15 yillik ko'ch-ko'ch va tovon puli to'lashdagi chalkashliklar

Yaqinda yana navqiron yoshligim o'tgan ota hovlimizga kirib bordim. Bu yerda meni nimasi bilandir eski qabristonni eslatadigan uch uyum tuproq qarshi oldi. Bu uch tepalik o'rnida 2013 yilgacha uchta oila yashagan uy-joy bo'lgan edi. Hozir esa unda-bunda sochilib yotgan poydevor toshlari orasida kalamushlar bemalol yo'rg'alab yuribdi. Bir tup qandaki o'rik va shotut og'ochi ancha yo'g'onlashibdi. Har boshi bir paqir keladigan uzum hosili beradigan eski tokdan nom-nishon qolmagan.

Yoz oylarida shu tokning soyasiga qo'yilgan uzun taxtasupaga tangadek oftob tushmasdi. Otam, onam, uka-singillarim, keyinchalik farzandu jiyanlarim bilan bu supada qancha zavqli onlarni o'tkazganmiz. Mening va uch ukamning uylanish to'yimiz shu hovlida o'tgan. Yetti singlimni shu hovlidan turmushga uzatganmiz. Uch farzandim shu uyda tug'ilgan. Ota-onamning janozasi o'qilgan, biz uchun tabarruk xonadon, maskan edi bu joy. Hozir esa… yovvoyi jiyda, yantoq va sho'ra bosib ketgan hovlimizni ko'rib, ko'zimda yosh halqalandi.

Kunchiqar tarafdagi tepacha yoniga borib, eski xotirotlarni kovlayman. Bu joydagi ikki xonali, oldi peshayvon uyni talabalik davrining ilk ikki yilida o'zim g'isht tashlab qurgan edim. Talabalikning uchinchi yili ta'tilida kursdosh inilarim hasharga kelishib, uyni qorasuvoqdan chiqarib ketishgandi.

Ha, hammasi kechagidek esimda.

Men hovlimiz haqida yozdim. O'zim guvohman, charm papka qo'ltiqlagan oytovoq yuzli soliqchi kelib, hovli-joyimizni o'lchovga tortdi. Metromerlarining bir uchini o'zim tortib turdim. Foydalanilayotgan yer 12 sotix bo'lib chiqdi. Shundan sakkiz sotixi (0,08 ga) ekin maydoni bo'lgan. Ikki yuz tupga yaqin anor og'ochidan har yili bir yarim-ikki tonnagacha anor yetishtirib sotganmiz. Tomorqasidan yiliga besh tonnagacha anor sotadigan mirishkor qo'shnilarimiz bor edi. Nurobodning anori bu yog'i Samarqandu Panjakentdan to bog'-rog'lar yurti bo'lmish Farg'ona vodiysigacha mashhuru manzur bo'lgan. Chunki anorzorlar etagidan o'tgan Katta O'zbekiston trakti olis manzillarni bir-biri bilan bog'lar, shu qasabadan yurgan yo'lovchi borki, katta ko'cha yuzida yashik-tog'oralarga terib qo'yilgan qirmizi tuyatish anorlar bekatiga bir qo'nib o'tishni rasm etgan edi. Biz hech qachon bozorda anor sotmaganmiz. Katta yo'l — bozorimiz bo'lgan.

Endi bu mahallaning paydo bo'lish tarixiga qisqa sayohat qilsak.

O'tgan asrning elliginchi yillari boshida Janubiy Mirzacho'l kanali qurilib, uning ikki yonidagi qo'riq yerlarga kichik suv tarmoqlari tortila boshlagan. Ana shunday suv tarmoqlaridan biri hozir “Farhod” temir yo'l bekati sifatida xaritaga kiritilgan hududni aylanib o'tib, Xovos tumanidagi “Bobur” (avvalgi Michurin) nomli SIU bog'larini va “Farhod” SIU paxtazorlarini “obi hayot” bilan ta'minlagan. Yana ham aniqrog'i, mazkur kanaldan suv yurgach, bu saksovulzor qo'riq obod go'shalarga aylandi.

