, xolos, lekin ularning sanog'i juda ham ko'p va yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirda sun'iy idrok yordamida yaratilayotgan odamsimon robotlar va o'zi yurar mashinalar bir qadar oddiy holga aylanib bormoqda. Kundan-kunga yangidan-yangi ixtiro qilinayotgan bunday texnologiyalar insonlar yashash tarzini yanada qulay qilishga o'z hissasini qo'shayotgani bor gap. Masalan, hammamiz foydalanayotgan “ChatGPT” bizning eng aqlli yordamchimizga aylangan. Undan har qanday ma'lumotni so'rasak, bizga turli saytlar va manbalardan foydalanib, uni tahlil qilib, beminnat taqdim qiladi. Bu hamma uchun ma'lum va kundalik hayotda keng qo'llanilmoqda. Ammo bir savol tug'iladi: sun'iy intellekt baribir sun'iy, u insoniyat uchun xavf tug'dirmaydimi?
Savol ustida mulohaza qilishdan oldin, sun'iy intellekt tarixiga bir oz to'xtalsak. Ushbu atama birinchi bo'lib 1956 yili Jon Makkarti tomonidan ishlatilgan va mana shu yildan boshlab sun'iy intellekt takomillasha boshlagan. Ammo 70-80-yillarga kelib bu kashfiyot rivojlanishdan to'xtagan. Sababi, o'sha davrda har bir kompyuter dasturi algoritmlar asosida ishlagan, dasturchi yozgan buyruqlar va algoritmlar chegaralangan bo'lib, bu sun'iy idrok uchun o'zi o'rganish imkoniyatini taqdim etmagan. Boshqa tomondan esa texnologiyalar hozirgidek rivojlanmagan va ma'lumotlar bazasi ham katta emas edi. 2000-yillarga kelib, sun'iy intellekt yana taraqqiy eta boshladi, lekin bu safar yangicha yondashuv bilan, ya'ni katta hajmdagi ma'lumotlarni tizimga kiritish orqali uni yanada kuchliroq darajaga ko'tarishdi. Bu rivojlanish ingliz tilida “mashinaviy o'rganish” (“machine learning”) deb ataladi. Endi kompyuterda o'zi o'rganish xususiyati paydo bo'ldi, ya'ni ma'lumotlarni eslab qolish va qaror qabul qilish qobiliyatiga ega sun'iy aql yaratildi. Bu insoniyat tarixida buyuk bir kashfiyot bo'ldi. Endi bu ixtiro bizga tenglashadigan darajada aqlga ega bo'lib bormoqda. Qanday deysizmi? Misol uchun, avvalgi chegaralangan algoritmlar asosida yaratilgan sun'iy idrok odamlarni shaxmatda yenga olmagan. Lekin 2022 yilda “SenseTime” kompaniyasi tomonidan yasalgan “SenseRobot” nomli SI (sun'iy intellekt) roboti ikki professional xitoylik o'yinchini mag'lubiyatga uchratgan. Bu o'yin Shanxayda jonli efirda bo'lib o'tgan, Xitoy shaxmati (“xiangqi”) bo'yicha jahon chempioni Ksie Jing hamda yoshlar chempioni Gu Boven bilan o'ynagan (“China Daily” rasmiy saytidan). Bugunga kelib, dunyo olimlari sun'iy intellektni yengadigan shaxmatchi yo'q deb aytishmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, u insonlardan ham aqlli bo'lib bormoqda. U buni qanday amalga oshiradi? Birinchi bo'lib, unga barcha o'yinlarni ko'rib chiqish buyrug'i beriladi. Bu amalni odam kabi sekin bajarmaydi, bir necha soniyalarda uddalaydi. So'ngra o'zi bilan o'zi shaxmat o'ynashni boshlaydi. Bu ham juda qisqa vaqtlar ichida sodir bo'ladi va bu jarayonda o'zi uchun millionlab algoritmlarni tuzib oladi, shu tariqa barchasini o'rganib chiqadi.
