O'qimagan bolalar

Shodmonqul SALOM

Muallif haqida:

Shodmonqul Salom — 1980 yilda Qumqo'rg'on tumanida tug'ilgan. 2003 yilda Termiz davlat universitetining kimyo fakultetini, 2005 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oliy adabiyot kursini tamomlagan. “Yurak iqlimi”, “Ko'ngil kitobi”, “Borligini bilganlar” she'riy to'plamlari va “Oqqapchig'ay to'lqinlari” nasriy kitobi chop etilgan. Hozirda “Ma'naviy hayot” jurnalida ishlaydi. “Do'stlik” ordeni sohibi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

(Ushbu she'r olisyaqin yurtlarda qora mehnat qilib, oiladagi og'ir sharoit, hayotdagi ayrim ko'zbo'yamachiliklar sababli o'qishga kirolmagan, imkoniyatlari boy berilgan yigitlar haqida)

 

“Hali uylar solamiz,

Hali to'ylar qilamiz.

Bilmaganlar biladi,

El qatori bo'lamiz…”

 

Ayvonning ustunlarin

Quchar izg'irin shamol.

Onaning orzusiga

Isinib olar xayol…

 

“Akam pul tashlaguncha

Qor yog'masin, Xudojon!”

Paltosin astaridan

Uyaladi Guljahon.

 

Ettinchida olgandi,

O'ninchi sinf bo'ldi.

Guljahonning sochi ham,

Bo'yi ham o'sdi, to'ldi.

Qaro tunni yopinib

Mudrab yotadi qishloq.

Lipillaydi miskin sham,

O'chib qolmishdir chiroq.

 

Ona va qiz ayvonga

Orzularin iladi.

“Shu yerda antenna bor,

Akam telefon qiladi…”

 

Hansiraydi qo'ng'iroq,

Ona-o'g'il so'zlashar.

Yuraklar isinishar,

Oyoq-qo'llar muzlashar.

 

— Sizlarda soat o'n bir,

Bu yoqda to'qqiz bo'ldi…

Onaning ko'zlaridan

Bir juft yulduz to'kildi.

 

— Seni o'qitolmadim,

Kaltalik qildi qo'lim.

Yotar joying issiqmi,

Ichmayapsanmi, o'g'lim?..

 

Ma'yus tortadi ona,

Singil xafa bo'ladi.

Ko'kning avzoyi buzuq,

Qorning isi keladi…

 

Guvoh bo'lib shu muztar,

Dilni ezgan suhbatga.

Jo'nab ketaman dilgir

O'z ishimga — xizmatga.

 

…Ey, sho'x-shaddod bolalar,

Qorbo'rondan qaytmagan.

Muallimning urganin

Uyga kelib aytmagan.

 

Ey, taqdirga ko'nganlar,

Ey, jimgina yurganlar,

Aybdor kabi yelkasin

Qisibgina turganlar.

Bilib aytolmaganlar,

Aytishni bilmaganlar.

Erinchoq, ammo tanti

Ko'nglini yormaganlar.

 

Ey, qoruvli bolalar,

Ey, qo'li gul ustalar,

O'qimagan bolalar,

Ey, o'zi bir dastalar.

 

Matematika darsini

Paxtazorda o'tganlar,

Pullik muallimlarga

Puli bori ketganlar.

 

Kollejlarda bemurod

Sovurilgan soatlar.

Neligini bilmasdan

O'rganilgan odatlar.

 

Piyoz paykallarida

Bo'yi o'smay qolganlar,

Ohak zavodlarida

Ko'ksin sovuq olganlar.

 

Yo'qchilikning yukiga

Elkasini tutganlar.

Yupungina xotinin

Amallab ovutganlar:

 

— Hali uylar solamiz,

Hali mehmon kutamiz.

Namozni o'rganamiz,

Ro'zalar ham tutamiz…

 

… Alamini hech kimga

Aytmay yurgan faryodlar.

Qirday yelkasin egib

Qariyotgan avlodlar.

 

O'qimagan bolalar,

Ey, dehqonsiz dalalar.

Beqayg'u umringizga

Yog'di qancha jalalar.

O'qimagan bolalar,

Dardingizni aytdim men.

Hayotga qo'yolmagan

Shartingizni aytdim men.

 

Zo'r iqtidor bor edi,

Biringizda kimyoga.

Qay biringiz shifokor

Bo'lardingiz ziyoda.

 

Issiqqina o'rinda

Junjikib ketdi ko'nglim.

Oyog'ingizdan sovuq

O'tib ketganin sezdim.

 

O'qimagan bolalar,

O'rningizni oldim men.

Siz havas qilgan kabi

O'qib, odam bo'ldim men.

 

Shiddatingiz ko'rganman,

G'ayratingiz bilardim.

Sizday tanti bo'lsaydim,

Men ham usta bo'lardim.

 

Mahmadona bu qalam

Nelarni qilmas bayon.

O'qimagan bolalar —

Jim bostirilgan isyon!

 

Neki kelsa, Xudodan

Ko'rib yurguvchi mardon.

O'qimagan bolalar —

Isbotlab bo'lmas armon.

 

…Guljahonning paltosin

Astaridir yuragim.

Aytishga andisha bor,

Ko'rsatishga uyaldim.

 

Taqdir arobasida

Har kimning-ku o'rni bor.

Sho'xligingiz eslatib

Tashqarida yog'ar qor.

 

Nasib qilsin, ilohim,

Elga berar to'yingiz!

Entiktirar yurakni

Sizning orzu-o'yingiz:

 

“Hali uylar solamiz,

Hali to'ylar qilamiz.

Bilmaganlar biladi,

El qatori bo'lamiz!..”

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 9 =