Shu kanal temir yo'l va Katta O'zbekiston traktini kesib o'tib, yana qo'riq yerlarga qayrilgan hudud o'ramidagi 10-15 gektarlik maydonda u paytlar qishda shamol qum o'ynar, yozda saksovulu yantoqdan boshqa hech nimarsa bitmagan. Men ikkinchi-uchinchi sinfda o'qir, yozgi ta'tilda u paytlari “59-raz'yezd” nomi bilan yuritiladigan poezd stansiyasi yaqinidagi pastqam uylarda yashovchi amakivachchamnikiga mehmonga kelganimda, bu manzarani o'z ko'zim bilan ko'rganman. Keyin eshitishimcha, Qilich Sattorov degan bir qarindoshimiz shu kanal qurilishida qatnashgan. Undan suv oqa boshlagach, qurilishda bo'lgan bir qo'r sheriklari bilan “Golodnostepstroy” (“Mirzacho'lqurilish”) bosh boshqarmasi boshlig'i Sarkisov huzuriga kirib, yuqorida biz tilga olgan bo'ltak yerda uy-joy qurib yashashga izn so'raydi.

U kishi rozilik beradi. Hammasi og'zaki bo'ladi. Davlatning bir tiyin puli sarflanmay, aholi o'z kuchi bilan yer o'zlashtirib, suv tortib, uy-joy qurib, qo'lbola usulda elektr tarmog'i o'tkazib umrguzaronlik qila boshlaydi. Urug'iga qarab “Nayman ovul”, “O'roqli”, “Besh juz”lardan iborat aholining aksariyati urush yillari poyonida Tojikistonning Shahriston tumani qishloqlaridan ko'chirma bo'lgan odamlardan iborat edi. Sirdaryo IES qurilishining zarbdorlari ular bo'lishgan.

O'tgan asr to'qsoninchi yillarining boshida Mirzacho'lni o'zlashtirishning navqiron faollaridan bo'lgan Isroiljon Erbekov Shirin shahriga hokim bo'lib keldi. Bir suhbatda “Farhod” stansiyasi hududini Shirin shahri tarkibiga kiritish haqida maslahat soldi. Ham Shirin shahrining iqtisodiy-ijtimoiy mavqei ko'tariladi, ham bu joylar yanada obod bo'ladi. Yaxshi taklif edi. Qishloq faollari jalb etildi. Rasmiy jihatini Isroiljonning o'zi hal etdi. “Nurobod” mahallasi Shirin shahri tarkibiga kiritildi. Shaharlashish sharofati bilan mahallaning infratuzilmasida yaxshi o'zgarishlar yuz berdi. Elektr chirog'i o'chmaydigan bo'ldi, gaz quvurlari tortildi, ichimlik suvi olib kelindi, ko'chalar asfaltlanib, hatto tungi yoritkichlar o'rnatildi. Ko'p o'tmay Isroiljon Erbekov Guliston shahriga hokim bo'lib o'tdi va u kishi boshlab ketgan obodonlashtirish ishlari maromida davom etaverdi.

Lekin 2010 yilga kelib “Mustaqillik” ko'chasi aholisiga munosabat aksinchasiga aylanib ketadi.

Go'yo Mustaqillik qonunlari “Mustaqillik” ko'chasi aholisining manfaatlariga zid kelib qolganday.

2010 yilda Vazirlar Mahkamasi (2010 yil 19 fevraldagi yig'ilishi bayoni) va Sirdaryo viloyati hokimining (2010 yil 23 fevral va 13 maydagi) Sirdaryo viloyatining Tojikiston va Qozog'iston Respublikalari bilan chegaradosh tumanlarida xavfsizlik va jamoat tartibini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan qabul qilgan qarorlari asosida “Nurobod” mahalla ahli suv ichib turgan kanalning so'l qirg'og'idan chegara simlari tortildi. Bojxona, militsiya va xavfsizlik xizmati postlari kuchaytirildi.

O'rtada kanal, uning o'ng betida katta mashina o'tadigan yo'l va har xil oraliqda qoldirilgan kanal hududidan keyin Shirin shahrining “Nurobod” mahallasi boshlanadi. Mahallaning katta qismida chegara chizig'i bilan uy-joylar o'rtasidagi oraliq masofa 50 metrdan ko'p. Hatto yuz-yuz ellik metr oraliq masofa tashlab qurilgan uy-joylar ham bor.

Shunga qaramay, “Mustaqillik” ko'chasida istiqomat qiluvchi 134 ta xonadonni (2019 yil ikkinchi avgustda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga kiritilgan ma'lumotnomada shunday ko'rsatilgan – A.A.) avval bosqichma-bosqich, keyin yoppasiga ko'chirish belgilanadi.

