Korxona qanday qilib qaddini tikladi?

“Ta’minotchi Paxta” OAJ yurtimiz

qishloq xo'jaligi tashkilotlariga yaqin ko'makchi, tayanch bo'lmoqda

Chinoz tumani hududida joylashgan, bir vaqtlar Markaziy Osiyodagi eng yirik bazalardan biri bo'lgan “Ta’minotchi Paxta” OAJ ayni kunlarda ham  respublikamizdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi, — dedi ushbu korxona rahbari Azamat Artiqov.

U sobiq ittifoq davrida, aniqrog'i, 1979 yil O'rta Osiyo hududiy ehtiyot qismlari bazasi sifatida qurila boshlangan. 1985 yildan ish boshlagan. Asosiy vazifasi butun O'rta Osiyo respublikalari va boshqa qo'shni respublikalarning agrosanoat texnikalari uchun ehtiyot qismlar bilan ta'minlash edi. 1987 yili agrosanoat texnikalari va unga tegishli bo'lgan qismlar birinchi marotaba xorijiy mamlakatlardan — Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Chexoslovakiya va boshqa mamlakatlardan keltirila boshlangan. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, mazkur baza “O'zqishloqxo'jaliktexnika” tizimiga kiritilib, material va texnik hududiy bazasiga aylantirildi. Korxonaning vazifasi esa respublikamizdagi viloyatlar va tumanlarni qishloq xo'jalik texnikalari va ehtiyot qismlari bilan ta'minlash bo'lgan.

1996-2000 yillarda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, “Keys korporeyshn” (AQSh) va “O'zqishloqxo'jalikta'mir” o'rtasida AQShda ishlab chiqarilgan yuqori samarali qishloq xo'jaligi texnikalarini yetkazib berish bo'yicha shartnomalar tuziladi. Shu bilan birga korxonaga “Magnum” traktorlari, “Keys” kombaynlapi va ularga ehtiyot qismlari yetkazib berish yo'lga qo'yildi. 1998 yilga kelib, mazkur baza “Ta’minotchi Paxta” OAJga aylantirildi.

Bugungi kunda ham Markaziy Osiyodagi eng yirik bazalardan biri bo'lgan “Ta’minotchi Paxta” OAJ 10,9 gektar maydonda joylashgan bo'lib, umumiy maydoni 26,163 kvadrat metr bo'lgan 3 ta yopiq izolyatsiyalangan omborlardan iborat. Omborlar 7 qavatli stellajli komplekslar — “OS-85-88A” va “OS-85-04A” rusumli jihozlar bilan ta'minlangan. Yuklarni ortish yoki tushirish yumushlari va boshqa ishlar korxonadagi 10ga yaqin eng zamonaviy yuk ko'targichlar bilan ta'minlangan. Mahsulotlarni yetkazib berish uchun bazaning “Paxta” va “Yangiyo'l” stansiyalariga ulanadigan temir yo'l yo'laklari mavjud. Vagonlar bazaga keltirilganda, bir vaqtning o'zida 22 ta vagondagi yuklar tushirilishi yoki ortilishi mumkin. Korxonaning yo'llari asfaltlangan bo'lib, bu juda katta qulaylikni yaratadi.

— Yuqorida ta'kidlanganidek, korxonamiz o'z davrida mintaqadagi eng yirik va yagona baza hisoblangan, — dedi “Ta’minotchi Paxta” OAJ rahbari A.Artiqov. — Hamma vaqt Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Gruziya, Ozarbayjon va boshqa ko'plab davlatlar bilan qilingan shartnomalar asosida qishloq xo'jaligi ehtiyot qismlari joylarga o'z vaqtida yetib borgan. 140-150 nafar ishchi-xizmatchi 3 smenada mehnat qilishgan. 1997-1998 yillar korxona uchun zalvorli sinovlar davri bo'ldi. Qachonki klasterlarning paydo bo'lishi, qo'shni davlatlar uchun yo'lning ochilishi fermerlar uchun bir qancha imkoniyatlar eshigini ochdi. Birinchi navbatda  qishloq xo'jaligi tarmog'iga zarur bo'lgan ehtiyot qismlarni o'zi istagan hududdan sotib olib kirish uchun imkoniyat yaratildi. Sohada ancha o'tirib qolgan, mijozlarning talab va ehtiyojlarini qondirishda mavjud bo'lgan Mashina traktor parklari (MTPlar) tugatilib, ilg'or va zamonaviy faoliyat olib boruvchi MChJlar tashkil etildi.