Endi yuqoridagi savolga to'xtalsak: “Sun'iy intellekt qanday ishlaydi?” Buning soddalashtirilgan talqinini ko'rib chiqamiz. Tasavvur qiling, bir “qora quti” bor va uning ichiga million-million ma'lumotlarni kiritgansiz. Shu “qora quti” ichida ma'lumotlar to'planadi, tahlil qilinadi va noma'lum bo'lgan amallar bajarilgan holda javoblar taqdim etiladi. Bu jarayon asosan “chuqur o'rganish” (“deep learning”) dasturidagi sun'iy intellektda sodir bo'ladi (masalan, “ChatGPT”). Eng hayratlanarlisi, “qora quti” ichida nima bo'layotganini hech kim bilmaydi. Buni bartaraf etish uchun shu yili “izohlash” (“reasoning”) qismi kiritildi, lekin mutaxassislarning aytishicha, bu ham ichkarida to'liq bo'layotgan jarayonni ochib bera olmas ekan, demak, bu muammoga yechim bo'lmagan. Buning nimasi qo'rqinchli deyishingiz mumkin. Qo'rqinchli tarafi shundaki, agar sun'iy intellekt o'z istagi bilan qaror qabul qilish darajasiga chiqsa, unga bog'liq barcha narsa insonlar uchun xavfli bo'lishi mumkin. Masalan, takomillashib borayotgan sun'iy intellekt robotlari o'z xohishi bilan harakatlanishni boshlaydi. Albatta, bu bir fantastik kinoga o'xshab tuyuladi, ammo bu narsa sodir bo'lishi ehtimoli mavjud. Buni tasdiqlash uchun dunyo olimlarining fikrini ko'rib chiqsak. Jeffri Hinton (Geoffrey Hinton) 1978 yilda Edinburg universitetida sun'iy intellekt bo'yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 2024 yilda esa fizika yo'nalishida Nobel mukofotini qo'lga kiritgan hamda “Google” kompaniyasining sobiq xodimi bo'lgan. Umumiy qilib aytganda, sun'iy intellekt mutaxassisi bo'lgan bu shaxs “CNN”ga bergan intervyusida sun'iy idrok odamlardan ham aqlli bo'lib, kelajakda katta xavf tug'dirishi muqarrarligini ta'kidlagan.
Agar sun'iy intellekt xavfli bo'lsa, uni rivojlantirmaslik kerak, shunday emasmi? Afsuski, buning iloji yo'q, chunki hozirda dunyoda sun'iy intellekt poygasi ketmoqda. Kimda eng aqllisi bo'lsa, o'sha kuchliroq degan qarashlar bor. Yuqorida, asosan, uning xavflari haqida so'z yuritdik. Albatta, odamzod tomonidan yaratilgan bu aqlli texnologiya zararli deb bo'lmaydi, yuqorida aytganimizdek, bizga ko'p foyda ham keltirmoqda. Ayniqsa, ilm-fan, tibbiyot, kelajakdagi tabiiy ofatlarni aniqlash va ijtimoiy hayotdagi bajarilishi qiyin bo'lgan ishlarni bir zumda bajaradi. Xo'sh, nima qilmoq kerak? Ko'plab bahs-munozaralardan so'ng, dunyo olimlarining ko'pchiligi sun'iy intellektni yanada chuqurroq o'rganib, tadqiqotlar qilish hamda uni yaratish va ishlatish bo'yicha qonunlar joriy qilinishi muammoga yechim bo'ladi, degan xulosaga kelishmoqda. Bundan shuni anglash mumkinki, rivojlanayotgan har qanday texnologiyaga befarq bo'lmaslik, aksincha, ularni yanada chuqurroq o'rganish yorqin kelajakni kafolatlaydi.
Humoyunbek HOShIMJONOV,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.