Dunyo jurnalistlarini birlashtirgan mediaforum

2025 yil 14-20 iyul kunlari Xitoyning Guanchjou shahrida Umumxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi hamda Szyansi provinsiyasi bosh tashkilotchiligida “Matbuotning kuchi: sivilizatsiyalararo muloqot va global modernizatsiyaga jurnalistlarning ta'siri” mavzusida xalqaro mediaforum o'tkazildi. Unda AQSh, Germaniya, Braziliya, Fransiya, Argentina, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning oltmishga yaqin davlatidan yuz nafardan ziyod Jurnalistlar uyushmalari rahbarlari (ba'zi davlatlarda uyushma emas, boshqacha nomlanar ekan) hamda  jahonga mashhur ommaviy axborot vositalarining yetakchi vakillari ishtirok etdi.

Taklifga muvofiq, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Umumxitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi o'rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda mazkur mediaoforumda qatnashdik.

Ushbu yirik tadbir doirasida “Jurnalistikada sun'iy intellekt”, “Sivilizatsiyalar o'rtasidagi dialog” kabi mavzularda seminar va davra suhbatlari o'tkazildi. Ularda xalqaro media maydondagi eng so'nggi yangiliklar, ayni kungi jurnalistikadagi mavjud muammolar, ularning yechimi bo'yicha fikr almashildi. Fursatdan foydalanib, xalqaro anjumanning global ahamiyati, uning dunyo zamonaviy jurnalistikasi uchun muhimligi borasida o'z fikr-mulohazalarimizni  bildirib, taklif va tavsiyalarni o'rtaga tashladik.

Muloqotlarda butun dunyoda tinchlikni ta'minlash, turli millat va elatlar o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, jurnalistlar taraqqiyotga munosib hissa qo'shishi bo'yicha ham so'z yuritildi.

Ishtirokchilar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda ro'y berayotgan o'zgarishlar bilan ham tanishtirildi, Szyansi provinsiyasiga qarashli Guanchjou va Nanchang shaharlari, Lushan tog' hududi bo'ylab ekskursiyalar tashkil etildi.

Aytish mumkinki, ushbu forum turli davlatlar jurnalistlar uyushmalari o'rtasida o'zaro hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, o'zaro muloqot va tajriba almashish  uchun qulay sharoit yaratdi.

Bugun xorij tillarini bilmasangiz ham maxsus qurilma va tarjimon dasturlari orqali turli tilli hamkasblar bilan bemalol suhbatlashish imkoni yaratilgan. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Uyushma mas'uli sifatida Umumxitoy, Rossiya, Belarus, Qirg'iziston Jurnalistlar tashkilotlari  raislari  He Ping, Vladimir Solovyov, Andrey Krivosheev, Azamat Kasыmbekov va boshqa hamkasblarimiz bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo'yicha muloqot qilib, kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni kelishib oldik.

Xitoyga safarimizning ikkinchi kunida “Oltin qalam” XVI milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi 2-o'rin sohibi, pokistonlik Xalid Taymur Akram bilan ko'rishib, suhbatlashdik.

— O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlikni, matbuot va so'z erkinligini ta'minlash, soha xodimlarini rag'batlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlardan yaxshi xabardorman.  Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ana shu islohotlarga oid materiallarim turli tillarda e'lon qilib borilmoqda, — dedi Xalid Taymur Akram. — Ko'p davlatlarda bo'lganman. Bilasiz, sohamiz xodimlari o'rtasida turli tanlovlar o'tkaziladi. Ammo men shu paytgacha sizlarda har yili tashkil etiladigan “Oltin qalam” xalqaro tanlovidagidek, tanlov g'olibiga — jurnalistga yengil avtomobil berilganini eshitmadim. Albatta, bu davlatingiz rahbarining media soha vakillarini moddiy qo'llab-quvvatlashga qaratayotgan alohida e'tibori namunasidir.

Xalqaro mediaforum haqiqatdan ham yuqori saviyada tashkil etildi. Tashkilotchilar besh qit'adan kelgan soha mas'ullari va OAV xodimlarini besh guruhga bo'ldi. Ular besh yo'nalish bo'yicha tadbirlarda ishtirok etdilar. Yakunda esa hamma jam bo'ldi. Bu yerda ramziylik shuki, beshga bo'lingan jurnalistlar go'yoki inson qo'li barmoqlari. Ular — dunyo jurnalistlari birlashsa, mushtdek baquvvat va kuchli bo'ladi, degan g'oya mujassamdir.

Ma'lum qilinganidek, bu yil sakkizinchi bor o'tkazilgan ushbu yirik tadbir ishtirokchilari soni va geografiyasi yildan-yilga oshib bormoqda. Xalqaro mediaforum yakuniga bag'ishlangan tantanali tadbirda bir qator davlatlar media tuzilmalari, jumladan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xalqaro Jurnalistlar uyiga a'zo bo'lganligi e'lon qilindi.

Ushbu a'zolik uyushmaga nima beradi, degan savol tug'ilishi mumkin. Ta'kidlash joiz, Xalqaro Jurnalistlar uyi dunyodagi jurnalistlar bilan ishlovchi tuzilmalarni birlashtiruvchi platforma huzurida faoliyat olib boradi. Mazkur platforma yuqorida ta'kidlaganimizdek, yuzdan ortiq davlatlar jurnalistlar uyushmalarini jamlagan. Ularning soni ko'payib bormoqda. Uyushmamizning unga a'zo bo'lgani bizga birinchi navbatda xalqaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Boshqacha aytganda, tashkilotimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi. Shuningdek,  jurnalistlarimizning xorij davlatlari media tuzilmalariga borishi, tajriba almashishini ta'minlash masalalarida Uyushmamizning ko'magi yanada ortadi, o'rni mustahkamlanadi.

Shu o'rinda mazkur xalqaro mediaforum O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi uchun ham har jihatdan samarali bo'ldi, deyish mumkin. Negaki, yirik anjumandan unumli foydalangan holda O'zbekiston bilan dunyo mamlakatlari o'rtasida jurnalistika, media sohasida hamkorlik rishtalarini bog'lab, doimiy muloqot o'rnatishga kelishib olindi. Kelgusi faoliyatimizda ayni kelishuvlar natijalari va samaralariga, nasib bo'lsa, hamkasblarimiz guvoh bo'lishadi.

…Xalqaro mediaforum tadbirlari yakuniga yetdi. Tadbir ishtirokchilari, xorijliklar, tashkilotchilar-volontyorlar bilan samimiy va do'stona xayrlashdik. Meni ta'sirlantirgan narsa shu bo'ldiki, ayni jarayonda tili, dini, millati boshqa-boshqa insonlarning ko'zida yosh ko'rdim. Bu – mehr-oqibat, do'stlik, birodarlik yoshlaridan darak edi.

Xolmurod SALIMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi raisi v.b.

 Toshkent – Pekin – Szyansi,

 Szyansi – Pekin – Olmaota – Toshkent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − fourteen =