Nonushta va gazeta

Turkiya va dunyoning boshqa ko'plab yurtlarida odamlar nega erta tongni gazeta o'qish bilan qarshi olishadi?

Jamiyat a'zolarining bir-biriga o'zaro hurmati bo'lmasa, aravani quruq olib qochish ko'payadi. Va'da beriladi, bajarilmaydi.

Ammo bu endi Sirdaryo viloyati hokimligi muassisligidagi “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalariga taalluqli emas, deb ayta olamiz. Chunki viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bugun odamlarimiz ijtimoiy tarmoqlarga qanchalik ruju qo'ymasin, jamiyat hayotida gazetalarning munosib o'rni borligini alohida ta'kidlab keladi.

Shu sababdan ham bugun “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari u kishining ko'magida qaddini tiklab bormoqda. Tahririyat binosi ta'mirlanib, yangi qiyofa kasb etganligi, zamonaviy yangi kompyuter, sovutgich va boshqa texnika jihozlari uchun mablag' ajratilgani biz — jurnalistlarni quvontirdi.

Kechagina “endi gazetalarimiz taqdiri nima bo'ladi?” degan xavotir bor edi. 2024 yilni yorug' va shinam xonalarda boshlagan tahririyatimiz xodimlari bilan endi yangi rejalar ustida ishlayapmiz. Xususan, “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari tahririyati qoshida media markaz tashkil etish, uni rivoj­lantirish; mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, gazetalarimiz muzeyini tashkil etish; respublika va qo'shni davlatlar bosma nashrlari xodimlari ishtirokida “Gazetalarning ijtimoiy va individual ongdagi ahamiyati” mavzusida amaliy konferensiya tashkil etish kabilar rejalarimiz qatoridan o'rin olgan.

O'z navbatida tahririyatda uzoq yillardan beri faoliyat olib borayotgan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, nafaqat viloyatimizda, res­publikada ham mahoratli jurnalistlar hisoblangan Muhammadali Ahmad, Hasan Abduvohidov, To'lqin Ahmadaliyevlar shinam va yorug' xonalarda ko'tarinki ruhda ijod qilish bilan birga, yoshlarga ijod sirlarini o'rgatib kelishmoqda. Ularning izidan borayotgan Xurshida Nishonova ham bugun respublika nashrlarida ko'zga ko'rinib, o'z chiqishlari bilan doimiy ishtirok etmoqda. Bu o'rinda alohida e'tirof etish mumkinki, “Xalq so'zi” gazetasining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri, vohamizdan yetishib chiqayotgan ko'pgina yosh qalamkashlarning ustozi Ahmadali Shernazarovning ijodxonasi “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari tahririyatiga yaqin bo'lganligi uchun ham u kishi ustoz-shogird an'anasida bizning jamoa bilan hammaslak.

Zamon bilan hamnafas tarzda “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalarining ham ijtimoiy tarmoqlardagi “Telegram”, “Facebook”, “Instagram” sahifalari muntazam ishlab turibdi. Nomiga mos tarzda yangi veb-saytni ishga tushirish arafasidamiz.

Maqsadimiz ezgu, niyatlarimiz xolis. Vohamiz otaxon gazetalarining rivoji yo'lida hamkorlik qilmoqchi bo'lganlar uchun hamisha eshiklarimiz ochiq. Sirdaryo jurnalistikasining o'tmishi go'zal, buguni obod, kelajagi esa farovon bo'lishiga ishonamiz. Bunga viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev tomonidan qo'yilgan ma'naviy-moliyaviy tamal toshi asos bo'lib xizmat qiladi, desam, mubolag'a bo'lmaydi. Sharoit zamonaviy, oylik maoshlar yetarli bo'lgan tashkilotga ish so'rab keluvchilarning ham soni ortib bormoqda. Endi tahririyatimizda ish so'rab keluvchilarni iqtidoriga qarab saralash imkoni bor. Yaratib berilgan qulaylik va imkoniyatlar, o'ylaymanki, kelgusida “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalarida toblanib, bugun el orasida mashhur bo'lgan xalq shoirlari To'ra Sulaymon, Halima Xudoyberdiyeva kabi atoqli ijodkorlarning yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Qolaversa, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari, shoira, senator Hayotxon Ortiqboyeva, senator Farhod Boqiyev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov, professor Ravshanbek Mahmudov, marhum shoir Rustam Emin, shoiralar Bahor Xolbekova, Noriniso Qosimova kabi elimiz ardog'idagi ijodkorlarning bu darajaga yetishida “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalarining alohida o'rni bor. Bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin.

