Barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi

Yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, yaxshi qo'shnichilik muhiti bir-biri bilan azaldan do'st-birodar, qon-qarindosh, quda-anda bo'lib yashayotgan, qadriyatlari, dini va urf-odatlari bir, tili bir-biriga yaqin xalqlarni yana qaytadan birlashtirdi, desak xato bo'lmaydi. O'zaro mehr-oqibat, hurmat va yaxshi-yomon kunlarda yordamga kelish, bir-biriga ko'mak berish bosh maqsadga aylandi. Endilikda Markaziy Osiyo davlatlari xalq farovonligi yo'lida global muammolarni o'zaro hamkorlik asosida hal qilmoqdalar.

Turkmaniston Respublikasining Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida bo'lib o'tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasi ana shunday oliy darajadagi anjumanlardan biri bo'ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4-5 avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmaniston Respublikasida bo'lib, ushbu anjumanda ishtirok etdi.

Avaza shahrida o'tkazilgan mazkur nufuzli anjumanda transport sohasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqlim o'zgarishi va ekologik xavf-xatarlarga bardoshlilikni oshirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz o'z nutqida dengizga chiqish imkoni yo'q davlatlarning global iqtisodiyotda to'laqonli ishtirok etishi uchun adolatli va barqaror shart-sharoitlar yaratish zarurligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan infratuzilmani modernizatsiya qilish, o'zaro tranzit hamkorligini kengaytirish va xalqaro tenglikni ta'minlash bo'yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, “O'zbekiston — Afg'oniston — Pokiston” va “Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston” temir yo'l loyihalarini uyg'unlashtirish, Tranzit kafolatlari to'g'risidagi global bitim ishlab chiqish, logistika integratsiyasiga ko'maklashuvchi jamg'arma tuzish, Zaiflik global indeksini ishlab chiqish va agrotexnologiyalarga ixtisoslashgan innovatsion xabni tashkil etish kabi aniq va amaliy takliflar bildirildi.

Jumladan, “Biz O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston temir yo'lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz. Ushbu istiqbolli yo'lakni qurilayotgan Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'l magistrali bilan bog'lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi”, – dedi Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish yo'liga ega bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasidagi nutqida.

Prezidentimiz turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotda bo'ldi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Ushbu xalqaro anjuman Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanchalik muhim ekani to'g'risida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi. Konferensiya doirasida O'zbekiston — Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yangi davrni boshlab bergan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” ordeni topshirildi. Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi Markaziy Osiyo” g'oyasi mintaqa mamlakatlari o'rtasida yaqin muloqot, ochiq chegaralar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, insonparvarlik va o'zaro ishonchga asoslangan aloqalarga poydevor bo'lmoqda. Keyingi yillarda O'zbekistonning qo'shni davlatlar — Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va Afg'oniston bilan munosabatlari sezilarli darajada yaxshilandi, xususan, chegara va suv resurslari kabi dolzarb masalalar bo'yicha erishilgan kelishuvlar bu siyosatning samaradorligidan dalolat beradi.

Nazarimizda mazkur tashrifning yana bir ta'sirli va ramziy jihati shunda bo'ldiki, Turkmanistonda shakllangan yuqori protokol qoidalaridan farqli ravishda turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat ­Mirziyoyevni shaxsan aeroportda kuzatib qo'ydi. Bu ikki davlat o'rtasidagi o'zaro hurmat va samimiy do'stona munosabatlar, xalqlarimiz o'rtasidagi chinakam qardoshlik aloqalarining yorqin namunasining isbotidir.

Ushbu konferensiyada O'zbekiston Respublikasining faol ishtiroki mamlakatimizning global va mintaqaviy masalalarda qat'iy pozitsiyaga egaligini, jahon hamjamiyati bilan samarali muloqotga intilishini va barqaror taraqqiyot, tinchlik hamda hamkorlikni ta'minlashga qaratilgan tashabbuslarini yana bir bor namoyon etdi.

Rashid RUZIBAYEV,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Urganch filiali direktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 5 =