2020-2021 yillari butun dunyoga katta xavf solgan koronavirus pandemiyasi sabab, ushbu korxonada ham qator qiyinchiliklar, muammolar paydo bo'ldi. Shtatlar soni qisqardi. Korxonada yuzaga kelgan qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida hududdagi ayrim bo'sh joylarni ijaraga berishga to'g'ri keldi. Korxona negizida  sement va shifer zavodlari tashkil etildi. Bu amaliy ishlar esa korxona qaddini yana tiklashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bois hududdagi 180 nafar fuqaro ish bilan ta'minlanib, vaqtida maosh olishmoqda. Natija chindan yomon emas. Korxona ayni kunda uzluksiz faoliyatini davom ettirmoqda. Respublika bo'yicha faoliyat yuritayotgan  klasterlar, fermer va dehqon xo'jaliklari korxona bilan o'zaro shartnoma asosida ishlayapti. Ularga zarur bo'lgan moddiy-texnika vositalari sifatli va qulay narxlarda yetkazib berilmoqda. Demak, bundan korxona ham, boshqa xaridor tashkilotlar ham birdek manfaat ko'rmoqda. Eng muhimi, aksiyadorlik jamiyati respublikamiz qishloq xo'jaligi tarmog'i rivojiga munosib hissa qo'shmoqda.

Korxonada faoliyat yuritayotgan ayrim ishchi va xizmatchilar bilan  suhbatlashdik.

— Men shu yerda 39 yildan buyon ishlayman, — dedi Hidoyatxon Jo'rayeva. — 17 yoshimda ishga kelgan edim. Kam bo'lmadim. Faoliyatimni ombor hisobchiligidan boshlagandim. Shu yerda bo'lajak turmush o'rtog'im bilan tanishdim, oila qurdik. Ikki nafar o'g'il farzandli bo'ldim. So'ngra ushbu korxonada ishlaydigan yaxshi bir oila bilan quda-andali bo'ldik. O'g'illarimizni o'qitdik, oliy ma'lumotli qildik. Vaqtida yordam pullari va mukofot pullarini oldik. Bu korxona mening oilamga aylangan. To'yda ham, ma'rakada ham doim birgamiz. E'tiborlisi, avval ishlagan, ayni damda nafaqa yoshida bo'lgan barcha ishchi va xizmatchilar ham doimiy yo'qlab turiladi. Inson omili degan qadriyat bizning jamoada o'z ifodasini topgan.

— Men esa asli Eski Toshkent qishlog'ining qiziman, — dedi yana bir suhbatdoshimiz Dilfuza Mirvahobova. — 1990 yilda korxonaning hisoblash bo'limiga operator bo'lib ishga kelganman. Korxona faoliyatida ko'plab sinovli yillar bo'ldi. Ammo rahbarlarimizning ishni to'g'ri tashkil qilishi, tafakkuri, salohiyati tufayli qiyin vaziyatlardan chiqib ketdik. Korxonamizda barcha sharoitlar yaratilgan. Juda boy kutubxonasiga ega. Ishchi xizmatchilar uchun doimiy ravishda  oshxona faoliyat yuritadi. Har kuni peshinda ishchi va xizmatchilarga tushlik uchun bepul issiq taomlar tarqatiladi. Eng qizig'i, men ham shu yerda bo'lajak qudalarimni topdim. Har tomonlama sinashta bo'lgan Hidoyatxon Jo'rayevaning o'g'liga qizimni uzatdim. Ahilligimizga hamma havas qiladi.

— Korxonamizning 9 nafar xodimi oliy ma'lumotli, o'z sohasining bilimdonlari hisoblanadi, — dedi tashkilot  kadrlar bo'limi boshlig'i Gulchehraxon Aliqulova. — Ayniqsa, payvandchi, santexnik, chilangar, yuk tashuvchi, kranchi kabi tajribali, malakali ishchi-xizmatchilarimizning mehnati tahsinga sazovor.