O'z navbatida biz, jurnalistlarning oldidagi asosiy, muhim vazifalarimiz quyidagilardan iborat: mushtariylarimizga gazetalar sahifalarida yoritilayotgan har qanday maqola, ma'lumot, xabar yoki boshqa chiqishlar har qanday yolg'on va soxtakorlikdan xoli ekanligini, xolisligini anglatish. Gazetalar jamoatchilikni to'g'ri ma'lumotlardan xabardor etishini, qiyosiy, tahliliy, tanqidiy, mulohazali maqolalar orqali ijtimoiy ong rivojiga ulkan hissa qo'shishini tushuntirish. Zamonaviy ta'lim yoshlarda shakllantiradigan bilim, ko'nikma, malaka, mantiqiy fikr­lash, kreativ yondashuv, ijodiy qobiliyatni rivojlantirish kabi jihatlarning barchasi gazeta o'qish orqali insonda shakllanishini uqtirish. Bu jarayon shu vaqtgacha ham shunday edi, xohlaymizmi-yo'qmi, bundan keyin ham shunday bo'lib qolishini ularning ongiga singdirishimiz lozim.

Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga Turkiya davlatidan kelib, o'quvchilarga saboq berayotgan o'qituvchi Rejap Akish shunday dedi:

— Turkiyada odamlar uyqudan turib, gazeta o'qishadi. Ko'chaga chiqib, matbuot do'konlaridan gazeta sotib olishadi. Bekat, sayilgohlar, bog'larda odamlarni gazeta o'qigan holatda ko'plab uchratasiz. Jamiyatda bo'layotgan o'zgarishlarga befarq emasman. Men Turkiyada ham, O'zbekis­tonda ham, ochig'i, juda kam uchratdim gazeta o'qib o'tirgan millatdoshlaringizni. Menimcha, yurtingizdagi kishilar ham doimiy, har kuni gazeta o'qib borsalar, o'zlari uchun ham, jamiyat uchun ham foydadan xoli bo'lmaydi.

Xorijiy filmlarda odamlar uyqudan uyg'onib, gazeta o'qishga kirishishlari bejiz emas. Nega? Chunki erta sahardan gazeta mutolaa qilish olimlarning tadqiqotlariga ko'ra, ko'zni ravshanlashtirishga, fikrning, quvvam hofizaning tiyranlashishiga ham xizmat qilar ekan.

Demak, erta tongdan ma'naviyatimiz yuksalishini, ham ko'zlarimiz ravshanlashishini istasak, fikrlar charxlanishini xohlasak, gazeta o'qiylik, gazeta o'qiylik va yana gazeta o'qiylik!

To'g'ri, har bir xalqning o'z mentaliteti, qiyofasi bo'ladi. Odatlari kabi. Jumladan, o'qishda, mutolaada ham. Mayli, aytaylik, o'qirmanlar nonushtadan avval emas, nonushta qilib bo'lgandan keyin o'qishsin. Nonushtadan keyin o'qishmasa, tushlik qilib olgandan keyin o'qishsin. Hech bo'lmasa, kechga borib o'qishsin. Lekin nima bo'lganda ham o'qishsin-da. Axir bir paytlar har bir uyga, har bir xonadonga bir quchoq ma'naviyat sarchashmalari — gazeta-jurnallar kelgan, ularni katta-yu kichik yutoqib o'qishgan.

U paytlar internet, ijtimoiy tarmoqlar yo'q bo'lgan, deysizmi?

To'g'ri, ammo bu o'qimaslikka, faqat telefonga tikilib miyaning g'ovlashiga ko'nikib o'tirishga asos bo'la olmaydi. Ma'naviyatga befarq bo'lmagan millat, baribir, gazetasiz yashay olmaydi.

Darvoqe, qaerdadir o'qigan edim: “Gazeta — millatni tiriltiradi”. Bu hikmatona fikrni kim aytgan bo'lsa ham, nazarimda, yuz karra haqdir.

Albatta, buning uchun gazetalar ham o'qishli, jasoratli, mushtariylarni qiziqtira oladigan darajada bo'lishi kerak. Buning uchun esa…

Bu haqda — keyingi mulohazalarimizda fikr yuritamiz.

Bahrom BOYMURODOV,

“Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya”

gazetalari bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =