Salom, maktabim!

Bugungi kunda yurtimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ayniqsa, umumta'lim muassasalari faoliyatida ham o'z ijobiy samarasini ko'rsatmoqda. Shunday maskanlar borki, u yerda nafaqat bilim beriladi, balki iqtidor, tarbiya va ezgulik tarannum etiladi. Ana shunday namunali ta'lim dargohlaridan biri — Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 125-sonli umumta'lim maktabidir.

Maktabda 94 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda, 1648 nafar o'quvchi tahsil olmoqda.

Bu muassasa o'z faoliyati davomida nafaqat yetuk bilim bergan, balki yuzlab mard, vatanparvar, intellektual salohiyatli yoshlarni voyaga yetkazgan zamonaviy maktab sifatida tanilgan. 2023 yili “Obod mahalla” dasturi doirasida mukammal ta'mirlandi. Maktabda yaratilgan qulay shart-sharoitlar, malakali pedagoglarning fidokorona mehnati va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ta'lim metodikalari bu dargohni yuksak pog'onalarga olib chiqmoqda.

Maktab o'quvchilarining bilim olish jarayonini samarali yuritish maqsadida qog'ozsiz jurnal tizimiga o'tgan, bu ta'lim jarayonida raqamli platformalardan foydalanishni rag'batlantiradi. Maktabda tahsil olayotgan 15 yoshli o'quvchilarning 42 nafari “PISA-2025” xalqaro baholash tadqiqotida ishtirok etishi ham quvonarli voqealardan biri hisoblanadi. O'quvchilar bilan individual yondashuv asosida ishlash tizimi tashkil etilgan. Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Turon” teatri tanlovida ham maktabning iqtidorli o'quvchilari faol ishtirok etib, tuman bosqichida faxrli 2-o'rinni egalladi.

Maktab:

– raqamli texnologiyalar asosidagi ta'lim jarayoni (elektron jurnal, onlayn monitoring, zamonaviy fan laboratoriyalari);

– yuksak salohiyatli pedagoglar jamoasi;

– iqtidorli o'quvchilar bilan olib borilayotgan tizimli va samarali ishlar;

– fan olimpiadalari, sport musobaqalari va ijtimoiy loyihalarda faol ishtiroki bilan namuna bo'lmoqda.

Maktab zamonaviy ta'lim yondashuvi asosida o'quvchilarning bilim, tafakkur va shaxsiy salohiyatini rivojlantirishga yo'naltirilgan. Unda pedagogik jamoaning samarali faoliyati, innovatsion metodlarni tatbiq etish va o'quv muhitining qulayligi ustuvor ahamiyatga ega.

Bu maktab o'quvchilari yildan-yilga yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, olimpiadalar va forumlarda qo'lga kiritilgan muvaffaqiyatlar buni yaqqol isbotlab turibdi. Bitiruvchilarining aksariyati yurtimizdagi yetakchi oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirib, jamiyatda o'z munosib o'rnini topmoqda. Jumladan, 2024-2025 o'quv yilida 150 nafar maktab bitiruvchisidan 95 nafari oliy ta'lim muassasalari talabaligiga, 6 nafari ixtisoslashtirilgan texnikumlarga qabul qilindi. Bu esa davlatimizda raqobatbardosh, bilimli va tashabbuskor yosh kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maktabda xorijiy tillarni chuqurlashtirib o'qitish, axborot texnologiyalari yo'nalishida to'garaklar tashkil etish, tanqidiy va kreativ fikrlashga o'rgatish bo'yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yosh avlodga nafaqat bilim, balki vatanparvarlik, insoniylik va mehnatsevarlik kabi ezgu fazilatlar singdirilmoqda.

2025-2026 o'quv yilida 1-sinfga 141 nafar kichik yurtdoshlarimizning ilk bor qadam qo'yishi — maktab hayotida muhim va quvonchli voqea bo'lib, bu ta'lim dargohining yuksak obro'-e'tibori, zamonaviy sharoitlari va tajribali jamoasiga bildirilgan ishonchning yorqin ifodasidir. Bu nafaqat yangi o'quv yilining boshlanishi, balki yosh avlod uchun ta'lim sari ochilgan ilk sahifa, orzular sari qo'yilgan dadil qadamdir.

Davlatimiz rahbari tomonidan har bir birinchi sinf o'quvchisiga an'anaviy tarzda taqdim etilayotgan Prezident sovg'asi — asosiy darsliklar va o'quv qurollaridan iborat to'plam esa quvonch ustiga quvonch qo'shmoqda.

Bunday e'tibor va g'amxo'rlik bolajonlar qalbida ta'limga bo'lgan muhabbatni mustahkamlab, ularni bilim olishga, Vatanga munosib farzand bo'lishga ilhomlantiradi. Har bir darslik — bu kelajak sari ochilgan darcha, yosh avlod uchun bilim manbai, ishonch va ilhom timsoli deyish mumkin.

Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi arafasida Mirobod tumanidagi 125-sonli umumta'lim maktabida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi hamda “Birinchi qo'ng'iroq” tadbiri o'tkazildi.

Tadbirda maktab direktori B.Mirxalikov, Mirobod tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi xodimi G.Muratova, Yangi Qo'yliq mahalla fuqarolar yig'ini raisi B.Abdurashitov, Barkamol avlod maktabi direktori K.Ulug'ov, yoshlar yetakchisi, mahalla faollari, faxriy ustozlar va ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Ona Vatanimiz va Mustaqillikni tarannum etuvchi kuy va qo'shiqlar, madaniy chiqishlar yoshlar qalbida yana bir bor vatanparvarlik hissini yuksaltirdi.

— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 1-sinf o'quvchilariga taqdim etilgan maxsus Prezident sovg'alari maktab ostonasiga ilk qadam qo'ygan jajji o'quvchilar qalbida bir umr muhrlanib qoladi hamda ularning ilmu ma'rifatga bo'lgan qiziqishi, kelajakka bo'lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shunga uyg'un ravishda maktabimiz jamoasida faoliyat yuritayotgan 94 nafar malakali pedagog xodimlar tomonidan olib borilayotgan zamonaviy ta'lim berish borasidagi bilim va ko'nikmalar ham maktabimizda ta'lim sifatini yanada oshirmoqda, — dedi 125-sonli umumta'lim maktabi direktori Bobur Mirxalikov.

Darhaqiqat, maktab — bu nafaqat ta'lim muassasasi, balki kelajak poydevorini mustahkam qo'yuvchi, yetuk, iqtidorli va har tomonlama barkamol yoshlarni voyaga yetkazuvchi bilim va tarbiya maskanidir.

Akbarxon MAGDIYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 14 =