Izlayman

Toleimda yozilganin, faqat rizqu ro'z izlayman,

Yonoqlari lolarang-u mehr to'la ko'z izlayman.

 

Kulib turgan gulchehralar jozibasi ajab sirli,

Iboli-yu hayo balqqan dilga yaqin yuz izlayman.

 

Ajib gulzor ayvonida ming bir turfa gul ochilmish,

Gard inmagan, xush iforli yagona nargiz izlayman.

 

Vujudimga jon baxsh etib haroratu umid, ishonch,

Hali-hamon aytilmagan buyuk kalom — so'z izlayman.

 

Somon yo'li ichra axir nelar o'tib bormoqdadir,

Ko'hna zamin tuprog'ida ortda qolgan iz izlayman.

 

Bu ochunda besanoqdir aytguvchi ham, yozguvchi ham,

Barchasini bir-bir ko'rib go'zal ma'no — tuz izlayman.

 

Har bittasi o'z toqida nelarnidir etgay bayon,

Bu zarofat olamida bir “Mitti yulduz”* izlayman.

 

Taqdirimda bor ekan u, toqatim hech toq bo'lmagay,

Bir izlayman, o'n izlayman, topmaguncha yuz izlayman…

 

Ta'na qilmang izlaganing deya uni mo''jazgina,

O'xshashi yo'q bu dunyoda mavjli bir dengiz izlayman.

 

Alloh nazar solmas ekan, ulug'vorlik qayda axir,

Takrorlanmas, havolanmas jamoli tengsiz izlayman.

 

O'ksinmagin, O'tkir, hayot ne'matini berguvchidir,

Goh yosh to'kib, goh shodlanib, gohida unsiz izlayman.

2026 yil 22 fevral.

* Abdulla Oripovning ilk kitobiga ishora

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − two =