“Majnuntol”ning mavjin   ko'ring

Yoshlikda olingan bilim toshga o'yilgan naqsh kabidir deb bejizga aytishmagan. Farzandlarimizni milliy an'ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, o'zbek tiliga bo'lgan muhabbatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarni nafaqat maktab, balki avvalo, oiladan, so'ng maktabgacha ta'lim muassasalaridan boshlash to'g'riroq bo'ladi. Chunki Vatan tuyg'usi, xalqparvarlik kabi fazilatlar murg'aklikdan, bog'cha yoshidanoq o'g'il-qizlarga o'rgatilsa, ongu-shuuriga singdirilsa, o'ylaymizki bular bolalarning umri davomida shakllanib, albatta, yurtga sadoqatli farzandlar bo'lib kamol topishlarida muhim omil bo'ladi. Mana shunday maqsadlarni har bir maktab va maktabgacha ta'lim dargohlari o'zining ustuvor vazifasi deb bilishi va zamon bilan hamnafas harakat qilishi kerak.

 

Bu borada olib borilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishish maqsadida poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 249-sonli “Majnuntol” davlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyati bilan qiziqdik.

Bog'chaga kirib borar ekanmiz bizlarni muassasa mudirasi Sevara Ahmedjanova ochiq chehra bilan kutib oldi. Safarimizni bog'cha xonalarini ko'zdan kechirish bilan boshladik. Keng va yorug' xonalar bolalarga mos ravishda, qo'l mehnati bilan tayyorlangan turli o'yinchoqlar bilan ertakmonand ravishda bezatilganiga guvoh bo'ldik. Masalan, uyda gugurt o'ynamaslik, buning qanday oqibatlarga olib kelishini ko'rsatuvchi, yo'l harakati qoidalarini o'rgatuvchi hamda yaxshilik va ezgulikni odat qilishga chorlovchi ko'rgazmalar bolalar uchun tushunarli shu bilan birgalikda qiziqarli tarzda xonalar devoriga joylashtirilgan.

— Bog'chamiz 360 o'ringa mo'ljallangan — deydi bog'cha mudirasi Sevara Ahmedjanova. — Hozirda 12 ta guruhda jami 320 nafar bolalarga ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan 12 nafar tarbiyachimiz ta'lim-tarbiya berishmoqda. Turli bayram-tadbirlarini muntazam ravishda o'tkazib kelamiz. Ularda tarbiyalanuvchilarimizning faollik bilan ishtirok etib, o'zlari mustaqil ravishda she'rlar va qo'shiqlar yodlab kelishlari ularga bo'lgan umidimiz va ishonchimizni oshirib kelgan. Ayniqsa, tayyorlov guruhidan Mubina Yusupova, E'zoza Abduganiyeva, Jahongir Mirzaumarov, Abdumajid Abdubositov kabi tarbiyalanuvchilarimiz intiluvchanligi va o'tkir zehni bilan namuna. Ilohim ko'z tegmasin!

Bog'chaga bo'lgan tashrifimiz davomida 21 oktyabr davlat tili bayrami kuni munosabati bilan “O'zbek tilim — ona tilim, boyligim mening” mavzusida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdik.

Unda zamonaviy multimedia vositalaridan foydalangan holda jajji tarbiyalanuvchilarning o'zbek tili haqidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan videorolik va ko'rgazmalar namoyish etildi.

Bir-biridan biyron, zukko o'g'il-qizlar tilidan aytilgan ona tili haqidagi she'r va hikmatli so'zlar yig'ilganlar olqishi va sevinchiga sababchi bo'ldi.

Mazkur bog'chaning maktabga tayyorlov guruhida turli millatli oila farzandlari tarbiyalanar ekan. Shunday bo'lsa-da o'zbek tili bayramida barcha bolalarning birdek faol ishtirok etgani hamda davlat tilida burro qilib turli chiqishlar qilgani g'oyat quvonarli bo'ldi.

— Bog'chamiz tarbiyalanuvchilari turli millatlarga mansub bo'lsalar-da o'rtoqlari bilan o'z tillarida ham o'zbek tilida ham gaplashishga harakat qilishadi, — deydi muassasa tarbiyachisi Nargiza Turg'unova. – Chet tili mashg'ulotlarida o'zbek bolalari ulardan yordam olsa, boshqa mashg'ulotlarda ularga yordamlashadilar. Ertaklar, har xil sahna ko'rinishlari orqali ularning bu boradagi qiziqishlarini oshirib, osonroq yo'llar bilan ko'nikma hosil qilishlariga imkoniyat yaratamiz. Albatta, bunda qisqa qilib ikki-uch tilda yozilgan suratli ertak kitoblardan foydalanish ancha qo'l kelyapti.

Bolalarga yoshligidan mana shunday ta'lim berilsa, o'ylaymizki albatta, ulardan yurtga fidoyi, xalqparvar insonlar yetishib chiqadi.

Ushbu maktabgacha ta'lim muassasasidan qaytarkansan, bu maskandagi ajoyib shart-sharoit, tajribali va mehribon tarbiyachilar jamoasi bilan tanishib, o'zing ham yana bola bo'lib qolging keladi. Rahmat senga “Majnuntol” maskani!

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − nine =