Lekin bu tadbir “Molxona” usulida (Jorj Ourellning “Molxona” romani nazarda tutilmoqda – A.A.) ijro etiladi. Ko'chirma qilinayotgan aholiga tovon puli to'lash va qurilish materiallari ajratish pala-partish olib borildi. Ko'chishga rozi bo'lmaganlarni prokuraturaga chaqirib qo'rqitish va IIBda ushlab turish usullari qo'llanildi. Mevazor bog'lar va mashhur anorzorlar qurib qoldi. Mahalladan fayz-baraka ko'tarildi. Obodonchilik supurilib, infratuzilma ob'yektlari talon-toroj qilindi (voqeani o'z ko'zi bilan ko'rganlar “mana bu issiqxona bizning gazimizning trubalaridan qurilgan. Issiqxona egasining akasi o'sha paytda hokim vazifasida ishlar edi”, deb ochiq aytishmoqda). Mahalla ahlining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim rol o'ynab kelgan Katta O'zbekiston traktining bir qismi shudgorlab tashlandi.

Ustiga-ustak, ikki qo'shni davlatlar rahbarlarining shaxsiy ambitsiyalari tufayli yuz bergan ziddiyat chegaradagi vaziyatni yanada zo'riqtirib yubordi. Chegaraning ikki tomonida qolib ketgan aka ukadan, opa singlisidan xabar ololmay qoldi. Qo'shiqda aytilganidek, ham yaratuvchi va ayni paytda bunyodini g'orat etguvchi inson o'zing, inson o'zing, deganlari shu bo'lsa kerak.

Ko'chirishga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 17 apreldagi “Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududlarida xavfsizlik va jamoat tartibini ta'minlash bo'yicha” o'tkazilgan 504-sonli sayyor yig'ilishi bayoni va Sirdaryo viloyat hokimining shu asosida 2013 yil 13 mayda qabul qilingan “Davlat chegara chizig'iga yaqin joylashgan Shirin shahar Nurobod mahallasida yashovchi fuqarolarni turar-joylari va qo'shimcha binolari buzilishi tufayli, ularga Xovos tuman Bobur SIU va Farhod SIU hududlaridan yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratish to'g'risida”gi 123-son qarori asos qilib olindi.

Ajabki, mana, o'n besh yildirki, hamon ko'chirish ishlari yakunlanmagan. Bu orada Sirdaryo viloyati, Xovos tumani va Shirin shahar hokimlari necha bor o'zgardi. Lekin ko'chirmaning achchiq ichakdek cho'zilishiga sabab bo'layotgan savollar kamaymadi. Ularning ayrimlarini keltirib o'tamiz:

  1. Bu hujjatlarda “uy-joyi va qo'shimcha binolari buzilishga tushgan” 134 ta xonadon (Sirdaryo viloyat hokimining qarorida 193 ta oila deb ko'rsatilgan) “ko'chirilsin, uy-joyi va qo'shimcha binolari buzilsin” degan aniq ko'rsatma ochiqlanmagan.

Nima uchun qaror qabul qiluvchi qarorning eng muhim talabini chetlab o'tadi?

Chunki Bosh vazirga kiritilgan axborotnomadan ma'lum bo'lishicha, aholini ko'chirish, uy-joy va qo'shimcha binolarini buzish 2010 yildayoq boshlab yuborilgan.

Vazirlar Mahkamasi sayyor yig'ilishining bayoni va viloyat hokimining ko'chirma qilinayotgan aholiga yer maydoni ajratish to'g'risidagi qarori uch yildan so'ng qabul qilinadi.

“O'zbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi to'g'risida”gi Nizom esa 8 yildan so'ng, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 iyuldagi 504-sonli qarori bilan kuchga kirgan (Nizomning yangi tahriri 2024 yil 24 oktyabrda VMning 700-sonli qarori bilan tasdiqlangan). Mazkur Nizomning 2-bob 4-bandida DXX Chegara qo'shinlariga 50 metrgacha bo'lgan zarur yer uchastkalari ajratish mumkinligi ko'rsatib o'tilganligini e'tiborga olsak, Shirin shahar Nurobod mahallasining Mustaqillik ko'chasidagi aholi uy-joylarining aksariyati “chegara chizig'iga” tushmasligi ayon bo'ladi.

  1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66- va 68-moddalari bilan kafolatlangan hamda O'zbekiston Respublikasining Mulkchilik to'g'risidagi Qonuni (7-modda) doirasiga kiruvchi, mingga yaqin aholining mulkiy huquqiga tegishli juda dolzarb masala nima uchun Xalq deputatlari Shirin shahar va Sirdaryo viloyat kengashlari e'tiboridan soqit qoldi?
  2. To'g'ri, buzilishga tushgan uy-joy va qo'shimcha inshootlar uchun tovon puli to'langan. Lekin to'lovdagi g'alati chalkashliklar sabab yer uchastkasi ajratilgan va tovon puli to'langan 58 xonadon egalari (133 ta oila, 652 nafar aholi) 2018 yilda ham yangi joyga ko'chmadi. Ular hokimiyat ma'murlarining qattiq qarshiligiga qaramasdan, Toshkentdan xalqaro miqyosda ishlovchi malakali mutaxassislarni jalb etgan holda uy-joylarini qayta baholashga erishdilar. Mutaxassislar avval barcha uy-joylarning kadastr hujjatlarini tayyorlab, shu asosda hisob-kitob yuritishadi va 58 ta xonadonning uy-joyi 8,4 mlrd so'mga qayta baholanadi. Bu mablag'ni 54 ga bo'lsak, har bir xonadon o'rtacha 155 million so'mdan sal oshiqroqni tashkil qilar ekan. To'langan 4,5 mlrd so'mlik tovon puli ayirib tashlanganda yana to'lanishi kerak bo'lgan qiymat 3 mlrd 877 mln 191 ming 666 so'mni tashkil etadi.

Bosh vazirga kiritilgan ma'lumotnomada qayd etilishicha, qolgan 96 xonadon egalariga 2010-2018 yillar davomida jami 6,4 mlrd so'm tovon puli bo'lib-bo'lib to'langan. Bu pul taqsimlanganda o'rtacha har bir xonadon egalariga 66,5 mln so'mdan mablag' berilishi kerak edi. Masalan, yuqorida ta'kidlaganimdek, mahallada qurilishi jihatidan eng oldi uy-joylardan biri hisoblangan bizning xonadonda uch oila yashagan, 2013 yilda o'n bir jon ro'yxatda turgan. Shu xonadonning egasi bo'lib qolgan ukam Tohir Jo'lbekovga esa bor-yo'g'i 14,4 mln so'm tovon puli to'langan. 66,5 mln so'm qaerda-yu, 14,4 mln so'm qaerda! Nega o'rtadagi farq buncha katta?

Arzimas tovon puli to'lanib, prokurorning do'q-po'pisasi bilan uyi buzib tashlanganlar qancha!

Yana 95 ta xonadon egalariga to'langan pul miqdori qiyoslab o'rganilishi va haqiqiy ahvol ochiqlanishi shart.

Shu o'rinda yana savol paydo bo'ladi:

— ularga tovon puli to'lashda pulning qadrsizlanishi va qurilish materiallarining bozor narxi e'tiborga olinganmi?

— 2010 yilda uyi buzilib, tovon pulining ma'lum qismini, aytaylik, 30 mln so'mini 2018 yilda olgan fuqaro qurilish bozoridan necha dona shifer sotib ola olardi? Bugun-chi?

Yuqorida biz tilga olgan ma'lumotnoma asosida Bosh vazir Abdulla Aripov 2019 yil 2 avgustda Sirdaryo viloyat hokimi va Moliya vaziridan tortib yana tegishli to'rtta vazirlikka maxsus topshiriqnoma beradi. Unda ko'chirma bo'lgan aholi manzillari infratuzilmasini rivojlantirishdan tortib tovon pullarini bir oy ichida to'lab berish to'g'risidagi odamning ko'nglini ravshan etadigan talablar qo'yilgan. Shundan keyin ko'chirma aholi joylashgan hudud yaqinida yangi bolalar bog'chasi qurildi. Yo'llar asfaltlandi. Gazlashtirish va ichimlik suvi ta'minoti yaxshilandi.

Lekin hamon ko'chirma bo'lganlarga tovon puli to'lash va qurilish materiallari bilan ta'minlash masalasini jiddiy taftishdan o'tkazish zarurati bor. Chunki aholining asosiy noroziligi sababi mana shu masala bilan bog'liq.

“Sirdaryo viloyat hokimining 2013 yil 13 maydagi 121-sonli qarori bilan “Shirin shahar “Nurobod” mahallasidagi chegara hududiga yaqin joylashgan va ichki hududga ko'chiriladigan 85 ta xonadon (93 ta oila) egalarining har biriga ro'yxat asosida 10 tonnadan sement, 100 dona shifer va 10 ming donadan pishgan g'isht qurilish materiallari uchun mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan ajratilishi belgilab qo'yilgan”.

Biz yuqoridagi iqtibosni Sirdaryo viloyat sudi Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instansiyasining (2025 yil 9 apreldagi) ajrimidan oldik. Lekin bu ko'chirma mazkur hujjatning uchinchi sahifasi oxirgi xatboshisidagi iddaoni shubha ostiga qo'yadi: “Javobgar M.Xudoyberdiyev apellyatsiya shikoyatida 50 dona yog'och va 10 ming dona g'isht, 1 tonna armatura berilmaganligini vaj qilib keltirgan bo'lsa-da, biroq kelishuv bitimida Shirin shahar hokimligi ushbu qurilish materiallarini kompensatsiya tariqasida berish majburiyatini olmagan”, deyiladi sud qarorida.

Bu yerda “10 ming dona pishgan g'isht” berish va'dasi viloyat hokimining qarorida bor edi. Yog'och va armatura berish masalasi ham osmondan tushmagan.

Sud mahkamasi bu masalaga oydinlik kiritishi kerak edi.

Shu kunlarda nomi Shirin shahar xaritasidan o'chirib tashlangan “Mustaqillik” ko'chasida yashayotgan 25 xonadon egalarining ko'chmasligi sabablari ijrodagi mana shu kabi chala-yarimlikka taqaladi. Ulardan 14 ta xonadon egalari tovon pulini umuman olmagan yoki chala-yarim olganligi uchun ko'chmagan.

Sud hukmi bilan majburan ko'chirish jazosiga tortilgan yana 11 ta xonadon egalari tovon pulini to'liq olgan-u, lekin bu mablag' yangi uy-joy qurishga yetmagani uchun ko'chib ketolmaydi. Ular orasida o'z yurtida ish topolmay, Rossiyada ishlashga majbur bo'lib, uy qurolmagan sarsonlar ham bor.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Boyovut tumanlararo sudining 2025 yil 25 fevraldagi Xudoyberdiyev Misralini majburan ko'chirish to'g'risidagi (javobgarlar Abduvaliyev Xudoyorbek va Abduvaliyev Aslbeklar Rossiyada ishlab yurgani uchun sirtdan chiqarilgan) qarorini apellyatsiya instansiyasi ham o'zgarishsiz qoldiradi va majburiy ijroga yo'naltiradi.

Majburiy ijroning kechiktirilgan har bir kuni uchun javobgarga qo'shimcha jarima hisoblanishi hayron qoldiradi. O'zingiz o'ylang — hokimiyat idoralari tovon pulini noqonuniy hisoblagandan tashqari shu pulning to'lovini “bosqichma-bosqich to'lanadi deb” yillab kechiktirib yurishadi. Lekin jarima tugul ularning mushugini “pisht” deydigan kimsa yo'q.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Boyovut tumanlararo sudining 2025 yil 25 fevralda sudya J.M.Fayziyev raisligida bo'lib o'tgan sud majlisida Shirin shahar kadastrlar palatasi boshlig'i A.Ergashev “javobgarni (M.Xudoyberdiyevni) soliqqa tortish maqsadida turar joyga nisbatan foydalanuvchi bo'lib, kadastr hujjati shakllantirilganligini, javobgar tomonidan yashab kelayotgan nizoli turar-joyga bugungi kunga qadar davlat ro'yxatidan o'tmaganligini bildirdi”, deyiladi. Chamamda, kadastr palatasi boshlig'i javobgar M.Xudoyberdiyevning “uy-joyga nisbatan mulk huquqi bo'lmagan” demoqchi.

Agar shunday bo'lsa, fuqarolarga yashab turgan uy-joyga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirish, ularni ro'yxatdan o'tkazish kadastr palatasining vazifasi emasmi?

Shirin shahri hududiga olingandan so'ng “Mustaqillik” ko'chasidagi 134 ta xonadon yer va mulk solig'ini qaysi hujjat bo'yicha to'lab kelgan? Nima uchun sudya kadastr palatasi boshlig'idan buning sabablarini so'ramaydi?

Konstitutsiyamiz talabidan kelib chiqadigan bo'lsak, fuqaroning davlat oldida og'ishmay bajarishi lozim bo'lgan burch va majburiyati bor. Va ayni paytda davlatning ham o'z fuqarosi oldida bajarishi shart bo'lgan majburiyatlari bor. Odamlarini yaxshi yashash imkonini beradigan ish bilan ta'minlash — davlatning (davlat vakili sifatida ish yuritayotgan rahbar — hokimning) fuqarolari oldidagi ana shunday konstitutsiyaviy majburiyatlari sirasiga kiradi. Shu o'rinda Misrali Xudoyberdiyev qatori yana o'n xonadon egasini sudlagan sudya da'vogar Shirin shahar hokimiga: “Nima uchun qancha fuqarolaring tirikchilik uchun Rossiyada musofirchilik azobini tortmoqda?” deb uning majburiyatini ham eslatib qo'ysa, asakasi ketmas edi.

Bunday talab qo'yolmaydi.

Chunki O'zbekistonda sud sohasi Shavkat Mirziyoyev prezidentlik vazifasini bajarishga kirishganda so'zlagan ma'ruzasidagi talablar darajasida isloh qilinib ulgurilganicha yo'q.

Yana maqolamiz mavzusiga qaytsak. Misrali Xudoyberdiyevning o'ng tomonida Rahmonov Safarali oilasi bilan istiqomat qiladi. Ikkala uy-joyning ham chegara chizig'idan oraliq masofasi bir xil. Lekin Safarali shu mahalladagi uy-joyi uchun tovon puli, yer uchastkasi olmagan va hokimiyat bilan kelishuv bitimi tuzmagan yagona oila boshlig'i. Shuning uchun unga hech kim “uyingni buz, ko'chib ket”, deyolmaydi; uyiga buldozer solib yuborolmaydi (uylariga buldozer solinib, buzib yuborilayotganda Toshkentdan “Mening yurtim” TV muxbiri Ruxsora G'afurova yetib borib, vaziyatni o'rganishga kirishgani, buldozerchilar va ularga bosh bo'lib turgan militsiya xodimlari “vino zavodining devoridan oshib” qochib ketishgani va shu-shu qorasini ko'rsatishmayotgani ham bor gap). Chunki qonunlarimiz uni himoya qiladi. “Mustaqillik” ko'chasi xaritadan o'chirib tashlangani uchun shahar hokimining o'zi shaxsan uning va ayolining pasportini noma'lum xonadonga ro'yxatdan o'tkazib qo'ygan.

Mustaqillik ko'chasidan poezd yo'li bo'ylab o'n kilometrcha kunbotarga yursangiz, “Sharqobod” mahallasi keladi. Temir yo'lning so'l tomonida qo'shni Tojikistonning qishloqlari boshlanadi. Bu mahallalarda uylar temir yo'lga taqab qurilgan. Temir yo'l bilan uylar o'rtasidan chegara yo'lagi o'tkazilib, zarur infratuzilmalar qurildi. Va aholi bezovta qilinmadi.

Buning aksi o'laroq, nima uchun Shirin shahrining chegara chizig'idan sharqobodliklarga nisbatan imtiyozliroq masofada yashagan “Nurobod” mahallasi aholisi yoppasiga ko'chirma qilindi? Aholi bilan suhbatlardan ma'lum bo'lishicha, ko'chirmaning boshqa jihatlari ham borga o'xshaydi.

Yuqorida qayd etganimizdek, bu mahallaning aksar aholisi o'tgan asrning 40-50-yillarida Tojikistonning Shahriston tumanidan ko'chirma qilingan. Lekin ular kindik qoni tomgan ota yurtlari bilan aloqani uzmaydilar. Qiz uzatishadi, kelin qilishadi. To'y-ma'rakalari bir-birisiz o'tmaydigan darajada ahil-inoq yashashar edi. Mustaqillikning dastlabki yillarida ham bu an'ana davom etdi. Keyinchalik ikki davlat rahbarlari o'rtasida yuz bergan siyosiy ambitsiya chegaralardagi vaziyatni taranglashtirib yubordi. Yaqin qarindoshlar o'rtasida bordi-keldi uzilib qoldi. Nima uchundir millati, tili, dini, urf-odatlari bir qarindoshlarning ikki davlatda bo'linib, chegaraga yaqin yashashi xavfsizlikka salbiy ta'sir qilishi mumkin, degan mulohaza o'rtaga tashlanadi. Boshqa maqsadni ko'zlab atay bo'rttirilgan bu iddao kimgadir ma'qul ko'rilgan, shekilli, aholining ham, davlatning ham foydasiga xizmat qilmaydigan ko'chirmaga yeng shimarib kirishiladi.

Endi-chi?

Xudoga shukur, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonlarning tashabbusi bilan qadimiy qo'shnichilik an'analari tiklandi. Qarindoshlar o'rtasidagi bordi-keldilar avvalgiday yaxshi bo'lib qoldi. Yo'limiz Tojikiston tomonlarga tushib qolsa, mehmon deb izzatimizni joyiga qo'yishadi. Do'stona qo'shnichilik hamkorligi mana shunday davom etaversin.

Ammo buni ko'ra-bila turib, sud-hokimiyat idoralari ahamiyatini tobora yo'qotib borayotgan “Mustaqillik”chilarni ko'chirma qilish haqidagi qarorlarini poyoniga yetkazishga nima uchun bunchalar shoshilishmoqda?

…Ana, “Mustaqillik” ko'chasidagi qolgan uy-joylar ham buldozerlanib, dov-daraxtlar ko'chirib tashlandi, deylik. Keyin bu yaydoq maydonda chegarachilar ot o'ynatib koptok tepishmasa kerak. Yo'l ustidagi suvga serob bu xaridorgir joylar “sotilgan” yoki “sotiladi” kabi mish-mishlarning urchimasligi uchun ham masala tezroq ochiqlanishi kerak, deb o'ylaymiz.

 

P.S. Maqolaga nuqta qo'yganimizda ijtimoiy tarmoqlarda, aniqrog'i, maqolamizning tanishib ko'rish uchun ko'chirmaga tushganlardan biriga yuborilgan varianti tagida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning chegara hududida yashovchi aholi bilan muloqot qilib yurgani tasvirlangan suratli axborotga ko'zimiz tushdi.

Yana “Sirdaryo sadosi” kanali hali e'lon qilinmagan maqolamizga quyidagi axborotni ham ilova qildi:

“Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Shirin shahrining chegara hududida joylashgan “Nurobod” mahallasida bo'lib, aholi bilan ochiq muloqot o'tkazdi.

Suhbat davomida 2013-2014 yillarda chegara hududidan ko'chirilishi belgilangan 96 xonadondan 17 tasining muammolari hali ham hal qilinmaganligi ma'lum bo'ldi. Viloyat hokimi muammolarni eshitib, har bir masala bo'yicha mas'ul ijrochilarni belgiladi va ishchi guruh tuzishni topshirdi. Ushbu ishchi guruhga adliya, kadastr, moliya boshqarmalari va Shirin shahar tashkilotlari jalb etiladi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko'ra, har bir xonadon holati o'rganilib, zarur shart-sharoitlar yaratilishi, muammolar — e'tiborda, yechimlar — amalda bo'lishi belgilandi”.

Naqadar tezkor va naqadar umidbaxsh mujda!

Alisher Navoiy hazratlari aytganidek, “umidim ulki, umidimga yetgaymen”, deganlari shu bo'lsa kerak, degan shirin o'ylar bilan oradan ikki oydan ko'proq vaqtni o'tkazdik.

Nima bo'ldi, dersiz?

Hech nima!

— Yo'q bo'ldi, — deb xabar qildi majburiy ko'chirishdan norozi bo'lib yurgan fuqaro Rahmonov Safarali, — qo'shnim Xudoyberdiyev Misralining uy-joyiga buldozer solib, tekislab tashlashdi. Shundan boshqa ijrochini ham, ishchi guruh vakilini ham hali ko'rmadik.

Shundan so'ng biz ham ushbu bitigimizni tahririyatga yo'llashga majbur bo'ldik.

Abduxoliq ABDURAZZOQOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 3 =