— Eng asosiysi, soha xodimlariga namunali xizmat qilib, ularning og'irini yengil qilishda tinimsiz harakatdamiz, — deya suhbatga qo'shildi bosh muhandis Haydar Yo'lchiyev. — Korxonamiz rivoji uchun beminnat hissa qo'shgan o'z kasbining bilimdoni, tashabbuskor, shijoatli rahbari bo'lgan Shokir aka Odilovning xizmatlarini alohida qayd etishni istardim. Uzoqni ko'ra oladigan inson, mehribon ustoz sifatida doim bizlarga o'rnak.

Korxonada baxtsiz hodisalarning oldini olish, xodimlarning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha ham zarur chora-tadbirlar yo'lga qo'yilgan. Texnika xavfsizligi bo'yicha muhandis Azizjon Bekturovning ta'kidlashicha, yaqin orada elektr, gaz ta'minoti bo'yicha baxtsiz hodisalar ro'y bermagan. Xodimlarga kasbiy yo'l-yo'riqlar muntazam tushuntirib boriladi. Maxsus yo'riqnomalar bilan tanishtirilib, shu mavzuga oid suhbatlar tez-tez o'tkaziladi.

Qo'shali aka Hoshimov bu korxonaga 1984 yil oddiy haydovchi bo'lib ishga kelgan ekan.

— Umrimning ko'p qismi shu maskan bilan bog'liq, — dedi u ham mamnuniyat bilan. — Shu korxonada ishlab, baxtimni topdim. Yaxshi uy-joylar qurdim. To'ylar qildim. Ayni paytda mexanik bo'lib faoliyat yuritmoqdaman. Shokir aka Odilov, Mahmud aka Eshonxo'jayev kabi uzoqni ko'ra oladigan rahbarlardan doim minnatdorman. Chunki ularda insonni tushunish, tinglash qobiliyati juda kuchli. Oddiy ishchilarni ham o'z yaqinidek qabul qilib, doimo yordam qo'lini cho'zib kelishadi. Bilmaganlarimizni o'z vaqtida o'rgatishadi. Korxonada o'tayotgan umrimga aslo achinmayman. Aksincha, qadr topdim, e'tibor topdim.

Darhaqiqat, korxonada ish to'g'ri taqsimlanganligi va mehnat muhofazasiga alohida e'tibor qaratilganligi tufayli har qanday qiyinchiliklarga qaramay, endi ish boshlagan xodimlar ham tezda qaddini tiklab, o'z o'rnini topmoqda.

Bazada 4 ta “DNVR-4/13” bug'li qozonli avtonom qozonxona mavjud bo'lib, katta hajmdagi issiq suv va ichimlik suvi ta'minoti o'zining quduqlaridan olib boriladi. Kanalizatsiya tizimi tozalash inshootlari bilan ta'minlangan. Bir kategoriyali avtonom elektr tarmog'i mavjud. Aksiyadorlik jamiyatining ofisi va ombori bir hududda joylashgan. Kelayotgan muvaffaqiyatlarning asosi esa ahil jamoaning bir bo'lib mehnat qilishi, ishchi-xizmatchilarning yuqori tajribaga egaligidandir.

Ha, hamisha “Ta’minotchi Paxta” OAJ o'z mijozlari uchun hamkorlikda ishlashda ularning  qulayliklarni his etishlari uchun intilmoqda. Buning uchun esa barcha imkoniyatlarni yaratishga bel bog'lashgan. Bu yo'lda yangidan-yangi innovatsion g'oyalarni ishga solishga harakat qilmoqdalar. Zero, bugungi davr ishbilarmonlikni, qaysi soha bo'lmasin, zamonaviy xizmatlarni taqozo etadi. Yuqorida biz hikoya qilgan korxona jamoasi ana shunday yo'lda. Shu bois ham o'z yo'nalishida bugun dongdor, peshqadam.

Ra'no XOLIQOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Reklama huquqi asosida.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 17 =