Yaxshi niyat qilaylik…
Bir kirakash ertalab xotiniga shoshib telefon qilibdi:
— Xotin, bugun ishim tez bitdi. Kira qilishga ketdim.
Xotini hayron bo'libdi:
— Voy, dadasi, metan gazda ocheret yo'qmikan? Har kuni tushgacha navbatda turar edingiz?
— Qayoqda? Navbat turnaqator. Hiyla ishlatdim: “Qaynonam o'tib qolibdi. Xuddi onam kabi mehribon edi. Endi nima qilaman? Hali navbatim uzoq!..” — deb rostakamiga yig'ladim. Menga achingan odamlar navbatsiz o'tkazib yuborishdi. Hatto gaz quyuvchilar pul ham olishmadi. Qoyilmisan, xotin?.. — dedi kulib.
— He, niyatingizni shamol uchirsin! Bugun-ku, mayli, onajonimni “o'ldirib” bahona topibsiz! Ertaga qanday bahona topasiz? — desa xotini, kirakash duduqlanib nima dermish:
— Yaxshi niyat qilaylik, xotin! Balki, ertaga gaz bemalol bo'lib qolar!
Zafar MO'MINOV.
Samarqand viloyati,
Qo'shrabot tumani
