Yoz fasli mazmunli o'tsin, bolajon!

Prezidentimiz tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Qo'qon shahar Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limiga tizimidagi 47 ta umumiy o'rta ta'lim maktabi, 55 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, shuningdek, nodavlat ta'lim tashkilotlari va “Barkamol avlod” bolalar markazida 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o'quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, ularni sog'lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish ishlari allaqachon boshlab yuborildi.

Shahardagi oltita umumiy o'rta ta'lim maktablarida kunduzgi oromgohlar tashkil etildi. Barcha maktablarda axborot texnologiyalari, sport, chet tillari va kasb-hunarga o'rgatuvchi to'garaklar qizg'in faoliyat yuritmoqda. Ularda olti mingga yaqin o'quvchilar o'z bilim va dunyoqarashlarini boyitishmoqda.

“Quvnoq startlar”, shaxmat-shashka, mini-futbol kabi sport musobaqalari shahar va viloyat miqyosida tashkil etilayotgani esa o'quvchi-yoshlarni yanada intilishga undamoqda.

Sport-sog'lomlashtirish, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, tasviriy san'at darslari, kitobxonlik, kino soatlari orqali bolajonlar bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishmoqda.

— Bolalar to'qqiz oy davomida maktabda tahsil olishdi. Endilikda ta'til kunlarini mazmunli va sog'lom o'tkazishlari muhim. Maktablarda sog'lomlashtirish maydonchalari, to'garaklar faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. Oromgohlarda bolalar bir martalik issiq nonushta bilan ta'minlanadi, — dedi Qo'qon shahar MMTB boshlig'i I.Mirzayeva. — “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga start berish avvalida shahrimizdagi 25- va 44-umumiy o'rta ta'lim maktablarida namunali seminarlar tashkil etilib, unda yoz davomida e'tibor qaratish zarur bo'lgan muhim jihatlar amaliyotda ko'rsatib berildi. Shahrimizdagi “Koinot” va “Rohat” yozgi sog'lomlashtirish oromgohlariga pedagog xodimlarning farzandlari imtiyozli jalb qilinib, ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga erishilmoqda.

Har hafta istirohat bog'larida tashkil etilayotgan ko'ngilochar konsert dasturlarida pedagoglar ham oila a'zolari bilan qatnashib, maroqli hordiq chiqarmoqdalar.

Bu tashabbus ota-onalar tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi. Yozgi mavsumda ham bolalarga ilm va hunar o'rgatayotgan ustozlardan ular minnatdor bo'lishmoqda.

Qo'qonliklarni quvontirgan yana bir voqea 15-umumiy o'rta ta'lim maktabi o'quvchilari jamoasi “Turon” maktab teatri bellashuvlarining respublika bosqichida ishtirok qilyapti.

Yozning issiq kunlari davomida bolalarga salqin va bahavo joylarda dam olib quvnab-yayrashlari uchun yaratilgan munosib sharoit kelgusida iqtidorli o'quvchilarni yuzaga chiqarish ularni nafaqat shahrimiz, balki butun mamlakatimizga tanita oladigan munosib farzandlar qilib kamol topishni maqsad qilganmiz.

Mazkur tashabbus kelajak avlodning sog'lom, bilimli va faol bo'lib ulg'ayishi uchun muhim zamin yaratadi, albatta.

O'ktam ABDULLAYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =