Ezgu yo'l boshida…
O'tkir RAHMAT
Erkin havolarga yuzlarin tutgan,
Baxtu taxt nasibdir siz avlodlarga.
Ertasidan faqat yorug'lik kutgan,
So'zim shu oychehra, alpqomatlarga:
Gullari rango-rang chaman siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Lol aylab jahon to'rt tarafini ham,
Oshadir ellarning hurmati sizga.
Keldi yurt sha'nini, sharafini ham
Elkada ko'tarmoq navbati sizga.
Ko'kka yetar uchqur saman siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Sehrli tonglardan mujdalar olib,
Borarsiz tap tortmay nurli kun sari.
Biringiz olimu biringiz tolib,
Kundan-kun bezalar umr daftari.
Yuksalar iftixor, chin sha'n siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Ezgu yo'l boshida qilmang andisha,
Tushmang hech razolat soyalariga.
Quloq emas, yurak tuting hamisha,
Ona O'zbekiston g'oyalariga.
Toki saodatlar ekan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Kengliklar nafasi sizga yor bo'lsa,
Bor bo'lsa tog'larning qudrati, shoni.
Umidvor nigohlar ishonchdan to'lsa,
Topilar har nening albat imkoni.
Orzular sirlashgay dildan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Qutlug' qadamlarning niyati poydor,
Sizga yarashmaydi bu yo'lda tolmoq.
Keling, hayiqmasdan aylang ixtiyor,
Ajdodlar yukini baland ko'tarmoq.
Ko'zlangan maqsadlar ulkan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Ilmga, bilimga doim tashnasiz,
Kitob-la band etib mudom yodlarni.
Dunyoga ovoza bo'lib yashaysiz,
Qilib ixtiroyu kashfiyotlarni.
Tafakkur otlig' zo'r ma'dan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Boqing, arenalar sizga muntazir,
Sizni kutar intiq muzaffarlik ham.
Olg'a yuring doim hoziru nozir,
Zafar bayrog'ini ko'tarib ildam.
G'urur ulg'aymoqda chindan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Ko'zlarni yashnatsa gulgun muhabbat,
Sadoqat to'ldirsa ko'ngil xonasin.
So'nmasa qalblarda yoniq harorat,
Qo'lingizga tutib ishonch nomasin —
Ketar sarbon ham bir yo'ldan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Dunyoda betakror, ulug'dir bu yurt,
Ishqi uyg'oq etsin yuragingizni.
Tolengiz u bilan bo'lar doim but,
Unutmang, unga ko'p keragingizni.
Unutmang, bu oydin gulshan siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
Ruhingiz ko'tarsin ilhomu madad,
O'zlik mash'alasi qalbga o't solsin.
Shu el e'zoz topsin siz sabab faqat,
Qolsa sizdan faqat shu Vatan qolsin!
Axir yo'lga tushar zamon siz bilan,
Millatparvar elu Vatan siz bilan!
